Almaty Museum of Arts — jahon darajasidagi
xususiy muzey
Qozog‘istonlik taniqli tadbirkor va filantrop Nurlan
Smagulov o‘ttiz yildan ortiq
vaqt davomida o‘z san’at kolleksiyasini to‘pladi. Natijada, 700 dan ortiq asar
yig‘ildi: asosan XX-XXI asrlardagi Qozog‘iston va Markaziy Osiyo ustalarining ishlari, shuningdek, G‘arb
zamonaviy san’ati timsollari. Yangi muzey
eksponatlari orasida Qozog‘iston tasviriy san’atida tan olingan rassomlarning polotnolari
(Janatay Shardenova, Shaymardan Sariyev va boshqalar) va taniqli jahon
rassomlarining asarlari: masalan, Anselm Kiferning falsafiy polotnosi, Bill
Violaning video-art installyatsiyasi va afsonaviy yapon avangardchisi Yayoi
Kusamaning multimediyali asari bor. Homiylik mablag‘i ko‘lami va loyihaning maqomi alohida
e’tiborga loyiq. Xorijiy matbuot ma’lumotlariga ko‘ra, Almaty Museum of Arts
qurilishi va ishga tushirilishi uchun taxminan $30 mln (bino uchun), shuningdek, to‘plamni
shakllantirish va
operatsion xarajatlar uchun $70 mln gacha mablag‘ sarflangan. Smagulovning o‘zi
muzeyni milliy madaniy merosni saqlab qolish uchun ochganini ta’kidlaydi: u
Qozog‘iston san’atining eng yaxshi namunalarini o‘z vatanida qoldirishga
harakat qilgan va hatto yo‘qolgan asarlarni chet eldan sotib olgan. Homiy
kelajakda muzeyni Olmaota shahriga sovg‘a qilishni, ya’ni xususiy galereyani
jamoat mulkiga aylantirishni rejalashtirmoqda. Almaty Museum of Arts. Foto: Instagram
“Selinniy” afsonaviy kinoteatrning tiklanishi
“Selinniy” zamonaviy
madaniyat markazi shu yilning kuzida ochilgan ikkinchi katta loyihadir. U sovet
davridagi Olma-Otaning ramzlaridan biri
bo‘lgan xuddi shu nomdagi tarixiy kinoteatr ichiga joylashtirildi va ko‘p
tarmoqli san’at maydoniga aylantirildi. Binoni rekonstruksiya qilish bilan
2019-yildan buyon britaniyalik mashhur arxitektor Asif Xon shug‘ullanib kelgan,
u binoning 1964-yilgi zalini san’at va jamoatchilik muloqoti uchun zamonaviy
ochiq maydonga aylantirdi. Yangilangan kinoteatr fasadi futuristik belgilarga
ega: 42 metr uzunlikdagi markaziy element ramziy “bulut” shaklida bo‘lib, osmon
va yerni, an’ana va zamonaviylikni allegorik tarzda bog‘laydi. Uning ichida
ekspozitsiya loyihalari uchun mo‘ljallangan “Kapsula” galereyasi, kutubxonasi
bor “Atelye” ta’lim maydoni, kitob do‘koni, ofislar, kafe hamda ko‘rgazmalar,
spektakllar va konsertlar uchun balandligi 18 metrli
ko‘p maqsadda foydalaniladigan
zal mavjud.
“Selinniy” Qozog‘istonda zamonaviy san’atni rivojlantirishni maqsad
qilgan birinchi xususiy institut sifatida ko‘rilmoqda. Uning doimiy
kolleksiyasi yo‘q – missiyasi ham boshqacha. “Selinniy” direktori Jamila
Nurkaliyevaning ta’kidlashicha, yangi markaz qat’iy iyerarxiyaga ega bo’lmagan, bosh kuratorsiz
platformaga aylanishi kerak, bu yerda rassomlar, kuratorlar va jamoatchilik
o‘rtasidagi muloqot, tajriba va hamkorlikdagi ijod asosiy rol o‘ynaydi.
