Ushbu fotolavha “Xaritalar va hududlar” deb nomlangan katta fotoloyihaning birinchi qismi. Bir nechta fotoesseda biz zamonaviy O‘zbekistonni sharqona qarashlar va g‘aroyib andozalarsiz ko‘rib chiqishga harakat qilamiz. Biz media nazaridan chetda joylashgan hududlar qanday yashayotgani haqida hikoya qilmoqchimiz. Hujjatli film yo‘nalishi O‘zbekistonning tarixiy markaziy hududlari, Farg‘ona chegaraoldi mintaqalari, sanoat shaharchalari va Qoraqalpog‘iston chekkalarini anglash uchun juda mos keladi.
Birinchi hikoyamiz fotosuratchi Ildar Sodiqovning G‘ilon va Ko‘l qishloqlaridan olingan lavhalari va suratlariga asoslangan. Asli toshkentlik bo‘lgan Ildar, vaqt chang bosgan betonli shaharlarga qaraganda bir necha baravar sekinroq o‘tadigan sokin tog‘li qishloqlarni o‘rganadi.
* * *
Har ikkala qishloq aholisi dehqonchilik va bog‘dorchilik bilan shug‘ullanadi. Bir qarashda bunda hech qanday g‘ayrioddiylik yo‘q, chunki O‘zbekiston o‘troq dehqonchilik madaniyatiga ega. Biroq g‘ilonliklar va k o‘lliklarning yerga ishlov berish usullari sovet va “hosil uchun kurashlar” davrining ufurini saqlab qolgan tekislikdagi qishloq xo‘jaligidan keskin farq qiladi.
Qashqadaryodagi G‘ilon qishlog‘i 2019-yilgacha begonalar uchun yopiq edi. U Tojikiston bilan chegarada joylashgan bo‘lib, ular bilan munosabatlar keskinlashgan edi. Chegara rejimi qat’iyligi sababli u yerga faqat mahalliy aholi kira olardi.
Ildar Sodiqov: G‘ilon – vaqt o‘tgan asrning 70-80-yillarida to‘xtab qolgan dunyodir. Bu uzoq umr ko‘ruvchilar, hunarmandlar va bog‘bonlar qishlog‘i. Bugun u fotosuratchilar va tadqiqotchilar tufayli qayta kashf etildi. Dastlabki suratlar e’lon qilingach, bu yerga yo‘llar o‘tkazildi, sayyohlar uchun infratuzilma yaratildi. Lekin baribir bu yerda haqiqiy hayot sezilib turadi - bu “sun’iy” Samarqand yoki “yasama” Buxoro emas.
Bu yerdagi odamlar dengiz sathidan 2600 metrdan 2900 metrgacha bo‘lgan balandlikda yashaydi. Yozda harorat issiq va quruq Qashqadaryo pasttekisligidagi kabi 25 darajadan yuqoriga ko‘tarilmaydi. “Balandlik tufayli ularda mavsumlar ham kechiktirilgan. Tekislikda bahor bo‘lsa, bu yerda qish davom etayotgan bo’ladi. Masalan, olcha faqat may oyining oxirida gullaydi,” - deydi Sodiqov.
Qishloqqa olib boradigan tog‘ yo’lidan har qanday avtomobil ham o‘tavermaydi – hozir yo‘lda “Captiva”larni ham, “Lasetti”larni ham ko‘rish mumkin, lekin ilgari yo‘lsizlikni faqat “Niva”lar, sovet mototsikllari va eshaklar yengardi. Mahalliy aholi uchun bunday balandlik muammosi yo‘q: tik yonbag‘irlarda hatto keksalar ham pichoq kabi o‘tkir uchli tayoqlarga tayanib, osongina harakatlanishadi. Bu yerdagi odamlar toza havo, tabiiy oziq-ovqat va doimiy jismoniy mehnat tufayli baquvvat va sog‘lom.
G‘ilonda O‘zbekistonda eng yaxshi hisoblangan to‘q sariq rangli gilos, yong‘oq, o‘rik, kartoshkaning alohida navi yetishtiriladi. Gilonliklar yong‘oq, meva, ayniqsa, gilosdan pul ishlay boshladilar - bu yerga pastlikdan savdogarlar kelishadi. Ilgari bir qop unni bir qop yong‘oqqa almashtirish amaliyoti mavjud edi, ammo bu faqat 2019-yilgacha davom etdi.
