17-oktyabr kuni soat 19:00 da Toshkentdagi Gyote institutida Fotima Abdurahmonovaning "Architecture and Monumental Art of Tashkent" — poytaxt me’morchiligi va monumental san’ati haqidagi noyob tadqiqot kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tadi.
Kitob ingliz tilida Germaniyaning DOM Publishers nashriyotida chop etilgan bo‘lib, 1950-yillardan beri Toshkent modernizmi va mozaika san’ati rivojiga bag‘ishlangan mingdan ortiq fotosuratlar, arxiv materiallari va tahliliy matnlarni o‘z ichiga oladi.
Kitob muallifi — shahar merosi tadqiqotchisi va targ‘ibotchisi, Mosaics of Tashkent va Shagayu.uz loyihalari bilan tanilgan Fotima Abdurahmonova. Uning ko‘p yillik faoliyati shahar madaniy xotirasi ramziga aylangan Toshkent mozaikalari va me’moriy ansambllari tarixini hujjatlashtiradi.
Taqdimotga hammuallif va noshir Filipp Moyzer (Philipp Meuser) shaxsan o‘zi keladi va kitobning bir nechta nusxalarini taqdim etadi. Nashrning O‘zbekistonda sotilishi boshlanishi haqidagi ma’lumotlar keyinroq e’lon qilinadi.
Ushbu loyiha Toshkentning me’moriy merosini asrab-avaylash va ommalashtirishga qo‘shilgan muhim hissadir.
