Barchani jalb qilish uchun bitta loyiha
Shahar muhiti haqida gap ketganda, ko‘pchilik zilzilabardoshlik, tijoriy foyda va qulay infratuzilma haqida o‘ylaydi, ammo bizni har kuni o‘rab turgan va hayotimiz manzarasini shakllantiradigan binolarning tashqi ko‘rinishi ko‘pincha chetda qoladi. Yaxshiyamki, bugungi kunda bu adolatsizlikka tobora ko‘proq e’tibor qaratilmoqda. Bu borada ayniqsa, Yosh arxitektorlar assotsiatsiyasining sa’y-harakatlari va 23-aprel kuni o‘tkazilgan Toshkent Urbanforum kabi tadbirlar quvonarlidir. Aynan shu tadbirda doktor Beatris Plaza o‘z ma’ruzasida nafaqat Toshkent, balki O‘zbekiston yoki butun Markaziy Osiyodagi har qanday shaharni dunyoning madaniy markazlaridan biriga aylantirishi mumkin bo‘lgan hodisani tilga oldi. Bu hodisa “Bilbao effekti” (yoki “Guggenxaym effekti”) deb ataladi.
Qisqacha aytganda, Ispaniyaning shimolidagi Basklar mamlakati avtonomiyasida joylashgan Bilbao shahri iqtisodiy inqiroz yoqasida qolganida, shahar hokimiyati kutilmagan tajribani amalga oshirishga qaror qildi, ya'ni butun dunyo e’tiborini tortadigan me’morchilik mo‘jizasini qurishga. 1997-yilda qurilgan Guggenxaym muzeyi aynan shunday mo‘jizaga aylandi.
Muzey haqida barcha xalqaro OAVlarda yozildi, o‘nlab tillardagi yo‘l ko‘rsatkichlar esa "dunyoning yangi mo‘jizasi"ni shaxsan ko‘rishga chorladi, natijada turizm sohasida hayratlanarli o‘sish kuzatildi va shahar inqirozdan amalda qutqarildi.
Biroq bu g‘oya asosan me’morchilik va badiiy fikrning mohirona sinergiyasi tufayli amalga oshdi. Jahon amaliyotida tarixan me’mor va rassomning ittifoqi asosiy rol o‘ynagan. Me’mor tuzilmani belgilaydi, rassom esa uni vizual yechimlar bilan to‘ldiradi.
Yo‘qotilgan ittifoq
Toshkentda bunday yondashuv uzoq vaqt davomida odatiy hol edi. Lekin o‘tmishda. Monumental rasmlar, mozaikalar, relyeflar va dekorativ elementlar me’moriy g‘oyani to‘ldirish uchun yaratilgan, ya’ni ular keyinchalik qo‘shilmagan, balki loyihaga boshidanoq kiritilgan. Natijada nafaqat amaliy vazifani bajaradigan, balki shahar qiyofasini shakllantiradigan ob’ektlar paydo bo‘lgan. O‘sha davrdagi ko‘plab loyihalar hali ham o‘rganilmoqda va nafaqat mahalliy me’morlarga, balki kelajak me’morlariga ham namuna sifatida ko‘rsatilmoqda.
Masalan, me'mor Yevgeniy Rozanov va rassom Qodirjon Haydarovning birgalikdagi sa'y-harakatlari bizga Xalqlar Do'stligi Saroyining asosiy kirish qismidagi noyob naqshlarni, me'mor Sergo Sutyagin va rassom Arnold Ganning mehnati esa «Kosmonavtlar» metro bekatini hadya etdi. Bu yerda Toshkent binolari fasadlarini bezab turgan aka-uka Jarskiylarning mozaikalarini ham eslash mumkin.
Vaqt o‘tishi bilan bu amaliyot yo‘qola boshladi. Uning o‘rnini butunlay boshqa ko‘rinishdagi yangi amaliyot egalladi. Buni “Toshkent mozaikalari” loyihasining ilmiy rahbari va maslahatchisi, “Arxitektura uchun san’at” kitobining muallifi Fatima Abdurahmonova shunday tasvirlaydi:
Mening nazarimda, bugungi kunda O‘zbekiston yangi madaniy va turistik diqqat markazlarini yaratish orqali «Guggenxaym effekti» deb atalgan hodisadan faol foydalanmoqda. Buni Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Al-Buxoriy memorial majmuasi, Samarqanddagi «Mangu shahar» hamda viloyatlardagi — jumladan, Marg‘ilon va Farg‘onadagi yangi loyihalar misolida ko‘rish mumkin. Bunday makonlar nafaqat me’moriy ob’ektlar, balki shahar o'ziga xosligining muhim ramzlariga aylanmoqda.
Shu bilan birga, sovet modernizmiga xos bo‘lgan me’morchilik va san’atning chuqur o‘zaro aloqa an’anasi vaqt o‘tishi bilan yo‘qolganini tushunish muhim. Badiiy ish vaqt, e’tibor va kompleks yondashuvni talab qiladi, mustaqillikdan keyin esa me’moriy jarayonni tashkil etish tizimining o‘zi o‘zgargan. Loyihalarning badiiy qismini kuzatib, nazorat qilgan institutlar, jumladan, badiiy kombinatlar va monumental san’atni professional tasdiqlash mexanizmlari yo‘qolgan.
