Igor Savitskiy nomidagi Davlat san’at muzeyi, shubhasiz, Nukusning durdonasidir. Biroq bir-ikki kvartal nariroqqa yursangiz, shaharning boshqa qiyofasini ko‘rasiz: kichik, samimiy, va ba’zida hayratga soluvchi manzara. Yo‘l ko‘rsatkichlarda kamdan-kam uchraydigan muzeylar Qoraqalpog‘iston haqida hech qanday katalog ayta olmaydigan tarzda so‘zlab beradi. Biz Nukusni yaxshiroq his qilish uchun ko‘rishga arzigulik joylarni to‘pladik.
Tarix va madaniyat muzeyi
Manzil: Sobir Kamolov ko‘chasi, 24
Ish vaqti: seshanba-juma 09:00-17:00, shanba-yakshanba 10:00-13:00 va 14:00-16:00
Bu muzey Qoraqalpog‘istonning butun tabiiy va madaniy xilma-xilligi haqida hikoya qiladi. Gerbariylar, noyob qushlar va hayvonlarning tulumi, minerallar, ekotizimlar maketlari va, albatta, Orol dengizi muammosiga bag‘ishlangan alohida zal mavjud. Arxiv suratlari bir paytlar dunyodagi to‘rtinchi yirik ko‘l qiyofasi qanday o‘zgarganini ko‘rsatadi.
Nima uchun borish kerak: agar ekologiyaga qiziqsangiz va o‘n yillar davomida Orol bilan nimalar yuz berganini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rishni istasangiz, bu joy aynan siz uchun. Ogohlantirish: bu yerda Orolning bir necha bor qurib, yana qaytib kelgani haqidagi hikoyani eshitishingiz mumkin.
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq adabiyoti tarixi muzeyi
Manzil: Chorjo‘y Abdirov ko‘chasi, 1
Ish vaqti: dushanba-juma 09:00-17:00
Qoraqalpoq o‘zligining timsollaridan biri bo‘lgan XIX asr shoiri Berdaqqa bag‘ishlanadi. Ammo ekspozitsiya kengroq: u mintaqadagi adabiyot rivojini qamrab oladi. Zallarda noyob kitoblar, qo‘lyozmalar, fotosuratlar, shaxsiy buyumlar bor. Vaqti-vaqti bilan yozuvchilar bilan uchrashuvlar, she’riyat kechalari o‘tkaziladi.
Qiz-juvonlar tengi bilan yuralmas / O’ynab, kulib – yoshlik davrin suralmas, / Shariat deb ularga yo’l berilmas, / Qorong’u qoplagan qayg’u bu zamon
– Berdaqning “Bu Zamon” she’ridan
Nima uchun borish kerak: agar mintaqaning ovozini eshitmoqchi bo‘lsangiz - uning she’rlaridan boshlang.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining ko‘rgazmalar zali
Manzil: Berdaq guzar ko‘chasi, 52a
Ish vaqti: dushanba-yakshanba 09:00-18:00
Fakturali panelning birinchi qavatida joylashgan O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining ko‘rgazmalar zali - sayyohlar kam biladigan, biroq zamonaviy san’at muxlislari uchun haqiqiy kashfiyot bo‘lishi mumkin bo‘lgan maskan.
Bu yerda akademiya talabalari va o‘qituvchilari, shuningdek, Qoraqalpog‘istonlik taniqli san’atkorlarning asarlari muntazam ravishda namoyish etiladi. Rangtasvir, grafika, haykaltaroshlik, kulolchilik - ko‘rgazmalar doimiy yangilanib turadi va an’anaviy motivlarning zamonaviy badiiy yo‘nalishlar bilan qanday uyg‘unlashganini ko‘rish imkonini beradi.
Nima uchun borish kerak: ko‘rgazmalar zali mintaqaning zamonaviy madaniy hayotiga – jonli va rivojlanayotgan jarayonga nazar tashlash imkonini beradi. Bu yerda o‘tmish merosi yangi avlod rassomlariga qanday ilhom berayotganini ko‘rasiz.
