Platon gimnasiyasidan uch “w” nuqta “com”gacha: kitob klublarining paydo bo‘lishi va rivojlanishi haqida
Kitob klublarining tarixi Platon akademiyasiga borib
taqaladi – ular nafaqat falsafa, balki so‘z san’ati ham muhokama qilingan
qadimgi yunonliklarning
otirishlari ko‘rinishida o‘tgan. Albatta, Aristotel va Geraklid
Pontiyskiy detektivdagi qotil jinoyatining
sabablari haqida bahslashmagan bo‘lsa-da, kitobxonlar bahsining ilk kurtaklari
Afina shahri devorlaridan tashqaridagi o‘rmonzorda paydo bo‘lgan.
XVIII asrga kelib, adabiy suhbatlar zodagonlarning
mehmonxonalariga ko‘chdi, ya’ni
Angliya va Fransiyada uslub va
yangiliklar muhokama qilindi, hatto teatrlashtirilgan o‘qishlar ham tashkil etildi. Vaqt
o‘tishi bilan kitob o‘qish yuqori tabaqa vakillarining imtiyozi bo‘lmay qoldi, chunki savodxonlik rivojlanishi
bilan klublar ommalashdi.
XIX asr esa nafaqat romanlar, balki ayollarning jamiyatdagi o‘rni haqida ham
so‘z yuritiladigan ayollar adabiy jamiyatlari to‘lqinini yuzaga keltirdi.
XX asr boshlariga kelib, Sharqda ham adabiy hayot
qizg‘in tus ola boshladi. Masalan, Toshkentda Abdulla Avloniy tomonidan tashkil
etilgan “Turon” teatr truppasi faoliyat yuritgan. U spektakllar va dramatik o‘qishlar
orqali jadidlar g‘oyalarini
tarqatar va aslida madaniy klub vazifasini bajargan – unda matnlar, ma’nolar va o‘zgarishlar
muhokama qilingan.
Keyinchalik “Turon” O‘zbekiston Milliy akademik drama teatriga aylandi.
Shu bilan birga, kitob klublari “ayollarning sevimli
mashg‘uloti” bo‘lmay qoldi – janrlar bo‘yicha uyushmalar paydo bo‘ldi, tadbirlar shakli
xilma-xillashdi va jonli uchrashuvlarga teleko‘rsatuvlar hamda
radioeshittirishlar qo‘shildi. Adabiy didni global tendensiyaga aylantirgan Oprah’s Book Club’ini eng mashhur misol
sifatida ko‘rsatib o‘tishimiz mumkin. Internet bilan hamma narsa osonlashdi:
endi divandan turmasdan, Avstraliyalik do‘stingiz bilan Ryunoske Akutagavaning “Changalzorda”
hikoyasidagi jinoyatni kim sodir etgani haqida bahslashishingiz mumkin.
Biroq oflayn
ham yo‘qolmadi. Bugungi kunda ham maktabgacha yoshdagi bolalar uyidan dumalab qochib ketgan bo‘g‘irsoqning
taqdirini hayajon bilan muhokama qiladigan joylardan tortib, Teodor Drayzerni
jon-jahdi bilan tahlil qiladigan jamiyatlargacha Toshkentda kitob qahramonlari
hamfikrlar davrasida jonlanadigan maskanlar mavjud.
Book Club Uz
Qayerda: Kalibr kitob do‘koni, Magic City.
Qachon: Har shanba kuni soat 11:00 da.
Adabiyotlar mavzusi: Falsafa, nasr, ilmiy-ommabop, fantastika, tarjimai
hol.
Qisqacha tavsif: Ishtirokchilar yoshi 18+, auditoriya juda har xil: talabalardan tortib
tadbirkorlargacha. Bu yerga
kelganlarni kitob o‘qishga qiziqish, yangi tanishlar orttirish, o‘z
ustida ishlash va faol turmush tarziga intilish birlashtiradi.
Ishtirokchilarning fikri:
“Biz faqat Kalibrda emas, boshqa joylarda ham o‘qiymiz, – deydi ishtirokchilardan biri. – Tog‘larga chiqamiz, teatr va ko‘rgazmalarga boramiz, stadionda ertalabki o‘qishlar o‘tkazamiz, hatto Bubble tea ichib kitoblarni muhokama qilamiz. Uchrashuvlardan so‘ng “yana bir piyola quying” deymiz va samimiy suhbatlar hamda issiq choy bilan vaqt o‘tkazamiz.”
Narxi: Birinchi uchrashuvga
kirish bepul. Keyingilari – abonement asosida. Ro‘yxatdan o‘tish uchun
Telegramga yozish kerak: ismingiz, yoshingiz, faoliyatingizni ko‘rsating va
o‘zingiz haqingizda qisqacha ma’lumot bering.
