Eski choyxona
Bu men eng yaxshi ko'rgan hudud. Hayotimning katta qismi aynan shu yer bilan bog'liq. Shuning uchun uning tarixi va yodgorliklari men uchun aziz. Aynan shu yerda men ilk bor Chilonzor haqida hikoya qiluvchi ajoyib afsonani eshitdim.
Eski Cho'pon-ota arig'ini hali beton qoplamasi bo'lmagan davrlardan beri bilaman. U yerda biz jazirama issiqlarda maza qilib cho'milardik. Shunday paytlari ishga shoshilayotgan odamlar qizigan asfaltda isinib yotgan bizlarni aylanib o'tishga majbur bo'lar edi. Shoxlari keng yoyilgan yong'oq daraxtlari ostidagi shinamgina qadimiy choyxonani va soqoli qordek oppoq choyxonachini eslayman, u bu yerga bir piyola choy ichib, soyada dam olib ketishga kelganlarga, jumladan birinchi sinf o'quvchisi men va mening otamga, astoydil qadimiy afsonani gapirib berardi. Hamma uning gapini bo'lmay, jim o'tirib eshitardi.
Qadimgi afsona
Qadimgi zamonlarda Qatortol va Mahalla-tepa qishloqlari atrofida qo‘ylar podasiga qaraydigan keksa cho‘pon yashagan ekan. Podalar hayratlanarli darajada ko‘p bo‘lib, o‘z egalariga katta daromad keltirar edi. Ammo hayot abadiy emas, bir kun kelib cho‘pon vafot etgach, undan
minnatdor bo'lgan Mahalla-tepa ahli uning qabri ustiga kichik bir maqbara quradi. Bu hech qanday bezaksiz oddiy yodgorlik edi xolos, chunki keksa avliyo hayotida ham oddiy odam bo'lgan. Asta-sekin maqbara atrofida mozor kengayib bordi, u hozir ham 13-kvartal ichkarisida, atrofdagi turar-joy binolarining panasida ko'rinmay turibdi.
Boshqa bir rivoyatga ko‘ra, mozor Sohibqiron Amir Temurning buyrug‘i bilan muqaddas
qadamjoni qo‘riqlagan qalmoqlar yashagan joyda barpo etilgan. Aftidan, bu inshoot qadimgi ibodatxona o‘rnida qurilgan bo‘lsa kerak, u yerda qabr bo‘lmasligi ham mumkin...
Yana bir rivoyatga ko‘ra, Samarqand hukmdori Mirzo Ulug‘bekning tushiga avliyo Cho‘pon ota kirib, Temurning nabirasini qo‘y podalarini qo‘riqlagan avliyoning xotirasiga e’tiborsizlikda ayblaydi.
Xatoni tuzatish uchun buyuk olim darhol Chochga qurilish materiallari va ustalar ortilgan katta karvon jo‘natishni buyuradi. Shunday qilib, hozirgi ko‘chaga nomi berilgan mashhur Cho‘pon otaning hassasi tagidan suv chiqqan joyda maqbara qurilgan. Bu rostmi yoki yolg'onmi - hech kim bilmaydi. Arxeologlar va me’morlarning fikricha, majmua XVIII asr oxiri - XIX asr boshlarida paydo bo‘lib, qabristondagi ikki tomoniga daraxt ekilgan yo'lakning oxirida joylashgan.
U darvozaxonadan, mezanali kichik minoradan hamda maqbara va ko'p ustunli ayvonli masjiddan iborat. Atrofda qabristonga xos sukunat va osoyishtalik hukm suradi. Bu yerga negadir ekskursiya avtobuslari kelmaydi. Yodgorlik turistik firmalar qo‘llanmalarida ham tilga olinmagan. Afsus, hatto yaqin atrofdagi mahalla aholisining aksariyati qiziqarli tarixiy yodgorlik yonida yashashlarini bilmaydilar.
