Qanday qilib inson o‘zi haqida munosib so‘zlab berishi mumkin: Lola Sayfidan muhim tavsiyalar  

Ushbu maqola shunchaki shaxsiy brend haqidagi mulohaza emas. Balki ijodiy sohada ishlaydigan va o‘zi haqida ishonchli ravishda haqgo‘ylik bilan gapirishni o‘rganmoqchi bo‘lganlar uchun tayyor qo‘llanma. Dizayner, biznes-murabbiy va “Human House” galereyasi asoschisi Lola Sayfi tajribasiga asoslanib, vaqt sinovidan o‘tgan amaliy maslahatlari va strategiyalari bilan bo‘lishadi.
Tarix – o‘zini ko‘rsatishning eng kuchli vositalaridan biri. Dastlabki qadamlardan boshlab taniqli bo‘lishgacha bosib o‘tilgan hayotiy yo‘l har qanday nazariyadan ko‘ra ko‘proq ishontiradi. Lola Sayfining misolida ijodiy “o‘zlik” qanday qilib omma orasidagi barqaror ishtirokning asosiga aylana olishini ko‘rish mumkin.
Lola Sayfi o‘zining kasb yo‘lini hunarmandchilik dizaynidan boshlagan, ya’ni batik, kiyim-kechak, sharflardan. O‘sha vaqtlardayoq u buyumlarga shunchaki mahsulot sifatida emas, balki ma’no, falsafa va madaniy kodning tashuvchisi sifatida qaragan. Bunday yondashuv “Human Wear” loyihasiga, keyinchalik esa ustalar, rassomlar, murabbiylar va tomoshabinlarni birlashtirgan hamjamiyatga asos soldi. U o‘zining faoliyati doirasida mahsulotlarni targ‘ib qildi hamda yangi nomlarni kashf etish, omma didini shakllantirish, milliy o‘ziga xoslikni mustahkamlash kabi muhim jarayonlarni boshlab berdi.
Moskvaga ko‘chib o‘tgandan so‘ng dizayner o‘z an‘analariga sodiq qoldi: Sharq madaniyati, shu jumladan, o‘zbek madaniyatining yirik festivallarini, hamkorlik va ta’lim loyihalarini tashkil etdi, franchayzing, turizm, media, rieltorlik, PR va biznes-konsalting sohalarida ishladi. 2017-yilda Lola Sayfi Toshkentga qaytib, galereya va o‘z qadriyatlarini aks ettiruvchi madaniy maydoncha – “Human House” uyini qayta tashkil etdi.
Shaxsiy brendni shakllantirish jarayoni bosqichma-bosqich tajribalar, xatolar va o‘qib-o‘rganish orqali amalga oshdi. Qahramonimiz hayot yo‘li davomida o‘zligini saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi. Uning xatti-harakatlarida rostgo‘ylik, gaplarida aniqlik, uslubida esa barchaga mashhur yo‘nalishlar saqlanib qolgan. Lola Sayfining o‘zi bu haqida shunday deydi:
“Men o‘zim xohlagan ishni qilaman va buni o‘zim istagandek bajaraman. To‘g‘ri, qiyinchiliklar bo‘ladi, lekin men o‘zimni baxtli his etaman – sababi o‘zim bilan kelishib yashayman”.

