BAYROQLARNING PAYDO BO‘LISHI
Ramzlar asosidagi san’at
Hozirgi kunda bayroqlar sodda naqshlar tushirilgan mato
ko‘rinishiga ega bo‘lsa-da, ularning o‘tmishdoshlari ko‘p hollarda muqaddas
ramzlar hisoblangan: ular
oddiy ramz bo‘lib qolmay, ko‘proq badiiy yoki
diniy timsol hisoblangan.
Dastlabki emblemalar ko‘pincha nayzalarga o‘rnatilgan metall bezaklardan iborat
edi.
Jangchilar qadimgi xudolarni ifodalovchi turli hayvonlar rasmi tushirilgan bayroqlari ostida jangga kirishgan: masalan, misrliklar sher va lochin qiyofasidagi urush xudolari Maaxes va Montudan ximoya izlagan, yunonlar esa Afinaning ramzi bo‘lgan boyqushga ishonishgan. Shunga o‘xshash harbiy buyum vazifasini harbiy-dala shtandartlari – veksillumlar ham bajargan, ular miloddan avvalgi IV ming yillikning oxirida tilga olinadi va alevrolit plastinasidan iborat. Iyerankopoldan
topilgan Narmer taxtachasida uchida
hayvon terisi ilingan tayoqlar ko‘tarib olgan to‘rtta bayroqdor tasvirlangan.
Qadimgi Rimda harbiy
bayroqlar diniy ahamiyatga ega bo‘lib, ular legion va uning homiysi borligini
ifodalagan. Odamlar bayroqlarda
qo‘shin kuchi jamlanadi, deya ishongan, shuning uchun ular alohida avaylab saqlangan. Xristianlik qabul qilinishi
bilan bunday muqaddas an’ana yo‘qolib ketmadi, aksincha, o‘zgardi. Laktansiyning
so‘zlariga ko‘ra, yangi ramz Malviya ko‘prigi yaqinidagi jang oldidan imperator
Konstantinga olib kelingan
va u Rim xudolarining odatiy ramzlarini Iso Masihning nasroniy monogramma
belgisi bilan almashtirgan. Shu tariqa «labarum» — xoch belgili bayroq paydo bo‘ldi.
Vaqt o‘tishi bilan bayroqlar
oddiy ramzdan ikonografiyaga o‘tdi hamda badiiy shakl himoya va ma’naviy birlik
g‘oyasi ostida birlashgan buyumlarga aylandi.
Bayroqdan gerbgacha
Bayroqlarda biror-bir guruhga
tegishlilikni anglatuvchi belgilardagi badiiy til vaqt o‘tishi bilan yanada
rasmiylashdi va jang maydonida farqlash oson bo‘lishi uchun vizual “imzo” ehtiyojlariga
javob bera boshladi. Gap shundaki, o‘rta asrlarda ritsar
dubulg‘a pardasini tushirganida,
yopiq dubulg‘a teshiklaridan begonalar qayerda-yu, o‘zinikilar qayerdaligini
ajratib olish qiyin bo‘lgan. Qolaversa, uning o‘zini ham qonli jangda farqlovchi
belgilarsiz ittifoqchi yoki dushman sifatida aniqlash mushkul edi. Shu tariqa sulolalarning
gerblari paydo bo‘lgan.
Gerblarning o‘z qoidalari paydo bo‘ldi, ular geraldik timsolda
tasvirlangan kompozitsiya va ranglar to‘plamini o‘ziga bo‘ysundira oldi. Masalan, Yevropa geraldikasi
bu ranglar jamlanmasini «to‘q» va «metall» ranglarga bo‘lardi, rangni rang
(ko‘k, yashil, qora, qizil, qirmizi) ustiga, metallni metall rang (tilla rang
yoki sariq, kumush rang yoki oq) ustiga tushirish mumkin emasdi, chunki ular yaxshi mos kelmasdi va ritsarlarga jang maydonida
o‘zinikilar va dushmanlarni ajratib olishga yordam bera olishi amrimahol edi.
Ammo gerb birgina ranglardan
iborat emas. Barcha bezak elementlari — xoh u hayvon tasviri bo‘lsin, xoh shakl
va chiziqlar — ular tarkibiy qismlarni yaratishardi hamda vizual ritmni hosil
qilardi. Gerb oddiy vositalar orqali oila, uning tarixi va mavqeini
ifodalardi. Estetika va ramzlar
o‘tmishning muqaddas belgilari
singari yana badiiy obyektlarni namoyon etardi. Bu yerda keyinchalik davlat
bayroqlariga asos bo‘luvchi vizual o‘xshashlik tizimi kuzatiladi: har bir detal
o‘z belgisiga ega va atrofdagilar tanib olishi uchun ko‘rinishini saqlab qoladi.
