Ushbu film haqidagi rezensiya ingliz tilida Britaniyaning KinoKultura jurnalida nashr etilgan, materialning rus va oʻzbek tilidagi versiyalarini esa sahifalarimizda taqdim etamiz.
Diqqat, taqrizda spoilerlar mavjud!
Mening bir tanishimning juda qiziqarli ismi bor — Ogiloy. Tarjimada u taxminan "Bu qizdan keyin o'g'il tug'ilsin" degan ma'noni anglatadi. U umri bo'yi o'z ismida o'g'il bo'lib tug'ilmagani uchun ayb yukini ko'tarib yurishi kerak. Bu vahshiyona tuyulishi mumkin, ammo Erke Jumaqmatova va bizni tark etgan Emil Atageldiyevning "Quroq" filmini tomosha qilishdan oldin tushunish zarur bo'lgan narsa shuki: Markaziy Osiyoda an'anaviy ravishda ayol — ikkinchi darajali insondir. Bu so'zning to'g'ridan-to'g'ri ma'nosida.
Erke Jumaqmatova va Emil Atageldiyevning ikkinchi to'liq metrajli "Quroq" filmi xalqaro tomoshabinga bu nozik tomonlarini tushuntirish uchun to'xtamaydi. U tasvirlanayotgan dunyo tarjimaga muhtoj emasdek tuyuladi. Bu ko'p jihatdan to'g'ri qaror, chunki barcha ishora va satrlar orasidagi iboralarni aniqlashtira boshlasak, film o'zining yaxlitligini yo'qotadi. Aksincha, aynan shu qarama-qarshilik filmning eng ibratli fazilatlaridan biriga aylanadi.
"Quroq" (2025) filmidan kadr
Sarlavha an'anaviy qirg'iz quroq ko'rpasiga ishora qiladi. Xuddi yaxshi kelajakka umid singari, u qolgan-qutgan parchalardан to'qilgan. Filmning o'zi ham aynan shunday tuzilgan. Bir necha syujet chiziqlari bir-birini to'ldirib, shaxsiy ham, ijtimoiy ham bo'lgan fojianing umumiy to'qimasini yaratib, birlashadi. Bir necha asosiy va ikkinchi darajali syujet chiziqlari o'zgarishni istamayotgan mizoginik (ayollarni yomon ko‘rish, noxolis munosabat, ildiz otgan noto‘g‘ri qarashlar yoki ayollarga nisbatan ochiqchasiga kamsitishdir) tizim ichida yashashga urinayotgan ayollarning umumlashtirilgan portretini shakllantiradi. "Quroq"ni ijtimoiy manifest toifasidan yuqoriga ko'taradigan narsa shuki, mavzu qanchalik og'ir bo'lmasin, u har qanday tomoshabinga tushunarli badiiy obrazlarda ochilgan — hatto bunday obrazlarning mavjudligiga ishonishni mutlaqo istamasangiz ham.
Jumaqmatova va Atageldiyev siyrak izchillik bilan soxta umid mexanikasi deb atash mumkin bo'lgan usuldan foydalanadi. Film qayta-qayta qutqaruv keladigandek ko'rinadigan elementni kiritadi, ammo keyin bu element yo'qoladi — huddi devordan olingan, biroq sahnadan ko'z-ko'z qilib olib ketilgan Chexov miltig'iga o'xshaydi.
Filmning dastlabki kadrlarida tergovchi paydo bo'ladi, u axloqiy jihatdan buzuq hamkasbi Qanatdan farqli qadriyatlarga ega bo'lgan odamdek tuyuladi. Sahnaning qurilishi natijaga olib kelishi kerak bo'lgan ziddiyatning boshlanayotgani hissini yaratadi. Va Qanatning haqiqiy mohiyatining butun chuqurligi bizga ochilganda, biz o'sha tergovchining aralashuvini kutamiz. Ammo buning o'rniga u murakkab ishdan, demak adolatdan ham voz kechayotganini ko'ramiz — u hatto bo'lajak raqibi bilan qo'l siqishib ham qo'yadi.
