Taniqli o‘zbek aktyori Ulug‘bek Qodirov Sankt-Peterburgdagi kinofestivalda eng yaxshi erkak roli uchun mukofotga sazovor bo‘ldi

20-22 avgust kunlari Neva sohilidagi shaharda bo‘lib o‘tgan Rossiya va yaqin xorij davlatlarining "Lendoc Film Festival" (LEFF) VII xalqaro kinofestivalida taniqli o‘zbek kinoaktyori Ulug‘bek Qodirov "Kazbek" badiiy filmidagi roli uchun «Еng yaxshi erkak roli» nominatsiyasida g’olib bo‘ldi, deb xabar beradi "Dunyo" AA.

Taniqli o‘zbek aktyori Ulug‘bek Qodirov Sankt-Peterburgdagi kinofestivalda eng yaxshi erkak roli uchun mukofotga sazovor bo‘ldi

Festivalda O‘zbekiston, Hindiston, Eron, Xitoy, Indoneziya, Mavritaniya, Latviya, shuningdek, MDH davlatlaridan jami 13 ta mamlakatdan 39 ta badiiy va hujjatli filmlar, tarixiy dostonlar, debyut va talabalar ishlari taqdim etildi.

O‘zbekistonlik kinoijodkorlar bir nechta to‘liq metrajli va qisqa metrajli filmlarni taqdim etdi: Sovet Ittifoqi Qahramoni Mamadali Topivoldiyev haqidagi "Kazbek" tarixiy dramasi, buyuk shoir va mutafakkir Maxtumqulining 300 yilligiga bag‘ishlangan "Maxtumquli" biografik filmi (turkmanistonlik hamkasblar bilan birgalikda), 2025-yilda suratga olingan "Bahor ortidan" dramasi, shuningdek, rejissyor Shamshod Ismatovning qisqa metrajli filmlari, jumladan, 20 daqiqalik "Tortishish kuchi" dramasi va urush yillarida o‘n sakkiz yoshli pochtachi qizning jasorati haqida hikoya qiluvchi "O‘sha bahor haqida" filmi.

Bundan tashqari, talabalar va o‘quv ishlari blokida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabalarining loyihalari muvaffaqiyatli namoyish etildi. O‘zbek rejissyorlarining filmlari Rossiya Shimoliy poytaxtning asosiy kinoteatrlarida namoyish etildi va tomoshabinlar tomonidan ijobiy baholandi.

 

Ulashish:

Yangiliklar

HD tahririyatidan maktub

Haftada bir marta Markaziy Osiyoning eng yaxshi materiallari, voqealari va madaniy kashfiyotlarini yuboramiz.