Ural kazaklarining Qoraqalpog‘istonga kelib qolishi

1874-yili Uralda azaliy e’tiqodini mahkam tutgan kazaklar qo‘zg‘olon ko‘tardilar. Buning sababi imperator Aleksandr II ning barcha yaitsklik (urallik) kazaklarga uzluksiz harbiy xizmatni o‘tash, forma kiyish, ot va qurol-yarog‘ saqlash majburiyatini yuklovchi farmoni edi. Baliq ovlash va ovchilik bilan kun ko‘rishga o‘rganib qolgan uralliklar yangi tartiblarni kazaklarning an’anaviy erkinligiga xo‘jasizlarcha tajovuz deb bilib, bo‘ysunishdan bosh tortdi.
Qo‘zg‘olon bostirilgach, 2500 nafarga yaqin urallik kazaklar ro‘yxatidan o‘chirilib, Turkistonga surgun qilindi. Dastlab faqat erkaklar haydalgan bo‘lsa, 1877-1878-yillarda 750 dan ortiq oila majburan ko‘chirilgan. Yillar davomida ayriliqda yashagan er-xotinlar ko‘pincha bir-birlarini tanimay qoldi. Surgun qilinganlar ocharchilik va kasalliklardan azob chekar, ba’zilari esa Amudaryoda ketayotgan paroxodlardan o‘zini suvga tashladi.
Aleksandr II ning vorisi – imperator Aleksandr III davrida Turkistonga surgun qilingan uralliklarga o‘z vataniga qaytib, yana kazak bo‘lishiga ruxsat berildi. Lekin hamma ham podshoning marhamatidan foydalanmadi: Turkistondan atigi 850 nafar odam qaytdi, qolganlar surgun qilingan joyida qoldi.
Chor ma’murlari xuddi Ural va Sibirda bo‘lgani kabi bosib olingan hududlarni o‘zlashtirishda kazaklar yordam beradi, deb umid qilgan edi. Ularni ataylab Amudaryo deltasiga, Xiva bilan chegaraga yaqin joyga yuborgan, chunki butun Turkiston hududida Xiva Rossiya tomonidan oxirgi bo‘lib bosib olingan edi. Petro-Aleksandrovsk (hozirgi To‘rtko‘l) qalʼasi yaqinida uralliklar Pervonachalniy posyolkasiga asos solishdi.
Keyinroq kazaklarning boshqa qishloqlari paydo bo‘ldi: To‘rtko‘lning o‘zidagi posyolka, Nukus yaqinidagi Ural posyolkasi, Zoir va Kazakdaryo, Oqdaryo, Qiziljar. Vaqt o‘tishi bilan ular Orol dengizi qirg‘oqlarigacha yetib bordilar va u yerda baliqchilik xo‘jaliklari bo‘lgan Uchsoy, Urga va Porlitauga joylashdilar. Mo‘ynoq va Qo‘ng‘irotda ham kazak qishloqlari paydo bo‘ldi.
Shu tariqa imperiyaning chekkasida Uralning e’tiqodiga sodiq qolgan kazaklar jamoasi paydo bo‘ldi. Ularni oldingi hayotini tark etib, o‘zligini saqlab qolgan insonlar – “uzoqlashganlar” deb atay boshlashdi.
image
1950-yillar boshidagi fotosuratlarda bu joylar shunday ko‘rinardi.

