Haftalik davomida tashrif buyuruvchilar va mehmonlarni ko‘rgazmalar, arxitektura va interyer loyihalari taqdimotlari, ekspertlik muhokamalari va ochiq ma’ruzalar kutmoqda. Dasturning bir qismi Toshkent modernizmi, arxitektura va dizaynda zamonaviy jihatlarni izlash masalalariga bag‘ishlangan. Lokatsiyalar orasida yigirmadan ortiq shahar maydonchalari, jumladan, Tashkent City Mall savdo markazi bo‘lib, u yerda yetakchi mahalliy va xalqaro brendlarning interyer yechimlari va loyihalari namoyish etiladi.
Tadbirga developerlik sohasi vakillari, mebel dizaynerlari, arxitektura byurolari va shaharsozlik bo‘yicha mutaxassislar qo‘shiladi. Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, forumning muhim vazifasi O‘zbekistonning yagona “dizayn-kodi”ni yaratish va soha vakillari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishdan iborat.
Loyiha O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi (ACDF), dizaynerlar hamjamiyati va premium interyer brendlari sohasidagi hamkorlar ishtirokida amalga oshirilmoqda. Tashabbus faqatgina mutaxassislar uchun mo‘ljallanmagan: poytaxtliklar zamonaviy dizayn, shahar muhitini rivojlantirishda jamiyatning roli va an’anaviy hunarmandchilikni zamonaviy interyerga uyg‘unlashtirish bo‘yicha ommaviy munozaralarda ishtirok etishlari mumkin bo‘ladi.
O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilayotgan dizayn haftaligi har yili o‘tkaziladigan yangi tadbirga aylanishi va mamlakatning kreativ ekotizimini shakllantirishga muhim hissa bo‘lib qo‘shilishi kutilmoqda.