E'tiborga molik jihat shundaki, maktabda o'qib yurgan kezlarimda Mahalla-tepa qadimgi qishlog'ining vayronalari hali ham saqlanib qolgan edi va biz uyga qaytayotganda, bir nechta qadimiy paxsa uylar yonidan tez-tez o'tib turardik.
Bugun eski qadrdon choyxonaning o‘rniga zamonaviy "Chinor" kafesi qurilgan va endi o‘sha joziba, o‘sha yong‘oq daraxtlar va bizni, sho‘x bolalarni, karamel va yer yong‘og‘i bilan xursand qiladigan mehmondo‘st choyxonachi oqsoqol ham yo‘q…
Toʻqayzorlar
Xuddi shu yerda, yo‘lning narigi tomonida, biz olcha, olma, olxo‘ri, behi va boshqa mevalarni terishga boradigan sobiq "to‘qayzor"ning bir qismi mavjud edi. Bu mening bolaligimda shahar atrofidagi mashhur bog‘lardan qolgan xotira. Mevali daraxtzor yonida esa o‘sha bizni tekin mevalari bilan ta’minlab turadigan yong‘oq daraxtlari saqlanib qolgan edi. Biron-bir pioner lageriga yo‘llanma sotib olganlar u yerga yetib olish uchun aynan shu yong‘oqzor orqali keng so‘qmoqdan piyoda yurishi kerak edi.
Yaqindagina juda qadimgi yong‘oqzor o‘rnida to‘rt qavatli qadrdon uylar yonida ayniqsa qo'pol ko‘rinadigan bahaybat baland uylarni ko‘rib hayratga tushdim. Qo‘shni o‘rta maktab bugun zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘lganini ko'rib, xotiralar birin-ketin ko'z oldimdan o'tdi - men shunchaki o'tmishga o‘girilib, mavzeni bolaligimdagi holatida tasavvur qildim.
Qang'li qurg'on
O‘zimning sevimli "Kama" velosipedimda men ko‘pincha "Podmoskovnaya" toponimi bilan mashhur bo‘lgan avtostansiya hududiga tez-tez sayr qilishni yaxshi ko‘rar edim. 2, 8 va boshqa avtobus yo‘nalishlarining ana shu oxirgi bekati yonidan, hozir esa yer ostidan Izza soy daryosi oqib o‘tadi. Aynan shu hududda yana bir arxeologik yodgorlik - Fozil qo‘rg‘on (ba’zan Qang‘li qo‘rg‘on deb ataladi) bor edi. Bu nom shu hududda yashagan va o‘z tarixini Qang‘ davlatidan boshlagan qang‘li-qang‘ar qabilasining nomiga borib taqaladi. Bu yodgorlik avval tilga olinganlardan qadimiyroq bo‘lib, IV-VI asrlarga oid.
Aholi turar joyi qal'a devori bilan o'ralgan va atrofdagi hududdan baland va qo‘lda qurilgan poydevor ustida joylashgan edi. Arablar istilosiga qadar Choch - Ming o‘rik hududi tarkibiga kirgan. Qazishmalar natijasida devorlarning zo‘ravonlik bilan buzilgani va yong‘inlar izlari aniqlangan. Aftidan, kichik qal’a garnizoni va aholi yashash joyi bosqinchilarga qattiq qarshilik ko‘rsatgan, natijada u vayron qilingan va faqat X-XII asrlarda qishloq qisqa vaqt mobaynida jonlangan.
Xayrobod eshon
Bu yerdan elektrobusga o‘tirib, yo‘lni davom etib, Qatortoldagi eski aylanma yo‘liga borish juda qulay. Uning yonginasida uzoq bo‘lmagan yetmishinchi yillarda chilonzorliklarga "Shuhrat" nomi bilan ma’lum bo‘lgan do‘kon qurilgan. Darvoqe, "Qatortol" nomi tom ma’noda qatorasiga ekilgan majnuntollarni anglatadi. Bu ko‘cha bo‘ylab haqiqatan ham majnuntollar uchraydi. Bu yerda juda diqqatga sazovor bir inshoot bor, afsuski, unga ham sayyohlarni deyarli olib kelishmaydi. Bu bir vaqtlar mavjud bo‘lgan keng No‘g‘oy qishlog‘idan qolgan vayronalar bo‘lib, ko‘pincha uni No‘g‘oy qo‘rg‘oni bilan adashtirishadi.
