Pusanning o‘ttizinchi yubiley xalqaro kinofestivalida
(BIFF) Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston kartinalari “Osiyo Nazari” (Vision
– Asia), “Asosiy tanlov” (Competition), “Osiyo kinematografiyasiga darcha” (A
Window on Asian Cinema) va “Osiyo qisqa metrajli filmlar tanlovi” (Asian Short
Film Competition) kabi dasturlariga kiritildi.
Qirg‘izistonlik rejissyorlar Erke Jumakmatova va Emil
Atageldiyevning “Kurak” ("Quroq") filmi
2020-yilda Bishkekda xavfsizlik kuchlari tomonidan tarqatib yuborilgan ayollar
huquqlari uchun o‘tkazilgan namoyishning hujjatli kadrlari bilan boshlanadi.
Ushbu epizoddan ikki qahramonning hikoyalariga o‘tiladi: yashirincha
vebkam-model bo‘lib ishlaydigan Meerim va birinchi marta romantik
munosabatlarni boshdan kechirayotgan
Nargiza.
Voqeaga ko‘rgazmalar va aksiyalarning arxiv yozuvlari
kiritilgan bo‘lib, ular ayollar ovozlari mozaikasidan iborat. “Turli tasvirga olish usullari,
montaj ritmi va musiqa xuddi quroqdagi mato parchalari kabi yagona naqshga
tikiladi, – deydi Jumakmatova. Rejissor uchun film haqiqiy sinovga aylandi. –
Eng og‘iri do‘stim va maslakdoshim Emil Atageldiyevni yo‘qotish edi. Chunki bir
o‘zim ijodiy qarorlar qabul qilishim juda qiyin bo‘ldi – nimanidir
tushunmaganim uchun emas, balki u buni qanday tasavvur qilishi mumkinligini
bilmaganim uchun”.
Rejissyor film g‘oyasi ijtimoiy tajribadan paydo bo‘lganligini
ta’kidlaydi: “Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik haqidagi ko‘plab hikoyalar asosiy
turtki bo‘lib xizmat qildi. Keyin esa – Feminnale, hujumga uchragan ayollarni
himoya qilish marshi. Bu voqealar lakmus qog‘ozi (ishning haqiqiy holatini, yashirin motivlarini yoki biror narsaning asl
mohiyatini xatosiz aniqlashga imkon beradigan narsani anglatadi)ga o‘xshaydi... Biz jamoaviy,
madaniy jarohat haqida gapirayapmiz”.
Osiyo mamlakatlarining qisqa metrajli filmlari
bo‘limida “Tashvishli tugma” (Panic Button) lentasi namoyish etildi. Bu
qirg‘izistonlik rejissyor Samara Saginbayevaning debyut ishi – shaxsiy, shu bilan birga siyosiy hikoya.
Filmning dastlabki sahnalarida tomoshabinlar avtomobillar va otlar
harakatlanayotgan chiziqsiz yo‘lni ko‘rishadi. To‘qnashuv yoqasidagi sahna
zaif, ammo mavjud tartib tuyg‘usini uyg‘otadi – tartibsizlik va barqarorlik
bir-biri bilan qo‘shni bo‘lgan mamlakat metaforasi.
Film rejissyorning turmush o‘rtog‘i Ali Toktakunovning
jurnalistik surishtiruvi haqida hikoya qiladi: u Qirg‘izistonning yuqori
martabali amaldorlari aralashgan kontrabanda ishlaridagi korrupsion sxemalarni
o‘rgangan. Axborot berib turgan
shaxsning o‘ldirilishidan so‘ng jurnalist-surishtiruvchining oilasi mamlakatni
tark etib, Chexiyaga ketishga majbur bo‘lgan va u yerda Toktakunov o‘z kasbi
bo‘yicha ishlashni davom ettirgan. Saginbayevaning kadr ortidagi
bosiq ovozi besh yillik quvg‘inlik yillarini aks ettiruvchi “xavotirli tugma”
davrini o‘ziga xos tarzda ochib beradi.
Tojikiston ham kinofestivalda ikkita film taqdim etdi.
Ulardan birinchisi – Shahram Mokriyning “Qora quyon, oq quyon” (Black Rabbit,
White Rabbit) kartinasi bo‘lib, u uch qahramon taqdiri haqida so‘zlaydi:
noqonuniy qurol savdosi, klassik film remeykini suratga olish va
qahramonlarning shaxsiy inqirozlari haqida. Izabel Qalandarning “Tug‘ilish”
(Another Birth) nomli debyutida esa poetik kadrlar va statik planlar
bolalarning “g‘amdan o‘lish mumkinmi?” degan savolini umid haqidagi falsafiy
masalga aylantiradi.
Qozog‘istonlik rejissyorlar ulg‘ayish mavzusini davom
ettirdilar. Natalya Uvarovaning “Malika” filmida o‘n ikki yoshli qiz an’anaviy
turmush tarzi qoidalari tufayli onasini yo‘qotishiga sal qoladi: ayol qayta
turmush qurganida, qizning vasiyligi otasiga o‘tadi. Hikoya shuni ko‘rsatadiki,
bolaning ohu-zorlari asosiy qarorlarni erkaklar qabul qiladigan jamiyatda
onaning ojizligi bilan bog‘liq.