Shuningdek, uning aytishicha, agar hammasini boshidan boshlashga to’gri kelganda, u tillarga va moliyaviy savodxonlikga ko‘proq e’tibor qaratgan bo‘lardi. Chunki bu ko‘nikmalar nafaqat ijod qilishni, balki barqaror rivojlanishni istagan har bir kishi uchun zarurdir. Lekin baribir asosiy harakatlantiruvchi kuch – bu ishga bo‘lgan muhabbat bo‘lib qolaveradi.
Lola Sayfining hikoyasi ko‘plab voqealardan jamlangan: hunarmandchilik ekspeditsiyalari, ikat hunarini o‘rganish, teleko‘rsatuvlarni suratga olish, biznes va ta’lim sohasidagi ishlar, qo‘l mehnati mahsulotlari supermarketi haqidagi orzular. Lekin eng muhimi – bu yaxlitlik va ichki erkinlikdir. Lola Sayfi turli xil ko‘rinishdan qo‘rqmaydi va uning kuchi ham shunda.
Lola Sayfi bosib o‘tgan yo‘l andoza emas, balki mo‘ljaldir. U ommaning oldidagi mavqe tashqi strategiyalarga emas, balki samimiylik, aniqlik va o‘ziga bo‘lgan hurmatga asoslanishini ko‘rsatadi. Bu yo‘ldan borishga tayyor bo‘lgan har bir kishi o‘z tarixini kuch-qudrat manbaiga aylantira oladi.
image
Lola Sayfi.

1-BOSQICH. Yo‘lning boshlanishi

Birinchi bosqich eng nozik, ammo eng manbaga boy bosqichdir. Bu yerda portfolio yoki omma oldida nutq so‘zlash tajribasi bo‘lmasligi mumkin, lekin asosiy omillar quvvat, tanlov erkinligi va shaxs sifatida shakllanish uchun muhit aynan shu davrda paydo bo‘ladi. Birinchi qadam ishonchsiz bo‘lishi mumkin, lekin uning ahamiyati bebahodir.
Muhim qadamlar:
-         ijodda ustuvor vazifalarni aniqlab olish, ya‘ni nima demoqchisiz va bu nima uchun muhimligini belgilab olish;
-         g‘oyalarni hayotga ko‘chirish – hatto kichik loyihalar, postlar yoki kollajlar ham timsolni shakllantira oladi;
-         professional akkaunt yoki portfolio yaratish – bittagina post bo‘lsa ham, u odamlarni o‘ylantirsin;
-         o‘zingiz haqingizda qisqacha matn yozish: kimsiz, qayerdansiz, nimadan ilhomlanasiz;
-         tadbirlarda ishtirok etish, muloqotga kirishish, atrof-muhitga qiziqish bildirish;
-         boshqalar bilan o‘zingizni taqqoslashdan qochish – o‘z rivojlanishingizga e’tibor qaratish.
O‘zini namoyon qila olish – bu natija emas, balki jarayondir. Qulay vaziyatni kutish kerak emas: u ichki mohiyatni aks ettiruvchi eng oddiy, mazmunli harakatlardan boshlanadi.
Shuningdek,
-         tushunarli portfolio (PDF formatda bo‘lsa ham) tuzish;
-         ijtimoiy tarmoqlardagi dolzarb profillaringiz;
-         qisqa, ammo ifodali tarjimayi hol;
-         o‘z auditoriyangizni aniq tushunib olish.
Ijodiy sohada rivojlanish nafaqat badiiy nutqni, balki amaliy – moliyadan tortib tillargacha bo‘lgan bilimlarni ham talab qiladi. Ijodkorlik qo‘llab-quvvatlash va almashinuv mavjud bo‘lgan samarali muhitda namoyon bo‘ladi. Xatolar xalaqit bermaydi, balki barqaror o‘ziga xoslikni shakllantirishga yordam beradi.
image
“Human House’ galereyasi.