Qadimgi afsonaga ko‘ra, taxminan uch yuz yil oldin Xayrobod ismli bir tatar (no'g‘oy) kishiga tushida shunday ovoz kelgan:
O'toving ostonasiga yaqinda oq nor (tuya) keladi. Unga o‘tirib, boshing oqqan tomonga borasan. Nor to‘xtagan joydan baxtingni topasan.
Aytishlaricha, bu bashorat to‘g‘ri chiqqan: nor Xayrobodni hozir maqbara va masjid joylashgan Chilonzor qo‘rg‘oniga olib kelgan. Yaqin-yaqingacha u yerda chuqur hovuz ham bor edi. Arxeologlarning ma’lumotlari yodgorlikning qurilgan vaqtini tasdiqlaydi - u XVIII asrga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, g‘isht terish sifatining pastligi (boshqa inshootlardan farqli o‘laroq), rejaning noaniqligi, binolarning pastligi qurilish san’atining pasayishi va mahalliy aholining og‘ir hayotidan dalolat beradi. Katta ehtimol bilan, qurilish Toshkent chorhokimligi davrida olib borilgan - bu shahrimiz tarixining juda qiyin kunlariga to'g'ri keladi.
Men bu yodgorlikning ayanchli holatdagi ko'rinishini hali eslayman. Ammo restavratorlarning sa’y-harakatlari bilan u yaxshi holatga keltirildi. Ekskursovodlarimizdan aynan shunday kichik yodgorliklarga iloji boricha ko‘proq e’tibor qaratishlarini so'ramoqchiman, chunki kattalari shundoq ham mashhur.
Chilonzor ota
Qatortol ko'chasidagi aylanma yo'lidan mashhur "O'zbekfilm" kinostudiyasi yaqinida joylashgan yana bir yodgorlikka yo'l olamiz. Bu yerda ham eski afsonaga quloq solamiz:
Qadim zamonlarda Shoshning chekkasida bir taqvodor musulmon yashagan ekan. U uzoq vaqt to'g'ri yashab, shayx unvoniga sazovor bo'ldi va hayotining oxirlarida chilonjiyda va uning shifobaxsh xususiyatlariga ega mevalariga qiziqishi bilan mashhur bo'ldi. Bu oddiy daraxt chuqur ildiz otadi va qurg'oqchilikka ham oson dosh beradi. Tabiatning bu mo'jizasini sevib qolgan shayx uyining atrofida jiyda daraxtlarini ishtiyoq bilan ekadi, shuning uchun u tirikligidayoq Chilonzor-ota, hudud esa Chilonzor deb nomlandi.
Afsona haqiqatmi yoki yo'q, lekin Chilonzor ko'chasida — qadimiy qabristonda — Chilonzor otaga atab qurilgan pastakkina maqbarani ko‘rish mumkin. Arxeologlarning fikriga ko‘ra, yodgorlik XIX asr boshlarida qurilgan. Ikkinchi taxmin Toshkentning sobiq "shahar hokimi"
marhum Nikolay Guryevich Mallitskiyga tegishli. U 1917-yildan ancha ilgari shahar tarixini maxsus o‘rgangan va buning uchun 1907-yilda Toshkent mingboshisi tomonidan berilgan haqiqiy hujjatlardan foydalangan.
