Modest fashion e’tiqod, din yoki shaxsiy qarashlarning ma’naviy va stilistik talablariga muvofiq o‘z tanasini yopishni ma’qul ko‘radigan ayollar orasidagi moda yo‘nalishidir.
Bu yo‘nalish kamtarona moda deb tarjima qilinadi. Ta’kidlash joizki, kamtarlik tushunchasi dinlar va madaniy me’yorlarda farqlanadi. Unga bir xil yondashish mushkul. Agar kiyimning yopiqlik darajasi haqida gapiradigan bo‘lsak, XX asrgacha moda ko‘proq iffatga asoslangan: ayollarning kundalik kiyimi hatto yozning jazirama issig‘ida ham oyoq va qo‘lni yopib turgan, boshda esa doimo shlyapani ko‘rish mumkin edi. Faqat ballarda xonimlar o‘ziga erkinlik berishi, dekolte va yelkani ochish mumkin edi. Shunday qilib, modadagi yangi yo‘nalish aslida qadimiy an’analarga borib taqaladi.
Kamtarona” moda 2000-yillarning boshlarida mustaqil yo‘nalish sifatida shakllandi. Gap shundaki, XXI asr boshidagi uslub dunyoviy ayollarga iloji boricha ochiq kiyim kiyish imkonini bergan. Biroq musulmon ayollar, pravoslav nasroniylar va axloqiy yoki shaxsiy e’tiqodi tufayli oddiy va yopiq kiyimni afzal ko‘rganlar muammoga duch kelishdi: oddiy do‘konlarda mos keladigan kiyim juda kam edi. Natijada talab taklifni keltirib chiqardi.
Ammo klassik uslubdagi yopiq liboslarni shariat qoidalari asosida yashaydigan muslima ayol obrazidan farqlash lozim. 

Modest fashion — mo‘tadillik ifodasi bo‘lib, u muloyim ranglar, sifatli matolar, mukammal bichimli qalam yubka yoki shim, uzun yengli ko‘ylaklar va bluzkalar, bo‘yinda marvarid shodasi va tabiiy pardoz-andozni qamrab olishi mumkin.

Nima uchun bugun modest fashionga talab yuqori?

Birinchisi, bag‘rikenglik va turlicha madaniyatlarga hurmat. Bugun dunyo nihoyatda xilma-xil, biz ko‘p sayohat qilamiz, yashash joyimizni o‘zgartiramiz. Yevropa mamlakatlarining madaniy me’yorlari ayollarga mini yubka, kalta, tor liboslarni kiyish va kiyim tanlashda erkinlikni his qilish imkonini beradi. Shu bilan birga, islom diniga e’tiqod qiluvchi ko‘plab mamlakatlarning mahalliy aholisi yopiq va kamtarona uslubdagi kiyimlarni tanlaydi. Yangi joyga moslashish uchun “o‘z qoidalari” bilan kelmaslik, balki boshqa mamlakat va madaniyatning uslub va qoidalarini hisobga olish muhim. Agar ijtimoiy qoidalar talab qilsa, yelkani yopish, midi yoki maksi yubka kiyish, boshga ro‘mol o‘rash zarur.
Ikkinchisi, inklyuzivlik va majburiy go‘zallik andozalaridan voz kechish. Boshqalarga o‘xshamaslik bugun odatiy holga aylanib bormoqda. Ro‘mol o‘ragan ayollar sira uyida qamalib olgan odamlarga o‘xshamaydi. Masalan, Ibtihoj Muhammad 2016-yilgi Olimpiya o‘yinlarida hijobda qatnashib, qilichbozlik bo‘yicha jamoaviy musobaqalarda bronza medalni qo‘lga kiritgan. Halima Adenni esa Britaniyaning Vogue jurnali muqovasida paydo bo‘lgan birinchi hijobli model sifatida e’tirof etish mumkin.
Kamtarona uslubdagi yopiq kiyimlar tobora ko‘proq o‘zini namoyon qilish vositasiga va muhim ijtimoiy muammolarga e’tiborni jalb qilish usuliga aylanib bormoqda. Eng yorqin misollardan biri pokistonlik huquq himoyachisi Malala Yusufzay bo‘lib, u tinchlik yo‘nalishi bo‘yicha Nobel mukofotining eng yosh sovrindori hisoblanadi. Malala 2012-yilda maktabdan qaytayotganda yuziga o‘q uzgan jangarilar hujumidan omon qolgan. Qizcha mo‘jiza tufayli tirik qolgan va keyinchalik butun dunyo bo‘ylab bolalar va ayollar huquqlarini himoya qilishga hayotini bag‘ishlagan.
Pandemiyalar, qurolli to‘qnashuvlar, tabiiy ofatlar insonning zaiflik hissini kuchaytiradi va bunday sharoitda yopiq kiyim tana xavfsizligiga ehtiyoj uyg‘otadi. Bugun jozibadorlik ko‘p jihatdan tana va uning o‘lchamlari bilan bog‘liq. Shuning uchun tashqi ko‘rinishini jozibadorlik jihatidan bo‘rttirishni istamaydigan ayollar “yopiq kiyim moda”sini tanlaydi. Yopiq uslubdagi moda muxlislarining ta’kidlashicha, jozibadorlik faqat yalang‘och tanada emas, balki ichki quvvat va xarizmada ham namoyon bo‘ladi.
XX asr oxiridagi jinsiy inqilob jamiyatni iffat haqidagi ko‘plab tushunchalardan mahrum etdi. Yalang‘och va yarim yalang‘och tanalar shu qadar ko‘payib ketdiki, odamlarning o‘zi ham bu vizual ochiq-sochiqlikdan charchadi shekilli. Dizaynerlar kayfiyatning o‘zgarishini ilg‘ab olishdi va podiumlarda yopiq obrazlar tobora ko‘proq paydo bo‘la boshladi.
Bugun yopiq uslubdagi moda intellektuallik tusini olmoqda: iste’molchiga endi faqat tanasini yopib, chiroyli ko‘rinishning o‘zi yetarli emas. Kiyim qadriyatlar, g‘oyalarni aks ettirishi va o‘zini namoyon qilishga yordam berishi muhim. Choklari tashqariga ag‘darilgan noan’anaviy pidjak e’tiborni tortishga va egasi haqida klassik variantga qaraganda ko‘proq ma’lumot berishga qodir.

