Hammasi qayerdan paydo bo‘lganini tushunish uchun urushdan keyingi Yaponiyaga qaytish kerak. Eng og‘ir inqiroz, vayron bo‘lgan iqtisodiyot, millionlab ishsizlar. Ana shunday bir vaqtda yosh rassom, bo‘lajak «Manga  xudosi» Osamu Tedzuka mamlakatga ommaviy keltirilgan Disney animatsiyasidan ilhomlanib, o‘zining birinchi grafik hikoyalarini chizadi va keyin «Astroboy» ni yaratishga kirishadi. Ushbu seriya zamonaviy yapon animatsiyasining barcha qoidalarini ifodalaydi: tejamkorlik maqsadida soddalashtirilgan kadrlar (mamlakatda hali ham og‘ir iqtisodiy vaziyat mavjud edi), yorqin his-tuyg‘ular uchun katta ko‘z qarashlar. Bundan tashqari, bunday multfilmlar ajoyib madaniy eksport ham ekanligi ayon bo‘ldi. Ishlab chiqarishda arzon, ammo ifodali, og‘ir ahvoldagi mamlakat uchun o‘zini namoyon etishning haqiqiy texnologiyasiga, orzular, qiyinchiliklar, ulg‘ayish va jarohatlar haqida gapirish usuliga aylandi.
Biroq, nafaqat Tedzuka Disneyning ishlaridan ilhomlangan, balki aksincha. Eng mashhur oilaviy multfilmlardan biri «Qirol sher» syujeti bo‘yicha 60-yillarda Yaponiya televideniyesida qo‘yilgan Tedzukaning ishiga juda o‘xshaydi. «Kimba, oq sher» multserialida merosxo‘r sher bolasi, yovuz amaki, ruh-ustoz timsollari bor edi, hatto kadrlar kompozitsiyasi va syujet harakatlarini keyinchalik Simba sher bolasi haqidagi multfilmda bemalol ko‘rish mumkin.
Disney, albatta, plagiat bo‘yicha barcha ayblovlarni rad etdi, ammo bu bitta qiziqarli faktni ko‘rsatadi – biz klassik animatsiya deb hisoblashga odatlangan “Qirol sher” aslida yapon an’analari asosida paydo bolgan ekan.
Unday bo‘lsa, nima uchun hali ham anime “bolalarga xos”, “g‘alati” yoki umuman “noto‘g‘ri” degan fikr bor? Javoblar madaniy odat va kontekstni bilmaslikda. Mamlakatimizda anime G‘arb animatsiyasidan ancha keyin mashhurlikka erishdi. “Multiplikatsiya” tushunchasi Amerika, kamdan kam holatda Fransiya va Britaniya multfilmlariga mustahkam o‘rnashib olganidan so‘ng, uni bolalar televideniyesida, shunda ham cheklangan miqdorda qo‘ya boshladilar. Yapon animatsiyasi dunyosiga kirish uchun qaroqchilik disklarini sotib olish, anime hodisasi bilan tanishishga ulgurgan do‘stlarni izlash va janr mashhur bo‘lgan vaqtda sifatsiz ovozlashtirilgan asarning ma’nosiga kirib borish kerak edi. Hech qayerda animening paydo bo‘lishi va rivojlanishi haqida batafsil tushuntirishlar yo‘q edi, bu esa tabiiyki, bu shunchaki “janr” degan sodda tushunchaga olib keldi – aslida bu oddiy bolalar multfilmlaridan ko‘ra ancha ko‘p qirrali haqiqiy madaniy hodisa edi.

