Oyning asosiy filmlari bilan birga mazkur yilning yakuniy to‘plamini yig‘dik — unda mashhur rimeyklar, festival premyeralari va albatta, “Avatar” haqida ham so‘z yuritamiz.

«Avatar. Alanga va kul» (18-dekabrdan)

Jeyms Kemeron
13 yil mobaynida davom etish yoki etmasligi noma’lum bo‘lgan Jeyms Kemeronning afsonaviy dostonining uchinchi qismi endi bir necha yil davomida bizni Na’vi qabilasining tarixi va sarguzashtlariga qayta-qayta olib kiradi. 
Jeyk Salli, Neytiri va ularning bolalari Neteyamaning fojiali o‘limidan keyin Pandoraning hayoti va kelajagi uchun kurashni davom ettiradi. Yangi epizod markazida sayyoraning vulqonli hududlarida yashovchi Na’vi qabilasining bir qismi bilan to‘qnashuv voqeasi yotadi. Na’viylar olov bilan o‘ziga xos aloqaga ega va ularning dushmanligi film qahramonlarining oilasini himoya qilish yoki xavfli mojaroga kirishish kabi murakkab tanlov oldiga qo‘yadi.
Taxminimizcha, “Alanga va kul” hamda Kemeron yana bir bor tomoshabinni hayratga sola oladimi, degan savol ushbu oyda muhokama va bahslarga asosiy mavzu bo‘lishi mumkin.

«Kriper» (4-dekabrdan)

Osgud Perkins
“Kriper” — zamonaviy qo‘rqinchli filmlarning eng g‘ayrioddiy mualliflaridan biri, yaqindagina bizni “Jonlarni yig‘uvchi” filmi bilan qo‘rqitgan Osgud Perkinsning yangi loyihasi. Film deyarli tasodifan paydo bo‘lgan, ya’ni Gollivuddagi ish tashlash voqeasi tufayli uning boshqa loyihasi — “Maymunlar” filmini suratga olish jarayonidagi tanaffus paytida jamoa vaqtni behuda sarflamaslikka qaror qiladi. Ular kanadalik yozuvchi Nik Lepardning ssenariysini olib, atigi bir necha oy ichida Kanadada ixcham, kamerali xorror (qo‘rqinchli) filmni suratga oladi.
Malkolm va Liz o‘rmon o‘rtasidagi xilvat uyga boradi. Ular uchun bu joy shovqin-surondan qochib, dam olish kunlarini birgalikda o‘tkazish uchun mukammaldek ko‘rinadi. Ammo tongda baxtli onlar tugaydi: Malkolm xuddi havoda erib ketgandek g‘oyib bo‘ladi. Liz esa to‘satdan g‘alati, qo‘rqinchli mavjudotlar paydo bo‘ladigan uyda yolg‘iz qoladi. Ular shunchaki kuzatuvchi emas, balki bu yerning qo‘riqchilari va ularning o‘z qoidalari bor.
Perkins yana xavotir muhiti, dahshatli voqeaning sekin-asta kuchayib borishi va uyda xuddi tirik organizm kabi hissiyotning paydo bo‘lishiga urg‘u beradi hamda tomoshabinda kimni ichkariga kiritish yoki kiritmaslikni uyning o‘zi hal qiladi, degan tasavvurni uyg‘otishga harakat qiladi.

«Anakonda» (25-dekabrdan)

Tom Gormiken
Qachonlardir mashhur bo‘lgan 1997-yilgi "Anakonda"ni uning yaratuvchilaridan boshqa yana kimdir eslaydimi? Bu qayta suratga olinishini hech kim kutmagan... lekin e’tiborsiz qoldirish qiyin bo‘lgan remeyk. Rejissyor Tom Gormiken asl xorrorni takrorlamaslikka hamda Jek Blek va Pol Raddni taklif qilib, voqeani sarguzasht kayfiyatidagi yumoristik, ajoyib komediyaga aylantirishga qaror qilgan.
Syujetga ko‘ra, o‘rta yoshdagi inqirozdan aziyat chekkan Dag va Griff bolalik orzusini amalga oshirishga va Amazonka tropik o‘rmonlarining odam oyog‘i yetmagan burchaklarida “Anakonda”ning remeykini suratga olishga qaror qiladi. Lekin syomka boshlanishi bilan hazillar tugaydi, chunki yovvoyi tabiat ularga o‘z kuchini ko‘rsatadi: ular xavfli hayvonlar, jinoyatchilar, kutilmagan changalzorlar va, albatta, haqiqiy (yasama emas) ulkan ilonga duch keladi. Suratga olish guruhi bu safar “Anakonda” endi kino emas, balki omon qolish o‘yini ekanligini tushunadi.