"Quroq" (2025) filmidan kadr
Jurnalist Jamila o'z dugonasiga — zo'rlash qurboni bo'lgan qizning onasiga — tanish advokatining aynan bunday ishlarga ixtisoslashganini aytadi. Ammo Jamila tanish yuristga qo'ng'iroq qilmaydi, chunki u uning sevgilisi va zo'rlovchining otasi bo'lmish deputatni yo'qotishni istamaydi va ba narsa uning va'dasidan muhimroq bo'lib chiqadi. Jamilaning harakatsizligi ikki fojianing bilvosita sababiga aylanadi.
Korrupsiyaga botgan politsiyachi Meerimning ko'z o'ngida uning otasini kaltaklaydi. Qizning qo'lida telefon bor. Tomoshabinga bir lahzaga bo'layotgan voqeani qiz videoga olganiga ishonishga umid beriladi. Ammo video olingan bo'lsa ham, Meerimning ko'zlarida mahkumlik ko'rinadi — korrupsiyalashgan tizimga uning korrupsiyalashganini qanday isbotlash mumkin? Adolatsizdan adolat qanday talab qilish mumkin? Shuning uchun Meerim qochib ketadi.
Soxta umid mexanizmi filmda xuddi haqiqiy hayotdagidek ishlaydi: zo'ravonlikning tizimli tabiati faqat shafqatsiz odamlarning yovuz niyati bilan emas, balki buni to'xtatishi mumkin bo'lgan har bir inson va har bir institutning aralashmasligi bilan ham ta'minlanadi.
Syujet chiziqlari bir-biriga chambarchas o'ralgan quroqlar sifatida ko'rsatilgan. Jildiz mast qilib zo'rlanish qurboniga aylanadi, so'ngra o'zi ham onasining zo'rlanishi natijasida tug'ilganini bilib qoladi. Jildizning amakivachchasi Meerim Jildizga birgalikda tajovuz qilgan Oybekning yaqin do'sti Yerlanning vebkam-studiyasida ishlaydi. Jildizning onasi Nargiza jurnalist dugonasi Jamilaga murojaat qiladi, ammo u Oybekning otasi — deputat Asqar bilan yaqin aloqada bo'lib chiqadi. Meerimning studiyadagi hamkasbi Ayka hayot va o'lim chegarasida qoladi, uni qutqargan Qanat esa Meerimni xotin qilib olish uchun uni shantaj qilishga qaror qiladi. Va aynan Qanat Oybekni himoya qilib, unga qarshi ishni yopadi.
"Quroq" (2025) filmidan kadr
Har bir voqea va har bir personaj bir-biri bilan chambarchas bog'liq — bu vosita orqali Erke Jumaqmatova va Emil Atageldiyev jamiyatdagi muammolarning sabab-oqibat bog'liqligini ko'rsatadi. Va bu mualliflar arsenalida yagona topqir vosita emas. Yana bir usul — salbiy personajlarning kelib chiqish tarixining yo'qligi.
Har bir yovuzning o'z shakllanish tarixi bor — birida shaxsiy fojia, birida oliy maqsad, birida izlanish. Ammo "Quroq" filmidagi yovuzlarning kelib chiqishi hech qanday ahamiyatga ega emas, chunki ularning har biri umumlashtirilgan obrazdir. Asqar — muayyan bir deputat emas, balki korrupsiyaning avatari. Oybek — faqat "baquvvat yoshlar" vakili emas, balki tizimning zaifligidan foydalanadigan butun bir dimog‘dor qatlamdir. Qanat — sotqin politsiyachilardan birining prototipi emas, bu adolat ham emas, bu o'z o'yinini yuritish imkoniyatini izlaydigan soxta ahloqchilarning yuzidir.
Va bu metaforada alohida o'rin Meerimning otasi Surynbayga tegishli. U bir o'zi Qanatni baland ovozda qoralaydi. Faqat uning jasorati — spirtli ichimliklardan so'ng paydo bo'ladi. Uning g'azabi — yaqinlarining o'limidan ko'ra ko'proq adolat tizimidagi o'g'irliklardan kelib chiqadi. Ammo oxir-oqibat u ham kurashmaslikka va jim turishga qaror qiladi.