Yozilish uchun telegram: @feruza_nig
Ijtimoiy tarmoqlar:
Telegram - @bookclub_uz / Instagram - @bookclub_uz
Respublika bolalar kutubxonasidagi kitobxonlik klublari
Manzil: Yahyo G‘ulomov ko‘chasi, 47
Qisqacha ta’rif: Respublika bolalar kutubxonasi doimo jonli va gavjum: bu yerda
kichkintoylar, maktab o‘quvchilari, talabalar va chuqur suhbatlarga qiziqishini
yo‘qotmagan katta yoshdagi
odamlar kitob o‘qiydi.
Kimdir endigina so‘zlarni qo‘shishni o‘rganayotgan bo‘lsa, kimdir allaqachon
Xolden Kolfildning xatti-harakatlari haqida bahslashmoqda.
Ishtirokchilarning fikri:
Klublar kuratori – Ivan Sorokin. U uchun kitoblar
shunchaki matnlar emas, balki dunyoni va o‘zini anglash vositasidir.
“Biz kitoblarni jadval bo‘yicha tanlamaymiz. Tanlashda rayfiyatga, yoshga va tayyorgarlikka qaraymiz. Hatto eng g‘alati narsa ham, agar unda ruh bo‘lsa, muhim bo‘lib chiqishi mumkin. Asosiysi, kitobni boshqalarga ham berging kelishi kerak”.
Kichkintoylar klubi (0-5 yosh)
· Ingliz tili kitob klubi: ingliz tilida o‘qish va
interaktiv mashg‘ulotlar. Kitoblardan namunalar: “Frog Goes on Holiday”, “My Favourite Dinosaur”.
·
O‘zbek
tilidagi kitob klubi: “Qornim ochib ketdi” kabi ilk hikoyalar bilan tanishish.
Qachon: Uchrashuvlar har oyning juma kuni soat 11:00 da o‘tkaziladi.
Bolalar klubi (6-10 yosh)
· O‘zbek
tilidagi klub: “Hovlimizdagi voqea” va “Shiringina ezgulik” kabi yorqin, quvnoq
va ibratli kitoblar.
Diqqatni jamlab o‘qish ustaxonasi: “kattalar” klubi uslubida rus
tilidagi kitoblarni muhokama qilish. Masalan, “Новые соседи господина Выдры" ("Qunduz amakining yangi qo‘shnilari").
· Ingliz klubi: Nil Armstrong, Ella Fitsjerald kabi ajoyib va mashhur shaxslarning
hayoti haqida suhbat qilish.
Qachon: Uchrashuvlar oyiga bir yoki ikki marta – juma va shanba kunlari
o‘tkaziladi.
Kattalar klubi (16+)
Rus tilidagi uchrashuvlar –
chuqur mulohazali o‘qish va samimiy suhbatni sog‘inganlar uchun. O‘qilgan kitoblar
orasida “Овод” ("So‘na"), “Игра в бисер” ("Munchoq o‘yini"), “Над пропастью во ржи” ("Javdar jarligi
ustida") kabi asarlarni uchratishingiz mumkin.
Qachon: Uchrashuvlar oyiga bir marta o‘tkaziladi.
“Kutubxona huzurida tashkil etilgan kitob klubi a’lochilar to‘garagi yoki yolg‘iz o‘zingiz o‘tirib o‘qishingiz mumkin bo‘lgan joy emas, – deydi Ivan. – Bu suhbat maydoni. Bu yerda kitob faqat bahona, asosiy voqealar, ya‘ni muhokama, hayrat, bahs, kelishuv yoki kelishmovchilik, so‘z izlash va shaxsiy munosabatni ifodalash keyinroq sodir bo‘ladi”.
Narxi: barcha uchrashuvlar bepul, oldindan ro‘yxatdan o‘tish sharti bilan.
Ijtimoiy tarmoqlar:
Telegram - @book_club_ppo / Instagram - @acdflibrary
Topar.uz asosida tashkil etilgan “Книжная нора”
Manzil: Yahyo G‘ulomov ko‘chasi, 38. Topar.uz do‘koni yerto‘lasida
Ish tartibi: Uchrashuvlar oyiga bir marta, odatda dam olish
kunlari. Sana bir-ikki hafta oldindan kelishib olinadi.
Adabiyot mavzusi: Turli janrlar – klassika, antiutopiya, hujjatli nasr,
zamonaviy adabiyot, real
voqealarga asoslangan nobadiiy adabiyot.
Qisqacha tavsif: Klub 2022-yilda o‘qilgan kitoblar
haqida samimiy suhbatlashishni istaydigan odamlarni topish maqsadida deyarli
tasodifan ochilgan.
