Tarixiy ildiz
Kvars va metall
oksidlariga boy loyning o‘ziga xos tarkibi aynan o‘sha moviy va feruza ranglarni
hosil qiladi. Markaziy Osiyodagi eng qadimgi kulolchilik markazlaridan biri
bo‘lgan Rishton shular bilan mashhur. Mahalliy hunarmandlar ishlatiladigan xomashyo va usullarning
xususiyatlari haqida shunday deydi:
“Biz loyni toza
qumdan qoramiz, hech narsa qo‘shmaymiz. Boshqa mamlakatlarda u haddan tashqari
egiluvchan, bizda esa injiq, uning kayfiyatini oldindan bilish kerak”.
Ustalar loyni
aloqa o‘rnatish zarur bo‘lgan jonli mavjudot sifatida tasvirlaydilar: “Agar
loyni his qilmasang, uni boshqarmasang, hech narsa chiqmaydi”.
Rishton
kulolchiligida har bir rang va shakl ma’noga ega:
- moviy va oq rang — osmon va yer,
- mevali shakllar — to‘kin-sochinlik,
- qush — himoya va ilhom.
“Naqshlar samo va
zamin ramzi, ular o‘rtasidagi uyg‘unlikdir. Idishlardagi hamma naqshlar – bu miniatyuradagi
dunyo”.
Bu yerda
kulolchilik IX-X asrlardan boshlab rivojlangan. Hudud orqali savdo yo‘llari
o‘tganligi sabab mahsulotlar bilan birga bu yerga kuydirish texnologiyalari,
bezaklar, bo‘yoqlarning kimyoviy tarkiblari kirib kelgan. Shu tarzda, aniq
nisbatlar va tanish
ranglarni kashf etgan mahalliy
maktab shakllangan.
Bugungi kunda bu
an’ana nafaqat saqlanib qolmoqda, balki madaniy diplomatiya va mahalliy
rivojlanish vositasiga aylanmoqda. Agar ilgari mahorat oiladan oilaga o‘tgan
bo‘lsa, endi u global muloqotning bir qismi hisoblanadi.
Aynan shu maqsadda Rishtonda II Xalqaro kulolchilik forumi o‘tkazildi.
II Xalqaro kulolchilik forumi
(II Xalqaro
kulolchilik forumi doirasida hunarmandlar bilan o‘tkazilgan intervyu
materiallari va ayrim kuzatuvlar asosida)
Forum joriy
yilning sentyabr oyida o‘zbek kulolchiligining tarixiy markazi – Rishtonda
bo‘lib o‘tdi.
Bu turli
mamlakatlardan kelgan ustalar, tadqiqotchilar va vasiylarni tajriba almashish,
an’analarni saqlash va zamonaviy kulolchilik san’atini rivojlantirish uchun
birlashtirgan keng ko‘lamli professional maydondir.
Tadbir Qo‘qon
shahridagi Xalqaro hunarmandchilik festivali bilan bir vaqtda o‘tkazildi. Unda
ko‘rgazma, mahorat darslari va ekspertlar muhokamalari bo‘lib o‘tdi.
U do‘stlik rishtalarini
o‘rnatish maydoniga aylandi: Italiya, Quvayt, Eron, Gruziya, Qozog‘iston,
Turkiya, Bosniya va Gersegovina hamda boshqa ko‘plab mamlakatlar vakillari
ishtirok etdi.
Forum nafaqat
mahsulotlar namoyishi, balki hunarmandchilik kelajagi haqidagi suhbatlar
maydoniga aylandi. “An’anaviy kulolchilik san’atini saqlash va rivojlantirish:
muammolar va yechimlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada nafaqat
texnika va estetika, balki hunarmandchilik mehnati iqtisodiyoti ham muhokama
qilindi.
Dasturning muhim
qismi Rishton “An’anaviy kulolchilik muzeyi”ning ochilishi bo‘lib, unda
hunarmandchilik mintaqaning o‘ziga xosligini qanday shakllantirgani haqidagi
ma’lumotlar ko‘rsatilgan. Shu yerning o‘zida hunarmandlar va tadqiqotchilar
tomonidan to‘plangan mamlakat hunarmandchilik tajribasining o‘ziga xos “arxivi”
jamlangan “O‘zbekiston
badiiy kulolchiligi” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
E’tirofning eng
yuqori nuqtasi: Butunjahon hunarmandlar uyushmasi raisi Saad al-Qaddumiy
Rishtonga “Hunarmandlar shahri” faxriy maqomini berdi.
