Ayol kishining shivirlashi. Bilinar-bilinmas olov. Tarix sahifalarini yorib o‘tayotgan poyezd. Sukut va erkinlik haqida shunday gapiradilar. Kimdir sahroda rasmlar to‘playdi. Kimdir shifo berish uchun qo‘shiq aytadi. San’at shunchaki mavzu emas, balki asosiy qahramondir. Markaziy Osiyoda uning ko‘plab ovozlari bor.
Tasviriy san’at, musiqa, hunarmandchilik, teatr fon emas, balki eng muhim narsalar haqida so‘zlash usuliga aylanadi. Markaziy Osiyo rejissyorlari rassomlar, qo‘shiqchi-baxshilar, dostonchi-manaschilar, raqqoslar timsolida xotira, o‘zlik va tarixiy jarohatlarni o‘rganadi.
Bu filmlardagi san’at shunday prizmaki, u orqali boshqacha qilib aytib bo‘lmaydigan narsalarni ko‘rish mumkin. U hayotni yashaydi, jim turganlar nomidan gapiradi. Kino esa doston va marosim an’analarini davom ettirib, o‘tmish bilan bugun o‘rtasidagi muloqotga aylanadi.

Ayollar sukutining intihosi

“Uning huquqi” filmidan kadr. Rejissyor Saodat Ismoilova
"Burilish: uning huquqi" filmidan kadr. Rejissyor Saodat Ismoilova
Saodat Ismoilovaning “Burilish: uning huquqi” shivirlash bilan boshlanadi — ko‘p ovozli, uzuq-yuluq, go‘yo bir nafas oqimiga qo‘shilib ketgan. Bu oddiy tovush emas, balki Sharq ayollarining asrlar davomidagi sukunati ramzidir. Ochiq aytilishi man etilgan shivirlar.
1927–1985 yillardagi o‘zbek filmlaridan 14 daqiqalik videokolaj sifatida yaratilgan bu qisqa metrajli film arxivni jonli mulohazaga aylantiradi. Ismoilova rassomday aniqlik bilan Mixail Averbaxning “Chadra”sidan tortib, Ali Hamroyevning “Qo‘rquvsiz” va Shuhrat Abbosovning “Olovli yo‘llar”igacha bo‘lgan ovozsiz va ovozli kino kadrlarini mohirona to‘qiydi.
Montaj shunchaki kadrlarni birlashtirish emas, balki uzilgan vaqtni tiklash bo‘lib qoladi: ekrandagi ayol obrazi yangi nafas va chuqurlik kasb etadi. Bu obrazlar orasida raqqosa Nurxon Yo‘ldoshxo‘jayevaning qissasi ham bor. Uning bu yerdagi hikoyasi oddiy epizod emas, balki o‘n yilliklar osha yangragan hayqiriqdir.
Saodat Ismoilova vizual til orqali ekranda ayol obrazi qanday shakllangani va o‘zgarganini ko‘rsatadi — chodra kiygan shaxssiz siluetdan tortib, qarshilik ko‘rsata oladigan timsolga qadar. Kamera paranji matosining tebranishini — deyarli titrayotganini ilg‘aydi. Bu harakatlar an’anaga ko‘ra “qulflangan” tananing titrashiga o‘xshaydi. Epizodlarning birida chodir zanjirga, ayoldagi taqinchoqlar esa go‘zallik emas, asirlik belgisiga aylanadi. Oltin jilosi aldamchi bo‘lib chiqadi: qahramon go‘yo qafasdagi qushga o‘xshaydi, uy devorlarida ko‘zni qamashtiradigan darajada yorqin, ammo ostonadan tashqariga chiqishi bilanoq bu go‘zallikni qalin mato ortiga yashirishga majbur bo‘ladi.
Filmda montaj to‘qimasi orasidan qo‘rqinchli tezlikda uchib o‘tayotgan poyezd tasviri alohida o‘rin egallaydi. U to‘satdan paydo bo‘ladi va go‘yo turg‘unlik bo‘shlig‘ini yorib o‘tib, yangi hayotga tomon ilgarilanma harakatni ifodalaydi. Xronikaning oq-qora oqimidagi yagona rangli unsur olov bo‘lib ko‘rinadi — oltin rang, hayotning o‘zi kabi jilovlanib turadi. Bu shunday olovki, unda chodralar yonadi — ular bilan birga qo‘rquv, itoatkorlik, butun bir davr ham kuyib kul bo‘ladi.
Ammo ozodlik sari qilingan har bir harakatning bahosi bor. Yakuniy epizod — Nurxonning jasadi bahor osmoni ostidagi aravada yotibdi, u tirikligida faqat mato tirqishlaridan ko‘ra olgan osmon ostida. Endi hamma narsa ochiq. Lekin juda kech. Ayollar erkinligi paradoksi: dunyoni birinchi marta — u allaqachon yo‘qotilgan paytda ko‘rish.

