Yeseninning do‘sti, shoir
Valentin Volpinning eslashicha, u Toskentga kelganida “quvnoq, hayajonli, yevropalik
uchun g‘ayrioddiy bo‘lgan Turkistonning yam-yashil tabiatini, musaffo moviy
osmoni-yu tor ko‘chalarini, “ko‘z”siz uylari, rang-barang
kiyingan odamlari-yu xushbo‘y hidlar taralgan mahalliy shaharning
manzarasiga, xullas, hamma narsaga ehtiros bilan qarar edi”. O‘sha paytda Toshkentda
ayni Ramazon hayiti nishonlanayotgan edi – ko‘chalar minglab rang-barang
to‘n kiygan odamlar bilan to‘la, palov va kaboblarning xushbo‘y hidi ufurib
turar, karnay-surnay va nog‘oralar gumburlar, choyxonalar chiroqlar nuri bilan
yorishib turar edi.
Qizig‘i shundaki, Yesenin mehmonxonaga joylashmagan.
Buning o‘rniga u temir
yo‘l stansiyasida – zaxira yo‘llarda
turgan maxsus
xizmat vagonida yashagan.
Shoir ko‘p vaqtini Toshkent ziyolilarining madaniy doiralarida o‘tkazgan. Uning
moskvalik o‘rtog‘i,
shoir Aleksandr Shiryayevets Yeseninni mahalliy adabiy-badiiy jamiyatga olib
kirdi.
Yesenin Xalq kutubxonasidagi
“San’at studiyasi” kechalarida, qizil armiya klubida, hatto “Turon” va “Xiva”
kinoteatrlaridagi film seanslaridan
oldin tomoshabinlarga she’rlaridan o‘qib berar edi. Toshkent tomoshabinlari orasida shoir
katta muvaffaqiyatga erishdi. “Rossiyalik mehmon” har doim mahalliy shoirlar va rassomlar qurshovida
bo‘lgan.
Volpinning kvartirasi rekonstruksiyasi, unda Yesenin birinchi marta "Pugachyov" poemasini o‘qigan. Foto: Toshkentdagi Yesenin muzeyi
Marshrut va geografiya
Yeseninning asosiy manzili Toshkent bo‘lsa-da, shoir
qadimiy Samarqandni ham ko‘rishga intilar edi. U yerda bir necha kun bo‘lib, diqqatga
sazovor asosiy me’moriy joylarni ziyorat qildi. Samarqand rus elining kuychisida katta taassurot
qoldirdi. Rassom Kuzma Petrov-Vodkin 1921-yil yozida xotiniga bunday yozgan
edi:
"Bir necha kun oldin Yeseninni ko‘rdim... U Samarqanddan juda xursand bo‘lib qaytdi va g‘oyat tetik edi".
Ammo Buxoroga Yesenin yetib borolmagan, shekilli. Aleksandr
Volkovning ta’kidlashicha, shoir o‘zi “hech qachon ko‘rmagan Buxoro haqida yozgan”. Shunday bo‘lsa-da, Turkiston
muhitiga bir zumgina sho‘ng‘ib chiqishi va Samarqandga sayohati shoirning tasavvurini
sharqona obrazlar bilan boyitishga zamin yaratdi.
Yesenin
she’riyatida Turkiston izlari
Markaziy Osiyoga qisqa muddatli safari Yesenin uchun
izsiz ketmadi. Ammo bu shoirning ijodiga qanchalik ta’sir ko‘rsatdi? U
1921-yilda vataniga qaytgandan
so‘ng Turkiston haqida na she’r, na doston yozdi. Asosiy sharqona asarlari keyinroq paydo
bo‘ldi – mashhur “Fors
taronalari” turkumi 1924-yilda yozilgan.
ТShunday bo‘lsa-da, 1921-yil taassurotlari uning xotirasi
va ijodida mustahkam o‘rnashib qoldi. Ular keyinchalik shoir she‘riyatida alohida
obrazlar va metaforalar shaklida paydo bo‘lgan. Masalan, 1923-yilda yozilgan "Bu ko‘cha menga tanish…" she’rida Yesenin uzoq safarlarini eslaydi:
Аfg‘on diyorining oltin qumlariBuxoroning shaffof tumanlari.Eh, men ham bilaman bu diyorlarni –Ancha yo‘l bosib o‘tdim u yerdan…
<i>HD magazine muharririning havaskorona tarjimasi</i>
Bu yerda “Buxoroning shaffof tumanlari”
deganda Buxoro ustidagi jazirama
tuman tasviri haqida gap
ketadi.
Jazirama Buxoro shu kunlarda. Foto: Ildar Sodiqov
Turkiston toponimlarini yozishdan tashqari, sayohat
Yeseninda Sharq madaniyatiga chuqur qiziqish uyg‘otgan. U mahalliy she’riyatga,
musiqaga, urf-odatlarga chin dildan qiziqib qoldi. Do‘stlari Sergeyning o‘zbek
xalq qo‘shiqlari va she’rlarini katta qiziqish bilan tinglagani, eski shahar
choyxonalarida soatlab ko‘k choy ichgani, ayniqsa, Shayxontohur va O‘rda
choyxonalarini yaxshi ko‘rib
qolganini eslagan.