Dramaturgiyani operatorlik ishi to'ldiradi, u ko'p jihatdan sovet shahridan meros qolgan geometriya atrofida qurilgan. Sovet monumentalizmi kichik odamlar ustidan bosib turadi, ularni ekranning o'ng pastki burchagiga qayta-qayta siqib qo'yadi — aynan o'sha yerda yovuzlik ikkilanayotganlarni harakat qilmaslikka ishontirish uchun to'g'ri so'zlarni topadi. Bo'sh xonalar ham bor-yo'g'i yolg'izlik va ichki bo'shliqning eng to'g'ridan-to'g'ri ramzi sifatida qayta-qayta sodir bo'layotgan voqealarning ishtirokchisiga aylanadi.
"Quroq" (2025) filmidan kadr
Bishkekning o'zi muhim rol o'ynaydi. Markaziy Osiyo hozirda doimiy ravishda shaharlar havosi eng ifloslangan hududlar ro'yxatida tilga olinadi. Filmda ham chang va havo ifloslanishi Quyoshni to‘sadigan kadr — loyqa kelajak va umidsizlik kayfiyatini yanada kuchaytiradi.
Tasvir keskin va hatto ba'zan psixodelik soundtrack bilan to'ldiriladi. Musiqiy jo'rlik personajlarning holatini ifodalaydi: vebkam-studiyada ishlaydigan qizlarning o'ynoqi kayfiyati elektron raqs musiqasi bilan uyg'unlashadi, Nargizaning Oybekga hujum qilish sahnasi esa kuchli yuqori chastotali filtrli past musiqa bilan kuzatiladi — odam karaxt bo'lib qolgandan keyin dunyo aynan shunday eshitiladi. Shu bilan birga, onaning halokatli qaror qabul qilish paytidagi ichki his-tuyg'ular kurashi to'liq jimlik bilan kuzatiladi. Yakuniy trek 'Sen Menin Jazylbagym Yrlarymsyn' («Sen mening yozilmagan qo'shiqlarimsan») qurbonlar uchun rekviem kabi yangrasa-da, Aiym Asqar vokalida umid seziladi.
Finalda "Quroq" statistikani keltiradi: Qirg'izistonda ayollarga qarshi zo'ravonlikning qayd etilgan holatlari soni oshdi; ochilmagan ishlar soni ham bir vaqtning o'zida ko'paydi. Birinchi raqam o'zgarishlar haqida gapiradi — ayollar ko'proq yordam so'rab murojaat qilishni boshladi, ammo ikkinchi raqam tizimning muvaffaqiyatsizligi ramzidir: yechimlar o'sishi o'rniga muammoni hal qilishdan bosh tortish sabablarining ko'payishi ko'zga tashlanadi. Ushbu ikki raqam orasidagi bo'shliq gapirish uchun zarur bo'lgan jasorat va bu ovozni kutib olishdagi befarqlik o'rtasidagi bo'shliqdir. Aynan shu hududni "Quroq" butun film davomida o'rganadi.
"Quroq" (2025) filmidan kadr
Syujet jihatidan film faqat ikkita «chiqish yo'li»ni ko'rsatadi: adolatni o'z qo'liga olishga urinish ko'rgazmali, ammo faqat xususiy nizoni hal qiladi, muammoni umuman yechmaydi va yo'l-yo'lakay bir necha hayotni uzib qo'yadi; boshqa jabrdiydalardan yordam izlash va qochish yovuz doiradan chiqib ketish imkonini beradi, lekin faqat chiqib keta olganlarga. Ideal yechim yo'q toki iloji boricha ko'proq odamlar uni izlash uchun birlashmaguncha.
Milliy premyeradan atigi bir necha kun oldin Bishkek xalqaro kinofestivalida 2026 yil iyun oyida filmga «Qirg'iztasma» Davlat kinomarkazi tomonidan hech qanday izohsiz prokat guvohnomasi berilmagani, bu filmda ko'tarilgan muammolarni mutlaqo istehzosiz tasdiqlaydi. Erke Jumaqmatova va Emil Atageldiyev filmining ahamiyati va dolzarbligini bundan yaxshiroq tasvirlay oladigan boshqa narsa ham bo'lmasa kerak.