Bayroqning yaralishi
Aytish joizki, «bayroq» so‘zining o‘zi golland tilidagi vlag so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, u o‘z
navbatida qadimgi gollandcha «vlac» atamasiga borib taqaladi, bu «silkitish» yoki «xilpirash» deya tarjima qilinadi.
Bayroq aynan golland tilida paydo bo‘lganiga ajablanmasa ham bo‘ladi, chunki XVII asrda Niderlandiya yetakchi dengiz kuchlaridan biri va Yevropaning eng yirik kemasozlik markazi bo‘lgan. Bu yerda Ost-Indiya kompaniyasi hamda mamlakat floti uchun kemalar qurilgan va boshqa xorijiy mamlakatlar o‘z kemalarini shu yerdagi verf (kemaxona)lardan sotib olgan.
Dengizda suzish davri boshlangach, okeanlarni ko‘plab buyuk davlatlar
kemalari kezardi — oldingda dushman turibdimi yoki do‘st, buni maxsus
tanituvchi belgilarsiz aniqlash qiyin edi. Siyosiy tuzilmalar mayda knyazlik va urug‘lar jamoasidan
markazlashgan davlatlarga o‘tib, o‘z bayroqlariga ega bo‘la boshladilar. Shu
tarzda, XVI asr oxirida Ispaniyaga qarshi harakat bayrog‘i sifatida Prinsevlag
paydo bo‘ldi. Niderlandiyaning oddiy bayrog‘idan farqli o‘laroq, qizil chiziq
o‘rniga to‘q sariq (Oranj grafligi sharafiga) tanlangan edi. Keyinchalik, XVII
asrning o‘rtalariga kelib, qizil chiziqli bayroq davlat bayrog‘iga aylandi.
1600-yilda gollandlar
taxminan 1900 ta dengiz
kemasiga ega
edilar, bu o‘sha vaqtda 400 ta kemasi bo‘lgan ingliz flotidan deyarli besh
baravar ko‘p edi. G‘arbiy Yevropa tovarlarining asosiy qismi XVII asrda
Gollandiya kemalari tomonidan tashilgan.
Ular nafaqat Ispaniya, Fransiya, Angliya va Boltiq dengizi davlatlari o‘rtasidagi
savdoni, balki Fransiya portlari qirg‘og‘idagi oldi-sotdi ishlarini ham nazorat
qilgan. Hatto fransuz
uzumzorlari ham gollandlarning
xususiy mulki edi.
Bugungi Buyuk Britaniya
hududida hukmronlik qilgan qirol Yakov
I 1606-yilda proklamatsiyani qabul qiladi, unga ko‘ra, qirollikning barcha
kemalari ikkita birlashgan xoch tasvirlangan bayroqni ko‘tarib yurishlari shart
bo‘lgan — muqaddas Georgiy (Angliya belgisi
sifatida) va muqaddas Andrey (Shotlandiya belgisi sifatida) xochlari.
Ammo bayroqlar faqatgina
tanituvchi ahamiyat kasb etmagan; baʼzida ular xavotirli ishora belgisi vazifasini
bajargan. O‘lim va xavf belgisi hisoblangan
anʼanaviy qora rangdan qaroqchilar keng foydalangan. XVII-XVIII asrlarda
yashagan korsar (urush davrida o‘z
mamlakati hokimiyatining ruxsati bilan dushman kemalariga hujum qilish uchun
qurolli kemalardan foydalangan xususiy shaxslar)lar faqatgina qora rang bilan cheklanib qolmay, o‘z bayroqlarini
qo‘rquv uyg‘otish va o‘zlarining murosasizligini ko‘rsatish uchun odamning boshsuyagi va boshqa suyaklar,
qum soatlari va qurollar bilan bezatgan.
Shu tariqa, dengizdagi bayroqlar nafaqat mansublik belgisi, balki tahdid va
kuchning tasviriy tili ham edi.
Agar gerb sulola mavqeini ifodalagan bo‘lsa, bayroq butun davlatning
belgisiga aylangan. Mamlakatlararo
dengiz kemalari
davrining dastlabki yillaridagi
milliy bayroqlardan
vizual mantiq sifatida andoza olingan holda kelajakda bayroqlar yaratiladi,
bayroqning har bir detaliga mazmun va tanib olinadigan belgilar kiritiladi.
Badiiy uslublar evolyutsiyasi
Milliy bayroqlarning
rivojlanishi bilan asta-sekin aniqlik va geometriyaga o‘tiladi. Simmetriya, contrast
va aniq chiziqlarga
bo‘linish milliy vizual o‘ziga xoslikni shakllantiruvchi majburiy vositalarga aylanadi.
