Toshkentning modern arxitekturasi UNESCOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritildi

Bugun UNESCO Butunjahon merosi qo‘mitasining 48-sessiyasi yakunlariga ko‘ra, “Toshkent modernizm me’morchiligi. Markaziy Osiyoda zamonaviylik va an’analar” milliy nominatsiyasi doirasiga kiritilgan Toshkent modernizmining o‘nta noyob me’moriy obyekti UNESCO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritildi. Mazkur qaror Qo‘mitaning Pusan (Koreya Respublikasi) shahrida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida qabul qilindi. Bu haqida Press ASDF Matbuot xizmati xabar berdi.

Toshkentning modern arxitekturasi UNESCOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritildi

O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda UNESCO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyasi delegatsiyasi 2026-yil 19–29-iyul kunlari Koreya Respublikasining Pusan shahrida bo‘lib o‘tayotgan UNESCO Butunjahon merosi qo‘mitasining 48-sessiyasida ishtirok etdi.

UNESCO Butunjahon merosi qo‘mitasi 48-sessiyasining asosiy masalalaridan biri “Toshkent modernizm me’morchiligi. Markaziy Osiyoda zamonaviylik va an’analar” milliy nominatsiyasini UNESCO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritish masalasini ko‘rib chiqish bo‘ldi.

Mazkur nominatsiya XX asrning ikkinchi yarmiga oid modernistik me’morchilikning turli yo‘nalishlarini aks ettiruvchi jamoat, madaniyat, turar joy va muhandislik inshootlarining o‘nta noyob namunasini o‘z ichiga oladi: “Marvarid” (“Jemchug”) turar-joy binosi, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi, “Xalqlar do‘stligi” saroyi, O‘zbekiston davlat san’at muzeyi, Toshkent davlat sirki, O‘zbekiston badiiy akademiyasining Markaziy ko‘rgazmalar zali (Oʻzbekiston Rassomlar uyushmasi ko‘rgazmalar zali), O‘zbekiston kino san’ati saroyi, “Eski Juva” bozori (Chorsu), “Kosmonavtlar” metro bekati hamda “Quyosh” geliokompleksi.

Mazkur obyektlarning UNESCO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilishi O‘zbekiston me’moriy merosining xalqaro miqyosda yuksak e’tirof etilgani hamda uni asrash va targ‘ib qilish yo‘lidagi yangi bosqichni anglatadi. O‘zbekiston delegatsiyasining ishtiroki esa butun dunyoga mamlakatimizning milliy madaniy merosni asrab-avaylash, o‘rganish va ommalashtirish borasidagi bugungi izchil davlat siyosatini namoyish etdi. 

O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi hamda O‘zbekiston Respublikasining UNESCO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyasi raisi Gayane Umerova shunday dedi:

«Mazkur obyektlarning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilishi O‘zbekistonning zamonaviy me’morchilik tarixining muhim qismini XX asr merosi va jahon modernistik harakati kontekstiga qaytaradi. Ushbu binolar Toshkentda me’morchilik orqali jamoat hayoti, jamoaviy o‘zlik va kelajak haqidagi tasavvurlar qanday shakllanganini aks ettiradi. UNESCOning ushbu e’tirofi bizga uzoq muddatli mas’uliyat ham yuklaydi — bu binolarni eng yuqori professional darajada asrash, ularning shahar hayotidagi ajralmas o‘rnini ta’minlash va ular haqidagi bilimlarni kelajak avlodlarga yetkazishdir.»

Mazkur nominatsiya O‘zbekistonning so‘nggi 25 yil ichida UNESCO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan ilk milliy obyekti bo‘ldi.

Ulashish:

Shuningdek o‘qing

Yangiliklar

HD tahririyatidan maktub

Haftada bir marta Markaziy Osiyoning eng yaxshi materiallari, voqealari va madaniy kashfiyotlarini yuboramiz.