Yesenin tapchan ustida chordana qurib o‘tirishga ham urinib
ko‘rdi, lekin unchalik ham o’xshayvermadi. Shuning uchun oyoqlarini baribir
pastga tushirib, xuddi yosh boladek silkitib o‘tirar edi. Issiqqa qaramay, u
kostyum-shim, galstuk va yaltirab turadigan tufli kiyib, Toshkent ko’chalarida oliftalarcha yurgan.
Qiziq tafsilot: tez-tez ichib turishni yaxshi ko’radigan Yesenin
Toshkentda spirtli ichimliklarni deyarli iste’mol qilmagan. Guvohlarning
ta’kidlashicha, Turkistonga maftun bo‘lgan shoir Sharqning rang va iforlarini
hushyorlik bilan o‘ziga singdirib, hech qanday shirakayfsiz ilhom olgan. Aytish
mumkinki, Markaziy Osiyo unga yangi ijodiy nafas, yangicha nigoh baxsh etdi.
Mashhur “Shahinam,
o mening Shahinam” («Шаганэ ты моя, Шаганэ»)
she’rida quyidagi misralar
yangraydi:
Sheroz qancha bo‘lmasin ko‘rkamAziz o‘lka Ryazandir menga.
Erkin Vohidov tarjimasi
Yesenin bu yerda “Sharq – go‘zal, lekin jonajon Ryazan yurakka azizroq”,
demoqchi bo‘lgandek. Uning sharqona lirikasini tushunish kaliti ham shunda. U
aniq bir Turkiston yoki aniq bir Fors diyori haqida emas, balki rus qalbining
Sharq ekzotikasi bilan uchrashuvi haqida. Sharqona obrazlar uning uchun o‘z
his-tuyg‘ularini – xavotiri, umidsizligi, umidlarini yangi, ramziy ma’noda
ifodalash vositasiga aylandi. Turkumdagi bir she’rda qahramon Toshkent
choyxonasida “Tehronning moviy gullari” ruhiy jarohatlarni davolashini aytadi.
“Afsonalarni buzuvchilar”: zamonaviy buzib ko’rsatish va spekulyatsiyalar
Yeseninning Markaziy Osiyoda o‘tgan uch haftalik
hayoti tarixi vaqt o‘tishi bilan ko‘plab afsonalar – ba’zan beg‘ubor, ba’zan
esa ataylab bo‘rttirilgan asotirlar bilan boyib bordi. Ulardan ba’zilarini
ko‘rib chiqamiz.
1-afsona: “Sharqqa safar shoir
ijodiga tubdan ta’sir ko‘rsatgan”.
Ommabop adabiyot va ommaviy axborot vositalarida Yeseninning Turkistonga
safari shoir uchun
deyarli burilish nuqtasi bo‘lgani, uni shoh asarlar yaratishga ilhomlantirgani
haqidagi fikrlar tez-tez uchraydi. Masalan, zamonaviy nashrlarning yozishicha,
Toshkentdan olgan taassurotlari Yesenin ijodiga katta ta’sir ko‘rsatgan. U aynan
shu yerda "Pugachyov" dostonini yozib tugatgan va “Fors taronalari”
turkumini o‘ylab topgan. Bu gapda jon bor – “Pugachyov” poemasini u chindan ham Toshkentda qo’lyozma holida yozib
tugatgan, mahalliy aholiga ham o‘qib bergan.
Turkiston taassurotlarisiz, ehtimol, “Fors taronalari”da bunday yorqin
sharqona bo‘yoqlar bo‘lmasligi mumkin edi. Lekin nima bo‘lgan taqdirda ham “Fors taronalari” turkumi
ustidagi asosiy ijodiy ish bir necha yildan keyin – 1924-yil kuzida, Yesenin
Boku va Gruziyada yashagan paytda bajarildi. Turkiston turtki berdi, lekin
darhol she’rlar yozdiradigan ilhom manbayiga aylanmadi. Shuning uchun Sharqqa
sayohat – bu butun manzaraning
o‘zgarishi emas, balki Yesenin she’riyatidagi muhim bo‘yoq, desak to‘g‘riroq bo‘ladi.
Ko‘rganlarini “hazm” qilib, she’rga solishi uchun shoirga vaqt kerak bo‘ldi.
Yesenin (o‘rtadagi rasmda) Batumida, 1924-yil.
2-afsona: “Yesenin butun
Sharqni kezib chiqdi – Buxoroda ham, Samarqandda ham bo‘ldi, Fors diyorida ham deyarli
bo‘ldi”.
Bu afsonani ommaviy axborot vositalari har doim bajonidil ilib oladi. Masalan, taniqli
rus aktyori Sergey Bezrukov yaqinda bergan intervyusida "Nafaqat
Toshkentda, balki Buxoro va Samarqandda ham bo‘lgan Yesenin tarjimayi holida O‘zbekiston
alohida o‘rin tutadi"? deydi va Sharq she’riyati (to Firdavsiy
asarlarigacha) shoirga chuqur ilhom bag‘ishlaganini aytadi. Bunday fikrlar
Yeseninning Sharq mamlakatlari bilimdoni, tom ma’noda jahongashta sharqshunos
shoir sifatidagi qiyofasini yaratadi. Aslida esa hammasi ancha kamtarona bo‘lgan.