Mayor unvonidagi bosh rohiba

Oradan bir yarim asr o‘tib, HD magazine tahririyati uralliklarning avlodlarini topish va ular qanday yashayotganini bilish maqsadida Qoraqalpog‘istonga yo‘l oldi. 150 yil ichida kazaklar jamoasi agar surgun qilinganlarning dastlabki soni bilan taqqoslasak taxminan yuz baravar kamaygan.
Hozir Qoraqalpog‘istonning shimoliy qismi Nukus, Pristan, Qo‘ng‘irot va Taxiatoshda asosan keksa yoshdagi uralliklarning atigi 20-25 ta oilasi qolgan. Yoshroq bir nechta oila esa Beruniy va To‘rtko‘lda yashaydi.
Ularning kichik jamoasini o‘ziga tortadigan markaz Nukus chekkasidagi kichik ibodatxona bo‘lib, unda eski ikonalar, diniy kitoblar va yodgorliklar to‘plangan. Ural kazaklari XVII asrda pravoslav dini bo‘linganidan keyin Markaziy Rossiyadan qochib ketgan eski e’tiqodli dehqonlar hisobiga ko‘paygan. Shuning uchun qadimiy diniga rioya qilish “uzoqlashganlar” avlodlariga xos madaniy kodning eng muhim qismidir.
© HD magazine / Azamat Matkarimov
© HD magazine / Azamat Matkarimov
© HD magazine / Azamat Matkarimov
© HD magazine / Azamat Matkarimov
Thumbnail 1
Thumbnail 2
Thumbnail 3
Thumbnail 4
Qadimiy ibodatxona qamish devor bilan o‘ralgan. Ichkari unchalik keng emas, lekin do‘konlar va kursilar bor  keksa qavmlar ibodat paytida ularga suyanishadi.
Nukusdagi ibodat uyini cherkov ham, butxona ham deb bo‘lmaydi. Kanonik pravoslav dinidan farqli o‘laroq, Orolbo‘yidagi eski e’tiqodchilar ruhoniylarsiz kun kechirardi. Yaqin-yaqingacha ibodat uyida Savin ismli rohib (uralliklar shevasida – “bobo”) xizmat qilardi. 2016-yilda uning vafotidan so‘ng, jamoadagi yetakchilik Matryona “buvi” Olga Kiselyova qo‘liga o‘tgan.
Matryona buvi mayor unvoniga ega sobiq YHXX xodimi. Militsiya lavozimidagi o‘tmishi unda “atamancha” xislatlarni namoyon etadi: qo‘riqlanadigan postni shunchaki tashlab ketolmaydi, uning mehnati evaziga saqlanib turgan jamoasini tark etish esa gunoh.
“Men ketib qolsam, bu yerda hammasi tugaydi. Chunki yo‘limni kim davom ettirishi nomaʼlum. Hozir bu yerga keluvchilar jamoani tashlab ketmasligimni iltimos qilishyapti”, – deydi u.
© HD magazine / Azamat Matkarimov
Olga Kiseleva, uni bu yerda "Matryona" deb atashadi.
Sobiq Ittifoq parchalanganidan so‘ng ko‘plab uralliklar, asosan yosh va mehnatga layoqatlilar Rossiyaning Volgograd va Astraxan viloyatlariga qaytib keta boshladi. U yerning iqlimi va tabiati Amudaryoning quyi oqimini eslatadi. Matryonaning o‘zi afsus bilan: “Yoshlar endi boshqacha – ular bizga o‘xshamaydi”, – deydi. "Rossiyaga ketib, eski e’tiqodiga sodiq mahalliy jamoalarga qo‘shilganlar hali ham an’analarga rioya qilishadi: u yerda cherkovlar, ustozlar bor, marosimlar o‘tkaziladi. Bu yerda, Qoraqalpog‘iston sahrosida esa faqat yoshi kattalar hisobiga e’tiqodimiz saqlanib qolgan", – deydi u.
Matryona va turmush o‘rtog‘i Aleksandr Kiselyov ibodatxonada saqlanadigan qadimiy ikonalar, xochlar, kitoblarni ko‘rsatdi. “Ko‘pchilik ikonalar va kitoblar saqlab qolinishini istab olib kelishadi. Ketayotganlar ularning yo‘q bo‘lib ketishini xohlamaydi”, – deydi bosh rohiba.
“Bizda barcha marosim o‘tkaziladi: cho‘qintirish, nikoh o‘qish, dafn qilish. Ikonalar “toma-toma ko‘l bo‘lur” tamoyili asosida yig‘ilgan – har kim qo‘lida borini olib kelgan. Bir-birimizga yordam berib yashaymiz va kimligimizni unutmaymiz”, – deya qo‘shimcha qiladi Kiselyov.
© HD magazine / Azamat Matkarimov
Eski marosim ikonalari madaniy boylik hisoblanadi va ularni O‘zbekistondan olib chiqish taqiqlanadi.
Matryonaning turmush o‘rtog‘i uralliklarni, odatlanib qolgani uchunmi, ruslar deb ataydi, Rossiya haqida esa madaniy tomonlama yaqin davlat sifatida gapiradi, lekin baribir alohida mamlakat ekanini tan oladi.