Anime — janr emas, uslubdir

Animeni yagona janr deb hisoblash butun o‘zbek oshxonasi faqat palovdan iborat deyish bilan barobar. To‘g‘ri, vizual til turli yo‘nalishdagi asarlarga ko‘p jihatdan o‘xshash – katta-katta ko‘zlar, bo‘rttirilgan his-tuyg‘ular, ichki kurashlari yuzlarida dardli ifodalangan qahramonlar. Ammo bu faqat shakl, muqova, o‘ram xolos, uning zamirida nihoyatda yorqin bolalar ertagidan tortib, ekzistensial inqiroz dramaturgiyasigacha bo‘lgan har qanday xarakterning mazmuni yashiringan bo‘lishi mumkin.
Keling, xavfsiz va odatiy animatsiya tilidan boshlaymiz: ya’ni bolalar syujetlari. To‘qsoninchi yillar avlodi uchun “Pokemonlar” birinchi yirik qahramonlardan biriga aylandi, Miyadzaki to‘liq metrajli filmlari esa yumshoq va havoga to‘la bo‘lib, bolaga san’atning ezgu bo‘lishini ko‘rsatadi.
Chetga bir qadam tashlasak  Talabalar kengashi prezidenti — oqsoch!” nomli romantik kitch (ommaviy madaniyat sohasiga oid badiiy mahsulot)ni kuramiz, unda maktab dramasi qalbingizni birinchi muhabbat bilan isitadi, qand miqdori esa uchinchi qismdanoq sizga diabet inqirozi bilan tahdid soladi.
So‘ngra chiroq o‘chadi va sahnaga Dzyundzi Ito chiqadi. Maishiy lahzalarni psixologiyaning qurt bosgan joylariga aylantiruvchi usta. Uning animatsiyalari shunchaki xorror emas, balki ekzistensial dahshatli film va chuqur ibtidoiy qo‘rquvdir. Uning syujetlaridan so‘ng, hali uzoq vaqt davomida sinnabon gajaklari yoki bog‘ shilliqqurtining qalqonidan ham qaltirab yurasiz.
Agar ma’noli nimadir xohlasangiz, tomoshaga “Qalampir”ni qo‘shing. U tushlar haqidagi eng intellektual filmlardan biri bo‘lib, undan Nolan o‘zining “Ibtido” nomli kartinasini yaratganda ilhomlangan.
Genotsid, urush, targibot va erkinlik narxi haqidagi yarim siyosiy, yarmi Injil kalomlari bolgan mahsulotga nima deysiz? Agar qiziqarli bolsa, “Titanlar hujumiserialini koring, uni tomosha qilish orqali axloqiy tamoyillaringizning mustahkamligini tekshirasiz.
Agar bularning barchasi og‘irlik qilsa, superqahramonlik an’analarini buzadigan “Vanpanchmen” yaqin atrofda bo‘ladi. Chunki yengilmaslik, ma’lum bo‘lishicha, zo‘r emas, balki juda zerikarli ekan.
Aynan shuning uchun ham kimdir barcha animelar bir xil desa, demak u faqat bittagina anime kartinasini tomosha qilibdi. Anime bu janr emas, anime – bu hikoya qilishning o‘z vizual tili va grammatikasi bo‘lib, tungi ertakdan tortib gulxan atrofida aytilgan dahshatli voqealarni so‘zlab bera oladi.

“Animechilar” aslida kimlar?

Ushbu asrning yigirmanchi yillari o‘rtasida animechilar endi sevimli qahramonlari aks etgan turli nishonlarni yoki breloklarni ryukzaklarida taqib yurishdan qo‘rqmaydi. Mazkur yilning yozida ikkinchi Comic Con ommaga taqdim etildi, yil oxiriga borib esa xayoliy qahramonlarning ishqibozlari uchinchi Geek Con'ga qaytadi. Sevimli qahramonlar tasvirlangan turli mahsulotlarni savdo markazlaridagi yoki oddiy do‘konlar orasidagi ixtisoslashtirilgan do‘konlardan topish mumkin. Ammo stereotiplar hamon anime ishqibozlarini taʼqib qilmoqda. Yapon animatsiyasini yaxshi ko‘ruvchilar haqidagi uydirmalarga aniqlik kiritish uchun shunchaki ular bilan tanishish kerak. Shunda ular qiziquvchilar klubi emas, balki butun bir hamjamiyat ekanligini anglab yetasiz.

