Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekiston tarixi, an’analari va ilmiy merosini ochib beruvchi 150 dan ortiq qisqa metrajli hujjatli film va videoroliklar yaratilishini e’lon qildi.
Loyihaning o'ziga xos tomoni — filmlarga ovoz beruvchi dunyoga mashhur aktyorlarning ishtiroki. Tashabbusga birinchilardan bo‘lib britaniyalik aktyor, "Oskar" mukofoti sovrindori ser Ben Kingsli qo‘shildi. Uning ovozi Islom Sharqining buyuk mutafakkirlari va tarixiy shaxslari haqida hikoya qiluvchi bir nechta filmlarda yangraydi.
Bundan tashqari, yana bir qator xalqaro yulduzlar bilan muzokaralar olib borilmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, loyihaga Anjelina Joli, Morgan Friman, Denzel Vashington, Mel Gibson va Burak O‘zchivit qo‘shilishga tayyor. Bu mashhurlar dunyoning yetakchi telekanallari, jumladan Euronews va CNN’da namoyish etilishi rejalashtirilgan filmlar turkumida hikoyachiga aylanadi.
Ijodkorlarning ta’kidlashicha, loyihada jahon ilm-fani va madaniyatiga ulkan hissa qo‘shgan olimlar va mutafakkirlarga alohida e’tibor qaratilgan. Ularning hikoyalari orqali ijodkorlar O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi rivojlanishining asosiy markazlaridan biri sifatidagi rolini ko‘rsatishga intiladilar.