1775-yilda mahalliy ustalar tomonidan qurilgan masjidning tarixiy binosi asosiy me’moriy shakllar va xususiyatlarni saqlab qolgan holda qayta tiklandi. Shu bilan birga, interyer va ekspozitsiyalar o‘tmish va hozirgi kun o‘rtasidagi muloqotni shakllantiradigan zamonaviy badiiy ohangga ega bo‘ldi.
Hunarmandchilik va zamonaviy dizayn orqali merosni saqlab qolish
GOZAR of ARTISANS konsepsiyasi tarixiy muhitga hurmat bilan munosabatda bo‘lish tamoyiliga asoslanadi: an’anaviy hunarmandchilik usullari – ganch o‘ymakorligidan tortib kulolchilik, mozaika va yog‘ochga badiiy ishlov berishgacha zamonaviy dizayn tilining to‘laqonli qismlari sifatida ushbu makonga singdirilgan.
Ekspozitsiyada O‘zbekistonning turli hududlaridan kelgan ustalarning asarlari namoyish etilgan:
- Rishton, G‘ijduvon, Samarqand, Xorazm va Toshkent kulolchiligi,
- so‘zana va Buxoro kashtachiligi,
- Xiva yog‘och o‘ymakorligi va Samarqand tosh o‘ymakorligi,
- metall buyumlar va zargarlik ishlari.
Sirojiddin Rahmatullayevning sopol kompozitsiyasi, Dilshod Isroilovning yog‘och panellari, Jo‘rabek Siddiqovning metalldan yasalgan installyatsiyasi, Abdulatif Sultonovning ganchdan ishlangan shift kompozitsiyasi alohida e’tiborni tortadi. Interyerni Nada Debs tomonidan maxsus yaratilgan mebel dizaynerlik buyumlari to‘ldiradi.
Loyiha O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi (ACDF) tomonidan livanlik dizayner Nada Debs ishtirokida tashkil etildi. Ushbu markaz XVIII asrda ta’mirlangan Oxun guzar masjidi hududida joylashgan bo‘lib, barcha hududlardan kelgan ustalar, rassomlar va san’at ixlosmandlari uchun yangi jozibador nuqtaga aylanadi.
Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, loyiha ko‘rgazma faoliyati bilan cheklanib qolmaydi. GOZAR of ARTISANS maydoni yaqinida King‘s Foundation School of Traditional Arts bilan hamkorlikda tashkil etilgan Hunarmandchilik "Naqsh" maktabi joylashgan bo‘lib, bu ta’lim, hunarmandchilik amaliyoti va zamonaviy ijodni birlashtirgan to‘laqonli madaniy klasterni shakllantirish imkonini beradi. Kelgusida bu yerda an’anaviy hunarmandchilik bilimlarini asrab-avaylash va yangi avlodlarga yetkazishga qaratilgan mahorat darslari muntazam ravishda olib boriladi.
“Ushbu maskan qadimdan temirchilik va badiiy mahorat markazi sifatida tanilgan Toshkent hunarmandchilik mahallasi an’anasini davom ettirib, unga zamonaviy madaniy vazifalarni qaytarib bermoqda”, – deydi fond vakillari.
O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerovaning aytishicha, GOZAR of ARTISANS hunarmandchilik nafaqat mahorat shakli, balki yangi ijodiy izlanishlarga ilhom bera oladigan bilim va madaniy xotiraning muhim manbai ekanligiga bo‘lgan jamg‘armaning ishonchini ifodalaydi.