Buyuk kolleksioner olami

“Igor Savitskiyning ishtiyoqi” filmidan kadr. Rejissyor Ali Hamroyev
“Igor Savitskiyning ishtiyoqi” filmidan kadr. Rejissyor Ali Hamroyev
Savitskiy muzeyi haqida bugun ko‘pchilik eshitgan. Ko‘rmaganlar uni oddiy muzey deb tasavvur qilishadi. Ko‘rganlar esa biladi: bu bir olam. Rasmlar, gilamlar, kulolchilik va grafika yashaydigan dunyo; chiziqlar, bo‘yoqlar va to‘qimalarga o‘ralgan tarix nafas oladi. Afsonaga ko‘ra, dunyoni yaratish uchun Xudoga olti kun kerak bo‘lgan. Imperiyalardan uzoqda, cho‘lning bir chekkasida mana shu narsani yaratish uchun Igor Savitskiyga  butun umr kerak bo‘ldi.
Ali Hamroyevning 100 yilligi munosabati bilan suratga olingan “Igor Savitskiyning ishtiyoqi” hujjatli filmi shunchaki xronika emas. Bu telbalikni tan olish, unutilish va abadiylik o‘rtasida ko‘prik bo‘lgan inson haqidagi hikoya. Savitskiy shunchaki rasmlar to‘plamagan — u taqdirlarni qutqargan. Har bir mato ortida tarixdan o‘chirib tashlanishi mumkin bo‘lgan rassomning ismi yozilgan. Ammo uning sharofati bilan Usta Mo‘min, Aleksandr Volkov, O‘rol Tansiqboyev va boshqa yuzlab san’atkorlar Nukus orqali san’atga qaytdi.
O‘lkashunoslik muzeyining yetti xonasini u Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyiga aylantirdi  bugungi kunda u “Sahrodagi Luvr” deb ataladi. U maoshini matolarga sarfladi, muzeyda tunadi, Moskva ustaxonasini unutib qo‘ydi. Nukus uning taqdiriga aylandi  chunki bu yerda senzuradan uzoqda san’at omon qolishi mumkin edi.
Hamroyev Savitskiyni o‘quvchilar, hamkasblar, amaldorlar, oddiy fuqarolar ko‘zi bilan ko‘rsatadi. Eng ta’sirli epizodlardan biri  bozordagi sotuvchi ayol uni Leonardo da Vinchi bilan taqqoslaydi. Bu mubolag’a emas  e’tirof.
“Igor Savitskiyning ishtiyoqi” filmidan kadr. Rejissyor Ali Hamroyev
“Igor Savitskiyning ishtiyoqi” filmidan kadr. Rejissyor Ali Hamroyev
Savitskiy ko‘p narsalarni boshidan kechirdi. Yoshligida uni xalq dushmanining o‘g‘li, balog‘atga yetganida esa g‘alati mutaassib deb atashardi. Arxiv xotiralarida uning o‘zi shunday deydi: Lubyankada undan “mumkin bo‘lgan hamma narsani tortib olishdi va deyarli ovozdan mahrum qilishdi”. Lekin uning ovozi suratlarda, muzey zallarida, o‘chib ketgan xatlarda, qutqarilgan taqdirlarda qoldi.
Bu filmda Ali Hamroyev shunchaki rejissyor emas, balki rassom va hikoyachi. U filmlarni Savitskiy kolleksiya yig‘gani kabi yig‘adi: og‘riq, sevgi, arxiv changi va jonli hayajondan. Kamera bu yerda shunchaki qayd etmaydi  u davr bilan muloqotga kirishadi. Bu imkonsiz narsani amalga oshiradigan ishtiyoq haqidagi film. San’at shunchaki saqlanib qolmasligi haqida - u bilan yashaydilar.
Finaldan biroz oldin - ro‘yxat. Ismlar. Deyarli uch daqiqa nafas chiqarishday gap. Bular u asarlarini saqlab qolganlar. Yo‘qolib ketishi mumkin bo‘lgan yuzdan ortiq taqdirlar. Lekin yo‘qolmadi. Ular biz bilan  bo‘yoqlar, chiziqlar, loy va metall orqali gaplashadi. Ularning ovozi baland emas, lekin bor va endi tinmaydi.
Savitskiyning qabr toshiga: “Go‘zallikning daho xaloskoriga  minnatdor avlodlardan” deb yozilgan. Uning muzeyi shunchaki kolleksiya emas. Bu xotira. Bu qo‘rquv vayronalari ustiga qurilgan erkinlikdir. Va aynan shuning uchun “Igor Savitskiyning ishtiyoqi” shunchaki inson haqidagi film emas, balki najot, maqsad va sukutning narxi haqidagi fikrdir.

