Loyihaning rasmiy ochilishi 1-noyabr kuni bo‘lib o‘tdi. Muzey yigirma yil davomida qurilgan. Yangi majmua 70 tacha futbol maydoniga teng hududda joylashgan bo‘lib, umumiy byudjet $1 mlrd dan oshgan.
Muassasa ekspozitsiyasi eng qadimgi davrlardan Yunon-Rim va Kopt hukmronligi davrigacha davom etgan Misrning taxminan yetti ming yillik tarixini aks ettiruvchi 100 mingdan ortiq noyob eksponatlarni o‘z ichiga oladi.
Ko‘rgazmaning markaziy obyektlari orasida fir’avn Xufuning 4500 yillik qadimiy dafn qayig‘i, shuningdek, 1922-yilda Govard Karter tomonidan topilganidan beri ilk bor to‘liq to‘plamda taqdim etilgan Tutanxamon maqbarasidagi artefaktlarning barchasi bor.
Ochilish marosimi jahon yetakchilari va rasmiy delegatsiyalar ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Bugundan boshlab muzey keng jamoatchilik uchun ochiq. Chet ellik mehmonlar uchun chipta narxi 1450 Misr funtidan boshlanadi.