Jodugarlar haqidagi fentezi-myuzikldan ta’qib qiluvchi antiutopiyalargacha, ijtimoiy dramalardan anti-romkomlargacha. Tayyor turing: noyabr barcha asablarimizni uzil-kesil tarang qilishni rejalashtirmoqda (aslida biz alla qachon taslim bo‘lganmiz).
«Qochayotgan odam» (14-noyabrdan)
«Qochayotgan odam» hikoyasi dunyodagi eng chalkash filmlardan biridir. Aslida roman Stiven Kingga tegishli hisoblansa-da, ammo g‘oyaning ildizlari ancha chuqur – Robert Sheklining 1958-yilda yozilgan «Tavakkalchilik uchun mukofot» hikoyasiga borib taqaladi. Aynan ushbu yozuvchi mazkur konsepsiyani birinchi bo‘lib o‘ylab topgan. O‘ziga xos televizion shouda qahramonlar pul va shon-shuhrat uchun omon qolish o‘yinlarida ishtirok etishadi.
1987-yilda Arnold Shvartsenegger ishtirokidagi film ekranlarga chiqqanda, tomoshabinlar kelajak arenalari va gladiatorlari tasvirlangan yorqin jangovar filmni ko‘rishdi. Ammo Kingning kitobi bilan kartinaning umumiy jihati kam edi. Bundan tashqari, lenta syujeti Iv Buasse tomonidan Shekli asari asosida suratga olingan «Tavakkalchilik narxi» (1983) fransuz filmini deyarli to‘liq takrorladi. Premyeradan so‘ng rejissyor hatto “Qochayotgan odam” filmi prodyuserlarini plagiat uchun sudga bermoqchi bo‘lgan.
Yangi versiya voqeani o‘zining ilk antiutopik manbalariga qaytarishni va’da qilmoqda. «G'aroyib politsiyachilar» va «Drayvdagi bolakay» filmlari bilan tanilgan rejissyor Edgar Rayt shou va gladiatorlari bo‘lmagan, faqat inson, tizim va ovdan iborat qayg‘uli filmni tayyorlamoqda. Syujet markazida — o‘lim o‘yinining ishtirokchisi Ben. Bunda garovga shon-shuhrat emas, balki qahramonning bemor qizining hayoti tikilgan.
Endi bu safar «Qochayotgan odam» bir vaqtlar King o‘ylab topgan, Shekli esa bashorat qilgan voqeani nihoyat hikoya qila oladi.
«Yirtqich. O‘lim sayyorasi» (6-noyabrdan)
«Yirtqich» franshizasi Den Traxtenberg boshchiligida qayta tug‘ilishda davom etmoqda va bu safar tomoshabinlarni kutilmagan burilish kutmoqda. Filmning bosh qahramoni odam emas, balki o‘zining birinchi qonli tashabbusini boshdan kechirayotgan ovchilar irqining Dek ismli yosh vakili — yautjadir.
Uning o‘ljasi yovvoyi sayyoradagi yirtqich hayvonlar bo‘lib, bu yerda omon qolish deyarli imkonsiz. Ammo Dek yaralangan Tiyani topgach, hamma narsa o‘zgaradi. Bu qahramon «Begonalar» nomli filmlar seriyasidan keyin g‘amgin taqdiri bilan mashhur bo‘lgan «Veyland-Yutani» missiyasining yarim vayron qilingan androididir. Mashina va ovchi o‘rtasida g‘alati ittifoq paydo bo‘ladi hamda film seriyasi tarixida birinchi marta tomoshabin dunyoni Yirtqichning ko‘zi bilan ko‘radi.
«O‘lja» va «Qotillarning qotili» filmlaridan so‘ng Traxtenberg yana koinot mifologiyasi mavzusi bilan tajriba o‘tkazmoqda hamda franshizani yirtqich hayvonlar evolyutsiyasi va ovning axloqiy qoidalari haqidagi keng ko‘lamli dostonga aylantirmoqda. «O‘lim sayyorasi» shunchaki jangari film emas, balki afsonaning yangi bobi bo‘lib, unda maxluq qahramonga aylanadi.
