13-24 may kunlari Fransiyaning Lazur qirg‘og‘ida kino olamidagi eng muhim tadbirlardan biri — "A" toifasidagi 15 ta festival ro‘yxatiga rasman kiritilgan Kann kinofestivali bo‘lib o‘tadi. O‘z tarixida festival besh marta bekor qilingan: 1939-yilda Ikkinchi jahon urushi boshlanishi sababli; 1948 va 1950-yillarda moliyaviy yetishmovchilik tufayli; 1968-yilda ijtimoiy inqiroz fonida Fransiyani qamrab olgan ommaviy norozilik namoyishlari va ish tashlashlar oqibatida; 2020-yilda esa koronavirus pandemiyasi sababli.
Qiyoslash uchun, boshqa nufuzli xalqaro kinofestivallar ham bekor qilinish va format o‘zgarishlariga duch kelgan. Ikkinchi jahon urushi davrida (1943-1945 yillar), shuningdek, 1973, 1977 va 1978-yillarda ichki ziddiyatlar tufayli Venetsiya festivali o‘tkazilmagan. 2021-yilgi Berlin kinofestivali gibrid shaklda bo‘lib o‘tdi: avval onlayn o‘tkazildi, keyin esa yozda keng ommaga namoyishlar tashkil etildi. "Sandens" 2022-yilda Omicron shtammi tarqalishi sababli butunlay onlayn shaklga o‘tdi, Toronto esa 2020-yilda qisman virtual tarzda o‘tkazildi. Ushbu misollar shuni ko‘rsatadiki, hatto eng barqaror madaniy muassasalar ham tashqi vaziyatlarga - xoh siyosiy mojarolar, moliyaviy qiyinchiliklar yoki global epidemiyalar bo‘lsin - moslashishga majbur bo‘ladi.
Kinoijodkorlar uchun yangi yil
Kann xalqaro kinofestivalini kino olami uchun o‘ziga xos Yangi yil bayrami sifatida ta’riflash mumkin.
Festival taqvimi Yevropada Kanning artxaus jilosi bilan boshlanib, Gollivudda "Oskar" prоjektorlari shu’lasi ostida yakuniga yetadi. May oyidan mart oyigacha — Lazur qirg‘oqdagi jahon premyeralaridan Los-Anjelesdagi oltin haykalchalargacha bo‘lgan yo‘l davom etadi. Kann festivali badiiy yo‘nalishni belgilasa, Toronto bashoratlarni shakllantiradi, "Oskar" esa yil davomida kino olamida ro‘y bergan voqealarning yakuniy natijalarini e’lon qiladi..
Yangi misol — O‘zbekistonda amalda taqiqlangan "Anora" filmi (bu haqda respublika ommaviy axborot vositalari O‘zbekiston Kinematografiya agentligiga asoslanib xabar bermoqda). Film o‘zining birinchi mukofotini aynan Kannda qo‘lga kiritdi, keyinchalik esa Los-Anjelesda ham e’tirof etildi. Bunday holatlar tez-tez uchrab turadi..
Masalan, Janubiy Koreyaning "Parazitlar" filmi 2019-yilda "Oltin palma novdasi" mukofotiga sazovor bo‘lgan ilk Janubiy Koreya filmi bo‘ldi. Bu bilan uning g‘alabali yurishi boshlandi: film to‘rtta "Oskar" mukofotini qo‘lga kiritdi, jumladan, ingliz tilida bo‘lmagan asarlar orasida tarixda birinchi marta eng yaxshi film mukofotini oldi. Yana bir e’tiborga loyiq misol — 2002-yilda "Oltin palma novdasi" mukofotini va 2003-yilda uchta "Oskar" mukofotini qo‘lga kiritgan Roman Polanskining "Pianinochi" asaridir. Polanskining o‘zi Kann festivalida ham, "Oskar" mukofotini topshirish marosimida ham ishtirok eta olmadi: u AQShda jinoiy ta’qib ostida bo‘lgani sababli mamlakatga kira olmaydi. Uning mukofotlarini Kannda prodyuser Alen Sard va Los-Anjelesda aktyor Harrison Ford qabul qilib oldi. Aynan Harrison Ford keyinchalik, rasmiy marosimdan tashqarida rejissyorga eng yaxshi rejissyorlik uchun haykalchani topshirdi.
