Tadbir O‘zbekiston
va xorijiy mamlakatlar kino sanoatining yetakchi vakillari, kinoshunoslari va
yosh mualliflarini birlashtirgan “Tirik tarix” xalqaro kinoforumining yakuniga
aylandi.
Bu yil “Eng yaxshi
hujjatli film” nominatsiyasida rejissyor Jahongir Ahmedovning “Ezgu Film”
studiyasi tomonidan suratga olingan “Oq oltin balosi” kartinasi g‘olib bo‘ldi.
Film hakamlar hay’ati tomonidan ijtimoiy teranligi va chuqur mualliflik nuqtayi
nazari uchun yuqori baholandi.
“Eng yaxshi film” nominatsiyasida mukofotning bosh sovrini O‘zbekiston milliy
kinematografiyani rivojlantirish markazi tomonidan yaratilgan Muzaffarxon
Erkinov rejissyorligidagi “Maxtumquli Firog‘iy” badiiy filmiga berildi.
Zulfiqor Musoqovning “Umida. Fudziyama haqida tush” filmi eng yaxshi rejissyorlik ishi deb
topildi.
Rejissor Iqbol Meliqo‘ziyevning “Amaliyotchi qiz” (Imkon Films) filmi
tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi.
O‘zbekiston animatsiya studiyalari assotsiatsiyasi ko‘magida yaratilgan
rejissyor Azizbek Muhammedovning “Aqlli qizaloq” ishi eng yaxshi animatsion
film nomiga erishdi.
Eng yaxshi montajchi deb Azim Botirov (“Daydi shamol”) ko‘rsatildi. Grim
yo‘nalishida Mahbubat Esonova g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, liboslar bo‘yicha eng
yaxshi rassom Nigora Po‘latova “Maxtumquli Firog‘iy” filmi uchun mukofotni
qo‘lga kiritdi.
Eng yaxshi
postanovkachi rassom Bektosh Rajabov (“Paxta”) bo‘ldi, eng yaxshi
kinokompozitor sifatida esa Jamshid Izamov “Mening mahallam” filmi uchun
eʼtirof etildi.
Boris Litovchenkoning “Paxta” filmidagi operatorlik ishi va Erkin A’zamning (“Bahorni
quvib”) ssenariysi eng yaxshi degan nomga loyiq bo‘ldi.
Aktyorlik yo‘nalishida Ulug‘bek Muhammadkarimov “Eng yaxshi erkak roli”
(“Choliq”), Yulduz Rajabova “Eng yaxshi ayol roli” (“Shamsqamar”) nominatsiyalarida
yetakchilik qilishdi.
O‘zbek kinematografiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi uchun “Oltin Humo”
maxsus mukofotining tantanali ravishda topshirilishi tadbirga alohida kayfiyat bag‘ishladi.
Uning sovrindorlari O‘zbekiston xalq artisti Gulchehra Jamilova,
san’atshunoslik fanlari nomzodi, professor Sabohat Hayitmatova, taniqli grim
ustasi Baxtiyor Temirov va kinokompozitor Mirxalil Mahmudov bo‘ldi.
Tashkilotchilar “Tirik tarix” mukofoti va forumi avlodlar muloqoti,
milliy kinoni targ‘ib qilish va o‘zbek kinematografiyasini xalqaro madaniy
makonga integratsiya qilish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qilishini
ta’kidladilar.
