Masjid va madrasalar

Buxoro bo‘ylab sayohatni shaharning asosiy ramzi – Minorayi Kalondan boshlaymiz. Baland g‘ishtli minora XII asrdayoq karvonlar uchun mo‘ljal va azon aytiladigan joy bo‘lib xizmat qilgan. Bugungi kunda u turizm dasturlarining ajralmas qismi hisoblanadi.
* * *
G‘ayrioddiy me’morchilik e’tiborni tortadi va siz ularni tasmalarga muhrlashni xohlaysiz. Chor Minor madrasasi feruza gumbazli to‘rtta minora va qadimiy ichki zallar bilan o‘ralgan. Har bir minora Sharqning boy an’analarini aks ettiruvchi noyob naqshlar bilan bezatilgan.
* * *
O‘tmishga yanada chuqurroq nazar tashlash uchun Ismoil Somoniy maqbarasini ziyorat qilish kifoya. O‘ymakor g‘ishtdan qurilgan ixcham bino Markaziy Osiyo islom me’morchiligining eng qadimgi inshootlaridan biridir.
* * *
O‘sha davr muhitiga sho‘ng‘ish uchun qadimiy qal’a – Ark qo‘rg‘oniga sayohat qilishni tavsiya etamiz. Bu shahar ichidagi haqiqiy shahar bo‘lib, saroylar, masjidlar, qabulxona zallaridan iborat. Qal’a o‘zida ko‘plab sirlar va afsonalarni saqlaydi, uning qurilgan sanasi hali ham noma’lum.
* * *
Mir Arab madrasasi XVI asr ma’naviy markazining nodir namunasidir. Bu joyning uzoq va murakkab tarixi bor, uni o‘zingiz bilib olganingiz ma’qul.
* * *

Restoran va kafelar

Go‘zalligi bilan lol qoldiradigan “Joy” restorani qadimiy karvonsaroyning o‘zida joylashgan. Sharqona iforlar, jonli musiqa va bezaklarga boy muhit sizni go‘yo kundalik hayotdan yulib olib, sharq ertaklariga ko‘chiradi.
* * *
Buxoroning tarixiy qismining qoq yuragida, Ko‘kaldosh madrasasi va Labi hovuz ansambli yonida mashhur “Labi hovuz” restorani joylashgan. Hovuz bo‘yidagi milliy taomlar jazirama kunning eng yaxshi yakuni bo‘lsa kerak.
* * *
Novza masjidi yaqinida joylashgan “Chinor” go‘shtli taomlari va haqiqiy interyeri bilan mashhur. Ichkari hovli yam-yashil chinorlarga burkangan. Bu yerda Eski shahar bo‘ylab sayr qilgandan keyin dam olish, ayniqsa, yoqimli.
* * *
Qichqiriq kanali bo‘yida “Nurafshon” restoranining shinam shiyponlari joylashgan. Yozda bu yer juda yoqimli: suv, salqinlik va Buxoro oshxonasining yorqin ranglari xotirjamlik muhitini yaratadi.
* * *
Sardoba – aeroport yaqinidagi katta restoran bo‘lib, u yerga nafaqat mazali taomlar iste’mol qilish, balki vaqtni maroqli o‘tkazish uchun ham mehmonlar tashrif buyuradi. Bu yerda jonli musiqa yangraydi, raqsga tushib, haqiqiy bayram uyushtirish mumkin.
* * *

Bozorlar va sovg‘a do‘konlari

Sharqona madaniyatni butunligicha his qilish uchun Buxoro bozorchalarini aylanib chiqmasangiz bo‘lmaydi.
Taqi-Zargaron savdo gumbazlari – XVI asrning yopiq bozori bo‘lib, u yerda bir vaqtlar zargarlar ishlagan. Bugun bu yerda tarix izlari bo‘ylab sayr qilish, qadimiy shahar muhitiga sho‘ng‘ish va esdalik uchun sovg‘alar olish mumkin.
* * *
Buxoroning Markaziy bozorida sizni ziravorlarning xushbo‘y hidi, bir olam quritilgan mevalar va tandirdan uzilgan issiqqina nonlar kutib oladi – bu yerda yana ko‘plab mahsulotlarni peshtaxtalar orasidan topish mumkin.
* * *
Labi Hovuzdagi sovg‘a do‘konlari hovuz atrofidagi daraxtlar soyasida joylashgan. Ularda siz noodatiy sopol buyumlar, qo‘lda to‘qilgan gilamlarni topishingiz yoki shunchaki go‘zal hovli muhitidan bahramand bo‘lishingiz mumkin.
* * *
Madaniyat va san’at
Qadimiy hikoyalar jonlanadigan ertaklar olamiga kirish uchun O‘zbekiston qo‘g‘irchoq teatriga tashrif buyuring. An’anaviy o‘zbek qo‘g‘irchoqlari mo‘jizaviy afsonalarga eshik ochadi. Tomoshalar bolalar va kattalar uchun birdek qiziqarli bo‘ladi.
* * *
Sadriddin Ayniy nomidagi teatr mumtoz an’analarga sodiq qolgan. Bu Buxoroning asosiy sahnasi bo‘lib, unda jahon klassik dramalari bilan birga zamonaviy spektakllar ham namoyish etiladi.
* * *
O‘zbek an’analari bilan musiqa va raqs orqali ham tanishish mumkin. Xalq ijodi sahna san’atining butun tarovati Buxoro dramatik musiqali teatrida namoyon bo‘ladi, u yerda qo‘shiqlar yangraydi va rang-barang raqslar ijro etiladi.
* * *
O‘tmish bo‘ylab sayohatdan so‘ng, zamonaviy san’atkorlarning ijodini tomosha qilishni taklif etamiz. Buxoro fotogalereyasi – bu mahalliy va xorijiy fotosuratchilarning asarlari namoyish etiladigan san’at maydoni. Bu yerda Buxoroni turli mualliflar nigohi bilan ko‘rish va uni yangitdan kashf etish mumkin.