«Aldov illyuziyasi 3» (13-noyabrdan)
2025-yilga kelib, «Aldov illyuziyasi» kutilmaganda to‘laqonli franshizaga aylandi, garchi filmning mashhur birinchi qismi 2013-yilda yakunlangandek ko‘rinsa-da, ikkinchisi faqatgina uning muvaffaqiyat formulasini takrorladi. Endi bu ishga «G‘azabdagi ayol» ni suratga olayotgan Jon Chuning o‘rniga Ruben Flyaysher («Venom», «Zombilendga xush kelibsiz») jalb etildi.
Yangi filmda «To‘rt chavandoz» ko‘zboylog‘ichlar jamoasi o‘zining eng katta (boshqacha bo‘lishi mumkin emas!) o‘g‘irligini sodir etish uchun yosh avlodni yollaydi. O‘yinga dunyodagi eng katta olmos tikilgan. Jessi Ayzenberg, Vudi Xarrelson, Deyv Franko va Ayla Fisher qaytib kelmoqda va ularga Dominik Sessa («Tark etilganlar») kabi yangi aktyorlar qo‘shilmoqda.
Ssenariy ko‘cha tryuklaridan xalqaro qarshilikkacha bo‘lgan ko‘lamni kengaytirishni va’da qiladi. Biroq asosiy savol o‘sha-o‘sha: birinchi qismdan keyin sehrgarlik tugamadimi? Uchinchi film — bu shouni hali ham hayrat bilan tomosha qilish mumkinligini isbotlashga urinishdir.
«Mangu g‘azabdagi ayol» (20-noyabrdan)
Shov-shuvli «Oz mamlakati haqida»gi ertakning sahna orti voqealari yanada sirli tus olib kengayib bormoqda. «Mangu g‘azabdagi ayol»ning ikkinchi qismi bir vaqtlar iste’dodli, himoyasiz va mehribon qiz bo‘lgan hamda qo‘rquv, xiyonat va atrofdagilarning ikkiyuzlamachiligi tufayli G‘arbning yovuz jodugariga aylangan Elfabaning hikoyasini davom ettiradi. Uning dugonasi Glinda esa, aksincha, shon-shuhrat, hukmronlikka ega bo‘ladi va xalq mehrini qozonadi. Ushbu qarama-qarshilik fonida Oz dunyosi bir vaqtning o‘zida gullab-yashnaydi va parchalanadi — xuddi tashqi va ichki olamning abadiy ziddiyatini aks ettiruvchi ko‘zgu kabi.
Ikkinchi qismda Elfaba butunlay quvg‘unga uchraydi, o‘rmonga yashirinadi, shu bilan birga noyob fazilati — o‘ziga va o‘z ideallariga sodiqlikni saqlab qoladi. Olomon olqishiga mahliyo bo‘lgan Glinda asta-sekin eng yorqin liboslar ortida yashiringan bo‘shliqni his qiladi.
Sikvel keng ko‘lamli: rejissyor Jon M. Chu Ozning sehrli dunyosini uchar qal’alar, zumrad chang bo‘ronlari va myuzikl chiqishlar bilan haqiqiy fantastik operaga aylantiradi. Birinchi qism liboslari va rassomlar ishi uchun allaqachon «Oskar»larni qo‘lga kiritgan, ikkinchisi esa treylerlariga qaraganda, har tomonlama reytingni yanada yuqoriga ko‘tarishi kutilmoqda.
«So‘nggin, mening sevgim» (27-noyabrdan)
Sakkiz yillik jimjitlikdan so‘ng, Linn Remsi («Kevinga nimadir bo‘ldi») xavotirli, hissiyotli va hammamiz uzoq vaqt kutgan haqiqiy psixologik drama bilan qaytmoqda.
Voqealar markazida Greys (Jennifer Lourens, u ham katta kinoga tantanavor tarzda qaytmoqda) va Jekson (Robert Pattinson). Yosh er-xotin tinch hayotni orzu qilib, Nyu-Yorkdan o‘rmon chetidagi uyga ko‘chib o‘tishadi. Ammo farzandi tug‘ilgandan so‘ng Greys tushkunlikga tushadi, voqelik bilan aloqasini yo‘qotadi va ko‘ziga qo‘rqinchli narsalar ko‘rina boshlaydi.