Nurlan Sheranov, 36 yosh, Bold Brands International ijrochi direktori

Nurlanning oddiy hayotida — jiddiy kun tartibi, dedlaynlar, jamoa oldidagi masʼuliyat, ammo uning javonida qo‘lda terilgan Gundam-modellar, miyasida esa “Naruto”, “Blich” va «Psycho-Pass” bilan bog‘liq o‘y-xayollar bor.
Anime hayotimga Tik-Tok algoritmlari orqali kirib kelmagan. Men 2х2 ekranida kechki yettida qo‘yilgan “Naruto” davri avlodidanman va bu katta hodisa edi. O‘smirlik yillarim anime g‘alati, deyarli “underground” deya hisoblangan davrga to‘g‘ri keldi. Ammo shu qahramonlar bilan men ma’lum vaqt davomida birga ulg‘aydim.

Nurlan Sheranov

Uning sevimli janrlari orasida — syonenlar va isekailar, Blich'ga o‘xshash klassikadan “Shilimshiqqa aylanganim to‘g‘risida” va “Overlord” kabi eskapistik hikoyalargacha bor.
Men uchun anime shunchaki ko‘ngilochar tomosha emas, balki o‘z maktablari, janrlari va falsafalariga ega bo‘lgan, hatto ishda ham yordam beradigan to‘laqonli san’at turidir. Masalan, korporativ videolardan birida biz hatto djo-djocha atamalardan foydalanganmiz.

Nurlan Sheranov

Malika Shermatova, 29 yosh, hisobchi

Malikaning kundalik hisobotlari, jadvallari va bir dunyo moliyaviy hujjatlari bor, ammo yorqin ranglardagi anime uchun har doim joy topiladi. Malika uchun anime evolyutsiyasi uning hayot yo‘li bilan hamohang.
Tanlash qiyin, ammo eng yoqadiganini ajratib ko‘rsatadigan bo‘lsak, bu “Blich”. Menga yorqin his-tuyg‘ular, sarguzashtlarga boy syonenlar [28]  juda yoqadi, ular hech qachon befarq qoldirmaydi. Agar ilgari anime mushakbozlikka o‘xshagan – rang-barang, aqlni uyg‘otadigan, zavq va quvonch bag‘ishlaydigan bo‘lsa, hozir bu ko‘proq issiq choyshab ostida bir finjon qahva bilan kamin oldida isinishga va olovning g‘alati shakllarini kuzatishga o‘xshaydi.

Malika Shermatova

Stereotiplarga kelsak, Malika allaqachon ularning soyasidan chiqib ketgan.
Bu kabi stereotiplarning butun jozibasini o‘zida his qilgan odam sifatida aytishim mumkin, hozir men uchun buning ahamiyati yo‘q. Ilgari, albatta, ranjitardi. Hozirgi kunda anime odatiy holga aylangan va men bunday xurofotga ega odamlarga nisbatan kechirimli munosabatda bo‘laman. XXI asrda kimdir hali ham didlar haqida bahslashilmaydi degan iboraning mag‘zini chaqmaganligi biroz qayg‘uli.

Malika Shermatova

Ruslan Zaytsev, 27 yosh, marketolog va yosh ota

Ruslan yirik loyihalar bilan ishlaydi va oilasiga g‘amxo‘r, lekin u anime tomosha qilish orqali bo‘sh vaqtini rang-barang qilishni yaxshi ko‘radi. Uning sevimli animelari orasida One Piece, “Jinlarni kesuvchu tig‘”, “Darajasini yolg‘iz ko‘tarish” va “O‘lim daftari” bor.
Men o‘ylab topilgan dunyolar, mayda chizmalar va uzoq davom etadigan syujet uchun animelarni yaxshi ko‘raman. Misol uchun, One Piece[33]  filmini olaylik, unda ulkan fantastik dunyo va uning qahramonlar bilan birga o‘sishi tasvirlangan, har bir ark esa kutilmagan va hayratlanarli. Do‘stlarim orasida ko‘pchilik bolaligida anime ko‘rgan. O‘g‘lim hali yosh, hozircha uni anime ko‘rishga undamayman. U One Piece[34] ning bir nechta qismini tomosha qilib, “zo‘r” dedi-yu, keyin o‘ynagani ketdi (kuladi).

