Toshkent — non shahri
1917-yilda
Oktyabr inqilobi va undan keyingi fuqarolar urushidan so‘ng Markaziy Rossiyada
yuz bergan ocharchilik, vayronagarchilik va savdo-sotiqning pasayishi uzoq
Osiyoni yer yuzidagi jannat orzusiga aylantirdi. Yozuvchi Aleksandr Neverovning
1923-yilda nashr etilgan qissasi “Toshkent – non shahri” deya
nomlangan edi. Uning qahramoni – 12 yoshli Mishka Dodonov och qolgan oilasini boqish uchun Volga bo‘yidagi
qishloqni tark etib, Toshkentga boradi va u yerda g‘alla evaziga jismoniy mehnat
qiladi.
U qo‘shnilaridan
Toshkentga poyezdda borish
mumkinligi haqida eshitadi hamda ko‘plab sarguzashtlar osha ertaknamo shaharga
yetib boradi:
“Bog‘lar yonidan ikkita bahaybat g‘ildirakli g‘aroyib, misli ko‘rilmagan aravalar o‘tib borardi. Dumlari va yollari shaqildoq bilan chiroyli qilib bezatilgan bo‘rdoqi otlardan qongiroq ovozi kelardi. Mishka atrofga nazar solgandi, boshiga savatlar qo‘ndirib olgan odamlar ruschaga o‘xshamagan tilda gaplashib ketayotganining guvohi bo‘ldi. Savatlarning yog‘ochli tirqishlaridan turfa olmalar, qora va yashil boshli mevalar, katta oppoq nonlar va yana allanimalar ko‘rinib turardi.— Zo‘r yashasharkan-a! — o‘zicha o‘yladi Mishka, qurib qolgan va ochlikdan bo‘shashgan lablarini yalab”.
Toshkent — non shahri
(Aleksandr Neverov asari muqovasidan lavha).
O‘shanda qora
bozor Rossiyani tom ma’noda qamrab olgandi: “qop ko‘targan” karvonlar farovon hayot
kechirayotgan janubga, Osiyoga borib qaytardi. Sobiq
Ittifoq oziq-ovqat xalq
komissarligi hisobotiga ko‘ra, aholi iste’mol qiladigan oziq-ovqat mahsulotlarining 60 foizgacha qismi aynan
shu yo‘l bilan, davlat tomonidan tartibga solinmagan narxlarda olib kelinardi.
Oziq-ovqat
inqirozi faqat YIS – bolsheviklar tomonidan savdo va oziq-ovqat sanoatida
xususiy sektorga ishlash uchun ruxsat berilgan yangi iqtisodiy siyosat tufayli yengib
o‘tildi. Yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorinlarga o‘xshab poytaxtlar va yirik
shaharlarda xususiy restoranlar paydo bo‘ldi, bozor savdosi gullab-yashnadi. Sovetlar davridagi O‘rta Osiyodan
yetkazib berilgan un, guruch, sabzavot evaziga mamlakat markazida oziq-ovqat mahsulotlari
taqchilligi bartaraf etildi.
Umumiy ovqatlanish joylariga palov keldi
1920-yillarning
oxiriga kelib Sovet Ittifoqida hayot asta-sekin izga tusha boshladi. Oshpazlik
kitoblarining paydo bo‘lishi buning yorqin dalilidir. Inqilobdan keyingi
dastlabki o‘n yillikda asosan kartoshka po‘stidan quymoq tayyorlash yoki
lavlagi bargidan unumli foydalanish bo‘yicha qo‘llanmalar nashr etilardi.
1927-yilga
kelib esa, masalan, Katerina Dedrinaning “Gaz plitasi va primus ustidagi
oshxona” asari chop etildi. U davrning o‘tkinchi tabiatini hammadan ham ko‘ra
yaxshiroq tasvirlab bergan edi. O‘z mazmuniga ko‘ra, kitob endi harbiy
kommunizmning zerikarli uslubidan uzoqlashib, nafaqat pazandachilikka, balki biror-bir
ijod mahsulidan bahramand bo‘lishga qaratilgandi. Shu bilan birga unda o‘sha
murakkab davrning ta’siri ham bor edi.
