Aziza Qodiriy Circa Prize tanlovining 30 nafar finalchisi qatoridan joy oldi. Uning ishi 25 mamlakatdan kelgan mingdan ortiq arizalar orasidan tanlab olindi. Tanlov mavzusi — REFUGIA — inson ekzistensial, iqlim va siyosiy inqirozlar sharoitida yaratishga qodir bo‘lgan boshpana makonlarini o‘rganishga bag‘ishlangan.
Rassom "otasining amalga oshmagan orzusi" va o‘zining migratsiya tajribasi — begonalashish va boshqa madaniyatga mansublik hissi haqida film taqdim etdi. Qodiriy Toshkent manzaralariga ramziy makonlar sifatida qaraydi. Uning badiiy izlanishlari markazida ekologiya, majburiy migratsiya, jamoaviy xotira va marosimlar turadi.
"Buvim va buvamning uyi, Kosmonavtlar metro bekati, Toshkentning parchalarini va London markazidan bo‘y cho‘zib turgan dadam bilan menga tegishli yuzlarning tasviri - bu mutlaqo g‘ayritabiiy va his-tuyg‘ularga to‘la", deya o‘z sahifasida yozib qoldirdi rassom.
G‘oliblar 2025-yil 13-oktyabr kuni Londondagi Piccadilly Lights ekranida jonli efirda e’lon qilinadi. Aziza Qodiriy ijodini Circa saytida tomosha qilish va unga ovoz berish mumkin.
Aziza Qodiriy — Londonda joylashgan o‘zbekistonlik rassom. U aralash janrlarda ishlaydi: matnlar, installyatsiyalar, ijrolar, ijodiy texnologiyalar.