3-afsona: “Toshkentda Yesenin
to‘xtovsiz aysh-ishrat va mojarolarga berilib ketgan”.
Shoirni o‘z vatanida bezori sifatidagi shov-shuvli
obro‘si ta’qib qilib kelgan va ayrim mualliflar bu tasavvurni uning Sharqqa
safariga ham ko‘chirib o‘tkazishgan. Aslida, guvohlarning ta’kidlashicha,
Yesenin Turkistonda o‘zini hayratlanarli darajada xotirjam va hatto vazmin
tutgan. Ha, bir latifanamo voqea bo‘lgan: Volkovning hikoyasiga ko‘ra, bir kuni
Yesenin “Men bu yerga buning uchun kelganim yo‘q”, deb konsertdan yugurib
chiqqan. Ko‘chada shoir tuyaning
bo‘ynidan quchoqlab, unga: “Ey azizim, meni bu yerdan Majnun misoli olib
ket...”, deb aytgan.
Bu epizod
Yeseninning oddiy yevropacha dam olish (estrada va kino)dan hafsalasi pir
bo‘lganini yaqqol ko‘rsatadi. U tango va kabare emas, balki haqiqiy Sharq nafasini his etishni xohlagan. Lekin u bu yerda
hech qanday katta janjal-to‘polon ko‘tarmagan. Aksincha, shoir ko‘p mehnat qilgan (dostonini tugatgan, omma oldida chiqishlar qilgan) va yangi madaniyatni o‘rgangan.
O‘zbekistonda Sergey Yesenin xotirasi uzoq vaqtdan
beri saqlanib kelmoqda: 1981-yildan buyon Toshkent markazida Yesenin uy-muzeyi
faoliyat yuritmoqda. Shoirning qizi Tatyana Yeseninaning uzoq yillar aynan
Toshkentda yashab, otasining yodgorliklarini saqlagani va ularni muzeyga
topshirgani bejiz emas.
Bugun biz ko‘p jihatdan Rossiyadan boshlangan
e’tiborning yangi to‘lqinini kuzatmoqdamiz. 2025-yilda Yeseninning tavallud sanasi vatanida katta
miqyosda nishonlanadi. Chunki shoirning tavalludiga 130-yili to‘ldi. Shu bahona bilan Rossiya
madaniyat arboblari shoirni Markaziy Osiyoga “qaytarishmoqda”. Masalan,
Sergey Bezrukov butun boshli loyihani amalga oshirdi: 2025-yil kuzida u o‘zining «Хулиган. Исповедь» (“Bezori.
Iqror”) spektaklini olib
kelmoqchi va bir vaqtning o‘zida shaharda Yeseninga haykal o‘rnatish
tashabbusi bilan chiqmoqda.
Toshkentdagi Yesenin muzeyi ekspozitsiyasi.
Aktyorning so‘zlariga ko‘ra, yodgorlik xalqlar
o‘rtasidagi madaniy aloqalar ramziga aylanadi. Rossiya tomoni loyihani
moliyalashtirishga tayyor. “Yesenin xotirasi sobiq ittifoq xalqlarining umumiy madaniy
kodidir”, – deydi Bezrukov. U Yesenin she’riyatini ittifoqdosh mamlakatlar
maktablarida o‘rganish strategik ahamiyatga ega ekanini ta’kidlaydi. Yesenindagi sharqona motiv sayohatlar haqidagi
hisobotdan ko‘ra ko‘proq vatan va muhabbat haqidagi an’anaviy mavzuni
bezaydigan va chuqurlashtiradigan badiiy usul sifatida xizmat qiladi. Uning “Fors
taronalari” turkumi ko‘p jihatdan afsonaviylashtirilgan Sharq timsoli bo‘lib,
real taassurotlar (Toshkent, Kavkazorti) va shoirning boy fantaziyasi asosida
yaratilgan.
Darvoqe, Yeseninning o‘zi, turkum nomiga qaramay, hech
qachon Eronda bo‘lmagan. Zamonaviy adabiyotshunoslarning ta’kidlashicha:
Turkistonga qisqa muddatli safar (1921-yil may-iyun) va Ozarbayjonga uzoq muddatli
safar (1924-1925-yillar oxiri) Yeseninga o‘zining ertaknamo Fors mamlakatini
yaratishiga imkon bergan. Buning uchun zarur ma’lumotlar va manzaralarni taqdim etgan. Ammo
shoir Turkiston haqida to‘g‘ridan to‘g‘ri ocherklar qoldirmagan. Sharq
tajribasi uning she’riyatida bilvosita, badiiy qayta anglash prizmasi orqali
namoyon bo‘lgan.
Hikoya yoqdimi? Instagram va Telegramda bizni kuzatib boring
— u yerda yanada qiziqarli ma’lumotlar bor.