Ajablanarlisi,
unda Osiyo pilavi (palov)
ham uchraydi. Uning
retsepti ancha sodda
bo‘lsa-da, lekin bu oddiy xalqning ushbu taom bilan tanish bo‘lganini bildiradi.
Umumiy ovqatlanish
sohasida ham o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. 1920-yillarning ikkinchi yarmidan
Rossiyada fabrika-oshxonalar — kuniga bir necha ming ishchi va xizmatchilar
qornini to‘ydirishga qodir yirik korxonalar ochila boshladi. Oq dasturxon yoyilgan toza stollardan
tortib, oshxonalardagi metall texnika — qozonlar, gaz pechlar, idish yuvish
mashinalarigacha barchasi yangi va o‘zgacha uslubda edi. Ishlab chiqarishni
avtomatlashtirish jarayoni foyda bilan tejamkorlik uyg‘unlashgan yagona
retseptlarni ham talab qilardi.
Bunga javoban
“Umumiy ovqatlanish korxonalari uchun to‘plamlar” paydo bo‘ldi. Ular
sotsialistik tuzum davrida turli variantlarda qayta-qayta nashr etilgan, bu
kabi to‘plamlarning birinchisi 1937-yilda chop etilgan edi. Unda “qo‘y go‘shtidan tayyorlangan
palov”ni ham uchratish mumkin. Ya’ni bu taom o‘sha vaqtlardayoq Minskdan Vladivostokkacha
bo‘lgan umumiy ovqatlanish muassasalari menyusiga kiritilgandi.
Shuni ham
unutmaslik kerakki, kollektivlashtirish asta-sekin O‘rta (Markaziy) Osiyoning qishloq va ovullariga
ham kirib bordi. Kolxoz va sovxozlar hamma joyda tashkil etildi, ya’ni mahsulotlar
yaqin atrofdagi bozorlardan tashqari Markaziy Rossiyaga ham yetib bordi. Qovun,
quruq mevalar, guruch – bularning barchasi Sobiq Ittifoqning Yevropa qismi aholisi uchun odatiy
yemaklarga aylandi.
Yangi sovet oshxonasi
1939-yilda chop etilgan “Mazali va
sog‘lom ovqatlar haqida kitob”ning birinchi nashri yangi sovet oshxonasi yaratilishining
o‘ziga xos hisoboti bo‘ldi. Uning paydo bo‘lishi oziq-ovqat sanoati xalq
komissari Anastas Mikoyan rahbarligida olib borilgan islohotlarning yorqin
tajribasi, o‘ziga xos yuzi edi.
Kitob inqilobgacha bo‘lgan an’ananing sog‘lom ovqatlanish
bilan bog‘liq oshxonalar haqidagi zamonaviy (o‘sha paytdagi) tushunchalarni o‘zida
mujassam etdi. To‘g‘ri
unda
berilgan umumiy ovqatlanish standartlari ustunligi, kaloriyalar va uglevodlarni
ortiqcha hisoblash usullari haqida ancha bahslashish
mumkin, ammo 1939-yilda chiqqan kitobdagi ovqatlar va ovqatlanish odatlarini
orqada qolgan, sodda va xalqaro tamoyillarga to‘g‘ri kelmasdi
deb bo‘lmaydi. Bundan tashqari, ushbu kitob atrofida
ajoyib olimlar jamoasi shakllangan bo‘lib, ular keyingi ko‘p yillar davomida
sovet ilm-fanida ovqatlanish va parhezshunoslik yo‘nalishlarini boshqarishdi.
Xo‘sh, kitobda
Markaziy Osiyo oshxonasining qanday taomlari o‘rin oldi?