Dasht va tog‘ ovozi

Markaziy Osiyoda ertakchi shunchaki hikoya so‘zlovchidan ko‘ra ko‘proq narsadir. U xotira saqlovchisi, davrlar orasidagi vositachi, qadimiyat sadolari yangrayotgan tirik idishdir. Manaschi va baxshi bu an’ananing ikki qiyofasi, bir yurakning ikki xil urushidir. Biri so‘zlaydi, boshqasi kuylaydi. Biri so‘z bilan sehr qilsa, boshqasi ovoz bilan davolaydi. Ammo ikkovi ham shunchaki hikoya qilmaydi  ular abadiyat bilan suhbatlashadi.
“Kichkina ertakchi” filmidan kadr. Rejissyor Farida Seytaliyeva
Кадр из фильма «Маленький сказитель». Режиссер Фарида Сейталиева
Qirg‘iz rejissyor Farida Seytaliyeva o‘zining “Kichkina ertakchi” filmida yosh manaschining shakllanishini hujjatli aniqlik va badiiy noziklik bilan tasvirlaydi. Bu bolaning hayotida bolalar o‘yinlari, televizor va o‘tov epos ovozi bilan yonma-yon keladi. U endigina yashashni o‘rganayotgan bo‘lsa-da, allaqachon qadimiy ritmga quloq tutmoqda. Kundalik hayot muhitiga to‘satdan kirib keladigan muqaddas marosimlar - qurbonlik, buyuk manaschi Sayakbay Karalayevning qabri ustida duo qilish orqali film manaschi bo‘lishning shunchaki xohish bilan bo‘lmasligini ochib beradi. Bu tush orqali, vahiy orqali, o‘tmishning ko‘rinmas irodasi orqali keladigan chaqiriqdir.
Rejissyor Vep Ishanguliyevning “Nejep o‘g‘lon” nomli turkman filmi ham unga hamohang, ham zid turadi. Bu taqiqlarga, kambag‘allik va yolg‘izlikka qaramay, buyuk baxshilik san’atini o‘zlashtirgan bola haqidagi badiiy hikoya. Manaschidan farqli o‘laroq, uning so‘zi musiqada yangraydi, dutor jo‘rligida aytiladi, duolar, matallar va afsunlar bilan yo‘g‘rilgan.
Nejep shunchaki orzu qilmaydi - u quvg‘inlik yo‘lini bosib o‘tadi. O‘gay otasi, o‘zi ham baxshi bo‘lgan, begona iste’doddan qo‘rqib, o‘gay o‘g‘liga qo‘shiq aytishni man etadi, cholg‘uni yashiradi va uydan qochishga majbur qiladi. Hasad hamma narsani barbod qiladi: muhabbatni, oilani, xotinining  Nejepning onasining ko‘zini, u ko‘r bo‘lsa ham o‘g‘lini ovozidan taniydi. Ikki baxshining qarama-qarshiligi haqiqiy va soxta, sof va xudbin kurashning ramziga aylanadi.
“Nejep o‘g‘lon” filmidan kadr. Rejissyor: Vep Ishanguliyev
“Nejep o‘g‘lon” filmidan kadr. Rejissyor: Vep Ishanguliyev
Nejep, quvilgan, ammo sinmagan holda o‘z taqdiriga qarab boradi. U musiqa kuchi bilan davolaydi, uning dutori nafaqat dostonni, balki inson qalbini ham jonlantiradi. U g‘azab bilan emas, balki ohang bilan g‘alaba qozonadi, hukmdorning jinni va yarali qizini davolaydi va boshqalarning hayotiga nur qaytaradi. Uning san’ati shuhrat izlamaydi, u butun xalq nomidan dunyo bilan so‘zlashadi.
Har ikkala hikoya  hujjatli va badiiy - umumiy jihatga ega: bolaning o‘z iste’dodi sari yo‘li. Biri qo‘llab-quvvatlanib, boshqasi hamma narsaga qarshi boradi. Lekin ikkalasi ham bir maqsadga intiladi: rivoyat aytilayotgan tilni tushunib, uni boshqalarga yetkazish. Ana shu bilimga, so‘zga, ohangga intilish Markaziy Osiyo kinohikoyachiligining butun mohiyatini tashkil etadi. San’at bu yerda ifoda vositasi emas, balki hayot shaklidir. U ko‘rgazma uchun yaratilmaydi, u ildizlarga qaytaradi, ruhni tozalaydi va shakllantiradi.
Shu bilan birga, bu filmlarni tushunish uchun qirg‘iz yoki turkman tilini bilish shart emas. Xuddi Saodat Ismoilovaning filmidagi kabi, bu yerda ham faqat so‘zlar emas: tasviriy qator, ritm, musiqa, qahramonlarning yuz ifodalari - bularning barchasi mazmunni har qanday tarjimadan ko‘ra chuqurroq ochib beradi.

San’at tirik qolish shakli sifatida

Markaziy Osiyo kinosida san’atga murojaat - bu janr emas, balki ishoradir. Xotira, alam va qarshilik ishorasi. Baxshining ovozi bo‘ladimi, arxivlardagi olov bo‘ladimi, Nukus sahrosi suratdagi bo‘yoqlar bo‘ladimi  barchasi bir narsani aytadi: san’at hayotni bezamaydi, u hayotni asraydi.
Bu filmlar shunchaki rassomlar haqida emas. Ularning o‘zlari ijod namunalari bo‘lib, ularda madaniyat yashash usuliga, ekran esa unutilgan narsalarni qaytarish makoniga aylanadi. Ehtimol, haqiqiy san’at aynan shunday ishlaydi - atrofdagilar jim tursa ham, u gapiradi.