Ruslan Zaytsev

Bogdan Garaskov, 28 yosh, shef-barista

Bogdan hayotida anime shunchaki xobbi emas, balki shaxsiy hayotining bir qismidir.
Men Sword Art Online taytli bilan o‘sganman, Lineage 2 onlayn o‘yinini o‘ynaganman va bu ikki muhim olamning kesishish nuqtasi bo‘lgan. Anime men uchun chuqur va ko‘p qatlamli dunyo bo‘lib, unda siz uchun muhim bo‘lgan narsalarni: falsafa, madaniyat va hikoyaning o‘ziga xos ohangini topishingiz mumkin. Stereotiplarga kelsak: yorliq yopishtirish oson, lekin kimnidir g‘alati deb hisoblashdan oldin o‘zingizdan so‘rang: aslida men g‘alati emasmanmi?

Bogdan Garaskov

Bogdan stereotiplarga istehzoli va xayrixohlik bilan qaraydi, odamlar har xil, didlar ham turlicha va buning yomon joyi yo‘q.
Bolaligimda “O‘lim daftari”dagi L meni hayratlantirgan, chunki uning deduksiyasi, tafsilotlarga e’tibori va voqeani to‘liq ko‘rish qobiliyati haqiqatan ham hayratga solardi. Keyinchalik bu qahramonlarim qatoriga Alukard[39]  qo‘shildi, u vampir sifatida kamdan-kam kuzatiladigan rahm-shafqat lahzalarini ko‘rsatardi. Ataylab anime kor‘maydigan odamlar o‘zlari uchun tajriba, tadqiqotlarni yo‘qotadilar. Bu madaniyati ko‘p narsa bera oladigan qiziqarli dunyo.

Bogdan Garaskov

Arslan Aslanov, 31 yosh, novvoy.

Arslon uchun anime san’atning alohida turi bo‘lib, u animechilar haqidagi stereotiplarni tushunmovchilik sifatida qabul qiladi.
Bu shunchaki stereotip. Men va ko‘plab tanishlarim anime ko‘ramiz. Ammo kimdir detektiv yoki jangari filmlarni yaxshi ko‘radi va shu bilan birga noodatiy yo‘nalishlarni yaxshi ko‘rishi mumkin, buning nimasi yomon? Ba’zida anime professional qiziqish uyg‘otadi: masalan, “Ilohiy retsept izlab” filmidan so‘ng oshxona va umuman ovqatlanish sanoati haqida jiddiy o‘ylab qoldim. Bu ta’sir to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, balki ilhomlantiruvchidir — asarda syujetlarga emas, haqiqatga tayanish kerak. Men uchun Naruto, Luffi, Tandziro, Rengoku kabi hech narsaga qaramay olg‘a boradigan qahramonlar muhim. Shu bilan birga, men sanoatga pushti ko‘zoynaksiz qarayman, chunki animeda ham o‘z kamchiliklari yetarli, lekin ular qayerda yo‘q/

Arslan Aslanov

Jahon madaniyatiga ta’sir ko‘rsatgan beshta anime

“Akira” — zamonaviy kiberpankni belgilab bergan film

image
Kelajakning neonli Tokiosi, ko‘cha baykerlari, davlat nazorati va odatiy dunyoni buzishga qodir kuch haqidagi hikoya shunchaki multfilm emas, balki kiberpank(yuqori texnologiyalar turmush darajasining pastligi va jamiyatning tanazzulini birlashtirgan qorong‘u antiutopik kelajakni tasvirlaydigan ilmiy fantastika kichik janri) ning vizual tilini o‘nlab yillar oldinga – “Matritsa”dan Cyberpunk 2077 gacha belgilab bergan haqiqiy hodisadir. Qo‘lda ishlangan “Akira” animatsiyasi hali ham aniqligi va ko‘lami bilan hayratda qoldiradi hamda mototsiklda sirpanayotgan mashhur kadr ko‘plab media-loyihalar ichida tez-tez uchrab turadi.

