Har yili dekabr oyida bir xil vaziyat bilan yuzlashamiz: eng oxirgi daqiqalarda emas, balki ertaroq chiroyli archa o‘yinchoqlarini topish. Ammo har doim ham buning uddasidan chiqavermaymiz. Ko‘ngling tinchlantiruvchi ranglar va minimalizmni istaydi, lekin ko‘zlaring yana yomg‘irchalar, rang-barang pufaklar, nozik shishadan yasalgan qor odamlar va turfa hayvonlar haykalchalariga tushadi.
Oxirgi kun qolganda yugurib yurmay desangiz, bu maʼlumotni o‘zingizga saqlab qo‘ying.

Bozorlar

Agar maqsad arzon bezaklarning butun bir qutisini to‘plash va archani an’anaviy uslubda bezatish bo‘lsa, unda Toshkent bozorlari mukammal variant hisoblanadi. Bu yerda siz oddiy, arzon va xilma-xil o‘yinchoqlarni topishingiz mumkin: pufaklar, yomg‘irchalar, mitti chiroqlar, plastik haykalchalar. Shuni yodda tutish kerakki, bunday o‘yinchoqlar oilaviy yodgorlikka aylanmasa-da, Yangi yil arafasidagi shovqin-suronda kayfiyat qo‘shadi va cho‘ntakka zarar yetkazmaydi.

Farhod bozori

Chilonzorning qoq yuragida joylashgan Farhod bozori o‘zining juda katta mahsulot turlari va arzon narxlari bilan mashhur. Bu yerda yangi yil bezaklarining to‘liq to‘plami — archa o‘yinchoqlaridan tortib qadoqlash vositalari va tillo simlargacha topish oson. Narxlar shaharning boshqa bozorlariga qaraganda sezilarli darajada arzon.

O‘rikzor

Bozor qurilish materiallari, kiyim-kechak va oziq-ovqat mahsulotlari bilan mashhur bo‘lsa-da, qishda bu yerda ham yangi yil bezaklari va hatto archalarni topish mumkin. O‘rikzor alohida bo‘limlarga bo‘linadi, shuning uchun xaridlarni birlashtirish mumkin: ya’ni o‘yinchoqlar olish, oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilish yoki ro‘zg‘or mayda-chuydalarini yangilash. Ijobiy tomoni — moslashuvchan narxlar.

Yangiobod (eski va noyob buyumlar)

Toshkentning “haqiqiy eski-tuski buyumlar” bozori va uzoq tarixga ega archa o‘yinchoqlari — sovet shishali haykalchalari, eski pufaklar, noyob bezaklarni topish mumkin bo‘lgan yagona joy. Bozor juda katta, tartibsiz, lekin uning sehri ham shunda. Qolgan vaqtda bu yerda antiqa buyumlar, kiyim-kechak, texnika, mebel sotiladi va har bir tashrif noyob buyumlar oviga o‘xshaydi.

Askiya

Bayramona buyumlarni topish oson bo‘lgan gavjum bozor: tillo simlar, plastik sharlar, uy uchun bezaklar. Ko‘pincha arzon narxlardagi o‘yinchoqlar to‘plamlari uchraydi — archani tez va ortiqcha harakatsiz bezatmoqchi bo‘lganlar uchun ayni muddao.

Mirobod (Gospital bozori)

U Voznesenskiy soboridan yo‘lning narigi tomonida joylashgan. Bozor ko‘proq oziq-ovqat mahsulotlari bilan mashhur, ammo dekabr oyida bu yerda yangi yil bezaklari ham paydo bo‘ladi. Xariddan so‘ng qo‘shni do‘konlarda tamaddi qilish mumkin — bu Yangi yil arafasidagi marafon uchun yoqimli bonus.
* * *

Do‘konlar

Agar bozorlarda arzon variantlarni topish mumkin bo‘lsa, do‘konlarda narxlar odatda yuqoriroq bo‘ladi, ammo ular bilan birga sifat va xilma-xillik ham ortib boradi. Bundan tashqari, shovqin, olomon va uzoq yo‘l mashaqqatiga chidash shart emas: hamma narsa qulay, tartibli vitrinalarda, u yerda tanlash va solishtirish osonroq.

Home Market

Uy-ro‘zg‘or buyumlari sotiladigan eng mashhur do‘konlardan biri. Har bir filialda sun’iy archalar, o‘yinchoqlar, mitti chiroqlar va mavsumiy bezaklarning katta tanlovi mavjud. Assortiment quvontiradi, lekin narxlar haqiqatan ham bozor narxlaridan yuqori — xotirjam xarid va sifat uchun qo‘shimcha haq to‘lashga to‘g‘ri keladi. 

Art House

Yangi yil kayfiyatini his qilish uchun ajoyib joy. Do‘konlarda har qanday byudjet va bayram bezaklari uchun archalarning keng tanlovi mavjud. Bundan tashqari, qulay bonus: saytda kerakli narsalarni tanlashingiz va istalgan sanaga yetkazib berishga buyurtma berishingiz mumkin. 

Fix Price

Fix Price — bu qat’iy belgilangan narxga ega arzon xarid shakli. Bu yerda arzon bezaklar, tillo simlar va kichik sovg‘alar savatini yig‘ish oson, shu bilan birga tabiiy sifatli materiallardan ham variantlar bor.

Goodveen

Goodveenning o‘ziga xosligi — uyni o‘rmon malikasi taratadigan hidga to‘ldiruvchi kichik tabiiy archalarning mavjudligidir. Ulardan tashqari, do‘konda o‘yinchoqlar, mitti chiroqchalar va bezaklarning keng tanlovi bor — tabiiylikni sevuvchilar uchun qulay va qishki muhitga mos variantlar. Shunga o‘xshash mahsulotlarni Galeria.uz va Home&Youda ham topish mumkin.

OLXda

Agar astoydil ter to‘kish va haqiqatan ham o‘ziga xos buyumni topish istagi bo‘lsa — OLX aynan shunday joy. Bu yerda izlash, ba’zan savdolashish kerak bo‘ladi, ammo mukofot hayratlanarli: platformada ko‘pincha sovet archa o‘yinchoqlari qutilari, eski to‘plamlar, noyob haykalchalar va boshqa bayramona “topilmalar”paydo bo‘ladi, ularni esa oddiy do‘konlarda uchratmaysiz.

Qo‘ldan yasalgan buyumlar

Archani shunchaki bezatishni emas, balki uyga biroz samimiylik va eksklyuzivlik qo‘shishni istaganlar uchun ustalarning Instagram sahifalari (masalan, Chudo_lavka, Angelsart, Zi_brand7) yoki Teplo Store makoni haqiqiy najot yo‘lidir. Bu yerda bozorlarda ham, do‘konlarda ham topilmaydigan o‘yinchoqlar: epoksid smolasi, tosh va munchoqli kashtalar, yog‘och, jun, to‘qimachilik va boshqa o‘nlab materiallardan buyumlar tayyorlanadi.
Bunday o‘yinchoqlarning har biri kichik san’at asari. Ular qo‘lda, cheklangan miqdorda, ko‘pincha individual buyurtma asosida tayyorlanadi. Yaqinlarga sovg‘a qilish yoki oilaviy yodgorlik sifatida saqlash mumkin.