Aytsak, ishonmaysiz! Unda “Palovlar” deb nomlangan butun bir bo‘lim bo‘lib,
ushbu bo‘limdan qo‘y go‘shti, baliq, qovoq, mevali va hatto qo‘ziqorinli osh
retseptlari o‘rin olgan.
Kitob
ko‘proq uy bekalariga mo‘ljallangan edi. Aytgancha, bekalarga nafaqat
retseptlar, balki do‘konlardagi konservalar ham qo‘l kelardi. 1937-yilda chop
etilgan “Moskva shahri bo‘yicha oziq-ovqat tovarlarining yagona sotuv va
chakana narxlari ma’lumotnomasi”da ko‘plab mahsulotlar orasida palov
konservasini ham topish mumkin. “Sharqona palov”
do‘konlar uchun 350 va 370 grammlik idishlarda yoki umumiy ovqatlanish
muassasalari uchun 1,36 kg bankalarda qadoqlanardi — ularni asosan harbiylar, geologlar kabi kasb
egalari buyurtma qilishardi. Uning aniq retsepti haqida bizga o‘sha yillarda chop etilgan — “To‘liq konservalash kursi” nashri ma’lumot
berishi mumkin (Moskva, 1938).
Bugun ham O‘zbekiston do‘konlarida
konservalangan palovni topsa bo‘ladi.
Bu yerda,
albatta, o‘sha yillarning o‘ziga xos xususiyatini, ya’ni sharq taomlariga bo‘lgan
qiziqishni alohida ta’kidlash kerak. Bu qisman milliy omil bilan ham bog‘liq
edi, chunki sovet rahbariyatining ko‘plab a’zolari Kavkazorti respublikalaridan bo‘lgan. Ular yeyishga odatlangan
taomlar Kremldagi ziyofatlardan asta-sekin yaxshi restoranlar menyusiga o‘tdi
va u yerdan mamlakat bo‘ylab tarqaldi. Shu bilan birga
sharq oshxonasiga bo‘lgan qiziqish yana-da ortdi.
Milliy
taomlarning oddiy turmush va ommaviy ovqatlanish maskanlarida o‘zlashtirilishi
(avvalo Markaziy Osiyo va Kavkaz ovqatlari) kuchli tamoyilga aylandi, faqat baʼzi
bir sifatsiz mahsulotlar va ushbu xalqlarning oshpazlik sirlarini bilmaslik bu
anʼanani biroz qadrsizlantirgan bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, aynan sharq
oshxonasi o‘zining rang-barangligi., ajoyib va noyob ta’mi
tufayli Sobiq Ittifoq davrida
bayram dasturxoni ko‘rkiga aylandi. Oshxonalarda ushbu taomlarni pishirish esa jonga
teggan va bemaza odatiy taomnomadan uzoqlashish imkonini berdi.
Urush
Urush faqat dard-u sitam, jang-u jadal, og‘riq va qondan iborat emas. Bu
millionlab odamlar uchun omon qolishning katta tajribasi hamdir. Ehtimol, aynan
urush sovet oshxonasini bugungi kunda biz bilgan holatga keltirib, Mikoyanning
fantastik tajribalarini o‘sha haqiqiy sovet hayotiga aylantirgandir.
Aynan o‘sha yillarda mamlakatning turli
joylaridan evakuatsiya qilingan millionlab aholi Markaziy Osiyo oshxonasi qanday
ekanligini o‘z tajribalarida ko‘rdi. Moskva yoki Leningradda hali unchalik
mashhur bo‘lmagan bu kitob Toshkent, Samarqand yoki Olmaotaga kelib qolgan
sovet askarlari va ofitserlarining oila a’zolariga yaqin va tushunarli edi. “Palov”
va “lag‘mon”, “yopgan non”
va “o‘rik” kabi ramziy so‘zlar ularning nutqida abadiy o‘rnashdi va urushdan keyingi yillarda farovonlik
va to‘qlik ramzi sifatida xotirasida muhrlandi.