2-BOSQICH. O‘zingizning noyob tomonlaringizni anglang

O‘zini namoyon etish, "men kimman?" va "mening kuchim nimada?", degan haqqoniy savollardan boshlanadi. Vizual uslub yaratish yoki ommaviy maydonga chiqishdan oldin, o‘z ichki imkoniyatlaringizni anglash muhimdir. O‘ziga xoslik “hammaga o‘xshab qolmaslik” istagida emas, balki noyob jihatlarni kashf etish va o‘zini qabul qilishda namoyon bo‘ladi, masalan ovozda, mavzularda, estetikada, imo-ishoralarda, materiallarni tanlashda.
Shaxsiy brend nima bilan ajralib turish, qanday fikrni yetkazish, qaysi mavzular yaqinligini anglab yetishga asoslanadi. Noyoblik isbot talab qilmaydi – faqat e’tibor va ehtiyotkorlik bilan rivojlanish kerak. Bu o‘zini barqaror namoyon etishning poydevoridir.
Lola Sayfi hayotidan misol
Lola Sayfi jarayon ongli strategiyaga aylanishidan ancha oldin o‘ziga quloq solishni boshlagan. Talabalik yillaridayoq me’moriy bezaklarni ta’mirlash fakultetida o‘qib yurgan kezlarida o‘z ovozi – matoda ekanini tushunib yetgandi. U ro‘mollar, rasmlar, kiyimlar yaratish orqali batik ustida tajribalar otkazib, o‘zini taqdim etishning birinchi vizual tilini topdi. Unda olamni qo‘li bilan ushlab ko‘rib urganish, ramziylik, an’ana bilan bog‘liqlik va yangiliklarni izlash harakatlari uyg‘unlashgan.
“Noyoblik – bu baralla maqtanish emas, – deydi dizayner. – Bu asllikdir. Yoshligimda ko‘pchilik qatori men ham: agar sen birovga o‘xshamasang, demak, boshqachasan, deb o‘ylaganman. Ammo yoshim ulg‘aygan sari tushunib yetdimki, sen o‘z olamingda yolg‘iz emas ekansan. Atrofdagi barchaning o‘ziga yarasha xislatlari bor”.

Lola Sayfi uchun bu burilish nuqtasiga aylandi: u qanday qilib bo‘lsa ham ajralib turishga intilish kerak emas, balki o‘zingdagi mavjud qobiliyatni anglash va uni halol rivojlantirish zarur degan fikrga keldi.
“Ba’zida har birimizning ichimizda ibodatxona bormikan, deb o‘ylab qolaman. Kimdir uni so‘zlardan, kimdir rang, nur, uslublardan tuzadi. Qancha ko‘p yashasang, kuzatsang, his qilsang, bu ibodatxona shunchalik boyib boraveradi. Shunda o‘zingning noyobligingni isbotlashga hojat qolmaydi – shunchaki o‘zingni anglasang kifoya. Bu esa kuch beradi”.
Barqaror timsol sari yo‘l, keyingi barcha fikr-mulohazalarning asosi sifatida o‘zini anglab yetishdan boshlanadi.