“Selinniy” zamonaviy san’at markazi. Foto: HD magazine
2025-yil 5-7-sentyabr kunlari markazning qisman
ochilishi bo‘lib o‘tdi, barcha xohlovchilar uchun kirish bepul bo‘ldi. Barsakelmes
deb nomlangan inauguratsiya dasturi jamoatchilikka fanlararo loyihani taqdim
etdi, ya‘ni bir
vaqtning o‘zida bir nechta ko‘rgazmalar, qozog‘istonlik rassomlar va
musiqachilar ishtirokidagi spektakllar va konsertlarni. Kuzdan boshlab markaz hozircha
qisqartirilgan jadvalda (haftada uch kun kechqurunlari) faoliyat yuritib,
tadbirlar sonini asta-sekin oshirib bormoqda. To‘laqonli ish rejimi va keng
ko‘lamli dastur 2026-yil boshidan rejalashtirilgan. Kayrat Boranbayev — homiy va ilgari tergov
qilingan shaxs
“Selinniy” markazi uning asoschisi – tadbirkor Kayrat
Boranbayev nomi bilan chambarchas bog‘liq. Bu tadbirkor Qozog‘istonning eng
nufuzli odamlari qatoriga kirgan (Forbesning Qozog‘istondagi ro‘yxatida
5-o‘rin) va o‘zining diversifikatsiyalangan biznesi bilan tanilgan: neft-gaz
sanoati va fitnes klublari tarmog‘idan tortib McDonald’s franshizasi va “Kayrat”
futbol klubigacha. Jamoatchilik maydonida Boranbayev ko‘pincha “homiy” sifatida
paydo bo‘ladi, ayniqsa 2018-yilda “Selinniy” ishga tushirilgandan so‘ng. Biroq,
xayriya ortida Qozog‘istonning eski biznes elitasi vakillariga xos bo‘lgan nozik
tarjimayi hol
yashiringan.
Birinchidan, Boranbayev birinchi prezident oilasining
sobiq qarindoshi. Uning qizi Alima Nursulton Nazarboyevning nabirasi (Darig‘a
Nazarboyevaning o‘g‘li) Oysulton Nazarboyevga turmushga chiqqan. Bu qarindoshlik
aloqalari tadbirkorga uzoq yillar davomida homiylik qilish va Qozog‘iston
elitasining yaqin doirasiga kirishni ta’minladi.
Ikkinchidan, mamlakatda siyosiy vaziyat o‘zgarganidan
so‘ng (2022-yil boshidagi voqealar) Boranbayev korrupsiyaga qarshi tergovga
tortildi. 2023-yilda u mol-mulki musodara qilinib, 6 yilga ozodlikdan mahrum etilgan: sud uni
ko‘p miqdorda davlat mablag‘larini o‘zlashtirish va jinoiy yo‘l bilan topilgan
pullarni legallashtirishda aybdor deb topgan. Ish Rossiya gazini qayta
sotishdagi firibgarliklarga oid bo‘lib, unda QazaqGaz kompaniyasi rahbarlari
ham ishtirok etgan. E’tiborlisi, 2023-yil oxirida oligarx haqiqiy qamoq
jazosidan qutulib, ozodlikka chiqdi. Apellyatsiya sudi bir necha omillarni
hisobga olib, unga tayinlangan jazoni ozodlikni cheklash bilan almashtirdi:
Boranbayev jazoning uchdan bir qismini o‘tagan, yetkazilgan zararni to‘liq
qoplagan, tergov bilan hamkorlik qilgan
va qilmishidan pushaymon bo‘lgan. Ozodlikka chiqqach, Kayrat Boranbayev tez orada jamiyatda
faollashdi, jumladan, “Selinniy”ni targ‘ib qildi. Olmaota uchun uzoq kutilgan,
davlat mablag‘i sarflanmagan tashabbuskor loyiha shubhasiz, Zamonaviy madaniyat
markazidir.
Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, “Selinniy”ni rekonstruksiya
qilish 5 yil davom etgan (2019-2024-yillar) va bir necha million dollar sarmoya
talab qilishi mumkin edi (aniq miqdorlar oshkor etilmagan). Markazning o‘zi
Boranbayevning biznes imperiyasiga kiradi: u bilan
oligarxning aktivlarini boshqaradigan va o‘z vaqtida kinoteatr binosini sotib
olgan “Almali” kompaniyasi shug‘ullangan. Rasman “Selinniy” xususiy obyekt
bo‘lib, Smagulov muzeyidan farqli o‘laroq, shahar mulkiga berilmagan, balki
Boranbayev biznesi tarkibida qoladi. Shunga qaramay, u jamoatchilik missiyasiga
ega notijorat madaniy muassasasi hisoblanadi. Kayrat Boranbayev. Foto: “Selinniy” zamonaviy
san’at markazi / Instagram
Oligarxlarga zamonaviy san’at nima uchun kerak?