Ildar Sodiqov: Mahalliy aholi juda yopiq, biroq menga o‘rganib qolgach, ular hatto ayollarni ham suratga olishimga ruxsat berishdi - ilgari buni tasavvur ham qilib bo‘lmasdi. Menga uy qurish uchun yer taklif qilishdi, “agar qolishga qaror qilsang, butun qishloq birgalashib uyingni qurib beramiz”, deyishdi. Bu yerda ishonch oddiy salomlashishdan ko‘ra ko‘proq ma’no kasb etadi.
Men turgan uyning egasi asli g‘ilonlik. U shu qishloqlik qizga uylangan, ammo qiz Shahrisabzda uzoq vaqt yashagan. Ularga yetti yil davomida uy qurishga ruxsat berilmadi – qishloqqa chinakam sodiq ekanliklarini isbotlamagunlaricha. Qarindoshlarinikida, do‘stlarinikida yashadilar, ikki farzand ko‘rdilar – shundan keyingina qurilishga oq fotiha olishdi.
G‘ilondan 12 kilometr uzoqlikda Ko’l qishlog‘i joylashgan bo‘lib, uning aholisi o‘zlarini Makedoniyalik Aleksandr jangchilarining avlodlari deb hisoblashadi. Yorqin ko‘zlari, qat’iy urf-odatlari, alohidaligi darhol e’tiborni tortadi. Ko’lliklar orasida hanuzgacha boshqa millat va hududlar vakillari bilan nikohdan o‘tish odat tusiga kirmagan, ayollar erkaklar hamrohligisiz uydan chiqishmaydi, sigaret va spirtli ichimliklar sotib olishning iloji yo‘q.
Qo‘shnisiga nisbatan G‘ilon zamonaviy tuman markazi bo‘lib ko‘rinadi. “Ko’llik erkaklarning ichgisi kelsa, G‘ilonga kelishadi – Ko’lda quruq qonun amal qiladi”, – deya eslaydi fotograf.
Zamonaviylik ikkala qishloqqa ham asta-sekin kirib kelmoqda. Qattiq qoplamali yo‘llar paydo bo‘ldi, mobil aloqa mavjud – avvaliga Beeline uzoqroqqa minora o‘rnatdi, keyin Uzmobile o‘z minorasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri Ko’lga o‘rnatdi. Sodiqov ekspeditsiya bilan ikkinchi marta kelganida, ularni allaqachon telefonlarga suratga olib, Instagramga joylashtirish boshlangan edi.
Ildar Sodiqov: Mahalliy aholining an’anaviyligiga qaramay, eski narsalarni saqlab qolishni istamasligi e’tiborni tortadi. Ko’lda deyarli barcha eski uylar buzib tashlandi, endi aholi bu haqida afsuslanmoqda. G‘ilonda 250-300 yillik binolar saqlanib qolgan, ammo asllik asta-sekin yo‘qolib bormoqda – men G’ilonga yana 3-4 yil beraman, keyin u oddiy qishloqqa aylanadi.
Bu yerdagi turmush oson emas. Ba’zi oilalar joylashib olgan, lekin ko‘pchilikda hojatxona va hammom ko‘chada, suv yo‘q, hamma narsa eski usulda qilinadi. Masalan, Ko’lda hatto hojatxona qog‘ozi ham yo‘q - uning o‘rniga maxsus loy ishlatiladi.
G‘ilon va Ko’l tojik tilida so‘zlashuvchi aholi yashaydigan joylar bo‘lib, ularning shevasi qadimiy va juda kitobiy, deydi Sodiqov. Deyarli har bir uyda sun’iy yo‘ldosh antennasi bor - bu yerda asosan Rossiya televideniyesi tomosha qilinadi. Erkaklar uzoq vaqtdan beri Rossiyaga ishlash uchun borishadi va odatdagi o‘zbek va tojik tillaridan tashqari rus tilida ham gaplasha olishadi.
Hikoya yoqdimi? Instagram va Telegramda bizni kuzatib boring – u yerda yanada qiziqarli ma’lumotlar bor.