«Naruto» — minglab so‘zlar o‘rniga «Dattebayo»

Bu eng kuchli bo‘lishni orzu qilgan, ammo avval asosiy raqiblari – yolg‘izlik, qalb jarohatlar va tan olinmaslikni yengishi kerak bo‘lgan bola haqidagi hikoya. Ikki minginchi va ikki ming o‘ninchi yillarda ulg‘aygan odamlar uchun “Naruto” atrofda tartibsizlik va noaniqlik hukm surgan paytda qanday omon qolish bo‘yicha qo‘llanmaga aylandi. Milleniallar "ishla, harakat qil, orzuga ishon va sen hamma narsani uddalaysan" shiori ostida uning izidan borishardi. Bu bir vaqtning o‘zida nindzya haqidagi hikoya hamda qiyinchiliklarda o‘sib, umid qilishdan to‘xtamaydiganlarning ulg‘ayishiga tegishli badiiy talqin.

«Berserk» — qora fentezini paydo qilgan doston

Insoniylik va shafqatsizlik abadiy dushmanlik qiladigan dunyoda xiyonat va o‘zi bilan kurash jarayonlaridan o‘tadigan qahramon yo‘li. “Berserk” yolg‘iz qahramon tipini, shuningdek, murakkab yechimlar va axloqiy jihatdan murakkab murosasiz dushmanlar dunyosini belgilagan “qora fentezi” janrining poydevoridir. U Dark Souls  o‘yinlari seriyasi hamda me’morchilikdan tortib kurashish falsafasigacha aks etgan barcha shu kabi o‘yinlar yaratuvchilari uchun ilhom manbai bo‘lib xizmat qildi. Ammo bu og‘ir anime ortida har doim iroda, tanlov va erkinlik haqidagi chuqur hikoya yashiringan.

«Titanlar hujumi» — o‘n yillikning eng ko‘p muhokama qilingan animesi

Odamlar ulkan devorlar ortiga titanlardan yashirinib, dunyo, o‘tmish va kelajak, eng muhimi, o‘zlari haqidagi haqiqatni bilishga urinayotgan dunyo. Ushbu anime yapon animatsiyasi hokimiyat, qo‘rquv, ijtimoiy mexanizmlar va bema’ni tashviqot kabi muhokama mavzulariga ega bo‘lgan to‘laqonli jahon dramasi bo‘la olishini isbotladi. Bu OAV va Reddit'da ham, universitet ma’ruzalarida ham muhokama qilinadigan noyob loyihalardan biri.

«Kovboy Bibop» — jaz, kosmos va animening san’at sifatidagi yetukligi

Odam ovchilari jamoasi quyosh tizimi bo‘ylab sayohat qiladi va o‘tmish, erkinlik va yolg‘izlikka duch keladi. Bu taytl haqiqiy san’at obyekti, birinchi haqiqiy “g‘arbiy-sharqiy” anime. Yoko Kanno saundtreki, har bir epizoddagi nuar (ilmiy fantastika kichik janri) estetikasi va falsafiy hikoyalar animeni mualliflik filmi darajasiga olib chiqadi. “Kovboy Bibop” “Yaltiroq qurtcha”, “Mandaloriyalik” seriallariga, Netflixdagi saundtreklar uslubiga ta’sir ko‘rsatdi va zamonaviy kosmik nuar modasini belgilab berdi.

Nima uchun anime global hodisaga aylandi?