San’atga homiylik qilish Renessans davridan beri elita
vakillarining uzoq yillik an’anasi hisoblanadi. Uyg‘onish davridayoq bank
boshliqlari va zodagonlar jamiyat oldida o‘zlarining boyligi, saxiyligi va
yuksak an’analarga nisbatan didini namoyish etish uchun
san’atkorlarning homiylari sifatida harakat qilishgan. Bugungi kunda ham
galereya yoki muzeyning ochilishi imijga borib taqaladi: homiyning nomi
taraqqiyot va madaniyat bilan bog‘liq. Bunday homiy haqidagi yaxshi taassurot
ba’zan uning biznesdagi
yoki siyosatdagi o’rniga ta’sir
ko’rsatadi – bunday
vaziyatda “art-oreol” effekti ishga tushadi. Rossiyada art-loyihalarga
katta hissa qo‘shish amaliyotini artwashing – san’at orqali shaxsni oqlash deya bejiz
aytishmagan. Oligarxlar ko‘rgazmalar tashkil etish va rassomlarni
qo‘llab-quvvatlash orqali “ma’rifatparvarlar” doirasiga kiradi va o‘zlarining
ijtimoiy mavqeini oshiradilar. Kayrat Boranbayev bilan bog‘liq holatda asl maqsad
aniq emas. Zamonaviy san’atga bo‘lgan qiziqishini uning o‘zi shaxsiy hikoya bilan izohlaydi:
talabalik yillaridayoq u ko‘p vaqtini teatr sahnasi ortida o‘tkazgan, u yerga
uni aktyor amakisi olib borgan. Teatrda ilk bora san’atning kuchini va uning insonlar
idrokini qanday shakllantira olishini his qilgan. Keyinchalik, 90-yillarda
biznes bilan shug‘ullangan Boranbayev san’atkorlar va musiqachilarga yagona
makon yetishmayotganini ko‘rgan. Aynan shu fikr uni “Selinniy”ni yaratishga
undagan.
Ta’kidlash kerak, “Selinniy”ga yo‘naltirilgan
mablag‘lar, aslida, davlatga yetkazilgan zararni rasmiy ravishda qoplash degani,
ya’ni oligarx tomonidan qaytarilgan pullar yana ijtimoiy ahamiyatga ega
loyihaga kiritilmoqda. Bu bilan ikki tomonlama tozalash sodir bo‘lyapti: ham
kapitalni, ham obro‘ni.
“San’atga qiziqishim talabalik davrimdan boshlangan.
Men har hafta tog‘am bilan teatrga borib, spektaklning tug‘ilishini uning ichidan
ko‘rardim. Bu menga kuchli ta’sir qilardi. Keyinchalik tushundimki, bizda
iqtidorli odamlar ko‘p ekan, lekin ular birlashadigan makon yo‘q edi. Shu tarzda, “Selinniy”
paydo bo‘ldi. Bugun men maqsadga erishganimizdan xursandman – dastlabki ikki
kunning o‘zida unga 12 mingdan ortiq odam tashrif buyurdi”, – deydi Boranbayev
HD magazine nashriga.
Bevosita moliyaviy jihatni ham unutmaslik kerak.
San’at uzoq vaqtdan beri pul yuvish va soliqlardan qochish uchun qulay vosita
sifatida tan olingan. Masalan, katta
miqdordagi pora ofshorga o‘tkazilishi va
qimmatbaho kartina sotib olishga sarflanishi mumkin, keyin u rasman qayta sotiladi
va olingan mablag‘ qonuniylashtiriladi. San’at obyektlarining narxlari
ko‘pincha subyektiv bo‘lib, ularni tekshirish qiyin, bitimlar
vositachilar orqali anonim tarzda amalga oshirilishi mumkin va kolleksiyalar
soliq organlari ta’siridan tashqaridagi maxsus hududlarda (friportlarda)
saqlanadi. Albatta, “Selinniy” bilan bog‘liq holatda biz san’at asarlarini qayta sotish
haqida emas, balki infratuzilmaga pul sarflash haqida gapiryapmiz. Ammo bu
yerda ham foyda bo‘lishi mumkin: masalan, madaniy obyektga sarflanadigan
xarajatlarga hukumat soliq imtiyozlari yoki preferensiyalar beradi, markazning
o‘zi esa vaqt o‘tishi bilan grantlar, homiylik mablag‘lariga ega bo‘lishi hech
gap emas. Bundan tashqari, nufuzli san’at maydoniga egalik qilish xalqaro
san’at hamjamiyati bilan yangi aloqalar uchun yo‘l ochadi, bu esa kelajakda
xorijiy kapital bozorlari va aktivlarga kirishni osonlashtirishi mumkin.