Bu ishda uning yordamchilari ham bo'lgan, ular aholining shikoyat va arizalarini sidqidildan yig‘ishgan, ularda, odatda, joy (mavze) yoki mahalla nomi ko‘rsatilgan. Uzoq davom etgan bu mehnatning samarasi o‘laroq,
"Toshkent mahalla va mavzelari" (hozirda juda noyob) kitobi dunyoga keldi. Unda "Chilonzor" nomiga berilgan izohni uchratish mumkin. Faqat N. G. Mallitskiy bu nomni "Chinorzor" deb talqin qiladi, bu esa xalq orasidagi gap-so‘zlarni butunlay inkor etadi.
Muqaddas bayroqdor
Chilonzor ko'chasidan "Milliy Bog'" (ilgari "Yoshlik") metro bekati yaqinidagi Bozsu kanali ustidagi ko'prikka o'tamiz. Uning yaqinida shaharning o'n ikki darvozasidan biri - Kamolon darvozasi joylashgan bo'lgan. Bu va boshqa ikkita janubiy - Samarqand va Beshyog‘och darvozalarining yonida keng qabristonlar joylashgan bo‘lib, ularning hududlarida hurmat qozongan avliyolarning maqbaralari bo'lgan. Bizning davrimizgacha saqlanib qolgan Kamolon qabristonida Xo‘ja Alambardor bobo maqbarasi joylashgan. Tarixda u Qaffol Shoshiyning safdoshi sifatida tanilgan.
Ikkalasi ham Toshkent okrugida islom dinini targ‘ib qilgan va ikkalasi ham xizmatlari e’tirof etilgan holda hayotdan ko‘z yumgan. E’tiborlisi, ulardan birinchisining ismi "bayroqdor". Rivoyatlarga ko‘ra, ikki tomoni terakzor xiyobon olib boradigan maqbara avliyo vafotidan 1300-yil o‘tgach, uning qabri ustiga qurilgan. Aniq ma’lumotlar yo‘q, ammo turli tadqiqotlar yodgorlik XVIII asrga oid ekanligini ta’kidlash uchun asos bo‘ldi. Mayli, shunday bo‘lsin, lekin shunga qaramay, maqbara musulmon dunyosidagi eng mo‘tabar ziyoratgohlardan biri hisoblanadi.
"Kamolon" qabristoni yonidan o'tadigan Baynalminal ko'chasi bo'ylab Chilonzorning maydonlaridan biri - Oqtepa tomon borish mumkin. Ko'prik orqali burilib, sobiq Sergey Yesenin, hozir esa Nurafshon ko'chasi nomini olgan yo'l bilan Chilonzordagi yo'q bo'lib ketishiga sal qolgan arxeologik yodgorlik - Oqtepaga kelamiz. Bu yerda IV-XVI asrlarga oid qadimgi qal'aning qoldiqlari joylashgan. Bino ancha baland bo‘lib, baland tepalikda joylashgan va kuchli devorlar bilan o‘ralgan, lekin qal’alari bo‘lmagan (ular keyinchalik - XIV-XV asrlarda Yevropada paydo bo‘lgan).
Arxeologik topilmalar xususiyatiga ko‘ra, bu bino zardushtiylik xudolaridan biri sharafiga qurilgan himoyalangan ibodatxonalar turiga mansub edi. Uning joylashgan joyi voha poytaxti Mingo‘rik hududiga tegishli bo‘lgan.
XX asrning ikkinchi yarmida esa shahar tashqarisidagi ushbu hududda hozirgi 13, 14 va 15-dahalar oralig‘ida joylashgan bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari joylashtirila boshlangan. Bundan bir necha yil muqaddam bilishimcha, men yashaydigan o‘n to‘rtinchi kvartal o'rnida 1966-yildan ancha ilgari makkajo‘xorizor joylashgan ekan.