3-BOSQICH. Shaxsiy brendni yaratish

Noyob tomonlarni kashf etib bo‘lgandan so‘ng keyingi bosqich – shaxsiy brendni shakllantirish boshlanadi. Bu logotiplar va targ‘ibot usullari emas, balki qadriyatlaringiz, estetikangiz, muloqot uslubingizga asoslangan yaxlit strategiya.
Shaxsiy brend – bu so‘zlardan oldin qoldiradigan taassurotingiz. Bu yo‘nalish, mavqe, vizual qiyofa bo‘lib, sizning xatti-harakatlaringiz, fikrlaringiz, tashqi ko‘rinishingiz va ijodingizdan tashkil topadi.
Ushbu timsol barqaror va barcha taniydigan bo‘lishi uchun quyidagi savollarga javob berish muhim:
-         Qanday fikrlarni yetkazmoqchiman?
-         Uslubim qanday hissiyotlarni keltirib chiqaryapti?
-         Mening boshqalardan farqim nimada?
-         Nima uchun menga ishonch bildirishyapti?
Kuchli brend muhim emas – u siz qanday bo‘lsangiz, shunga moslashadi. Bu niqob emas, balki falsafadir.
Lola Sayfi hayotidan misol
Shaxsiy brendni shakllantirishni dizayner Lola Sayfi nom topishdan boshladi. “Human Wear” – “Человеческая О!дежда moda, qo‘l mehnati va madaniy o‘ziga xoslikni birlashtirardi. Keyinchalik “Human House” – dizaynerning qarashlari, didi va ovozining davomiga aylangan galereya va madaniy makon paydo bo‘ldi.
Bu nomlar manifest kabi yo‘nalishni belgilab turardi. Ular asllik, fayz, hunarmandchilik tarovati, o‘zbek madaniyati kodini hurmat qilish bilan bog‘liq tasavvurlarni uyg‘otardi. “Human House” estetika va mazmun makoni – Lola Sayfi shaxsining aksiga aylandi.
“Men pullarni emas, balki o‘zimni xotirjam sezadigan yo‘lni tanlayman”, — deydi u.
Uning uchun shaxsiy brend – bu sotuv uchun o‘ylab topilgan timsol emas, balki halol yo‘lning natijasidir. U kuzatuvchanlik hamda tafsilotlarda go‘zallik va ma’noni ko‘ra olish qobiliyatidan kelib chiqadi.
“Bir kuni ko‘chada ketayotsam, asfalt ustida “Men seni sevaman” degan yozuvni ko‘rib qoldim. Yonimdagi tanishim esa sezmadi. Har bir inson ichki olamiga yaqin hodisalarni anglaydi”.
Xuddi shunday, brend ham faqat o‘zingiz bilan uyg‘unlikda yashaganingizda ishlaydi. U ishonch uyg‘otadi, chunki siz uni o‘ynamaysiz, balki yashab o‘tasiz.
image

4-BOSQICH. Aniq pozitsiyalash

Brendni shakllantirishni pozitsiyalashsiz – kimligingizni, kim uchun ijod qilayotganingizni va nimani yetkazmoqchi ekanligingizni aniq tushunmasdan turib amalga oshirib bo‘lmaydi. Bu marketing emas, balki ichki halollik va kasbiy o‘ziga xoslikdir.
Eʼtiborni kerakli yo‘nalishga solish uchun uchta savol yordam beradi:
· Mening tomoshabinim yoki hamkorim kim?
· Qadr-qimmatim nimada?
· Qanday fikrni yetkazmoqchiman?
Pozitsiyalash bu ich-ichingdan tayor bolish, fikrni jamlash. U ortiqcha narsalar orasidan asosiysini ajratib olishga yordam beradi. Bunda aniqlik kuch bag‘ishlaydi: ishonchingiz ortadi, sizni taniy boshlashadi, fikrlaringiz teranlashadi. U chegaralamaydi, balki harakatlaringizni yanada kuchaytiradi.
Lola Sayfi hayotidan misol
Lola Sayfi boshidanoq kim bilan gaplashmoqchi bo‘lganini aniq bilardi. Uning loyihalari – kiyim-kechaklardan tortib madaniy tashabbuslargacha – qo‘l mehnati, milliy o‘ziga xoslik va ma’noni qadrlaydiganlarga qaratilgan. Uning mijozi shunchaki iste’molchi emas, balki chuqur ma’noga ega go‘zallikni, O‘zbekiston zamini, merosi va estetikasi bilan bog‘liq jihatlarni izlayotgan shaxsdir.
Bunday pozitsiyalash unga O‘zbekistonda va undan tashqarida ham birdek tushunarli bo‘lgan yaxlit, mashhur timsolni yaratish imkonini berdi. Uning dunyoga aytadigani – madaniyat haqida ehtirom bilan so‘zlangan, hissiyotli va zamonaviy hikoyadir.
“O‘zingni eshita boshlaganingda nafaqat boshqalarga, balki o‘zingga ham qiziqarli bo‘lib borasan, – deydi qahramonimiz. – "Inson o‘z ichida quradigan ibodatxonaga o‘xshaydi" degan fikrni men doimo takrorlayman. Kimdadir bu ibodatxona fakturalardan, boshqalarda nur va soyalardan, kimdadir esa so‘zlardan iborat”.

