Markazning badiiy direktori va bosh kuratori doktor Sara Raza bo‘lib, u ilgari Solomon R. Guggenheim muzeyi va Tate Modern bilan hamkorlik qilgan. Uning dasturiga O‘zbekiston va xorijdagi ko‘rgazmalar, ommaviy fanlararo tadbirlar, ta’lim shakllari, rezidensiyalar va tadqiqot loyihalari kiradi.
Gayane Umerovaning so‘zlariga ko‘ra, CCA ning ishga tushirilishi O‘zbekistonning xalqaro madaniy muloqotdagi rolini mustahkamlash va ijodiy iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan:
Toshkentdagi Zamonaviy san’at markazi O‘zbekistonning umumbashariy madaniy muloqot markazidagi mavqeini mustahkamlashga qaratilgan uzoq muddatli istiqbolni o‘zida mujassam etgan. CCA ni tashkil qilish haqida o‘ylaganimizda, bu maydon barcha uchun ochiq bo‘lishi — ilhom, muloqot va imkoniyatlar maskani, shuningdek, shahar hamjamiyati uchun jozibador joy bo‘lishi men uchun muhim edi.

Birinchi yildagi asosiy tadbirlar
Birinchi ko‘rgazma — Hikmah (2026-yil 21-mart — 30-iyun) Kurator: doktor Sara Raza. Sarlavha "hikmat" so‘zini anglatadi. Loyiha yangi makon arxitekturasi va anglash mavzusi atrofida quriladi. Ishtirokchilar orasida Muhannad Shono, Nari Uord, Shohrux Rahimov, Tariq Kisvanson, shuningdek, I.V. Savitskiy nomidagi Davlat san’at muzeyi va Solomon R. Guggenxaym muzeyi kabi muzey to‘plamlaridagi asarlar bor.
Vyacheslav Axunovning Venetsiyadagi ko‘rgazmasi (2026-yil may — noyabr) 61-Venetsiya biennalesining parallel dasturida "Vyacheslav Axunov: Instruments of the Mind" retrospektivasini taqdim etadi.
Kabakovlar loyihasi - The Centre for Cosmic Energy (2026-yil sentyabr). Ilya va Emiliya Kabakovlarning shaxsiy ko‘rgazmasi Zelvira Tregulova boshchiligida CCA binosini "kosmik laboratoriya"ga aylantiradi.

Ommaviy va ta’lim dasturlari

  • Gala va Navro‘z festivali (2026-yil 21-23-mart) — markaz hududida spektakllar, musiqa, gastronomiya va filmlar namoyishi.
  • Architectural Association Visiting School Uzbekistan — London arxitektura assotsiatsiyasi bilan qo‘shma uch yillik dastur.
  • Tashkent Summer Days (2026-yil 21-iyun - 9-avgust) — shahar hududlarida yetti hafta davom etadigan badiiy festival.
  • Tashkent Film Encounters (2026-yil dekabr) — Toshkent xalqaro kinofestivali (1968-1988) an’analarini qayta ko‘rib chiquvchi kinofestival.
CCA — bu bepul kirish, kutubxona, ustaxonalar va kafelarga ega ochiq jamoat maydonidir. Markaz shahar aholisi va mintaqaviy madaniy muhit uchun jozibador nuqtaga, shuningdek, zamonaviy san’at bo‘yicha fikr almashish va tadqiqotlar uchun xalqaro platformaga aylanishni rejalashtirmoqda.
Loyiha Gayane Umerova boshchiligidagi O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi (ACDF) tomonidan amalga oshirilmoqda. CCA 1912-yili qurilgan sanoat binosi (sobiq dizel stansiyasi va tramvay deposi)ga joylashtiriladi. Bino Fransiyaning Studio KO arxitektura byurosi tomonidan qayta ta’mirlangan.