Qirg‘iziston
hunarmandlar gildiyasi raisi Nodir Mumbayev ta’kidlaganidek, O‘zbekiston boshqa
respublikalarga qaraganda hunarmandlarni ko‘proq qo‘llab-quvvatlaydi.
“Bu ustalar esa
hayotiylikni, tiriklikni ko‘rsatishadi. Kulolchilikni olib qaraylik, agar
diqqat bilan nazar solsangiz, undagi har bir buyumda o‘ziga xos qalb parchasi,
muhabbat, qayg‘u va tarix bor”.
Oilaviy sulolalar va hunarmandchilik jamoasining ichki tuzilishi
Rishton kulolchiligi
qarindoshlik rishtalari bilan bog‘liq,
lekin bu munosabatlar faqat qondoshlik bilan cheklanmaydi. Alisher
Nazirovning shogirdlari o‘n yillar davomida har kuni ustozdan hunar o‘rganmoqda.
“Ustoz bo‘lish
uchun bir umr shogird bo‘lib qolish kerak. Ustoz shogird, shogird ustoz bo‘lib
ketaveradi, buning adog‘i yo‘q” – deydi hunarmandlar.
Ta’lim qachon
tugashini ustaning o‘zi belgilaydi. Nazirovning fikricha, buning uchun kamida
15 yil o‘tishi kerak. Yosh hunarmandlar baribir umumiy maydon ichida qoladi.
Hunar o‘rgatish
taʼlim berishdan ko‘ra, o‘sha muhitda ulg‘ayishdir.
“Biz ilgari
hammamiz birga ishlaganmiz. Keyin har birimiz alohida chiqib ketdik, lekin
do‘stona aloqalar saqlanib qolgan – xuddi bitta daraxt shoxlari orasidagi
bog‘liqlik kabi”, – deydi Nazirovning shogirdlaridan biri.
Bu fikr
Rishtondagi anʼanalar shunchaki xo‘jako‘rsinga qilinmayotganidan dalolat beradi: u
jamiyatga moslashtirilgan.
Hech kim anʼanalarni majburlab
saqlab qolayotgani yo‘q, balki ular
bir oiladagi turmush tarziga o‘xshab davom etmoqda.
Alisher Nazirov ustaxonasida yosh hunarmandlar avlodi
Ustaning yosh
shogirdi haqidagi hikoyasi hunarmandchilikni o‘rgatishning rishtoncha usulini yaxshi
aks ettiradi. O‘n yoshli bola ustaxonani “shunchaki ko‘rish uchun” kelgan,
lekin bir yildan buyon shu yerda qolib ketdi. Bu vaqt ichida u kulolchilik
bo‘yicha O‘zbekiston chempioni va shu bilan birga tanlovning eng yosh
ishtirokchisiga aylandi. Rishtonda an’analar rasmiy tarzda emas, balki jonli va
tabiiy, qiziqish va ichki ishtiyoq orqali davom etadi.
Bu yerda ta’lim olish
uchun to‘siqlar yo‘q, chunki ustaxonaning o‘zi bir maktab, shogirdlik esa
akademik ko‘rsatmadan emas, balki kuzatuvchanlik va qiziquvchanlikdan
boshlanadi.
Bu rasmiy o‘quv
markazlaridan farq qiladi: Rishtonda bilim o‘qitilmaydi, balki mehnat, muhit,
kundalik hayot orqali o‘rganiladi.
Yapon maktabi va madaniy aloqalar
Rishtonda 30
yildan buyon yapon maktabi faoliyat ko‘rsatib kelyapti. Maktab avvaldan shunchaki
o‘quv muassasasi bo‘lib emas, balki til, musiqa, badiiy amaliyot va
hunarmandchilik orqali an’analar almashinuvi amalga oshiriladigan
madaniyatlararo markaz sifatida yaratilgan. Maktab o‘quvchilari bu yerda yapon tili va
madaniyatini o‘rganganlar, badiiy tadbirlarda qatnashganlar, yapon rassomlari
va muhandislari bilan muloqot qilganlar.
Rishtondagi mazkur
maktabning tarixi chuqur ildizlarga va deyarli afsonaviy maqomga ega. Unga
1990-yillarning o‘rtalarida usta Alisher Nazirov va Komatsu korporatsiyasidan
yaponiyalik muhandis Sikekatsu Osaki tomonidan asos solingan. Ularning
tanishuvi Yaponiyaning Kanazava shahridagi ko‘rgazmadan boshlangan bo‘lib, u
yerda Nazirov an’anaviy kutani-yaki kulollari bilan ishlagan.
Osaki avvaliga
muhandislik delegatsiyasi tarkibida O‘zbekistonga kelgan, Rishtonda bo‘lgan va
mahalliy kulolchilikdan shunchalik hayratda qolganki, keyinroq oilasi bilan
qaytib kelib, Nazirov bilan birga shahardagi birinchi yapon tili va madaniyati
maktabini ochgan.
Keyinchalik maktab
madaniyatlararo almashinuv markaziga aylandi: bu yerda yapon musiqasi
o‘rganildi, rassomlarning uchrashuvlari o‘tkazildi va Nazirovning ko‘plab
shogirdlari yapon tilini o‘zlashtirdilar.
“Bu yerdagi deyarli
barcha bolalar bir nechta yaponcha so‘zlarni biladi: masalan, konnichiwa, arigato. Bu endi kundalik hayotning bir
qismi”, – deydi shogirdlardan biri.
Bugungi kunda
maktab boshqa binoda faoliyat yuritmoqda, ammo uning paydo bo‘lishining o‘zi Rishton
uchun hunarmandchilik madaniy-diplomatik ahamiyatga ega ekanligini ko‘rsatadi.
Kulolchilik san’ati orqali shahar xalqaro professional hamjamiyatga qo‘shildi.
Hunarmandchilik falsafasi va har bir mahsulotning noyobligi haqida
“Bu butun boshli
fan. An’anaviy Rishton kulolchiligida eng muhimi – naqsh. Uni hech qachon
oldindan tayyorlab qo‘yishmaydi. Har bir naqsh mo‘yqalam loyga teggan paytda
tug‘iladi”.
Ustaning
aytishicha, Rishton kulolchiligi takrorlanmaydi. Bir vaqtlar hukmdorlar uchun mos idish-tovoqlar yasalganidek,
har bir buyum noyob
hisoblanadi.
“Mening ishimni
sotib olgan odam qo‘lida yagona nusxa bo‘ladi. Men uni boshqa takrorlamayman.
Bu insonga va hunarga bo‘lgan hurmatdir”.
Usta
baxt qushi Humo haqida hikoya qiladi – bu an’anaviy timsol har bir hunarmandda o‘ziga xos jilvalanadi.
“Ushbu qushni hech
kim ko‘rmagan, shuning uchun har bir usta uni o‘zicha tasavvur qilishga haqli.
Bu san’atkorning an’analar ichra erkinligidir”.
Rishton iqtisodiyoti
Kulolchilik shahar
iqtisodiy sektorining asosiy tarkibiy qismi bo‘lib qolmoqda. Bu yerda 500 dan
ortiq ustaxona mavjud bo‘lib, ularning har biri kichik korxona ko‘rinishida
bo‘lib, ularda ikki nafardan o‘n nafargacha ishchi mehnat qiladi.
Mahsulotlarning katta qismi to‘g‘ridan-to‘g‘ri sayyohlarga yoki xususiy
buyurtmalar orqali sotiladi. So‘nggi yillarda eksport va onlayn savdo
rivojlanmoqda.
Shu bilan birga,
kamchiliklar ham bor: sertifikatlashning yo‘qligi, mavsumiy turizmga qaramlik,
zaif logistika infratuzilmasi. Forum va festivallar faqat madaniy tadbir emas,
balki mahsulotlarni tanitish va e’tiborni jalb qilish vositasiga aylanmoqda.