O‘sha yillari Markaziy Osiyoga Sobiq Ittifoqning urush
bo‘layotgan o‘choqlaridan asosiy
odamlar oqimi evakuatsiya qilindi. Eng ko‘p qismi – 1 millionga yaqin odam O‘zbekistonda
boshpana topgan.
Gohida o‘ylab qolaman: urush o‘sha mamlakatlarda bo‘lganida, biz Moskvada qochqinlarni xuddi shunday kutib olarmidik? Axir uy-joy, bir burda non kabi sof insoniy yordamdan tashqari, fashistlar tomonidan bosib olingan hududlardan evakuatsiya qilingan o‘n minglab yetim bolalar Markaziy Osiyoda yangi ota-onalarini topdilar!
O‘zbekistonda hatto ko‘p bolali oilalar ham
rus, belorus, ukrain, moldovan xalqlarining
yetim bolalarini asrab
olishgan. Birgina Rostov viloyati va Stavropoldan 30 ta mehribonlik uyi
tarbiyalanuvchilari xodimlari bilan olib chiqilgan. Urush vaqtida ota-onasiz
qolganlar ham Markaziy Osiyo aholisi uylaridan boshpana topgan.
Shoahmad Shomahmudov (o‘ngda), uning rafiqasi Bahri
opa (o‘rtada) va ularning Ikkinchi
Jahon (Ulug‘ Vatan) urushi yillarida asrab olgan farzandlari.
Toshkentlik
temirchi Shomahmudovning turli millatga mansub 14 nafar bolani asrab olgan oilasi
katta shuhrat qozondi. Bunday holatlar ko‘p bo‘lgan. Urushdan keyin Toshkentda
(boshqa ma’lumotlarga ko‘ra, Dushanbeda, o‘sha vaqtdagi Stalinobodda) ko‘plab
mahalliy ayollarning fidoyiligi va beg‘araz ko‘magini abadiylashtirishga qaratilgan
“Osiyo onasi” yodgorligini o‘rnatish rejalashtirilgan edi. Afsuski,
1950-yillarning o‘rtalariga kelib, mamlakatdagi siyosiy o‘zgarishlar tufayli bu
loyiha amalga oshmay qoldi.
Keling,
pazandachilik mavzusiga qaytamiz. Harbiy vaziyat tufayli ulkan aholi evakuatsiyasi
sovet oshxonasi hamda urushdan keyingi butun xalq madaniyati va dunyoqarashiga birdek
ta’sir ko‘rsatgan eng kuchli omildir. Bu jarayon ko‘plab oilalar tarixini Markaziy
Osiyo bilan bog‘ladi va jamoaviy xotirani shakllantirgan rishtalardan biriga
aylandi.
Markaziy Osiyo oshxonasi ushbu xotiraning abadiy qismidan
o‘rin oldi. Ehtimol, o‘n millionlab odamlar yashaydigan ulkan geografik makonda
uning bugungi mashhurligiga o‘sha paytda asos solingandir. Palov nima bo‘pti! Sobiq
Ittifoqning butun
hududida bugun obi non eng keng tarqalgan xalq yemagidir. Rossiyaning Murmansk shahridan tortib Magadangacha,
har qanday bozorda o‘zbeklar, tojiklar, qirg‘izlar tandirlarni yasab olib, non pishirib sotadi. Palov,
manti, lag‘mon, sho‘rva – bu taomlar sovet madaniyatining ajralmas qismi, har
kunlik yoki bayram taomnomasining ko‘rki sanaladi.
Sharq ertaklari
Ko‘plab
Osiyo taomlari bilan birga, sovet davri bizning oshxonamizga ko‘plab
chalkashliklarni olib keldi. “Toshkent” salati bunga yaqqol misoldir. Bugungi
kunda bu gazakni Markaziy Osiyo taomlari pishiriladigan minglab Rossiya
restoranlarida uchratish mumkin, lekin Toshkentning o‘zida bu taom haqida hech
kim bilmaydi.
