Tadbir tashkilotchisi Javohir Risqiyev (Toni Kark)ning
so‘zlariga ko‘ra, “ComicCon Toshkent – 2025” o‘tgan yilga nisbatan kamida ikki
baravar katta miqyosda o‘tkazilgan. “Buni oddiy ishtirokchilar ham sezdi.
Ko‘pchilikning aytishicha, bu yilgi tadbir umuman boshqacha o‘tdi. Albatta, ozgina
kamchiliklar ham bo‘ldi, lekin biz ularni to‘g‘rilaymiz. Umuman olganda, men tadbirdan
mamnunman”, – deydi u.
Festivalning
asosiy farqi hamkorlar va tadbirlarning ko‘pligida. “Ular shunchalik ko‘payib ketdi, oxir-oqibat barchasini
joylashtira olmadik. Ishtirok etishni xohlovchilar biz qabul qila oladigan
miqdordan ko‘p bo‘lgani, albatta, quvonarli”, – deydi Javohir Risqiyev. – Bu safar fikr-mulohazalar ko‘p
bo‘ldi. Ularning 95 foizi – faqat ijobiy. Odamlar bizga minnatdorlik bildirdi,
his-tuyg‘ularini o‘rtoqlashdi. Bu men uchun har qanday raqamdan muhimroq”.
Risqiyev kelgusi rejalarining barchasini oshkor qilmayapti,
lekin festival borgan sari ommalashib borishiga va’da berdi.
“ComicCon Toshkent” allaqachon mamlakatimiz uchun muhim voqeaga aylandi. Kelajakda, o‘ylaymanki, butun mintaqa uchun asosiy tadbirlardan biriga bo‘ladi. Xorijda reklama qilmasak ham bu yil 500 dan ortiq sayyohni jalb etdik. Bu hali boshlanishi.”
Ertalabdanoq muz saroyida kospley-tanlov
ishtirokchilari yig‘ila boshladi. Maxsus suyanchiqlardagi yasama sochlar, sumkalar,
anjomlar taksidan kiyinish xonasiga ehtiyotkorlik bilan ko‘chirilmoqda.
Festivalga hali rasman start berilmagan, biroq Humo Arena hududida harakat boshlanib
ketgan. Tushga yaqin VIP chipta egalari kela boshladi. Qolgan tashrif buyuruvchilar navbatga turdi – oddiy chipta
egalari uchun kirish vaqti
– soat 13:30.