Ilk davrlar

Lola Yo‘ldosheva 1985-yilda tavallud topgan. Otasi Ravshanbek Yo‘ldoshev (1961-2020) “Tarona Records” ovoz yozish studiyasining asoschisi va o‘zbek shou-biznesining eng nufuzli shaxslaridan biri edi. Lekin u negadir qizini musiqa bilim yurtiga yubormadi. Buning o‘rniga Lola Toshkentdagi Vestminster universitetiga o‘qishga kirdi.
Lolaning ijod yo‘li ancha erta boshlandi. Birinchi qo‘shig‘ini o‘n yoshida ijro etdi. “Netayin” nomli ilk albomi 2002-yilda chiqdi. O‘sha vaqtda xonanda endi 17 yoshga kirgandi. Ikki yil o‘tib, navbatdagi albomi – “Muhabbatim” dunyo yuzini ko‘rdi. Yana bir yildan keyin esa uchinchi “Topdim baxtimni” albomi sotuvga chiqdi.
Turli tajribalarga qaramay, Lolaning o‘sha davrdagi musiqiy uslubi oddiy o‘zbek pop-musiqasiga xos edi: xalq cholg‘u asboblari jo‘rligidagi o‘ziga xos yevrodens, elektron tarzda ishlov berilgan vokal, tovushni markaziy kanalga yo‘naltirish (chap va o‘ng quloqchinlarda musiqa bir xil eshitilishi uchun, bunda fazoviy unsurlar yaratilmaydi), brijsiz (kupletdan naqoratga o‘tish) va kodsiz (cholg‘u yoki vokal chekinishlar) oddiy qo‘shiqlar.
Afsonaviy “Bolalar” guruhi yakkaxon qo‘shiqchisi Tohir Sodiqov bilan duet tarzida ijro etilgan “Undan nimam kam?” hamda “Netayin” va “Toshkent – Samarqand” kabi xit qo‘shiqlari yorqin, esda qolarli ohanglari va ma’noli matni bilan ajralib turardi. Aynan shular tufayli Lola O‘zbekistonda yanada tanildi. YouTubedagi kliplar ostida qoldirilgan izohlarda bu qo‘shiqlar insonlarda yoshlik xotiralarini uyg‘otishini kuzatish mumkin.
Bir vaqtning o‘zida Lola “Maya” taxallusi bilan Rossiya shou-biznesida ham o‘z o‘rnini topishga harakat qilgan. “Потерялись(“Yo‘qolib qoldik”) nomli qo‘shig‘i radioda yaxshi kutib olingan bo‘lsa-da, noma’lum sabablarga ko‘ra, xonandaning Rossiya shou-biznesidagi promousheni to‘xtatildi.

Baxtsiz nikoh

2005-yilda Lola turmushga chiqdi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, turmush o‘rtog‘i uning kasbiy rivojlanishiga to‘sqinlik qilmaslikka va’da berganiga qaramay, xonanda ijodni tark etishga va o‘zini butunlay oilasiga bag‘ishlashga majbur bo‘lgan. San’atkorning so‘zlariga ko‘ra, turmush o‘rtog‘i uni hatto yaqinlari va do‘stlari bilan muloqot qilishdan ham cheklagan.
Oxir-oqibat Lola o‘z huquqlarining kamsitilishiga chiday olmadi hamda o‘g‘li va qizini olib, ajrashdi. Keyinroq xonanda muxlislariga murojaat qilib, ularni “bir marta beriladigan hayoti”ni qadrlashga va turmush o‘rtog‘ining “diktator va xo‘jayin” bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi.
Ajrashgandan so‘ng Lola musiqaga qaytdi. 2011-yilda uning “Senga”, keyingi yili esa “Sog‘indim” nomli albomlari chiqdi. Bu albomlar yangi qo‘shiqlarini intiqlik bilan kutayotgan muxlislari tomonidan iliq kutib olindi. Har ikki albom ham Lola va umuman, o‘zbek pop-musiqasiga xos edi. Biroq 2014-yilda chiqqan “Kel” albomi qo‘shiqchining ijodiy rivojlanishiga yangi yo‘nalish bag‘ishladi. Unda ingliz tilida turfa cholg‘u aranjirovkalari va kompozitsiyalari taqdim etilgan edi.
2016-yilda “Bilmaysan” albomi chiqdi. Uni umumiy uslub yo‘qligi va eski qo‘shiqlar remeyklari qamrab olingani sababli miksteyp deb atash mumkin. Keyinchalik Lola yana shunga o‘xshash albom-to‘plamlarni chiqardi.
E’tiborga loyiq tomoni, “Bilmaysan” albomida Lola Mark Bernes ijro etgan “Журавли(“Turnalar”) qo‘shig‘iga va Jon Lennonning “Imagine” taronasiga kaverlar kuyladi. Qizig‘i, 2023-yilda uning o‘zi “X-Factor” shousining o‘zbekcha talqinida hakamlar hay’ati tarkibida o‘tirib, o‘zgalarning ijro mahoratini baholadi.