O‘shandan beri uchrashuvlar do‘konning shinam yerto‘lasida o‘tkaziladi — shu
sababli bu joy “нора”, y‘ani "in" deb
ataladi. Bu yer vaqt o‘tishi
bilan begona odamlar bir biriga qarindoshdek bo‘lib qolgan kichik makondir.
Boshidanoq klub a’zolari tarkibi 16 yoshdan 46 yoshgacha bo‘lgan turli yoshdagi
insonlardan iborat edi. Kimdir ishlaydi, kimdir o‘qiydi, kimdir o‘zini izlaydi.
Ularni kitob o‘qishga
bo‘lgan muhabbat birlashtiradi.
Ishtirokchilarning fikri:
Eng qizg‘in munozaralar “Заводной апельсин” asari atrofida bo‘lib o‘tdi.
Bu asar uzoq va ehtiros bilan
muhokama qilindi. Ishtirokchilar Dostoyevskiyni ikki marta qayta o‘qidi.
Bundan tashqari Palanikning asarlarini, “Книжный вор" ("Kitob o‘g‘risi") romanini o‘qishdi va ularni go‘yo hayot-mamot
masalasidek muhokama qilishdi.
“Bizning o‘ziga xosligimiz formatda emas, balki muhitda. Biz ko‘rgazmalarga boramiz, filmlarni tomosha qilamiz, “Yashirin Santa” o‘yinini o‘tkazamiz, lekin eng muhimi tadbirimiz — bu shoshilinchsiz o‘tadigan yakshanba kungi suhbatlardir”.
“Bizning o‘ziga xosligimiz formatda emas, balki
muhitda. Biz ko‘rgazmalarga boramiz, filmlarni tomosha qilamiz, “Yashirin Santa”
o‘yinini o‘tkazamiz, lekin eng muhimi tadbirimiz — bu shoshilinchsiz o‘tadigan yakshanba
kungi suhbatlardir”.
Narxi: Klub bepul. Do‘kon yoki Telegram guruhi orqali qo‘shilish mumkin.
Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari:
Faqat a’zolar uchun Telegram guruhi mavjud. Tashkilotchilarning aytishicha, har
bir inson oyida kamida bir marta hamma narsadan qochib, bemalol vaqt
otkazadigan burchakka ega bo‘lishi kerak ekan, — “Книжная нора” aynan shunday joy.
book.lovers.club
Manzil: Istiqbol ko‘chasi, 8. Book cafe
Ish tartibi: har oyning oxirgi yakshanbasi soat 10:30 da.
Adabiyotlar mavzusi: ovoz berish yo‘li bilan har oyda bir kitob tanlab
olinadi. Janrlar turlicha — asosiysi, matn qiziqarli va ta’sirli bo‘lishi
kerak.
Qisqacha tavsif: Book.lovers.club bir yarim yildan beri faoliyat
yuritmoqda va shu vaqt ichida yolg‘iz o‘qishni istamaydiganlar uchun qulay
ma’naviy makonga aylanib
ulgurdi. Ishtirokchilarning yoshi turlicha bo‘lsa-da, barchasining fikri
bir: ular jonli uchrashuvlarni va ta’sirli hikoyalar bilan o‘rtoqlashishni
yoqtiradi.
Ishtirokchilarning fikri:
“Eng esda qolarli uchrashuv yanvarda bo‘ldi – qor butun shaharni qoplagan bo‘lsa-da, biz baribir keldik. Chunki kitob – bahona, eng muhimi satrlar orasida ro‘y beradi.”
Klubning qat’iy qoidalari yo‘q, ammo o‘ziga xos muhiti
bor. Muhokamalar jonli, suhbatlar samimiy. Har bir uchrashuv o‘zidan so‘ng iz
qoldiradi.
Narxi: Ishtirok etish bepul. Tashrif haqida oldindan xabar berish kifoya.
Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari:
Telegram - @bookloversclub_uz / Instagram - @book.lovers.club
Toshkentdagi kitob klublari kelajagi haqidagi
mulohazalarda eng muhimi nafaqat kitoblar, balki yoningdagi insondir.
Raqamlashtirish jarayonlarining rivojlanib borayotganiga qaramay, metro va
avtobuslarda, soya-salqin joylardagi maysazorda yoki qahvaxonada bir finjon
qahva ustida kitob o‘qiyotgan odamlarni uchratish mumkin. Ehtimol, kimdir hamfikrlar bilan
uchrashib, kitob qahramonlari taqdirlarining murakkabliklarini va muallifning
g‘oyasini muhokama qilish mumkinligi haqida bilmasa kerak. Ammo bir kun kelib taqdir
ularni xuddi kitoblar kabi muqovasining ortida eng qiziqarli jihatlari
yashiringan insonlar bilan uchrashtirishiga
umid qilamiz.




