Butunjahon turkiy tillar kunini e’lon qilish to‘g‘risidagi qaror joriy yil noyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan YUNESKO Bosh konferensiyasida qabul qilingan edi. Ushbu tashabbus tashkilotga a’zo davlatlar tomonidan keng qo‘llab-quvvatlandi hamda til va madaniy xilma-xillikni saqlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
YUNESKOning ta’kidlashicha, turkiy tillar qadimiy yozma yodgorliklar, boy og‘zaki an’analar, folklor va dostonlarni o‘z ichiga olgan noyob hujjatli va nomoddiy merosga ega. Bugungi kunda turkiy tillar oilasi Yevropa va Osiyoning o‘ndan ortiq davlatlarini qamrab olgan bo‘lib, 200 milliondan ortiq til egalarini birlashtiradi.
Sanani tanlash ham ramziy ma’noga ega. Aynan 1893-yil 15-dekabrda daniyalik olim Vilgelm Tomsen turkiy sivilizatsiyaning eng qadimgi yozma manbalaridan biri bo‘lgan O‘rxun-Enasoy yozuvlarining ma’nosini ochib bergan edi. Bu esa turkiy tillar tarixini o‘rganishda muhim voqea bo‘ldi.
Qayd etilishicha, Butunjahon turkiy tillar kunining ta’sis etilishi ilm-fan, ta’lim va madaniyat sohalarida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga, shuningdek, turkiy xalqlarning til merosini asrab-avaylash va ommalashtirishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Qator mamlakatlarda yangi unutilmas sana munosabati bilan turkiy tillarning jahon sivilizatsiyasidagi o‘rniga bag‘ishlangan ilmiy anjumanlar, madaniy tadbirlar, ko‘rgazmalar va ma’rifiy aksiyalar o‘tkazilmoqda.