Bozorboy Sereyekov uy-muzeyi
Manzil: Oq ko‘l ko‘chasi, 24
Ish vaqti: har kuni 09:00-19:00
Bu shunchaki muzey emas, balki XX asrning ikkinchi yarmidagi eng muhim qoraqalpoq rassomlaridan birining deyarli jonli arxivi. Bozorboy Serekeevning rasmlari kundalik mehnatni tarannum etishdan iboratdir. Uning o‘zi nihoyatda tirishqoq edi: buni hozir uning uyida saqlanayotgan ishlar - etyudlar, eskizlar, tugallangan ijod namunalarining sonidan darhol payqash mumkin.
Nima uchun borish kerak: Qoraqalpog‘istonni qoraqalpoqning ko‘zi bilan ko‘rish uchun – kundalik hayotda, yorug‘likda, batafsil, hurmat va muhabbat bilan.
Baxtiyor Serekeyev galereya-ustaxonasi
Manzil: Diydor ko‘chasi, 10
Ish vaqti: dushanba-shanba 09:00-23:00
Garchi familiyasi tanish bo‘lsa-da, bu yerda boshqacha energiya bor. Baxtiyor - Bozorboy Serekeyevning o‘g‘li - otasidan yerga bo‘lgan muhabbatni, folklor motivlarini meros qilib oldi va ularni zamonaviy san’atga olib kirdi. Uning galereyasida tugallanmagan kartinalar, molbertlar, bo’yoqlar va albomlar turadi. Bu makon san’atni ko‘rsatmaydi, balki yaratadi.
Nima uchun borish kerak: bu shunchaki natijani emas, balki jarayonni ko‘rishning noyob imkoniyatidir. Va Qoraqalpog‘iston san’ati eski darslikdagi bir sahifa emas, balki ko‘z o‘ngingizda sodir bo‘layotganini his qilish. Bundan tashqari, rassomning o‘zini uchratib, san’at haqida suhbatlashish mumkin.
Berdaq nomidagi akademik teatr muzeyi
Manzil: Yernazar Olako‘z ko‘chasi, 1
Ish vaqti: dushanba-juma 09:00-17:00
Shaharning bosh teatri binosida joylashgan. Ekspozitsiya mintaqada teatr sahnasi qanday shakllanganligi haqida - afishalar, dekoratsiyalar, liboslar, rekvizitlar, arxiv hujjatlari orqali hikoya qiladi.
Nima uchun borish kerak: agar siz teatrni yaxshi ko‘rsangiz, bu sahna ortiga o‘tishdek gap, agar yoqtirmasangiz, uni sevib qolish imkoniyatiga egasiz.
Amet va Ayimxon Shamuratovlar uy-muzeyi
Manzil: Jipek Joli ko‘chasi, 6
Ish vaqti: dushanba-shanba 09:00-20:00
Shoir va aktrisa. U Orolbo‘yi haqidagi bolalar qissalari va pyesalar muallifi. U yuzdan ortiq rollarni ijro etgan SSSR xalq artisti. Ularning uyi kutubxona, qoralamalar, fotosuratlar, sahna liboslari va madaniyatga bo‘lgan katta muhabbat muhitidir.
Shoshilmay, sokin yashayman, / Yozda qishki kiyimlarim kiyib yuraman... / Ammo bilim ortidan quvadi qalbim, / O‘z nodonligim yo‘q qilmoq uchun
— Amet Shamuratov
Nima uchun borish kerak: теплое, живое пространство, где культурная история региона становится личной.
Nukus faqat Savitskiy nomidagi muzeydan iborat emas. Bu shaharda qadimiylik ustaxonalar bilan yonma-yon joylashgan, she’rlar esa rassomchilik bilan bir qatorda jaranglaydi. Ushbu muzeylar bo‘ylab sayr qiling - shunda siz Qoraqalpog‘iston nima bilan va qanday yashayotganini bilib olasiz.