Ammo Yevropa
hukmdorlarining gerblari
qalqon va qal’a darvozalariga tushirilgan
bo‘lsa, Samarqandni barpo
etgan buyuk jahongir Amir Temurning gerblari tanga va muhrlarda zarb
qilingan. Temuriylar davlatining asosiy belgilaridan biri — «Temur belgisi» bu
teng tomonli uchburchak shaklidagi uchta bir xil doira bo‘lgan. Ushbu ramzni
birinchilardan bo‘lib ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixo tasvirlagan. Ispan
elchisining so‘zlariga qaraganda, bu doiralar dunyoning uch qismini bildirgan. Amir
Temur ushbu uch qism ustidan o‘z hokimiyatini o‘rnatmoqchi bo‘lgan. Yana bir talqinga
ko‘ra, bu belgida Temurning unvoni — Sohibqiron aks ettirilgan bo‘lib, u uch farovon
sayyora hukmdori» deb tarjima qilingan.
Bayroqlar haqida esa ma’lumotlar kamroq.
Tarixiy miniatyuralar va solnomalarda ko‘pincha oltin rangli yarim oy tasvirlangan qizil bayroqlar
uchraydi, ular ba’zan ot dumlari bilan bezatilgan. Hindiston yurishi davri
kumush ajdaho tasvirlangan qora bayroq ostida o‘tgan, Xitoyga yurishdan oldin esa ushbu ajdaho
rangi oltin rangga o‘zgartirildi.
Uch doira, ya’ni «Temur
tamg‘asi» ham uning bayroq ramzlariga kirgan bo‘lishi ehtimoli bor. XIV asrdagi
mashhur Kataloniya
atlasida uch
doirali bayroq tilga olingan bo‘lib, u Temuriylar imperiyasiga tegishli
bo‘lishi mumkin.
YANGI TARIX BAYROQLARI
Markaziy Osiyo davlatlari bayroqlari
Sovet davri boshlangunga
qadar Markaziy Osiyo hududidagi har bir davlat o‘z bayrog‘iga ega edi. Masalan,
Buxoro, Qo‘qon va Xiva xonliklarida yarim oy tasvirlangan bayroqlar, fors va
arab tillaridagi yozuvlar, ranglar
va bezaklarda sulolaviy an’analar aks etgan. Bayroq ko‘pincha davlat ramzi
emas, balki hukmdorga yurishlarda va tantanalarda hamrohlik qiladigan harbiy
belgi hisoblangan.
Sovet Ittifoqi tashkil
topishi bilan xonlarning ramzlari o‘rnini O‘zbekiston SSRning ixcham bayrog‘i
egalladi, unda qizil rang inqilobni, moviy rang suv va osmonni, oq rang esa paxtani
ifodalardi. Albatta, respublika bayrog‘ida o‘roq, bolg‘a va yulduz ham bor edi.
Mustaqillikka erishgandan
so‘ng, O‘zbekiston
yangi milliy bayrog‘ini tasdiqladi,
unda ranglar ham muhim ahamiyatga ega edi. Moviy rang osmon va suv ramzi
bo‘lib, oq rang yorug‘lik, uyg‘unlik va poklik ramziga aylandi. Yashil rang
tabiatning hosildorligi va barakasini, qizil rang esa hayotiy kuchni
ifodalagan.
Bayroqdagi yarim oy diniy
ma’no kasb etmaydi – u yangi hayot ramzi, o‘n ikki yulduz esa musaffo osmon
ramzidir.
Ammo O‘zbekiston bayrog‘i faqatgina chiziqlar, yulduzlar va yarim oy haqida emas. Unda tarixiy xotira, geografiya, madaniy meros va yangi umidlar jamlangan. Bayroq 1991-yil noyabr oyida qabul qilingan bo‘lib, qadimgi xonliklar tarixi qa’ridan hozirgi mustaqil davlatgacha qadimiy an’analarning aks-sadosini o‘zida mujassam etgan, o‘tmish va kelajak o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘taydi. Ranglar nafaqat mamlakat cho‘llari, daryolari, vodiylari va tog‘larini ifodalaydi, balki mentalitetning ham ranglar jilosiga aylanadi, ya’ni ochiqlik, qat’iyatlilik va yangilanishga ishonch. Bugun bu davr ramzi hisoblanib, unga ko‘ra, mamlakat shaxsiy yo‘lini qurmoqda va mazkur maqsadlarini oddiy, lekin hammaga tanish belgilar orqali ifoda etmoqda.