1960-yillar sovet oshxonasining gullab-yashnagan davri bo‘ldi. Aynan
o‘sha vaqtda hukumat nafaqat turli xalqlar madaniyatlari, balki ularning oshxonalari
sinteziga erishdi. Moskvada
ittifoqdosh respublikalarning “Boku”, “Minsk”, “Ukraina”, “O‘zbekiston”, “Vilnyus”
kabi ko‘plab restoranlari ochildi, Gruziyaning deyarli unutilgan “Aragvi”si qayta
tiklandi.
Moskvadagi “O‘zbekiston” restorani (1960-yillar
fotosurati) va Xalq xo‘jaligi yutuqlari ko‘rgazmasidagi o‘zbek choyxonasi
(1950-yillar).
Garchi bu restoranlarning menyusida mazkur respublikalarning milliy
taomlari o‘rin olgan bo‘lsa-da, amalda ularning ta’mi umumittifoq xalqlarining
o‘rtacha didiga moslashtirilgan bo‘lib chiqardi. Bu hatto Sobiq Ittifoqning Yevropa
qismidagi respublikalarga ham taalluqli edi. Osiyoliklar uchun esa ba’zan
qandaydir milliy an’analar poytaxt oshpazlari qarashlari bilan uyg‘unlashtirilgan
yangi taomlar yaratilardi.
Haqiqatan ham, an’anaviy o‘zbek oshxonasida yevropaliklar tushunchasidagi
salatlar bo‘lmasa, nima qipti?
Ha, Uzbekistonda gazak
o‘rnida turpni suzmaga
botirib yeyishadi. Moskvadagi restoranda esa buni tasavvur qilib bo‘lmaydi. Aynan shu sabab anʼanaviy Markaziy
Osiyo taomi bilan
olivye salatining o‘ziga xos aralashmasi umumiy ovqatlanish muassasalari
qoidalariga to‘liq mos keladigan “Toshkent” salati kabi ajoyib taomga asos soldi.
U parrak shaklida
to‘g‘ralgan qaynatilgan go‘sht, shuningdek turp, qovurilgan piyoz – bularning barchasi mayonez bilan aralashtirilgan holda tayyorlanadi.
“Toshkent”
salati
umumiy ovqatlanish oshxonasining namunasiga aylandi. Chunki u oddiy, texnologik jihatdan mos, sovitkichda
uzoq vaqt buzilmaydi, alohida sifatli masalliqlarni talab qilmaydi (mayonez
ostida baribir ko‘rinmaydi). Natijada,
turp bo‘laklari, qaynatilgan go‘sht va suzmadan iborat an’anaviy o‘zbek
gazaklari endi klassik sovet salati nomini oldi.
“Toshkent”
salati (Olga va Pavel Syutkinlar fotosurati).
Yana bir ataylab qilinmagan chalkashlik Sobiq Ittifoq davrida cheburek bilan sodir bo‘lgan.
Bu so‘zning o‘zi 1950-yillargacha Markaziy Rossiyada ma’lum emas edi. U tilga
olingan birinchi lug‘at Dmitriy Ushakovning urushdan oldingi “Izohli lug‘at”idir.
Ammo oradan bor-yo‘g‘i 10–15 yil o‘tib, hammasi o‘zgardi. Gap shundaki, pazandachilikka
xos millatlararo muloqot jarayoni hukumatning rahbarlik rollaridan qat’i nazar,
ba’zan mutlaqo kutilmagan shakllarda kechgan.
Bugungi kunda cheburek Markaziy Osiyoda nihoyatda keng tarqalgan
taomdir. Ammo hamma ham uni bu
hududda nisbatan yaqinda paydo bo‘lganini bilavermaydi. Kelib chiqishi
bo‘yicha qrim-tatar xalqi taomi
Markaziy Osiyo mamlakatlariga urushdan keyin Qrimning yuz minglab tub aholisini
deportatsiya qilish natijasida kirib keldi va mahalliy oshxonaga mustahkam o‘rnashib oldi. U yerdan esa 1950-yillarda
asta-sekin Moskva va Leningradga o‘tdi hamda kutilmaganda Osiyo taomi sifatida
qabul qilindi.