Uning uchun pozitsiyalash tashqi harakat emas, balki ichki aniqlikdir, ya‘ni qanday hissiyotni uyg‘otmoqchi, qanday qadriyatni yetkazmoqchi va qanday falsafani anglatmoqchi ekanligingni tushunishdir.
“Siz aynan nimani yetkazmoqchi ekanligingizni his qilishingiz muhim. Nima uchun ijod qilayotganingizni bilmasangiz, shovqin-suron ichida ovozingiz yo‘qoladi. Agar bilsangiz – fokus, quvvat va kuch paydo bo‘ladi”.

5-BOSQICH. Vizual taqdimot

Vizual bezak – bu brend so‘zlardan oldin gapiradigan til vositasi. Fotosurat, veb-sayt, afisha, Instagram – bularning barchasi qadriyatlar, estetika va professionallikni aks ettiruvchi yagona fikrning bir qismidir.
O‘zingizdan so‘rang:
-         Mening uslubimni tanishadimi?
-         Vizual jihatlarim ichki ko‘rsatmalarimga mos keladimi?
-         Palitra, taqdim etish, kompozitsiya men haqimda nelardan so‘ylaydi?
Vizual timsol shunchaki “chiroyli” bo‘lmaydi. Bu ishonchni shakllantiradigan, hissiyotlarni uyg‘otadigan va fikringizni kuchaytiradigan vositadir. Nomukammallik vizual taassurotni buzadi, puxta o‘ylangani sizni ko‘rinarli va esda qolarli qiladi.
Lola Sayfi hayotidan misol
Lola Sayfi uchun vizual til har doim falsafaning davomi bo‘lgan. “Human Wear” do‘koni har bir mato, vitrina va andaza qo‘l mehnati, bezaklar, xotira va madaniyatga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish haqida hikoya qiluvchi makonga aylandi.
Keyinchalik g‘oya “Human House” galereyasiga ko‘chdi: afishalar, dizayn, ekspozitsiyalar – barchasi batafsil o‘ylangan, estetika g‘oyadan ajralmagan. Hatto uning shaxsiy uslubi – tabiiy matolar, ixcham shakllar, mashhur naqshlar ham qadriyatlar tizimining bir qismi hisoblanadi.
“Odamlar mohiyatni – tasvir, uslub, so‘zlar va ranglar tanlovi orqali anglaydilar. Instagram, afisha yoki sayt shunchaki bezak emas, balki shaxsiyatingizning rostgo‘y va odamlar taniydigan davomidir”.

6-BOSQICH. Jamoat joyidagi muloqot va xulq-atvor

Muloqot – o‘zini namoyon etish uchun kalit. Bu o‘zini reklama qilish emas, balki o‘zingiz haqingizda, ayniqsa, professional muhitda – murabbiylar, institutlar, jurnalistlar bilan aniq va ishonchli gapira olish qobiliyatidir. U nafaqat so‘zlarda, balki uslubda, xatti-harakatlarda, o‘z fikringizni yetkaza olish qobiliyatida ham namoyon bo‘ladi.
O‘zingizdan so‘rab ko‘ring:
-         Ikki daqiqa ichida kimligimni va nima bilan shug‘ullanishimni aytib bera olamanmi?
-         Bunda hissiyot uyg‘ota olyapmanmi?
-         Mening o‘zim haqimda jonli va professional “tilim” bormi?
Xotirjam, tartibli, ortiqcha jo‘shqinliksiz, ammo munosib nutq muhim.
Lola Sayfi hayotidan misol
Lola Sayfi har bir intervyusida o‘z ishi haqida rostgo‘ylik bilan professional tarzda gapiradi – uning nutqi vazmin, ammo chuqur ma’noga ega. Festivallar va ko‘rgazmalarni tashkil qilganda, u har doim hunarmandlar bilan ham, Moskva galereyalari xodimlari bilan ham muloqot qilish uchun to‘g‘ri ohangni topardi. Uni eshitishardi, chunki u o‘zligini saqlab qolgandi.
“Meni qiyinchiliklar o‘ziga tortadi — o‘sha ufqda o‘sish nuqtam”, — deydi Lola Sayfi.
Uning xulq-atvor falsafasi: qiyin vaziyatlarda ham samimiylik, hurmat va insoniylik qadr-qimmatini saqlab qolish.
“Bir qarashdan kamtar insonlar so‘zlashni boshlaganlarida juda yaxshi ochiladilar. Ular balandparvoz gapirishmaydi, balki quvvat va aniqlikni yo‘lga solishadi. O‘zi haqida gapirish sanʼati ham aslida ijod. Baʼzida o‘zlikni saqlab qolish yetarli, lekin qaysi so‘zlarni tanlayapsiz va hissiyotlarni ishga solyapsiz, buni tushunish muhim. Ayniqsa, professional muhitda sizni ko‘rishdan tashqari tinglashlari ham kerak”.
image