Bir vaqtning o‘zida
1992-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasining ham bayrog‘i shakllandi. Uning
palitrasi O‘zbekiston bayrogi
bilan hamohang, mintaqaviy
mohiyatga ega. Moviy rang
Orolbo‘yi mintaqasi uchun asosiy unsur – suvni anglatadi; sariq rang tabiatni,
chunki Qoraqalpog‘istonning katta qismi cho‘ldan iborat; yashil rang tabiatning
yangilanishini aks ettiradi va Qoraqalpog‘istonning beshta eng qadimiy shahri
bayroqda beshta yulduz shaklida o‘z ifodasini topgan.
Shundan kelib chiqib, aytish
mumkinki, yurtimiz tarixida xonlik bayroqlaridan tortib zamonaviy bayroqqacha
vizual o‘xshashlik chizig‘i mavjud bo‘lib, unda har bir detal ahamiyatli va
o‘ziga xos ma’noga ega.
Sharqona naqshlar ta’siri
Markaziy Osiyo bayroqlari shunchaki davlat
ramzlari emas, balki haqiqiy vizual madaniy kod hisoblanadi. Masalan, O‘zbekiston bayrog‘idagi moviy
rang nafaqat osmon va suvni, balki tarixiy vorislilikni ham anglatadi, bu ramz Amir Temur davriga
ishora qiladi. Qozog‘iston bayrog‘ida ko‘k rang turk-mo‘g‘ul an’analari merosiga va Ko‘k O‘rda bilan tarixiy aloqaga borib
taqaladi. Bayroq chetidagi naqsh esa ko‘p asrlar davomida to‘qimachilik va
bezak san’atida qo‘llanilgan sharqona naqshlardir.
Bugungi kunda Markaziy Osiyo
xalqlariga xos bo‘lgan ramzlarga ega bayroqlar qayta ko‘rib chiqilmoqda.
2023-yil oxirida Qirg‘izistonda davlat bayrog‘i yangilandi, ilgari kungaboqarni
eslatuvchi to‘lqinsimon quyosh nurlari tekis nurlarga almashtirildi, tyundyukda
(o‘tov gumbazining markazidagi teshik) esa novdalar soni ko‘paytirildi. Ushbu
o‘zgarishlar ramzga yanada aniqlik kiritadi va milliy an’analar bilan
bog‘liqligini kuchaytiradi.
Naqshlar va tarix
bayroqning o‘ziga xos estetikasini shakllantirdi, bu yerda naqshlar va ranglar
matoni harbiy parad yoki kabinetni jihozlash elementi sifatida emas, balki
xalqning o‘ziga xosligi va ma’naviyati mujassam muqaddas obyekt sifatida talqin
qilishga yordam berdi.
Modernizm va raqamli davr
Raqamlashtirish va
globallashuv bayroqqa matodan tashqariga chiqish imkoniyatini berdi. Bugungi
kunda bu ijtimoiy tarmoqlardagi veb-saytlar va profil tavsiflarida, taqdimotlar
va mobil ilovalarda uchraydigan davlat brendining bir qismidir. Qizil, ko‘k,
yashil va oq ranglarga bo‘lingan timsol endi katta reklama taxtasida ham, smartfonning
kichik ekranida ham osongina farqlanadigan o‘ziga xos uslubdir.
Raqamli formatda O‘zbekiston
bayrog‘i yorqin va
barcha ramzlari aniq
ko‘rinib turibdi. Xuddi
shunday, boshqa mamlakatlarning raqamli formatga o‘tkazilgan bayroqlari ham
taniqliligini yo‘qotmagan holda milliy o‘ziga xoslikni targ‘ib qilishga yordam
beradi.
Rassom ramz ijodkori sifatida
Bayroqni yaratuvchi rassom
mamlakat madaniyati, o‘tmishi va kelajagi o‘rtasidagi vositachiga aylanadi. BMT
bayrog‘ining o‘tmishdoshini yaratishda Donald Maklaflin hammaga tushunarli bo‘lgan
zaytun shoxlarini ko‘k fonda tasvirlash orqali dunyoning universal tilini
taklif qildi.
Rassom, fotosuratchi, pedagog, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at
arbobi, akademik Tursunali Karimovich
Qo‘ziyev bilan suhbatlashganimizda
u bayroq haqidagi fikrlari bilan
bo‘lishdi.
Bayroq uning uchun bu bir
vaqtning o‘zida ham siyosiy qurol, ham san’at asari, ham hissiyotlar manbaidir.