Yangi davr

2015-yilda O‘zbekistonda san’atkorlar faoliyatini nazorat qiluvchi “O‘zbeknavo” tashkiloti Lolani konsert faoliyati bilan shug‘ullanish litsenziyasidan mahrum qildi. Bunga uning qizil libosdagi chiqishi sabab bo‘lgan edi. Bu ko‘rinish “haddan tashqari ochiq” va “mamlakat mentalitetiga mos kelmaydi”, deb topildi.
Faoliyatini davom ettirish maqsadida Lola omma oldida uzr so‘rashga majbur bo‘ldi. Shuningdek, u bir nechta davlat tadbirida, jumladan, Mustaqillik kuniga bag‘ishlangan konsertda ishtirok etdi. Natijada maxsus komissiya xonandaga sahnada kuylash huquqini qaytardi.
Shunga o‘xshash mojaro to‘qqiz yil o‘tib ham sodir bo‘ldi. Bir tadbirda Lola internetda keskin tanqidlarga sabab bo‘lgan libosda paydo bo‘ldi. Ba’zi foydalanuvchilar fikricha, uning kiyimida ko‘kragi yaqqol bilinib turardi. Natijada xonanda “O‘zbeknavo”ning vorisi bo‘lgan “O‘zbekkonsert”ga “profilaktik suhbat”ga chaqirildi.
Lola ijodini taqiqlashga qaratilgan urinishlarga jim qarab tura olmas edi. 2019-yilda “Sevgingni menga ayt” qo‘shig‘i va klipi chiqdi. Klipda badiiy kengash faoliyati eski sovet uslubida tasvirlangan: jiddiy kostyum kiygan senzorlar o‘tirgan stolning bezatilishi, jihozlar, qizil parda va devorlardagi tashviqot plakatlari o‘sha davrning madaniyat uylarini eslatardi. Shuningdek, shahar xotin-qizlar bo‘limi tomonidan tayyorlangan va biroz oldin jamiyatda katta norozilik uyg‘otgan “potensial xavfli ayollar” ro‘yxati (ular orasida depressiyaga chalingan, nogironligi bo‘lgan, ishsiz, ajralish ostonasidagi ayollar bor) ham tilga olingandi.
Klip xonanda ijodida yangi bosqich, ya’ni dadil ijtimoiy fikrlar bildirish davrini boshlab berdi. 2023-yilda Lola Alisher Navoiy g‘azaliga To‘xtasin Jalilov tomonidan musiqa bastalangan “Otmagay tong” qo‘shig‘ini ijro etdi. Klipda sport, san’at va boshqaruv sohalarida katta yutuqlarga erishgan o‘zbekistonlik ayollar, shuningdek, kelajak avlod vakilalari suratga tushdi. Lola ko‘nglidagi “Dunyo beshigini ayol tebratadi” degan gapni ochiq aytdi.
Nihoyat, 2025-yili Lola an’anaviy patriarxal jamiyatning intilishlarini o‘zida aks ettirgan, tor doirada fikrlovchi shaxslar shakllantirgan qadriyatlar ko‘rsatilgan O‘zicha nomli qo‘shig‘ini taqdim etdi: unda to‘y, uy, mashina, shuningdek, ayollarga erining mulki sifatidagi qarashlar hazilomuz tanqid qilindi. Qo‘shiq bas tovushining ustunligi va Lolaning past ovozli vokali asosida raqsbop ohanglarda yaratilgan. Bu holatni, albatta, odamlar Billi Aylishning Bad Guy davridagi xulq-atvori bilan taqqoslashdi. Vaholanki ilk albomlarning tovushida sezilarli farq bor.
Klipga Rossiyaning “Little Big” pank-reyv guruhi ishtirokchisi Alina Pyazok rejissyorlik qildi. YouTube tarmog‘ida millionlab marta ko‘rilgan “Skibidi” klipi bilan mashhur bo‘lgan guruhning vizual uslubi “O‘zicha” klipida ham yaqqol ko‘zga tashlanadi. Absurd-istehzoli geglar (komedik uslub) go‘yo nog‘oraga raqsga tushayotgan eshak timsoli – Little Big kliplarining estetikasini eslatadi. Lolaning raqs harakatlari ham guruhning o‘ziga xos xoreografiyasi bilan hamohang bo‘lib, klipning kinoyali kayfiyatini to‘ldiradi.

