Bu nafaqat Kaloning ijodi uchun, balki umuman ayollar san’ati yo‘nalishida ham rekord narxdir – avvalgi rekord Jorjiya O‘Kifning 2014-yilda 44,4 million dollarga sotilgan “Jimson Weed/White Flower No1” kartinasiga tegishli edi.
Kartina 1940-yilda Kalo hayotining murakkab davrida, uni surunkali og‘riqlar qiynagan, ichki beqarorlik esa ijodda aks etgan paytda yaratilgan. Matoda Frida bulutga o‘xshash karavotda uxlayotgani tasvirlangan, uning tepasida dinamit va gullar bilan o‘ralgan skelet osilib turibdi – bu uning xavotirlari va o‘lim haqidagi o‘ylari ramzi.
Kimoshdi savdosida kamida ikkita kolleksioner o‘rtasida shiddatli kurash kechdi – lot rekord miqdorda qayd etilishidan oldin stavka e’lonlari taxminan besh daqiqa davom etdi.
Shunisi e’tiborliki, 1980-yilda xuddi shu asar atigi 51 000 dollarga sotilgan, bu esa hozirgi narx misli ko‘rilmagan darajada yuqori ekanligidan dalolatdir, ya’ni dastlabki narxdan ming barobardan ortiq.
Rasm Meksikadan tashqarida joylashgan shaxsiy kolleksiyaga tegishli. Kaloning asarlari orasida bu xalqaro kimoshdi savdolarida qonuniy ishtirok etgan kamyob ijod namunalaridan biri, chunki uning merosi Meksika qonunchiligi tomonidan “badiiy boylik” sifatida himoya ostiga olingan.
Hozircha g‘olib bo‘lgan kolleksionerning ismi oshkor qilinmayapti. Ba’zi ekspertlar ilgari shundoq ham kam namoyish etilgan (oxirgi marta 1990-yillarning oxirida) kartina yana jamoatchilik e’tiboridan g‘oyib bo‘lishi mumkinligidan xavotir bildirishmoqda.