Yaqin o'tmish
Ma’lumki, bu turar joy mavzesi mashhur va qayg'uli Toshkent zilzilasidan sal oldinroq qurila boshlangan edi. O‘sha davrdagi shahar xaritasida (1963-yil uchun) biz kelajakdagi ulkan turar-joy va "jamoat" binolari majmuasining faqat kichik bir qismini ko‘rishimiz mumkin. Chilonzor ko‘chasi Pioner ko‘chasi (hozirgi Arnasoy ko‘chasi) bilan bir qatorda faqat Chilonzorning hozirgi piyodalar hududi - Gagarin ko‘chasigacha yetib borgan. Ya’ni, mavzening faqat birinchi dahasi qurilgan bo‘lib, u yer qimirlashi avj olgan dastlabki oylardayoq ko‘p sonli odamlarni qabul qilgan edi.
Umuman olganda, 1958-yildagi "Toshkent" ma’lumotnomasiga ko‘ra, "Chilonzorning bo'sh yotgan yerlarida" yangi uylar qurilishi 1956-yildayoq boshlangan. Demak, xarita-sxema chiqqunga qadar yetti yil ichida atigi ellik oltita turar-joy binosi qurishga ulgurishgan (ha, shunday, erinmasdan, shaharning elektron xaritasida hammasini qayta hisoblab chiqdim). Faqat turar-joy binolarini sanadim, keyin qurilmaganlari hisobga olinmagan. Exxe, "Chiziq ortidagi" hududlarni qurish bo‘yicha qanday rejalar bor edi-a!
Yashash dahalari majmualari o'zaro bog' bilan birlashtirilishi, sport maydonchalari va suv havzalari (ya'ni, basseynlar) bilan ta'minlanishi kerak edi. Bolalar bog'chalari va yosh bolalar uylari (yasli) esa aynan shu tarzda, alohida, "shovqinli transport magistrallaridan uzoqda" joylashishi kerak edi. Shu bilan birga, ular jamoat inshootlarini o'rab turgan turar-joy binolaridan iborat butun majmualar bo'lishi kerak edi.
Sevimli kinoteatr
Masalan, "quturgan tuya ustidagi sayohat" boshlanishidan to'rt yil oldin ochilgan "Chayka" kinoteatri yoki bir necha yil oldin o'rnida premium restoran paydo bo'lgan o'sha jamoat hammomi. Yoki ikki yil keyin ochilgan kinoteatr hamda mavze bilan nomi bir xil savdo markazi.
Yashash binolari atrofida daraxtlar ekilishi va bolalar hamda kattalar uchun dam olish maydonchalari tashkil etilishi shart edi. Bundan tashqari, loyihada yana bir maqsad ko'zda tutilgan edi — mavze aholisi turli jamoat binolaridan foydalanganda avtomagistrallarni kesib o'tishda qiyinchiliklarga duch kelmasligi kerak edi. Ya'ni, agar siz pochta bo'limiga bormoqchi bo'lsangiz, daha bo'ylab yurishingiz kerak edi. Do'konga yoki bolalar bog'chasiga bormoqchi bo'lsangiz bunda ham muammo yo'q — har xil turdagi transport harakatlanib turgan yo'lni kesib o'tish shart emas.
Mavzening birinchi dahasida bo‘lganingizda, turar-joy binolarining birinchi qavatlariga e’tibor bering. U yerda do‘konlar ko‘p. Yo‘q, siz o‘ylagan uylar emas, ya'ni bu savdo-sotiq uchun sotib olingan xonadonlar emas, balki maxsus loyiha bo‘yicha do‘konlar uchun ajratilgan maydonlardir. Hatto tashqi ko‘rinishi qisman o‘zgarmagan do‘kon saqlanib qolgan uyning raqamini ham aytaman - bu 14-uy. U Muqimiy ko‘chasi bo‘yida joylashgan bo‘lib, unda do‘konning old tomoni biroz oldinga egilgan va pastga qaragan. Yoki Gagarin ko‘chasi bo‘yida joylashgan hozirgi 64-uyda joylashgan butun Chilonzorga mashhur bo‘lgan kitob va non do‘konlari.