Boranbayevdan “Selinniy” ortida nima turibdi – imij yaratish istagimi yoki
o‘zlikni saqlab qolish uchun samimiy intilishmi, deb so‘rashganda, u shunday
javob berdi: “Agar biz oddiy vitrinani xohlaganimizda, shunchaki rasmlarni osib
qo‘yardik. Ammo bu butunlay boshqacha voqea bo‘lardi”, – deya ta’kidlaydi u.
Boranbayevning ta’kidlashicha, “Selinniy” aynan shaxsiy tashabbus tufayli
paydo bo‘ldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday loyihalarni Qozog‘istonning boshqa
shaharlarida: Chimkent, Uralskda, shuningdek, mamlakatdan tashqarida ham amalga
oshirish mumkin.
Albatta, har bir homiyning maqsadlari har xil. Nurlan Smagulov ko‘pincha
o‘zini biznes loyihalar yoki kolleksiya yig‘ish bilan shug‘ullanadigan (Tatler ta’biri bilan aytganda, “o‘ta qiziquvchan”) odam deb
ataydi. Uning o‘zi 17 yoshidayoq Moskvadagi Pushkin muzeyiga kelib, impressionistlar
va modernistlarning kartinalaridan hayratga tushganini tan oladi. Smagulov uchun esa o‘z muzeyini tashkil etish homiylik va kolleksionerlik
yo‘lining mantiqiy davomidir. Tadbirkor so‘zlariga ko‘ra, uning missiyasi: Markaziy Osiyoning boy va jo‘shqin san’atini
jahon madaniyati bilan bog‘laydigan ko‘prikni qurish. Ushbu maydonda
qozog‘istonliklar va mamlakat mehmonlari zamonaviy san’at bilan tanishadilar. Garchi Smagulov o‘zini reklama qilishni yoqtirmasligini aytsa-da,
jamoatchilik va hokimiyat oldida u nafaqat muvaffaqiyatli tadbirkor, balki
“yangi turmush tarzini yaratuvchi” va abadiy qadriyatlar haqida qayg‘uradigan
ma’rifatparvar xayriya egasi sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Zamonaviy san’atga sarmoya kiritish unga o‘z nomini mamlakatning madaniy
rivojlanish tarixiga yozib qo‘yish imkonini beradi. Zero, Almati san’at muzeyi
ochilishida birinchi navbatda uning shaxsi – “Smagulov muzeyi” tilga olinishi
bejiz emas, bu o‘z-o‘zidan tadbirkor atrofida ijobiy brendni shakllantiradi.
Xalqaro san’at hayotidagi ishtiroki (ko‘rgazmalar, kimoshdi savdolari va global
badiiy hamjamiyat bilan aloqalar) Smagulovning sof ishbilarmonlik muhitidan
tashqaridagi aloqalari va ta’sirini kengaytiradi.
Aytish mumkinki, san’at yordamida u kolleksionerlar va homiylarning jahon
elita klubiga qo‘shilmoqda, bu esa tadbirkor biznesiga va umuman mamlakat
obro‘yiga bilvosita foyda keltirishi mumkin. Nihoyat, yirik madaniy loyiha
notinch qaltis davrda o‘ziga xos “xavfsizlik yostig‘i” bo‘lib xizmat qiladi:
tadbirkor jamiyat manfaati yo‘lida sarmoya kiritish orqali o‘zining ma’naviy
obro‘yi va jamiyat ishonchini mustahkamlaydi.
2022-yilgi voqealaridan keyin biznesning ijtimoiy mas’uliyatiga bo‘lgan
talab oshgan Qozog‘istonda bunday tashabbuslar tadbirkorlarga fuqarolar bilan muloqotni
qayta yo‘lga qo‘yishga yordam beradi.