Shota Rustaveli ko‘chasi Toshkent xaritasida XIX asrning ikkinchi yarmida paydo bo‘lgan. O‘sha paytda u “Dala hovli” (“Dachnaya”) deb nomlangan va Turkiston general-gubernatorining bog‘iga olib borgan – hozir uning o‘rnida Bobur bog‘i joylashgan. 1938-yilda sovet Toshkent hokimiyati o‘tmish sarqitlaridan xalos bo‘lishga qaror qildi – shu tariqa manzil yozuvlarida buyuk gruzin shoirining nomi paydo bo‘ldi. 1991-yilda, O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng, ko‘cha boshqa bir shoir – namanganlik taniqli Usmon Nosir sharafiga qayta nomlandi. 2010-yilda unga avvalgi nomi qaytarildi.
Hozir Rustaveli ko‘chasi bo‘ylab Do‘stlik bog‘i, Grand Mir mehmonxonasi, fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudi, “Saodat” savdo markazi, Shveysariya elchixonasi va Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ofisi joylashgan. Atrofda premium toifadagi uy-joylar va ofis binolari faol ravishda qurilmoqda. Yaqinda tuman arxitektura ansambli qiziqarli obyekt – Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi binosi bilan to‘ldirildi.
O‘zbekistonni professional fotorassom sifatida tadqiq etayotgan toshkentlik Ildar Sodiqov uchun bunday renovatsiya faxrlanishdan ko‘ra ko‘proq qayg‘uga sabab bo‘lmoqda.
* * *
Bolaligimning eng yorqin xotiralari haqida so‘rashganda, birinchi navbatda xayolimga Shota Rustaveli ko‘chasi keladi. U yerda 19 yoshimgacha yashaganman, butun bolaligim “Rossiya” mehmonxonasi yonida o‘tgan. Bu o‘ziga xos hudud bo‘lib, har bir ko‘chasi, har bir hovlisi, har bir burchagi o‘z muhitiga ega edi.
Bir paytlar Kirov bog‘i nomi bilan atalgan Bobur bog‘i, do‘stlarim bilan to‘p tepgan “To‘qimachi” stadioni («Текстильщик») – bu joylar bir umr xotiramga muhrlangan. Biz zerikish nimaligini bilmasdik, quvonchni eng oddiy narsalardan qidirardik.
Ba’zilar ko‘cha deyarli o‘zgarmagan deyishadi: o‘sha davrlarni eslatuvchi eski to‘rt qavatli, uch qavatli, yetti qavatli uylarning fasadlari o‘sha-o‘sha. Umuman olganda, bu hudud ko‘p yillar oldin qanday bo‘lsa, shundayligicha qoldi, ammo his-tuyg‘ular o‘zgardi. Eski, shinam hovlilar o‘rnida yangi qurilgan imoratlar paydo bo‘ldiki, nazarimda, bu mahalladagi uyg‘unlikni buzib qo’ydi.
Rustaveli ko‘chasi eski Toshkent timsoli edi – hozir unday emas.

Men ularni yomon deb ayta olmayman, lekin ular go’yoki o‘z o‘rnida emasdek. Bir paytlar bu ko‘cha nafaqat yashash joyi, balki shahar markazidagi sokinlik orolchasi ham edi.
Yana “Pionerlar uyi” ham bor edi – bu butun bir olam, ijod, do‘stlik va yangi kashfiyotlar dunyosi edi. Maktab tadbirlarida qatnashardim, musobaqalarda she’rlar o‘qirdim, qurultoy va yig‘ilishlarda ishtirok etardim. Chorshanba kunlari do‘stlarim bilan kino ko‘rgani boradigan “To‘qimachilar saroyi”ni ham eslamay ilojim yo‘q, bu biz uchun katta voqea edi. Saroyda ko‘rgazmalar, tanlovlar o‘tkazilgan, fotosuratchi sifatida ko‘p narsalarni o‘rgangan izostudiya ham bo‘lgan.
Bu ko‘chadagi eng esda qolarli joylardan biri “Shodlik” («Радость») do‘koni edi. Bu do‘konda men va do‘stlarim biz uchun haqiqiy xazina bo‘lgan o‘yinchoqlarni sotib olardik. Hozir bu do‘kon yo‘q, u turgan joy ham allaqachon qarovsiz qolgan.
U dunyo endi yo‘q va bu katta yo‘qotish.

Men har doim bu ko‘cha bolaligimda qanday bo‘lsa, shunday qolishini xohlardim. Umid qilamanki, ko‘p qavatli uylar qurilishi to‘xtatiladi, men uchun qadrli bo‘lgan joylarni vayron qilish to‘xtaydi. Ko‘cha o‘sha-o‘sha yashilligicha qolsin, unda kesilgan daraxtlar o‘rniga ko‘proq daraxtlar ekilsin. Men qadrlaydigan qulaylik va sokinlik hissi qolsin.
Bu hudud o‘ziga xosligini, muhitini yo‘qotishini istamayman. Bolaligim haqidagi xotiralarni o‘chirib tashlashlarini istamayman. Shota Rustaveli shunchaki ko‘cha emas. Bu mening hayotim, mening uyim, mening tarixim.
Hikoyamiz yoqdimi? Instagram va Telegram orqali bizni kuzatib boring – u yerda yanada qiziqarli ma’lumotlar bor.