Zamonaviy jamiyat tobora ongli iste’molga intilmoqda. Modest fashionning asosiy g‘oyalaridan biri uzoq muddat xizmat qiladigan sifatli buyumlar yaratish, bluzka, yubka va shimlar bir-biriga yaxshi mos keladigan kapsulalarni tikish orqali yangi xaridlar qilish zaruratidan xalos bo‘lishdan iborat. Moda sanoati sayyoramizni ifloslantiruvchi eng yirik omillardan biri bo‘lib qolmoqda. Shu sababli u “xarid uchun xarid” va statusga intilishdan voz kechish tendensiyasiga tobora faol ergashib, minimallik, funksionallik va kiyimning yuqori sifatiga e’tibor qaratmoqda.

Modest fashion va moda brendlari

So‘nggi yillarda kamtarona modaga qiziqish asosan musulmon dunyosidagi blogerlarning faolligi tufayli kuchaydi. Ular o‘z turmush tarzi bilan o‘rtoqlashib, e’tiqod va diniy ko‘rsatmalarni zamonaviy moda tendensiyalari bilan qanday uyg‘unlashtirayotgani haqida so‘zlamoqda hamda modest fashion doirasida turli uslubiy yechimlarni namoyish etmoqda. Masalan, Salli Ashur shlyapa va ro‘mol bilan to‘ldirilgan klassik tasvirlarni joylashtiradi. Bularni nafaqat musulmon ayollar, balki boshqalar ham e’tiborga olishi mumkin.
2015-yildan buyon har yili Istanbul, London, Dubay va dunyoning boshqa shaharlarida Modest fashion Week tadbiri o‘tkazilayotgani ham yopiq uslubdagi kiyimlarga talab ortib borayotganidan dalolat beradi. Tadbir butun dunyodan yuzlab dizaynerlar, bayerlar, moda mutaxassislari va kamtarona kiyim-kechak muxlislarini birlashtiradi.
Moda uylari va xalqaro kiyim brendlari ham ortib borayotgan talabga javob bermoqda. Misol uchun, Nike kompaniyasi musulmon sportchilari uchun hijoblar ishlab chiqardi, 2024-yilda Prada muqaddas Ramazon oyiga bag‘ishlangan to‘plamni taqdim etdi. Hatto o‘zining ochiq liboslari bilan mashhur bo‘lgan Italiyaning Dolce&Gabbana brendi 2023-yilda Saudiya Arabistoniga bag‘ishlangan musulmon liboslarining cheklangan to‘plamini chiqardi.
Skrinshot: Dolce & Gabbana / YouTube
2011-yilda Turkiya dizaynerlari, shuningdek, yirik va kichik atelye egalarini birlashtirgan Modanisa platformasi ishga tushirildi. Bu ularga o‘z ishlarini onlayn sotish imkoniyatini berdi. Ushbu brend musulmon ayollarining o‘zini tadbirkorlar, ish beruvchilar va innovatorlar sifatida qayta anglash tendensiyasiga javob berdi. Modanisaning maqsadi ayollar yopiq modasi faqat qora rang bilan cheklanib qolmasligini ko‘rsatishdan iborat. Ayol diniy va shaxsiy tamoyillariga sodiq qolgan holda yorqin va zamonaviy ko‘rinishi mumkin. Bugun Modanisa eng yirik xalqaro onlayn platforma bo‘lib, unda diniy an’analarga sodiq ayollar ham, nafis va qulay kiyimlarning dunyoviy muxlislari ham o‘ziga mos obrazlarni topishi mumkin.
Ammo hozir hayot tarzi o‘zgardi. Biz hamma narsaga va hamma joyga ulgurishni, faol bo‘lishni va shu bilan birga o‘zimizni ishonchli va qulay his qilishni xohlaymiz.