Pazandalik imperiyasi
Ko‘p millatli
sovet oshxonasi nafaqat rivojlangan sotsializm davrining chiroyli atamasi,
balki XX asr oshpazlik san’atidagi mutlaqo aniq tushunchadir. Inqilobdan
oldingi Rossiya singari, Sovet Ittifoqi ham qaysidir ma’noda imperiya edi, shuning uchun uning tarkibidagi
xalqlar madaniyatidagi barcha eng yaxshi xususiyatlar o‘zlashtirgan. Va bu jarayon oshpazlikka ham tegishli.
Sovet davrida
ittifoqdosh respublikalarning
milliy taomlari umumqabul qilingan ratsionga kiritilishi faol kechgan. Ozarboyjon
bozboshi, gruzin lobiosi, Markaziy Osiyo lag‘moni, moldavan miteteyi – bu Sobiq Ittifoqning barcha
yirik shaharlaridagi oshxonalarning ajralmas taomlari edi.
Aytgancha,
1960-yillarda bu hodisa nafaqat umumiy ovqatlanish sohasida,
balki oddiy xonadonlarda ham kuzatilgan. 1955-yilda nashr etilgan va keyinchalik
ko‘p nusxada ko‘paytirilgan mashhur “Oshpazlik” kitobi bu jarayonni yanada faollashtirgan.
Moskva nashriyotlarida turfa muqovali “Tatar (moldavan, o‘zbek, arman va
boshqalar) oshxonasi taomlari” haqidagi
qo‘llanmalar ommaviy adadlarda nashr etila boshlandi. Ularning hammasini ham foydali deb bo‘lmaydi. Chunki ularning aksariyat qismi
“xo‘jako‘rsinga” chiqarilgan “bir
marta”lik kitobchalar edi.
Lekin ularning orasida o‘nlab
yillar davomida bir necha marotaba
qayta nashr qilingan va hanuzgacha qiziqish uyg‘otadigan kitoblar ham
bor.
Masalan, Karim
Mahmudov ishlari alohida ahamiyatga
ega (1926–1989). Toshkent davlat universiteti xodimi, falsafa
kafedrasi dotsentining asosiy ishi bilan birga uni mashhur qilgan ajoyib
xobbisi ham bor edi. U shunchalik
mashhurki, hatto bugungi O‘zbekistonda
ham u milliy gastronomiyaning eng taniqli shaxsi hisoblanadi.
Bu inson yigirmadan ortiq pazandachilik
asarlari muallifi bo‘lib, 40 yillik umrini ushbu mashg‘ulotga bag‘ishlagan.
Mahmudov O‘zbekistonning ko‘plab shahar va qishloqlarini aylanib chiqib, u
yerda qadimiy retseptlarni to‘plagan va qadimiy taomlarga yangicha ohang berishga harakat qilgan. Uning
birinchi kitobi 1958-yilda chop etilgan. Aynan falsafiy ta’lim va ilmiy tajriba
tufayli Mahmudov milliy taomlarga shunchaki retseptlar va taomlar ro‘yxati
sifatida yondashmagan.
Uning
tadqiqotlari ancha chuqur bo‘lib, mintaqa tarixi, taom tayyorlash uchun
ishlatiladigan an’anaviy anjomlar va idishlar, mahalliy mahsulotlarning parhez
va kimyoviy xususiyatlari, sovitish va issiqlik bilan ishlov berish usullari,
oshxonalarning hududlardagi turlari va o‘ziga xos xususiyatlarini qamrab olgan.