Ana shu kitob do'konidan, endi uzoq bo'lgan 1990-yilda, naqd yigirma besh rublga men ajoyib bir kitob — "Antik davr lug'ati"ni sotib oldim. Bu uchun keyin bir hafta davomida onam menga "qattiq tanbeh berdi", chunki kitob juda qimmat edi. Lekin hozirgacha bu qilgan ishimdan afsuslanmayman.
Bu nima uchun qilindi? Aynan aholi qulayligi uchun — kattalar yoki kolyaskali yosh onalarga tik zinapoyalar orqali yuqoriga chiqish qiyin bo'lmasligi uchun.
"Chilonzor" savdo markazi
O'sha "Chilonzor" savdo markazini ham eslaymiz. O'sha paytlarda u butun O'rta Osiyodagi eng yirik savdo markazi hisoblangan. O‘sha yillarda u nafaqat o‘ziga xos ko‘rinishga ega edi, balki avvaldan "xuddi o‘sha savdo markazi" sifatida yaratilgan bo‘lib, u yerdan Xudo ko‘ngilga solgan hamma narsani sotib olish mumkin edi.
Aynan shu yerdan dadam menga birinchi va yagona "Smena 8m" fotoapparatini olib bergan, undan men ko'p yillar davomida foydalandim. Fotoplyonka, proyavitellar, mahkamlagichlar, fotoqog‘oz, kanselyariya buyumlari, stol lampalari, bra, har xil model va shakldagi mebellar, barcha turdagi kiyim-kechaklar, o‘yinchoqlar, sport anjomlari - bu yerda hamma narsa bor edi! Tamaddi qilmoqchi yoki to‘yib ovqatlanmoqchi bo‘lsangiz, marhamat, bufet yoki butun boshli qahvaxona xizmatingizga tayyor. Bu yerdagi sutli kokteylning mazasi hali ham og‘zimda turibdi! Yoshligimda borishga muyassar bo‘lgan
shaharning boshqa joylarida bunaqasi yo‘q edi.
Ko‘pincha aynan o'zim yoqtirgan ichimlik tufayli ota-onamdan "torgoshka"(u yerning shunday xunuk nomi bor edi)ga borish uchun pul so'rardim. Bir-ikki stakan ichsang, kechgacha qorning to‘yadi. Agar malina sharbati bilan bo‘lsa-chi...
Ko'pincha otam ikkimiz "Chayka" kinoteatriga borardik. Chunki bu yerda katta ekran va ajoyib bufet bor edi, u yerdan seans oldidan esa pomidor yoki olma sharbati va makkajo'xori tayoqchalarini sotib olardik. Chiptalar uchun navbat ba'zan filmning "reytingiga" qarab yuz metrga borib chiqardi.
Kinodan keyin esa, albatta "torgoshka"ga borardik, u yerdan hech bo‘lmaganda mayda xaridlar qilmasdan chiqmasdik. U yerdagi gramplastinkalar bo‘limini aytmaysizmi! Mening musiqa to‘plamimning katta qismi aynan shu yerdan sotib olingan: gigant disklar, minyon plastinkalar, chet el yulduzlarining qo‘shiqlari. Ushbu bo‘limdan faqat "Xamza" (hozir "Novza")metro bekati yonidagi, "Melodiya" deb nom olgan do‘kon boyroq bo‘lishi mumkin edi.
Hatto keyinroq sobiq "Brodway"da qurilgan "Disk" doʻkoni ham bunday plastinkaga boy emasdi. Hozirgacha bu ulkan majmuada sartaroshxona, soatsozlik va koʻzoynak taʼmirlash xizmatlari, va eng qizig'i, pochta boʻlimi saqlanib qolgan. Bu ajoyib, jozibador va murakkab meʼmoriy inshootning mualliflari oʻsha paytda yosh boʻlgan, bizning toshkentlik meʼmorlar V. L. Spivak, A. B. Kryukov, A. A. Sidelnikov va Ye. F. Yasnogorskaya edi. Ular oʻzlaridan ana shunday, go'yoki qoʻl bilan yaratilmagan yodgorlik qoldirishgan. Loyiha mualliflarining ismlari oʻyib yozilgan kichik, kamtarona esdalik taxtasini oʻrnatishni taklif qilgan bo'lardim.