Kiselyov: “Hayotimda ko‘p safarda bo‘lganman: otam bilan, ish bo‘yicha, o‘zim. Rossiyada ham, Kavkazda ham yashaganman, lekin doim shu yerga qaytib kelganman. Bu – bizning o‘lkamiz, vatanimiz. Shu yerda tug‘ildim, ota-onam yashagan maskan ham shu, uyim ham ushbu zaminda”.

Uralliklar Orolda

Orolbo‘yi cho‘llari hozir ham, bundan 150 yil ilgari ham surgun qilingan kazaklar ko‘nikib qolgan Ural sharoitidan farq qiladi. Dastlab Turkistonga surgun qilingan Ural kazaklari o‘zlarini begonaday tutardi: kimsasiz joylarda qishloqlar qurardilar. Qozoqlar, qoraqalpoqlar, turkmanlarning tili va urf-odatlari ularga begona edi. Shuning uchun ular bilan faqat mahsulot ayirboshlash va savdo-sotiq bilan cheklanishardi.
Yangi joyga o‘rnashib olgach, uralliklar vatanida shug‘ullangan kasbiga qaytdi.
XIX asr oxirida yashagan guvohlarning yozishicha, Amudaryoda osyotr, sevryuga, sterlyad kabi baliqlar serob bo‘lgan. O‘sha vaqtga kelib, Mo‘ynoqda hamda ko‘l va irmoqlar yaqinidagi boshqa joylarda uralliklar yirik baliqchilik xo‘jaliklarini tashkil etgan. Yer uchastkalarini qoraqalpoqlardan ijaraga olishgan – to‘lov baliq yoki pul vositasida amalga oshirilgan.
Ba’zi kazaklar Amudaryo bo‘yida polizchilik va dehqonchilik bilan shug‘ullana boshladilar. Bu borada katta yutuqlarga erishilmagan, chunki yerga ishlashni hamma ham eplay olmasdi. Vaqt o‘tishi bilan ular mahalliy aholidan paxta, sholi va kunjut yetishtirishni o‘rganib olishdi. Uralda bunday ekinlar o‘smasdi. Xo‘jaliklarda esa asta-sekin otdan tashqari, eshak va tuyalar ham paydo bo‘ldi.
Baliqchilik xo‘jaliklari atrofida butun bir infratuzilma shakllandi: duradgorlar va temirchilar sayoz daryo oqimlarida suzish uchun yassi tubli qayiqlar yasashardi, asboblarni ta’mirlashardi, to‘r to‘qishardi. Baliq va ikralarni tuzlash uchun bochkalar yasalardi. Keyin ular Rossiyaga olib ketilardi.
© HD magazine / Oktavian Veryakin
Orolbo‘yidagi artel xo‘jaliklaridan faqat xarobalar qolgan.
Tez orada mahalliy aholi bilan samimiy aloqa rishtalari bog‘landi. Kazaklar mehnatsevarligi bilan mashhur edi: ular uylar qurishar, ariqlar qazishar, baliqlarni “ruscha”, ya’ni to‘r bilan tutishardi. Bu usulni ulardan qoraqalpoqlar o‘zlashtirishgan. Uralliklar esa qo‘shnilaridan cho‘lda jon saqlashni, suv qidirishni, xo‘jalikda tuyalardan foydalanishni o‘rganishgan. Nutqlarida o‘zlashma so‘zlar, kundalik hayotida yangi ko‘nikmalar paydo bo‘lgan.