Hatto Martin Skorsezening mashhur "Irlandiyalik" filmi ham, kuchli rejissura va yulduzli aktyorlar tarkibiga qaramay, asosiy kino mukofotlari uchun kurashda "Parazitlar"ga mag‘lub bo‘ldi. Film 2020-yilgi "Oskar" mukofotida o‘nta nominatsiyaga sazovor bo‘lsa-da, birorta ham g‘alabaga erisha olmadi.
Orzular va voqelik
Toshkentdagi Riviera Cinema kinoteatrining kutish zali Kann kinofestivalida mukofotlangan filmlarning rasmiy posterlari va afishalari bilan bezatilgan.
Ular orasida Frensis Ford Koppolaning "Apokalipsis bigin" (1979), Pon Jun Xoning "Parazitlar" (2019), Roman Polanskining "Pianist" (2002) va Kventin Tarantinoning "Jinoiy asar" (1994) filmlari ko‘rish mumkin.
Seans boshlanishini kutayotganingizda, bir kun ushbu devorda o‘zbek filmining ham afishasi paydo bo‘lishini orzu qilish ayniqsa yoqimli.
O‘zbekiston ilk bor 2018-yilda Lazur qirg‘og‘ida o‘zini namoyon etgan — o‘sha vaqtda Kinematografiyani rivojlantirish markazi va Yosh kinoijodkorlar kengashi vakillari Oybek Abdushukurov va Muxlisa Azizova 71-Kann kinofestivali doirasidagi Marché du Film kino bozorida O‘zbekistonning milliy pavilyonini tashkil etishgan edi. Kannda PROlogue xalqaro kinofestivali taqdim etildi, shuningdek, xalqaro kinematografiya hamjamiyati uchun O‘zbekistonning suratga olish lokatsiyalari taqdimoti o‘tkazildi.
Aytgancha, bu yil Kann kinofestivalida O‘zbekiston pavilyoni bo‘lmaydi: tashkilotchi vazifasini bajargan Kinematografiya agentligi zarur mablag‘ni topa olmadi.
2024-yilgi Kann kinofestivalidagi O‘zbekiston pavilyoni. Foto: O‘zbekiston Madaniyat vazirligi
2024-yilda "Ipak yo‘li durdonasi" Toshkent xalqaro kinofestivali ochilishiga ikki kun qolganda bekor qilindi. Shundan biroz oldin O‘zbekistonga Joel Shapron tashrif buyurdi. U Kann xalqaro kinofestivalining sobiq SSSR davlatlari bo‘yicha rasmiy muxbiri, taniqli kinoshunos, fransuzcha filmlarni targ‘ib qilish bo‘yicha mutaxassis hamda kinofestival hakamlar hay’atining rus tilida so‘zlashuvchi a’zolari uchun rasmiy tarjimon sifatida tanilgan. 15-19 sentyabr kunlariga belgilangan festival tashkilotchilarning qarori bilan keyinga surildi. Bunga respublikada o‘tkazilayotgan boshqa xalqaro tadbirlar, jumladan, futzal bo‘yicha jahon chempionati bilan vaqt jihatidan to‘g‘ri kelishi, shuningdek, rasmiy muddat tugaganiga qaramay, arizalar qabuli davom etayotgani sabab sifatida ko‘rsatildi.
O‘zbek media makonida vaqti-vaqti bilan u yoki bu milliy film "Kann kinofestivalida g‘alaba qozondi" degan shov-shuvli sarlavhalar paydo bo‘ladi. Xususan, rejissyor Ruslan Saliyevning jadidchilik tarixiga
bag‘ishlangan "Armon" (2024) hujjatli filmi Kannda o‘tkazilgan World
Film Festival kinofestivalida "Eng yaxshi ma’rifiy film" nominatsiyasi
bo‘yicha mukofotga sazovor bo‘ldi. Yosh o‘zbek rejissyori Shokir
Xoliqovning O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutidagi bitiruv
ishi hisoblangan "Choy" (2019) qisqa metrajli filmi esa 72-Kann xalqaro
kinofestivali doirasida tashkil etilgan ENTRE 2 Marches festivalida
Bosh mukofotni qo‘lga kiritdi.