O‘zbekistonlik dizaynerlar ham kamtarona moda yo‘nalishini faol rivojlantirmoqda. Stone City, Dildora Kasimova, Moel Bosh va boshqa brendlar mamlakatning madaniy kodi, diniy talablar va zamonaviy materiallarni uyg‘unlashtirishning muvaffaqiyatli namunasini ko‘rsatmoqda. Masalan, UMM ABIYAM brendi hijobli ayollar uchun eksklyuziv liboslar yaratadi. Ko‘ylaklar, kostyum-shimlar va hatto cho‘milish to‘plamlari qizlarga nafis bo‘lish, o‘z ritmida harakatlanish va o‘zini erkin his qilish imkonini beradi.
Biroq o‘zbekistonlik dizaynerlar bu tushunchaning doirasini kengaytirib, uning nafaqat din bilan, balki tanaga, o‘z ildizlariga va ichki yetuklikka hurmat bilan bog‘liqligini isbotlamoqda.
Umm Abiyam / Instagram
“Modest fashion – bu tanani xavfsizlik uchun yopish yoki kimnidir o‘ziga rom etish usuli emas. Bu ishonch, nafosat va ichki xotirjamlik haqida”, – deydi dizayner va Stone City brendi asoschisi Elnora Rizayeva.
“2000-yillarda biz krop-toplar va mini shortiklarni kiyardik va bu normal holat edi. O‘shanda bizga juda qulay edi. Ammo hozir turmush tarzi o‘zgargan: biz hamma narsaga va hamma joyga ulgurishni, faol bo‘lishni va shu bilan birga o‘zimizni ishonchli va qulay his qilishni xohlaymiz. Bu bizni kun bo‘yi hamrohlik qiladigan kiyim g‘oyasiga qaytaradi. Ko‘pincha bu yanada yopiq, amaliy ko‘rinishlardir”,  deya qo‘shimcha qiladi dizayner.
Aytish mumkinki, mahalliy modest fashion brendlari an’anaviy o‘zbek libosidan ilhom oladi. Ko‘p qatlamli, yopiq, shu bilan birga yorqin va bezakli. Elnora Rizayevaning ta’kidlashicha, kamtarona moda O‘zbekiston estetikasiga uyg‘un bo‘lib, unda nafislik va nazokat bor. Ushbu madaniy kod mahalliy dizaynerlar va kelajakdagi kolleksiyalar uchun g‘oyalar manbayi bo‘lishi mumkin.
Bugun hali ham modest fashionga ko‘pincha “musulmonlar modasi” sifatida qaraladi. Biroq o‘zbek dizaynerlari bu tushunchaning chegaralarini kengaytirib, uning faqat din bilan emas, balki tanaga hurmat, o‘z ildizlariga sadoqat va ichki barkamollik bilan ham uzviy bog‘liq ekanini namoyon etmoqda. Masalan, DÚNA kabi o‘zbek brendining obrazlariga nazar tashlar ekansiz, biroz ochiq, biroq boshi yopiq holda taqdim etilgan obrazlarda — haqiqiy nafislik doimo sodda va tushunarli chiziqlar asosida barpo etilishini anglaysiz.
DUNA / Instagram
Modest fashion — bu umum qabul qilingan me’yor va qoidalarni qasddan buzadigan xatti-harakatlarga va erkinlikka qarshi kurash emas, balki turli diniy va madaniy qadriyatlarni hisobga olgan holda yaratilgan abadiy klassikaning yangi qirrasidir. Bu yo‘nalish har bir kishiga o‘z uslubini topish imkonini beradi. Kiyimlardagi soddalik esa ijodiy ifoda uchun keng maydon qoldiradi.
Bu haqda qanday fikrdasiz? Fikringizni Instagram va Telegram sahifalarimizda yozib qoldiring.