Kino sohasidagi faoliyati

Musiqadan tashqari, Lola kinoda ham suratga tushgan. U debyut rolini 2003-yilda birinchi albomi chiqqanidan so‘ng “Sevinch” melodramasida ijro etdi. Syujet sodda va ta’sirchan hissiyotli filmlar janriga xos: bosh qahramon oxiri o‘lim bilan tugaydigan kasalligi haqida bilib qolib, sevgilisining qalbini sindirmaslik uchun undan uzoqlashishga qaror qiladi.
Keyinchalik Lola yana beshta filmda suratga tushdi. Ularning oxirgisi 2015-yilda chiqqan. “Kelgindi kuyov” (2005) komediyasida Lola nafaqat melodramalardagi ijrolarga, balki hajviy rollarga ham qobiliyatli ekanini ko‘rsatdi. Birinchi filmda qahramonining otasi rolini ijro etgan aktyor Farhod Abdullayev Lolaning aktyorlik iste’dodi haqida bunday deydi:

“Ilgari xonandalarning kinoda rol o‘ynashiga qarshi edim. Ammo “Sevinch” filmida Lola bilan ishlaganimdan keyin fikrim butunlay o‘zgardi. U har doim topshirilgan rollarni sidqidildan va yuqori darajada ijro etgan”.

Lolaning 2005-yildan keyin suratga tushgan filmlari katta muvaffaqiyatga erishmadi, lekin ta’kidlash kerakki, uning kinodagi tajribasi kliplarni suratga olish vaqtida qo‘l kelgani aniq.
Lola Yo‘ldoshevaning hikoyasi yoshlik davrida erta erishilgan mashhurlik (ayniqsa, nufuzli qarindoshlar homiyligida), ulg‘aygach, muvaffaqiyatga olib kelmagani haqidagi ko‘plab misollarning biri bo‘lishi mumkin edi. Lekin Lola baxtsiz nikoh va davlat tomonidan o‘rnatilgan taqiqlariga qaramay, ijodga qaytish, mamlakat milliy musiqasiga yangi ohang va mavzular qo‘shish hamda yorqin qo‘shiqlar va kliplar orqali o‘z huquqlarini himoya qilayotgan ayollarning ovoziga aylanishdek maqsadlar uchun o‘zida kuch topa oldi.
Lolaning eng yaxshi xit qo‘shiqlarini siz uchun tuzgan pleylistimizda tinglashingiz mumkin. Bugungi hikoyamiz yoqqan bo‘lsa, uni ijtimoiy tarmoqlarda ulashing hamda Telegram va Instagram sahifalarimizga obuna bo‘ling.