Labi Hovuz
Orqaga, Muqimiy ko‘chasi tomonga o‘tsak, o‘ng tomonda uzoqlashib ketayotgandek kichkina ko‘cha ko‘rinadi. Bu hozirgi Labi Hovuz ko‘chasi bo‘lib, bir paytlar qadimiy zaminimizda deyarli hech narsasi bilan ajralib turmagan o‘tgan asrning sayyoh siyosiy arboblaridan birining nomi bilan atalgan. Taxminlarga ko‘ra, u yaqin o‘tmishdagi "shoxli" trolleybuslar o‘tishi uchun maxsus yotqizilgan. Ehtimol, xuddi shunday bo‘lgandir. Chunki ko‘cha to‘ppa-to‘g‘ri sobiq ikkinchi trolleybus parki darvozasiga borib taqalardi.
Shu ko'chada ham, o‘sha paytda hali keng bo‘lmagan Pionerskaya ko‘chasida ham “tunab qolgan” trolleybuslarni ko‘rardim. Ularga, o‘ylashimcha, parkda joy yetmagan, shuning uchun kech vaqtgacha ishlagan haydovchilar trolleybuslarni tom ma’noda ko‘chada qoldirishgan.
Afsuski, hozir Chilonzorda ko'p narsa o'zgargan - trolleybus va tramvay parklari yo'q, lekin men uchun u o'sha, daraxtlari katta, navqiron Chilonzor bo'lib qoladi. Va oxirida, ishonish qiyin bo'lgan, lekin haqiqatan ham sodir bo'lgan bir tarixiy voqeani gapirib beray.
Chilonzordagi yo'lbarslar
Qachonlardir Chilonzor hududining hammasi mevali bog'lar bilan o'ralgan, kanallar atrofi esa hozirda yo'q bo'lib ketgan Turon yo'lbarslari yashagan qalin to'qayzorlardan iborat edi. XIX asrning 70-yillari o'rtalariga kelib, ular 54-razyezd yaqinidagi Zangiota va No'g'oy qo'rg'on qishloqlari yonida ham o'zini juda erkin his qilishardi. Ba'zan ular aholi yashaydigan joylarning ko'chalarigacha kirib kelishar, natijada odamlar hatto kunduzi ham uylaridan chiqishga qo'rqishardi.
1879-yil yanvar oyida Toshkentda qalin qor yog‘gan, shundan foydalanib, qishloqning ikki ovchisi va Zangiota biyining o‘zi uch kishilik guruh bo‘lib, miltiqlar bilan qurollanib, atrofdagi hududni vahima ostiga olgan juda yovuz yirtqichni yo‘q qilishga qaror qildilar. Jangning tafsilotlari noma’lum, lekin uning oqibatlari fojiali bo‘ldi. Yo‘lbarsni yotgan joyidan haydashga muvaffaq bo‘lishdi, ammo u birinchi bo‘lib hujum qilgan bo‘lishi mumkin, chunki biyni o‘limga olib keladigan darajada yarador qilgan, qolgan ikki ovchini esa yirtib tashlagan, o‘zi to‘qayzor ichiga qochib ketgan.
Turkiston ovchisi E. T. Smirnovning guvohligiga ko'ra, bu Toshkent atroflarida yo‘lbarsning oxirgi marta paydo bo‘lishi edi. Ehtimol, shundaydir, lekin mening yaxshi tanishlarimdan biri hikoya qilishicha, o‘tgan asrning 50-yillari oxirida uning otasi tabel "Mauzer"i bilan qurollanib, postdan qaytib kelayotganida, hozirgi Qorasuv mavzesi hududida yo‘lbarsni otib o‘ldirgan.