Biroq, bu borada bir necha muhim jihatlarni tushunib olish zarur.
Birinchidan, asosiy Kann xalqaro kinofestivalidan tashqari,
shaharda boshqa kino tadbirlari ham o‘tkaziladi - bularga parallel
rasmiy bo‘limlar va mustaqil namoyishlar kiradi. Ikkinchidan,
festivalning o‘zida Short Film Corner, Cinéfondation, ACID yoki Marché
du Film kabi alohida dasturlar mavjud. Ular rasman Kann homiyligida
o‘tkazilsa-da, asosiy tanlov dasturining bir qismi hisoblanmaydi va
"Oltin palma novdasi" mukofotini bermaydi. Ushbu dasturlarning ba’zilari
ochiq ishtirok etish tamoyili asosida ishlaydi yoki netvorking va
loyihalarni ilgari surish uchun sanoat maydonchasi vazifasini bajaradi.
Shunday qilib, bunday bo‘limlarda qatnashish, shubhasiz, o‘zbek kinosini xalqaro maydonda targ‘ib qilishda muhim qadam hisoblanadi, biroq bu Kann kinofestivalining rasmiy tanlovida g‘alaba qozonish degani emas. Bunday yangiliklar to‘g‘ri taqdim etilishi milliy kinematografiyaga nisbatan ham yurtimizda, ham chet ellarda aniqroq va hurmatli munosabatni shakllantirishga ko‘maklashadi.
Haqiqat shuki, Kann kinofestivali tarixida O‘zbekiston hech qachon asosiy tanlov dasturida, maxsus yoki premyera namoyishlarida ishtirok etmagan.
Yagona istisno — u ham shartli ravishda — Mixail Borodinning "Oziq-ovqat do‘koni 24" filmini hisoblash mumkin. Biroq, birinchidan, bu loyiha yuridik jihatdan O‘zbekistonniki emas: u to‘liq Rossiya tomonidan moliyalashtirilgan. Ikkinchidan, film jamoasi oxir-oqibat premyera uchun boshqa maydonni, ya’ni 72-Berlin xalqaro kinofestivalini tanladi va film aynan shu yerda namoyish etildi.
Qo‘shnilarning yutuqlari
2022-yil dekabrida kino sanoati mutaxassislari Chimkent shahrida tug‘ilgan kinorejissyor Sergey Dvortsevoy va aktrisa Samal Yeslyamova bilan XVI Xalqaro "Yevrosiyo" kinofestivali doirasida yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Aynan ular mintaqamizdan chiqqan va Kann xalqaro kinofestivalida o‘zlarini jiddiy namoyon qilgan birinchi vakillarga aylanishdi.
Taqqoslash uchun, Qozog‘iston ushbu nufuzli kinofestivalda sezilarli yutuqlarga erishgan. 1998-yilda Darejan Omirbayevning "Qotil" filmi "Alohida nigoh" (Un Certain Regard) dasturida namoyish etilgan. 2008-yilda esa Sergey Dvortsevoyning "Lola" kartinasi aynan shu bo‘limning bosh mukofotini qo‘lga kiritgan.
2018-yilda Dvortsevoyning "Ayka" (2018) filmi 71-Kann kinofestivalining asosiy tanlov dasturiga kiritildi va unda Yeslyamova eng yaxshi ayol rol uchun mukofotga sazovor bo‘ldi. O‘sha yili festivalning bosh sovrini — "Oltin palma novdasi"ni yaponiyalik rejissyor Xirokadzu Koreeda "Do‘kon o‘g‘rilari" (Shoplifters) filmi uchun qo‘lga kiritdi. Shunday qilib, Dvortsevoy Kann festivalining uch karra g‘olibi bilan bellashdi.
Nazarimda, "Ayka" filmining muvaffaqiyat sirlaridan biri, ajoyib dramaturgiya, rejissura, syujet rivojlanishi, operatorlik va aktyorlik mahoratidan tashqari, mintaqamiz uchun dolzarb va o‘tkir bo‘lgan mehnat migratsiyasi mavzusini dadillik bilan ochib berganidadir.
Bizning kinoijodkorlarimiz uchun bunday ijodiy erkinlik hozircha erishib bo‘lmaydigan hashamat bo‘lib qolmoqda.