Yapon animatsiyasi reallikka emas, balki o‘z uslubiga ega majozlarga tayanadi. Ya’ni bir zumda o‘qiladigan mubolag‘alar, ramzlar, his-tuyg‘ular vizualizatsiyasi. Animatsiya tadqiqotchisi Syuzen Nepir anime dastlab Disneyga javob sifatida emas, balki o‘z qoidalariga ega badiiy bayon shakli sifatida yaratilganligi haqidagi tezisni ilgari suradi.
Anime uchun poydevor — manga — shunchaki komikslar emas, balki ommaviy adabiyotning katta tizimi. Haftalik jurnallar, ko‘p yillik sagalar, mualliflik tajribalari har yili yuzlab milliard iyenaga manga sotadigan keng ko‘lamli sanoatni tashkil qiladi. Eyitiro Oda, Kentaro Miura, Naoki Urasava kabi ko‘pchilik mangaklar yozuvchilar bilan teng milliy madaniy maqomga ega.
Anime bir talay odamlarning shunchaki sevimli mashg‘uloti emas – bu studiyalar, san’at kollejlari va ishlab chiqarishni yaratgan butun bir sanoat. The Report on Japanese Animation Industry har yili yuzlab studiyalar, minglab mutaxassislar va barqaror ishlab chiqarish modelini qayd etadi. Bu tizim bir mavsumda o‘nlab seriallarni sifatini yo‘qotmagan holda chiqarish imkonini beradi.
Yaponiyada brenddan ko‘ra muallif nomi muhimroq. Ijodkorning ismi ba’zan sotuv darajasini syujetdan ko‘ra ko‘proq belgilaydi. Bu individual uslub, tavakkalchilik, tajriba qadrlanadigan muhitni shakllantiradi. Va shu tufayli ko‘pincha shunchaki mazmun emas, balki ma’lum bir muallifning o‘z mifologiyasi sifatida his qilinadigan asarlar paydo bo‘ladi.

O‘zbekiston nimalarni o‘rganishi mumkin?

O‘zbekistonda rassomlar, dizaynerlar, o‘yinlarni ishlab chiquvchilar va animatorlarning yangi avlodi yetishib kelmoqda. Bizning madaniyatimizda “Alpomish”dan devlar va parilar haqidagi afsonalargacha o‘ziga xos syujetlar, afsonalar, folklorning butun bir xazinasi bor. Turli yoshdagi odamlar orasida animening ommabopligi yuqori sifatli vizual kontentga bo‘lgan doimiy talabni ko‘rsatadi. Agar animatsiyaga nisbatan “bolalarniki” yoki “jiddiy kontent emas” degan qarash to‘xtatilsa, mualliflar, studiyalar, asil loyihalar va hammaga tanish vizual estetikaga ega bo‘lgan sanoat rivojlanishi mumkin. Zero, san’atda chegara bilmay o‘sgan insonlar bolalikda mehr qo‘ygan an’analarini davom ettiradi. Ular illyustratsiyalar, video o‘yinlar, komikslar va brendinglar yaratadi, ijodida esa o‘zlarining sevimli asarlaridan o‘rgangan tamoyillar sezilib turadi, ya’ni jonli vizual til, o‘ta ta’sirchan qahramonlar, eklektika va ilhomlantiruvchi dunyo.
Bu normal holat. Animening o‘zi madaniyatlar sintezida yaralgan, chunki kiberpank estetikasi 80-yillardagi Gollivud ilmiy fantastikasidan kelib chiqqan, keyin esa yapon rassomlari tomonidan qayta ishlangan holda yana qaytib kelgan va jahon o‘yinlari klassikasiga ta’sir ko‘rsatgan. Bugungi kunda Xitoy o‘zining dunxualarini chiqarmoqda, Netflix esa mashhur klassikaning har doim ham omadli chiqmayotgan qayta ishlangan talqinlarini taqdim etmoqda.    
Ammo animening eng katta sabog‘i superkuch emas, balki insoniylikdir. Bu haqiqat o‘z jarohatlari va xatolarini qayta anglashga urinib, tili bugun butun dunyoga tushunarli bo‘layotgan yangi san’at turini yaratgan mamlakatda paydo bo‘lgani o‘ziga xos ramziy ma’noga ega.