Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ikki nafar qurollangan jinoyatchi kutubxona ochilganidan ko‘p o‘tmay asosiy kirish joyi orqali kutubxonaga kirgan. Ular qo‘riqchi va keksa er-xotinga tahdid qilib, shisha vitrinani sindirgan va eksponatlarni katta sumkaga yashirib, olib chiqib ketgan. Hammasi bir necha daqiqa ichida sodir bo‘lgan – jinoyatchilar xodimlar harakat qilishga ulgurmasdan binoni tark etgan. Kuzatuv kameralari qaroqchilardan biri o‘g‘irlangan asarlar bilan yugurib chiqib yaqin atrofda to‘xtab turgan furgonda yashiringanini qayd etgan.
O‘g‘irlangan asarlar kutubxonaning San-Paulu zamonaviy san’at muzeyi bilan hamkorlikda tashkil etgan “Do livro ao museu” ko‘rgazmasiga kiritilgan edi. Ular orasida Matissning 1947-yilda yaratilgan mashhur “Jazz” seriyasiga kiruvchi sakkizta gravyurasi bo‘lgan. Bu rassomning qog‘ozdan yasagan kollajlarining asosiy namunalaridan biri edi. Shuningdek, Portinarining beshta asari, shu jumladan 1943-yildagi xuddi shu nomdagi kitobning maxsus nashri uchun yaratilgan “Menino de Engenho” seriyasidagi noyob gravyuralar ham o‘g‘irlangan.
San-Paulu politsiyasi gumonlanuvchilardan birining shaxsini aniqlab bo‘lgan va jinoyatchilar yashiringan deb taxmin qilinayotgan avtomobilni qo‘lga olgan. Tergovchilar o‘g‘irlik noqonuniy san’at savdogarlari tarmog‘i tomonidan buyurtma qilinganini istisno qilmayapti. Ekspertlarning fikricha, bu asarlar kamyob va taniqli bo‘lgani uchun ularni ochiq bozorda sotish deyarli imkonsiz. Tergovda Interpol va madaniy boyliklarning noqonuniy aylanishini kuzatuvchi xalqaro tashkilotlar ishtirok etmoqda.
Shtat madaniyat kotibiyati eksponatlar sug‘urtalanganini, qo‘riqlanganini va doimiy videokuzatuv ostida bo‘lganini tasdiqladi. Barcha videomateriallar va hujjatlar politsiyaga topshirildi, kutubxonani qo‘riqlash kuchaytirildi. Shunga qaramay, voqea mamlakatdagi ommaviy san’at kolleksiyalari qanchalik himoyalanganligi haqida muhokamalar to‘lqinini keltirib chiqardi.
O‘g‘irlik Luvrdagi shov-shuvli talonchilikdan atigi ikki oy o‘tgach sodir bo‘ldi, u yerda Napoleon davrining 100 million dollardan ortiq qimmatbaho buyumlari o‘g‘irlangan. Shov-shuvli jinoyatlar seriyasi jahon muzeylari va kutubxonalaridagi zamonaviy xavfsizlik standartlari va jinoiy guruhlar faolligi ortib borayotgan sharoitda madaniy merosni himoya qilish zarurligi masalasini yana bir bor ko‘tardi.
Qidiruv ishlari davom etmoqda. Rasmiylar nafaqat moliyaviy, balki muhim tarixiy va madaniy ahamiyatga ega bo‘lgan o‘g‘irlangan asarlarning tez orada qaytarilishiga umid qilmoqda.