Ularning munosabatlari muhabbat va nafrat o‘rtasida tebranadi, film janri esa oilaviy drama va psixologik triller qorishmasini eslatadi.
Remsi onalik va nikohning qorong‘i tomonlarini tadqiq qiladi hamda muhabbat abadiy sinovlardan ham iborat bo‘lishini isbotlovchi antiromkom (Antiromkom deb tanqidiy bahodan foydalanmasdan, balki undan quvnoqlik va haqiqatga o‘xshashlik uchun foydalanib, kinoyani romantik komediya qoidalariga soladigan film haqida aytiladi) kino yaratadi. Lourens va Pattinsonning birgina duet ijrosi uchun ham bu kinoga tushsa bo‘ladi, qolaversa gipnotik dahshatli tushga sho‘ng‘ish hissi maroqlidir. Muhabbat hikoyalari, albatta, ajoyib, lekin bu har doim ham xomxayollarni kuzatish degani emas.
«Zveropolis 2» (27-noyabrdan)
Yirtqichlar va o‘txo‘rlar qo‘shni stollarda bemalol qahva ichadigan, quyonlar va tulkilar adolatni birga himoya qiladigan bu shaharni hammamiz biroz sog‘inganga o‘xshaymiz. Judi Xopps va Nik Uayld yana birga. Endi qahramonlar nafaqat politsiya bo‘limidagi sheriklar, balki sirli sudraluvchi hayvon haqidagi ishni hal qilishi kerak bo‘lgan yashirin agentlardir.
Birinchi kadrlardanoq hammasi ayon: Disney yana bolalik chegarasidan tashqariga chiqqan. Boshqa tomondan, bu maʼlum edi, chunki ushbu film davomini ishlagan jamoa birinchi «Zveropolis» va «Enkanto» rejissyorlari va ssenariy mualliflaridir. Mazkur multfilmlar esa bolalik mavzusidan chekinib, avlodlar orasidagi muammolarga bag‘ishlangan.
Xuddi birinchi qismdagidek, detektiv syujeti zamirida boshqachalardan qo‘rqish va hamma bir-birini toifalarga ajratadigan jamiyatda ishonchni saqlab qolish qanchalik qiyinligiga ishora bor. Faqat bu safar voqealar Zveropolisning eng qorong‘i hududiga sivilizatsiya qonunlari amal qilmaydigan joyga ko‘chiriladi.
«Imkonim bo‘lganda, seni bir tepardim» (20-noyabrdan)
Drama markazida qizining kasalligi oldida va o‘sib borayotgan ojizlik hissi bilan kurashishga urinayotgan yosh ona Linda tasvirlangan. Uning turmush o‘rtog‘i dengiz kemasida oylab ishlaydi, uy yumushlari va og‘ir tashxisli bolaga qarash esa to‘liq Lindaning zimmasiga tushadi. Qizcha zond orqali ovqatlanadi, shifokor o‘tkazib yuborilgan muolajalar uchun muntazam ravishda onasiga tanbeh beradi.
Xonadonida suv toshib ketganda, Linda qizi bilan vaqtincha motelga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘ladi. Ammo maishiy tartibsizlik shunchaki qalbdagi ichki inqirozning aksi bo‘lib chiqadi — ayolning hayoti asta-sekin nazoratdan chiqib ketadi.
Meri Bronshteynning A24 studiyasi uchun suratga olingan film «Sundanse» va Berlin kinofestivallarida eʼtirofga sazovor bo‘lgan, unda aktrisa Rouz Birn eng yaxshi ayol roli uchun «Kumush ayiq» mukofotini qo‘lga kiritgan. Tanqidchilar ushbu rolni aktrisa karyerasidagi eng kuchli rol, deya baholashmoqda. Ko‘proq «Astral» va «Iks odamlar» kartinalari, «Qo‘shnilar: Urush yo‘lida», «Vegasdagi qizlar bazmi» kabi komediyalari bilan esga olinadigan aktrisa bu safar dramatik isteʼdodini namoyon qilgan va qalblarga yetib boruvchi haqiqat darajasini ko‘rsata olgan.