Jannat Alshanovaning “G‘oliblar startda ko‘rinadi”
(Becoming) lentasida sport ulg‘ayish metaforasiga aylanadi. Opa-singil Mila va
Lina onasiz qolishadi va har biri yolg‘izlikni yengish uchun o‘z yo‘lini
izlaydi. Mila suzuvchilar jamoasiga qo‘shilishga intiladi va faqat kattalargina
uddalay oladigan qiyinchiliklarga duch keladi. Alshanovaning filmi Lokarno kinofestivalining
tanlov dasturida ham taqdim etilgan bo‘lib, u yerda Qozog‘iston kinosining
yangi ovozlaridan biri maqomini olishga ulgurdi.
Nima uchun Pusan kinofestivali Markaziy Osiyo
uchun muhim?
Markaziy Osiyo kinoijodkorlari uchun Pusan festivalida
ishtirok etish nafaqat o‘z asarlarini keng jamoatchilikka taqdim etish, balki
jahon kino bozoriga chiqish imkoniyatidir. BIFF Osiyo loyihalar bozori (Asian
Project Market) va Osiyo kino jamg‘armasiga (Asian Cinema Fund) kirish huquqini
beradi, u yerda ssenariylar va xomaki loyihalar moliyalashtiriladi va
qo‘llab-quvvatlanadi. Masalan, 2019-yilda Osiyo kinosi jamg‘armasi minglab
arizalar orasidan atigi 17 ta loyihani tanlab oldi. Ular orasida qozog‘istonlik
rejissyor Olga Korotkoning “Bir juft charm sabo” asari ham bor edi. 2020-yilda
ushbu kartina Kann festivalining nufuzli La Fabrique des Cinémas du Monde
dasturiga kiritildi.
Markaziy Osiyo mintaqasida moliyalashtirish va infratuzilma yetishmasligi sharoitida BIFF dunyoga oyna bo‘lib, rejissyorlarga o‘z mamlakatidan tashqarida hamkorlar va tomoshabinlarni topish imkonini bermoqda.
BIFF’da ishtirok etayotgan yosh kinoijodkorlarning esa
ovozi eshitilmoqda, demak, ular ishlashda davom etishlari va o‘z yo‘llarini
izlashlari kerak.
“Osiyodagi eng muhim festivallarning bir qismi bo‘lish
biz uchun katta sharaf. Keyinchalik hammasi tomoshabinlar, hakamlar hay’ati va
sinefillar (kino ishqibozlari)ga
bog‘liq bo‘ladi. Men hech narsa kutmayapman, shunchaki baxtliman va
tomoshabinlarning munosabatini his qilmoqchiman”, – deydi rejissyor Erke
Jumakmatova.
2025-yilda O‘zbekiston festival dasturida ishtirok
etmadi, lekin mamlakat BIFF tarixida sezilarli iz qoldirgan. Rejissyor Yolqin
To‘ychiyev bu yerda ikki marta o‘z asarlarini namoyish etgan: “Faridaning 2000
qo‘shig‘i” (2020) va “Evrilish” (2022). Ikkinchisi Kim Jiseok award mukofoti
bilan taqdirlangan. 2021-yilgi 26-festivalda Mansur Abduxoliqovning
Qoraqalpog‘istonda suratga olingan realizm janridagi “Tengiz” feministik dramasi
ham ko‘rsatilgan. Kartinada erining aybi bilan avtohalokatga uchrab, bir qo‘li
va oyog‘idan ayrilgan hamda eri tashlab ketgan ayolning jasorati va matonati
haqida hikoya qilinadi. Bu misollar o‘zbek kinosi milliy mavzu va an’analarni
saqlab qolgan holda hammaga tushunarli tilda gapira olishini tasdiqlaydi.
BIFF: nimalarni bilish kerak
- Pusan xalqaro kinofestivali ilk bor 1996-yil oktyabr oyida o‘tkazilgan.
BIFF asoschisi, kinotanqidchi va madaniyat arbobi Kim Dong-ho uni yosh
rejissyorlar uchun platforma sifatida o‘ylab topgan.
- “New Currents” tanlov bo‘limi Osiyo
rejissyorlarining debyutlari uchun boshlang‘ich maydonchaga aylangan.
1998-yilda unga ssenariylar va xomaki montajlarni to‘liq metrajli filmlarga
aylantiradigan dasturlar – Asian Project Market va Asian Cinema Fund qo‘shilgan.
- O‘ttiz yil ichida BIFF mahalliy tadbirdan Osiyoning
eng nufuzli kinoforumlaridan biriga aylandi. U 1990-yillarning oxiriga kelib
jahon kinematografiyasida mustahkam o‘rin egallagan Koreya kino sanoati
rivojining aksi bo‘ldi.