Iste’dod vs ma’naviyat
O‘zbekistonda shakllangan amaliyotga ko‘ra, kino ishlab chiqarish deyarli butunlay davlat buyurtmasi doirasida amalga oshiriladi. Barcha loyihalar nafaqat badiiy, balki g‘oyaviy ekspertizadan ham o‘tadi. Aslida mafkurachi vazifasini bajaradigan badiiy kengash a’zolari uchun keskin ijtimoiy mavzularni ko‘tarish foydali emas. Bunday tashabbus uchun eng yaxshi holda rag‘bat berilmaydi, eng yomon holda esa chora-tadbirlar qo‘llanilishi mumkin.
"Oziq-ovqat do‘koni 24" (2022) filmi mintaqa uchun og‘riqli mavzu — mehnat qulligi va muhojirlarning ekspluatatsiyasini yoritgani bilan e’tiborga molik misol bo‘la oladi. Biroq, keskin syujetga qaramay, film davlat tomonidan, aniqrog‘i Rossiya hukumati tomonidan moliyalashtirilgan. Rejissor Borodinning aytishicha, loyiha jamoasi O‘zbekiston Kinematografiya agentligiga mamlakat hududida suratga olish uchun ruxsat so‘rab murojaat qilgan. Ruxsat faqat ikkinchi urinishda berilgan — bunga sabab ssenariyda paxta dalalaridagi sahnalarning mavjudligi bo‘lgan.
Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov lavozimini tark etishidan oldin ikkita istiqbolli loyihaga ruxsat bergan edi: biri Rashid Malikovning "Paxta" nomli ijtimoiy dramasi, ikkinchisi esa o‘zbek kinematografiyasi klassigi, xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Ali Hamrayevning yangi filmi. Biroq, ishlab chiqarishga faqat birinchi loyiha kiritildi — tegishli buyruqni rasmiylashtirish vaqtida amalga oshirildi.
"Paxta" filmini suratga olish jarayoni. Foto: BDKI Toshkent filiali
"Paxta" filmi uzoq vaqt davomida badiiy kengash tomonidan ma’qullanmadi. Taqdirning hazili shundaki, rejissyor Malikovning o‘zi ham shu kengash a’zosi edi. Buning sababi — mahalliy senzura uchun an’anaviy noqulay bo‘lgan mavzular: mehnat migratsiyasi, paxtachilik va oilalarning parchalanishi. Filmda odatiy baxtli “happy end” yo‘q, yakuniy qism esa og‘ir, g‘amgin ohangda tasvirlangan. Bu esa davlat buyurtmasi asosida yaratilgan o‘zbek badiiy kinosi uchun kamdan-kam uchraydigan holat hisoblanadi.
2024-yil noyabr oyida Madaniyat vaziri ishtirokida ommaviy axborot vositalari vakillari bilan o‘tkazilgan hisobot yig‘ilishida Kinematografiya agentligi rahbariyati barcha media mahsulotlarni "ma’naviy ekspertizadan o‘tkazish"ni joriy etish zarurligi haqida bayonot berdi. Ilgari badiiy kengash filtrlash vazifasini bajargan bo‘lsa, endi uning funksiyalari yangi g‘oyaviy mexanizm bilan to‘ldirilishi yoki kuchaytirilishi mumkin. Katta ehtimol bilan, "ma’naviy ekspertiza" mohiyatan o‘xshash vositaga va nostandart mualliflik kinosini cheklaydigan instrumentga aylanadi.
Vaholanki, aynan ma’muriy bosimdan xoli bo‘lgan mualliflik, festival kinosi bugungi kunda xalqaro e’tirofning asosini tashkil etmoqda. Bunday sharoitda yosh rejissyor va ssenariy mualliflarini nima kutayotganini bashorat qilish mushkul. Biroq, ijodkor kadrlarning chet elga ko‘chib ketish tendensiyasi allaqachon ko‘zga tashlanmoqda. Xususan, Shokir Xoliqov o‘zining keyingi loyihasini Qozog‘istonda ishlab chiqmoqda, Timur Murodov esa o‘z faoliyatini Janubiy Koreyada amalga oshirmoqchi edi. Biroq, u amalda ixtiyoriy-majburiy tarzda mamlakatga qaytishga majbur bo‘ldi.