Ushbu timsol hokimiyat, mafkura va birlik ifodasiga teng, ammo shu bilan birga,
shakl, rang va hatto mato orqali Vatan g‘oyasini yetkazish, faxr, umid, himoya
va estetik zavq tuyg‘usini uyg‘otishga qodir bo‘lgan vizual durdona bo‘lib
qoladi.
Tursunali Karimovichning so‘zlariga ko‘ra,
bayroqni ishlab chiqish shaklning ixchamligi, ranglarning ifodaliligi va
mutanosiblik uyg‘unligini o‘z ichiga olgan badiiy tamoyillarga aniq rioya
qilishni talab qiladi, chunki ramzning asosiy vazifalari tushunarli, universal
va hissiy jihatdan kuchli bo‘lishdir. Badiiy nuqtayi nazardan ramz — bu ikki rang (istisno
hollarda — uch) muhim bo‘lgan asar.
Vatanim O‘zbekistonning milliy bayrog‘i men uchun alohida qadrli. Birinchidan, u mening 40 yoshga to‘lgan kunimda qabul qilindi: mana, 34-marta bu bayramni tavallud kunim bilan birga nishonlayapman, ikkinchidan, boshqa mamlakatlarning bayroqlariga hurmat bilan qaragan holda, bizning bayrog‘imiz ko‘proq xalqona va unga siyosiy tus kamroq berilgan deb hisoblayman. Mana 25 yildirki, milliy bayrog‘imiz naqshlari tushirilgan bo‘yinbog‘ni bayramlarda taqib yuraman.
Tursunali Karimovich Qo‘ziyev
Qo‘ziyevning fikricha, bayroq mamlakat hayoti bilan hamohang yashashi
kerak. O‘tmishda davlatimiz duch kelgan inqilobmi, tuzum almashinuvi yoki
shunchaki yangi milliy g‘oyalarni aks ettirish istagi o‘zgarishlarga sabab
bo‘lishi mumkin, chunki bayroq dizayneri hunarmand emas, u milliy g‘oyani
vizual tilga ko‘chiradigan milliy g‘oya talqinchisidir.
Bayroqlarning san’at sifatidagi kelajagi
Bayroq jonli va oldinga intiluvchi ramzga aylandi, ammo uning jamiyat
hayotidagi ishtiroki
ham o‘zgaryapti. Virtual
reallik o‘yin qoidalarini belgilaydi — ranglar o‘zgaruvchan. Amalda bu
ranglarni rasmiy ravishda tasdiqlash zarurligini anglatadi. Masalan,
Turkmanistonda 2017-yildayoq yagona uslubni saqlash maqsadida bayroqning rasmiy
Pantone ranglari
o‘rnatilgan.
O‘zbekiston hali o‘z bayrog‘i
ranglarining raqamli nusxasini rasman tasdiqlamagan bo‘lsa-da, internetda Pantone-kodli
versiyalari mavjud. Ranglarni shu kabi rasmiy mustahkamlash matoda ham,
har qanday qurilma ekranida ham bir xil taniqli va estetik jihatdan aniq
universal ramzni yaratish yo‘lidagi muhim qadamdir.
Raqamli ranglarni rasmiy ravishda
tasdiqlash bosma nashrlarda, ommaviy axborot vositalarida, suvenir
mahsulotlarida va davlat nashrlarida bayroq vizual tasvirining barqarorligi va
uyg‘unligini buzmasdan yoki rangning to‘yinganligini yo‘qotmagan holda sifat
darajasini ta’minlash imkonini beradi.
Raqamlashtirish va
globallashuv yillarida bayroq avlodlar, an’ana va zamonaviylik o‘rtasida
bog‘lovchi bo‘g‘inga aylanmoqda. U Vatan timsoli sifatida shakl, rang va
ramzlar orqali har qanday kalomdan baland ovozda so‘zlay oladi, har bir chiziq
va naqshda xalqchillikni saqlab qoladi. Yagona va aniq ranglar bayroqning
badiiy va tarixiy yaxlitligini saqlashga, uni nafaqat mamlakat ichida, balki
undan tashqarida ham tanib olishga yordam beradi.
Bayroq ming yillar davomida
o‘zgarishlar va qayta tafakkur qilish jarayonlaridan o‘tib, insonlarning ongi
va qalbiga yo‘l ochdi hamda oddiy bir haqiqatni isbotladi: o‘z taqdirini o‘zi
belgilash va davlatchilikni shakllantirishda insonga ramziylik xosdir.
Ramzlarni ifodalashning eng yaxshi vositasi esa san’atdir.
Markaziy Osiyo mamlakatlarida ishlatiladigan veksellar ham badiiy va siyosiy ramzlardir. Bizning maqolamizda ko'proq o'qing:














