Birinchi yili maktab Buyuk Britaniyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda tayyorlangan beshta mualliflik dasturini ishga tushiradi. Ta’lim berish Toshkentdan boshlandi, keyingi bosqich esa Samarqand bo‘ladi: tinglovchilar temuriylar davrining haqiqiy durdonasi bo‘lgan XV asrdagi Ulug‘bek madrasasining naqshlari va me’morchiligini o‘rganishga boradilar.
Maktab Islom sivilizatsiyasi markazida joylashgan bo‘lib, u yerda yosh ustalar va rassomlar o‘zbek naqshlari, metall, yog‘och, kulolchilik, miniatyura va boshqa yo‘nalishlarni o‘rganishlari, avlodlar tajribasini o‘zlashtirishlari mumkin.
Loyiha O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi (ACDF) tomonidan Buyuk Britaniya qiroli Charlz III tashabbusi bilan dunyo hunarmandchilik an’analarini saqlab qolish maqsadida tashkil etilgan The King‘s Foundation School of Traditional Arts xalqaro an’anaviy san’at maktabi bilan hamkorlikda amalga oshirildi.