Bu jihatlarning barchasi o‘zbek tadqiqotchisining asarlarini, ayniqsa, respublikalar nashriyotlarida
keng tarqalgan soxta oshpazlik adabiyotining asosiy qismidan ajratib turardi.
Masalan,
uning 1987-yilda nashr etilgan “Har qanday ta’bga mos palovlar” nomli kitobida o‘zbek oshxonasining
eng yaxshi an’analari asosida palovni qanday tayyorlash haqida batafsil
ma’lumot berilgan. Umuman olganda, ushbu kitobda go‘sht va uning o‘rnini bosuvchi mahsulotlar (dumba yog‘i, qazi, tovuq
go‘shti, boshqa parranda go‘shti, baliq, tuxum), bug‘doy va ugra, vermishel va
grechka, no‘xat, mosh va loviya, behi, qiymali qalampir va qovoq qo‘shilgan 60
dan ortiq osh retseptlari keltirilgan.
Ushbu
maqolani yozish jarayonida ataylab Rossiya davlat kutubxonasi saytiga murojaat
qildim. U yerda Mahmudovning rus tilidagi 12 ta kitobini topish mumkin. Uning
o‘nlab kitoblari hali ham Rossiyaning onlayn kutubxonalari, pazandachilik
portallari va ijtimoiy tarmoqlardagi elektron kataloglarida saqlanmoqda.
Palovga bo‘lgan abadiy muhabbat
Har qanday
kuchli ijtimoiy o‘zgarish singari, qayta qurish ham millatlar didining aralashib
ketishiga, uning migratsiyasiga olib keldi. Markaziy Osiyoning yuz minglab
rusiyzabon aholisi o‘zlari bilan bolalikdan tanish bo‘lgan Samarqand, Dushanbe
yoki Ashxobod oshxonalari an’analarini olib, Rossiyaga qaytib kela boshladilar.
Rossiyaning
o‘zida ko‘plab yangi restoran, kafelar ochildi. Fransiya, Xitoy, Yaponiya,
Meksika gastronomiyasi to‘lqinlari mamlakat bo‘ylab tarqalib, ruslarning
o‘zgaruvchan didi va eng so‘nggi urfdagi retseptlar bir-biri bilan almashdi.
Faqat ba’zi taomlarga bo‘lgan
ishqibozlik o‘zgarishsiz qoldi: Rossiyada palov bilan manti hamda somsa bilan lag‘mon
dasturxondan haligacha tushmay kelmoqda. Bundan
tashqari, Osiyo fastfudi barcha boshqa oshxonalarni ortda qoldirib, mustahkam
o‘rin egalladi.
Sovet
davrida Osiyo va Kavkazorti respublikalari
taomlari odatiy
dasturxonga har doim bayramona tus bergan, chunki ularni tatib ko‘rgan odam o‘zini yo restoranga borgan,
yoki dengizda dam olgan kabi his qiladi.
Balki o‘sha vaqtdan buyon Rossiyaning umumiy ovqatlanish oshxonalarida janubiy taomlarga bo‘lgan
ommaviy talab davom etib kelayotgandir, chunki o‘sha yemakxonalarga faqat to‘yib
yeyish uchun emas, balki mazali taomdan lazzat olish uchun ham borishadi.
Joriy
yil mart oyida o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, Moskvada o‘zbek oshxonasi umumiy ovqatlanish muassasalari soni
bo‘yicha barqaror to‘rtinchi o‘rinni egallab, faqat italyan, yapon va gruzin
oshxonalaridan keyingi o‘rinlarda turibdi. 2024-yil oxirida “Российская газета”da
chop etilgan so‘rovnoma esa g‘alabali natijani ko‘rsatdi: butun Rossiya bo‘ylab issiq taomlarni yetkazib berish yo‘nalishida
palov mutlaq yetakchilikni qo‘lga kiritdi. Balki aynan mana shu omil bizlarning
taʼblarimiz nechog‘li bir-biriga yaqinlashib, qadrdon bo‘lib ketganidan dalolatdir?








