Rejissyor Komil
Yormatovning qariyb o‘n yil davomida suratga olgan filmi milliy kinoda katta voqea bo‘lgan va muallifga
xalqaro e’tirof keltirgan. Film O‘zbekiston madaniyatining o‘ziga xos ramziga
aylangan XV asr shoiri, mutafakkiri va davlat arbobi Alisher Navoiyga
bag‘ishlangan.
Namoyishdan so‘ng
tomoshabinlarni Markaziy Osiyo sovet merosi tadqiqotchisi Anna Pronina va
kinotanqidchi Aleksey Artamonov bilan muhokama kutmoqda.
Filmning tarixiy konteksti va roli
Markaziy Osiyo sovet merosi tadqiqotchisi, tarixchi va kurator Anna Pronina quyidagilarni ta’kidlaydi:
«Alisher Navoiy» filmi 1930-1940-yillarda O‘zbekistondagi sovet madaniy va milliy siyosatini kengroq tadqiq etish va aniqrog‘i, 1948-yilda Alisher Navoiyning 500 yillik yubileyini keng miqyosda nishonlash nuqtayi nazaridan qiziqarlidir.
Tadqiqotchining ta’kidlashicha, film shoirni abadiylashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan katta davlat dasturining bir qismi bo‘lgan. Ushbu tashabbus doirasida kartinalar, opera va romanlar yaratildi, asarlarining ko‘p nusxali nashrlari chop etildi, haykallar o‘rnatildi, ko‘chalarning nomlari ommaviy ravishda o‘zgartirildi. Olimaning so‘zlariga ko‘ra, kinolenta ushbu artefaktlar orasida «mediumning o‘ziga xos kuchi — tasavvurni jonlantirish va qahramonning tayyor obrazini taqdim etish» jihati bilan ajralib turgan.
Shu bilan birga, Anna Pronina filmni faqat mafkuraviy deb qabul qilish kerak emasligini ta’kidlaydi:
Bir tomondan film davlat siyosati mahsuloti sifatida e’tiborni tortadi. Unda til va adabiyot asos qilib olingan hamda Navoiy o‘zbek millatining bobokaloni sifatida yaqqol namoyon bo‘ladi. Boshqa tomondan, film — shunchaki davlat buyurtmasi emas, balki o‘z qarashlarini ifoda etgan bir qator mutaxassislarning hamkorlikdagi ishidir: ssenariy mualliflari Uyg‘un, Izzat Sulton va Viktor Shklovskiy, buyuk aktyorlar Razzoq Hamroyev va Asat Ismatov, rejissyor Komil Yormatov, postanovkachi rassom Varsham Yeremyan hamda Toshkent va Leningrad sharqshunoslari. Ular tarixiy xatolarga yo‘l qo‘ymaslik uchun jarayonda faol maslahat berganlar.
Film yaratilishidagi qiyinchiliklar va arxiv topilmalari
Tadqiqotchi tomoshabinlarga arxiv materiallarini ko‘rsatishni reja qilyapti:
Ko‘pincha faqat yakuniy natijaga qarab, biz filmning qanday qiyinchiliklardan o‘tganini bilmaymiz va bunday mehnat har doim murosadan iborat bo‘lganini unutib qo‘yamiz. Arxiv ishiga asoslangan ma’ruzada biz sovet adabiyoti va kino sanoati pardasi ortiga biroz nazar tashlaymiz: ssenariylarning turli talqinlarini taqqoslaymiz, Yozuvchilar uyushmasining tavsiyalari, barcha tomonlarning qizg‘in bahslari, shuningdek, jarayon ishtirokchilarining xotiralari bilan tanishamiz.
Sana: 13-dekabr
Vaqt: 19:30
Manzil: Toshkent, Suqrot ko‘chasi, 10-uy
Film rus tilida namoyish etiladi.