Uzoqdagi qarindoshdan yaqindagi qo‘shni yaxshi

“Qo‘shnilarimiz ajoyib, – deydi Matryona. – Pasxada bulochka pishirardim, tuxum bo‘yardim va hamma qo‘shnilarga tarqatardim... Ilgari bolalar hovlida yugurib yurishar, “Xristos voskres!’ deb baqirishar, biz esa ular bilan kulich va krashenkalarni bo‘lishardik. Odamlar salomlashadilar, bir-birlarini hurmat qiladilar”.
Uralliklarning avlodi qoraqalpoqlar bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari shunchaki xalqlar do‘stligi plakatlaridagi shiorlar emasligini ta’kidlaydi. Matryona bilan yonma-yon bir mulla yashaydi. U va boshqa qo‘shni qoraqalpog‘istonliklar ibodat uyiga begonalar kirmasligi uchun birgalashib ogoh bo‘lib turadilar.
© HD magazine / Azamat Matkarimov
Matryona buvi masjid yonida yashaydi. Uning qo‘shnilaridan biri mahalliy imom.
Bunday ehtiyotkorlik bejiz emas. Matryona bundan qirq yil oldin ularning eski ibodat uyiga o‘g‘rilar kirib, barcha qimmatbaho ikonalarni olib chiqib ketgani haqida gapirib berdi.
“Bu, albatta, og‘ir zarba bo‘lgan. Vaqt o‘tib ikonalar topilgan — Qrimdagi yeparxiyalardan birida aniqlangan. Qaytarishga muvaffaq bo‘linmagan — tarix yana qaytalanib qolishidan qo‘rqqanmiz”, — deya eslaydi ayol. Talonchilar topilgan (aniqlanishicha, ikonalarni jamoadagi yoshlar sotib yuborgan ekan) va jazolangan. Ular qanday jazo olgani haqda isteʼfodagi militsiya xodimi sukut saqlaydi va bunday deydi:
Ilgari bolalar urf-odatlarga rioya qilmasalar, ota-onalar ularni kitoblar va ikonalar bilan birga ko‘mib yuborishni so‘rashgan. Ko‘pchiligi ana shunday yo‘q bo‘lib ketgan”.

Eski diniy qarashlar kundalik hayotga ta’sir ko‘rsatgan. Masalan, tamaki chekish katta gunoh hisoblangan, choy ichish, sarimsoq yeyish ham taqiqlangan. Hatto 1970-1980-yillarda keksalar choy o‘rniga faqat giyohlar qaynatmasi yoki iliq suv ichishgan. Baliq qovurilgan yoki quritilgan, shu bilan birga ro‘za ham tutilgan. Ta’ziya marosimlarida faqat yog‘och idishlar ishlatilgan: metall buyumlar “nopok” hisoblangan.
© HD magazine / Azamat Matkarimov
Hozirda choy ichishga qo‘yilgan taqiq amal qilmaydi.

E’tiqodli insonlar uzoqlashmoqda

Surgun qilingan uralliklar rioya qilgan eski urf-odatlar asta-sekin o‘tmishga aylanmoqda. Masalan, boshqa millat va dinga mansub shaxslar bilan nikoh tuzishga ortiq qat’iy taqiq yo‘q.
O‘zimiznikilarga turmushga chiqishsa, yaxshiroq edi, lekin nachora, deb xo‘rsinadi Matryona. — Ibodat uyimizga qatnaydiganlar bunday deyishadi: Nevaralarimiz voyaga yetgan, atrofda esa kuyov yo‘q. Qoraqalpoq, o‘zbek, qozoq millatidagi yigitlarga tegib ketishyapti. Hayotlari yaxshi: kimdir sevib turmushga chiqqan, kimnidir oldingi urf-odatlardagiday o‘g‘irlab ketishgan. Nima qila olamiz? Eng muhimi — oilani saqlab qolish, yoshlarning bir-birini hurmat qilishi”. Ba’zi uralliklar aralash millatli oilada yashab, o‘zlarining islomiy urf-odatlar bo‘yicha dafn etilishini vasiyat qilishadi. Jamoamizda so‘nggi vasiyatni hurmat qilamiz va uni bajarish odat tusiga kirgan.
© HD magazine / Oktavian Veryakin
Qadimgi marosimchilar dafn etilgan qabriston allaqachon qarovsiz qolgan.
Amudaryo bo‘yidagi kazak posyolkalari allaqachon bo‘shab qolgan, qoraqalpoqlar, qozoqlar va uralliklarni boqqan dengiz ham qurigan, baliqchilik xo‘jaliklari faqat keksalarning xotirasida qolgan. Ammo Matryona “buvi” ibodat uyini ochib, chiroqlarni yoqib turar ekan, Qoraqalpog‘istonning qadimiy e’tiqodli jamoasi yashashda davom etadi.
Uning o‘zi ham ruhini tushirmaydi va Orolbo‘yidagi qadrdon makonini tark etish niyati yo‘q.

Matryona: “Rostini aytsam, ko‘chib ketishni xohlamayman. Taʼtilda farzandlarim oldiga borib qaytaman. Chunki bu diyor men uchun qadrdon, hamma narsam shu yerda. Kuch-quvvatim bor, oyog‘im yurib turgan ekan — hammasini o‘zim uddalayman”.

Hikoyamiz manzur bo‘ldimi? Bizni Instagram va Telegram tarmoqlarida qo‘llab-quvvatlang.