7-BOSQICH. Netvorking va hamjamiyatlar

Netvorking – bu foydali aloqa raqamlari ro‘yxati emas, balki o‘sish maydonidir. Ijodkor uchun nafaqat iste’dod, balki atrofdagi muhit ham muhim. Jonli professional hamjamiyatning bir qismi bo‘lish ba’zan yolg‘iz qolishdan ko‘ra afzalroqdir.
Gap aloqalar haqida emas, balki munosabatlar haqida:
-         Kichik loyihalarda ham ishtirok eting.
-         Foyda kutmasdan, ochiqchasiga gaplashing.
-         G‘oya, tashabbus, tajriba bilan o‘rtoqlashing.
-         Yodda tuting: obro‘-e’tibor xatti-harakatlar orqali shakllanadi.
Haqiqiy netvorking samimiylik asosiga quriladi. Ko‘rinish shovqin orqali emas, balki ishtirok etish va hissa qo‘shish orqali shakllanadi. O‘zingizga savol bering: menga qayer qiziq? Nimaga qo‘shilmoqchiman? Boshqalarga qanday foydam tegishi mumkin?
Lola Sayfi hayotidan misol
Dizayner Lola Sayfi nafaqat brend, balki o‘zining atrofida ekotizimni barpo etmoqda. “Human Wear” butigidan “Human House” galereyasigacha – u muloqot hamda o‘zaro ko‘mak va qo‘llov maydonini yaratdi. Uning “Sharq formulasi”, “Palov sammiti”, “Sharq bozori” loyihalari, ko‘rgazmalari odamlarni madaniyat va hunarmandchilik atrofida birlashtiradi.
“Menga: “Sizni hamma joyda ko‘ramiz!” deyishadi — men esa kulib qo‘yaman. Bu ishimning bir qismi. Men hammaning ko‘z oldida bo‘lishdan, gapirishdan, taklif qilishdan va qo‘llab-quvvatlashdan qo‘rqmayman. Chunki aynan jonli, samimiy hamjamiyatlarda haqiqiy aloqalar paydo bo‘ladi”.