«Istisno usuli» (4-dekabrdan)

Pak Chxan-uk
Pak Chxan Ukning yangi filmi mavjud tizim chetga surib qo‘ygan odam haqidagi qayg‘uli, achchiq va kinoyali hikoya. Ko‘p yillar davomida Man-su qog‘oz fabrikasining faxriy xodimi bo‘lib ishlaydi, yangi amerikalik egalari kelib uning lavozimini bitta imzo bilan qisqartiradi. Ish izlashda u ketma-ket mag‘lubiyatga uchraydi: ish beruvchilar ko‘proq yoshlarni va muvaffaqiyatlilarini bajonidil ishga olishar, uning tajribasi esa hech kimni hayratga solmaydi. Ammo Man-suning umidsizligi... keskin rejaga aylanadi. U o‘z raqobatchilarini yo‘q qilishga qaror qiladi – uning uchun mukammal hisoblangan ish o‘rniga da’vogar barchani yo‘lidan yo‘qotishga intiladi. 
Pak Chxan Uk ilk bor “qora” komediya janriga Donald Uestleykning “Bolta” nomli romanini ekranlashtirganda murojaat qilgan edi. Rejissyor hikoyani Yevropadan zamonaviy Seulga olib o‘tadi va uni koreys voqeligi va kinoya aralashgan o‘ziga xos vizual shafqatsizlik elementlari bilan to‘ldiradi. Ta’kidlash kerak, oldin ham ushbu roman asosida Kosta-Gavras “Gilyotina pichog‘i” (2005) satirik trillerini suratga olgan edi, ammo Pakning talqini yanada qayg‘uli, kulgili va o‘ta shafqatsiz bo‘ladi, deyilmoqda.

“Oilaviy masala” (11-dekabrdan)

Aleks Uinter
Rejissyor Aleks Uinter avvalo mashhur “Bill va Ted” komediyasidagi aktyor sifatida tanilgan bo‘lib, oxirgi yillarda ko‘proq hujjatli filmlari bilan ko‘zga ko‘ringan. Endi esa u qora yumorga asoslangan qayg‘uli oilaviy hikoyalarga qo‘l urmoqda (oilaviy masalalar haqida yana qanday yo‘l bilan gapirish mumkin?).
Onasi kasalxonada gapirish qobiliyatini yo‘qotganida, uning voyaga yetgan farzandlari Megan va Noy meros harakatiga tushib qolishadi va ota-ona uyida tartib o‘rnatishga kirishadi. Ammo ular yerto‘lada rejasiga aniq xalaqit qiladigan hodisaga duch keladi: u yerdan ko‘p yillar oldin yo‘qolgan qo‘shni ayolning jasadi topiladi. Uyini qo‘ldan boy bermaslik va janjal markazida qolmaslik uchun aka-singil izlarni yashirishga harakat qiladi... va shu bilan muammolar girdobiga kirib ketadi. Shantajchi guvohlar paydo bo‘lganda vaziyat yanada chigallashadi.

«Mangulik» (18-dekabrdan)

Devid Freyn
Bu A24 studiyasining 2022-yili Gollivud prodyuserlari tomonidan tuzilgan “Qora ro‘yxat”, ya’ni yilning eng yaxshi ekranlashtirilmagan ssenariylarning yillik reytingi ssenariysiga asoslangan fantastik romantik komediya.
Film markazida — Elizabet Olsen, Maylz Teller va Kallum Terner qahramonlari o‘rtasidagi sevgi-muhabbat rishtalari tasvirlangan. Er-xotin Joan va Larri 65 yil birga yashab, bir hafta farq bilan vafot etishadi. Narigi dunyoda Larri xotini bilan abadiy yashashni orzu qiladi, lekin kutilmaganda ko‘p yillar oldin vafot etgan Joanning yoshlikdagi ilk sevgilisi, uni shuncha yillar davomida kutgan Lyuk paydo bo‘ladi.
Shundan so‘ng ruhlarga abadiy hayotni kim bilan o‘tkazishni hal qilish uchun bor-yo‘g‘i bir hafta vaqt beriladi. Joan uchun bu eng og‘riqli tanlov bo‘ladi: yoshlikdagi muhabbatimi yoki butun umr birga yashagan erkakmi?

«Gubka Bob. Kvadrat shim izlab» (25-dekabrdan)

Derek Draymon
Yil oxiriga kelib, ba’zida blokbasterlarni emas, balki yaxshilik bilan tugaydigan tanish filmlarni xohlaysiz. "Kvadrat shim izlab" — bu Gubka Bob haqidagi sevimli hikoya tarixining to‘rtinchi to‘liq metrajli filmidir. Original serial va "Sarguzashtlar davri" yaratuvchilaridan biri Derek Draymonning bu filmida tomoshabinlar uzoq kutgan o‘ziga xos bema’nilik va suv osti mifologiyasi evolyutsiyasi haqida.
Gubka Bob haqiqiy qahramon bo‘lishni va o‘z jasoratini isbotlashni orzu qiladi. U ulg‘ayib, dengiz qaroqchisi sertifikatini olish uchun kattalar ko‘ngilochar bog‘iga boradi. Ammo o‘yin yovuz qaroqchi arvoh - Uchar Gollandiyalik ruhini tasodifan chaqirganida haqiqiy sarguzashtlar boshlanadi.
Endi Spanch Bob va Patrik meduzalarning har qanday sho‘xliklaridan ham kuchliroq sinovdan o‘tishlari kerak. Bu orada janob Krabs va Skvidvard ularning izidan yuguradi — har birining o‘z sababi bor.