8-BOSQICH. Tarix kuchi

Tarix shaxsiy brend poydevoridir. Bu quruq biografiya emas, balki shaxs, estetika va qarashlarning shakllanishi ko‘zga tashlanadigan yo‘ldir. Mukofotlar emas, balki burilishlar, tanlovlar va asllik insonlarni jalb etadi.
Yaxshi so‘zlab berilgan hikoya hissiyotlar va ishonch uyg‘otadi. Nafaqat g‘alabalar haqida, balki sizni shakllantirgan omillar haqida ham gapirish muhim. Hatto qiyinchiliklar ham bu tarixning bir qismiga aylanadi.
Lola Sayfi hayotidan misol
Lola Sayfining yo‘li – o‘zining ichki ibodatxonasi – “Human House”ni yaratish uchun biznes, san’at, yolg‘izlik, Moskva va Toshkent o‘rtasidagi hayot yo‘llaridan o‘tgan ayol hikoyasidir. Uning tarjimayi holida tanlovlar, qo‘rquvlar, estetika, moliyaviy mas’uliyat va madaniyatga muhabbat bor. Bu muvaffaqiyat haqidagi darslik emas, balki jonli, ko‘p qirrali tarixdir.
“Menimcha, har kimning ichida o‘z ibodatxonasi bor. Kimdir uni nurdan yaratadi, yana kimdir so‘zdan. Uni atrofdagilar ko‘rishi uchun, biz u haqda gapirib berishimiz lozim. Samimiylik aks-sado beradi. O‘zingiz haqingizda gapirishdan qo‘rqmang — bu maqtovlar uchun emas, balki boshqalar ham sizni tinglashni boshlashlari uchun muhimdir”.
image

9-BOSQICH. Xatolar va taqiqlar

Ko‘pincha o‘zini ko‘rsatishdagi xatolar iste’dodning yo‘qligi bilan emas, balki o‘z qiyofasining buzilganligi bilan bog‘liq bo‘ladi. Kimdir birovning joniga tegishdan qo‘rqib, jim turadi. Kimdir baland ovozda gapiradi, lekin aslini yo‘qotadi. Natijada timsol xotiradan o‘chib ketadi yoki soxta ko‘rinadi.
Ichki ko‘rsatmalar ham xalaqit beradi: masalan, “hammaga o‘xshash” istagi, o‘zini kamsitish odati, men shunchaki ijodni yaxshi ko‘raman degan bir qolipdagi iboralar. Bularning barchasi shaxsiyat haqidagi tasavvurlarni xiralashtiradi. Bugungi kunda odamlarni yaltiroq muqovalar emas, balki yetuk, rostgo‘y nuqtayi nazar qiziqtiradi. O‘zi haqida mahorat bilan yaxshi va ijobiy tasavvur qoldirish oddiy, sodda va aniq tilda gapirishga bog‘liq.
Lola Sayfi hayotidan misol
Dizayner Lola Sayfi o‘zining zaif tomonlari haqida ham ochiq gapiradi, ya‘ni til bilmaganligi, moliyaviy savodxonligi etishmaganligi, ustuvor vazifalarda xato qilganlari haqida. Ammo aynan mana shu haqiqatgo‘ylik uning qiyofasini insonlar uchun qiziqarli qiladi. O‘zini anglash qobiliyati va ichki mehnat uni yetuklik sari boshlaydi — u o‘zini ko‘z-ko‘z qilish uchun emas, balki asl mohiyatini ko‘rsatib berishga intiladi.
Men puldan kora mohiyatni ustun bilaman. Inson noyobligini isbotlashi shart emas. U yoki bor va siz u bilan kelishib ish qilasiz, yoki doimo birovlarning rollarini ijro etib yurasiz. Haqiqiy kuch — o‘zlikni saqlab qolishda. Bozor qoidalariga moslashmaslikda. Birovga yoqishga harakat qilmaslikda. Mana shu yetuklik bo‘ladi”.
Bu bosqichlar — ko‘rsatmalar emas, balki yo‘l topishga yordam beruvchi ko‘rsatkichlardir. O‘zini namoyon qila olish — kiyib chiqish uchun kostyum emas, balki o‘zingizni qulay his qiladigan “ikkinchi teringiz”dir. Bu ishonchi past ovozdan odamlar taniydigan dadil ohanggacha, tasodifiy postlardan ongli bayonotlargacha bo‘lgan yo‘ldir. Birovning rollarini o‘ynash to‘xtagan joyda haqiqiy o‘zlik boshlanadi — va aynan u sizning qiyofangizni ko‘rsatadi, sizni tinglashlariga sabab bo‘ladi va shaxsiyatingizga chuqur mazmun bag‘ishlaydi.