Ayni paytda, jahon va mintaqaviy tajriba shuni ko‘rsatadiki, san’atni me’morchilikka integratsiya qilish yanada ifodali va mazmunli shahar muhitini shakllantirishga qodir. Biroq bunday loyihalar jiddiy sarmoya, uzoq muddatli yondashuv va madaniyat qadriyatini shahar siyosatining bir qismi sifatida tushunishni talab qiladi. Masalan, qo‘shni Qozog‘istonda Olmaotadagi «Selinniy» madaniy markazining renovatsiyasi zamonaviy san’atni me’moriy loyihaga integratsiya qilishning yorqin namunasi bo‘ldi, biroq shu bilan birga, bunday tashabbuslar katta moliyaviy xarajatlar bilan bog‘liqligini va ko‘pincha yirik xususiy sarmoyalar hamda barqaror institutsional qo‘llab-quvvatlash mavjud bo‘lgandagina amalga oshirilishini ko‘rsatdi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda ham me’moriy muhitni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar va tanlovlar paydo bo‘lmoqda, biroq ko‘plab qiziqarli va badiiy jihatdan dadil g‘oyalar konsepsiya bosqichida qolib ketmoqda. Bu yerda nafaqat professional muloqot, balki davlat va biznesning sifatli shahar muhiti va mamlakat o'ziga xosligiga strategik sarmoya kiritishi orqali qo‘llab-quvvatlashdagi haqiqiy qiziqishi ham ayniqsa muhimdir.
Fatima Abdurahmonova
Nega biz bu ittifoqni yo‘qotdik?
Badiiy jarayon katta kuch va vaqtni talab qiladi. Aynan qo‘shimcha vaqtga bo‘lgan ehtiyoj shahar me’morchiligiga yomon ta'sir qildi.
Hech kimga sir emaski, Toshkent MDHdagi eng zich aholisiga ega uch shahardan biri bo‘lib, aholi o‘sish ko‘rsatkichi bo‘yicha yetakchilik qiladi. Bunday sharoitda ustuvorlik tezkorlik va iqtisodiy samaradorlik tomon siljidi. Ko‘p va tez qurish kerak edi. Aynan shu sababli yangi binolarning vizual jihati ikkinchi darajali bo‘lib qoldi, chunki bu narsa ob’ektlarni foydalanishga topshirish muddatlari va loyihaning asosiy ko‘rsatkichlariga bevosita ta’sir qilmas edi.
Albatta, bu yagona sabab emas, ammo «nima uchun» kabi savollardan iborat to‘liq ro‘yxatni mas’ul shaxslar tuzishi kerak. Chunki yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni o‘rganish va shamol yo‘nalishlari hamda energiya tarmoqlaridagi yuklamani e’tiborsiz qoldirish bilan bog‘liq avvalgi xatolarni takrorlamaslik uchun.
Yana bir yuzaga kelgan muammo – bunday yondashuv namunaviy yechimlarning to‘planishiga olib keldi. Arxitektura yanada bir xil (oddiy qilib aytganda, yuzsiz) bo‘lib qoldi, badiiy komponent esa jarayondan deyarli butunlay yo‘qoldi. Bu vaziyatda individuallik haqida qanday gapirish mumkin edi? Muammo nafaqat ifodali elementlarning yo‘qligida, balki poytaxtning ilgari shakllangan vizual qiyofasidan uzilishda hamdir.
Mozaikalar, devoriy rasmlar va boshqa bezaklarning yo‘qolishi vizual jozibador yechimlarning asta-sekin yo‘q bo‘lib ketishiga olib keldi. Dolzarb uy-joy masalasi hal qilindi, ammo qanday baho evaziga?
Endi vaziyat qanday?
Hozir vaziyat o‘zgara boshladi. Shahar siyosati, professional jamoatchilik va hatto oddiy shahar aholisi darajasida atrof-muhit sifatiga talab shakllanmoqda. Yaxshiyamki, gap faqat muhandislik xususiyatlari va ekologik me’yorlarga moslik haqida emas, balki tashqi ko‘rinish haqida ham ketmoqda. Va bu juda mantiqiy yondashuv. Ko‘rgazmalar, zamonaviy san’at va madaniy tashabbuslarga qiziqish ortib bormoqda. Bu esa auditoriya murakkabroq vizual yechimlarni qabul qilishga tayyor ekanligini anglatadi.
Bugun poytaxtda dizayn-kodni joriy etish alohida qiziqish uyg‘otmoqda, bu esa jamiyatda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda, chunki uni amalga oshirishga nisbatan, ta’bir joiz bo‘lsa, noan’anaviy yondashuvlar qo‘llanilmoqda. Bu borada o‘z fikri bilan Depot kompaniyasining rivojlanish va strategiya bo‘yicha direktori, KUCH agentligi kuratori Farxad Kuchkarov o‘rtoqlashadi.
Dizayn-kodni joriy etish hozir qanchalik dolzarb ekani haqida gaplashamiz. 2010-yillarning boshida «Strelka» Toshkentga urbanistika va dizayn-kodning ahamiyati haqidagi ilk ma’ruzalar bilan kelganini eslayman. Bu haqda uzoq vaqtdan beri gapiriladi va mana endi bunday inertsiyaning taxminiy muddatlarini ko‘ryapmiz — 10-12 yil. Kechiktirildimi? Ha. Kechmi? Yo‘q, albatta.
Dizayn-kod juda muhim bo‘lib, ikkinchi eshelon ommasining taassurot agentlari va xulq-atvorini boshqarishda asosy rol o'ynaydi Bu inson uchun muhim signallarning og‘zaki bo‘lmagan, chuqur ongsiz tarjimonlaridir. Turli mamlakatlar yoki shaharlarda dizayn-kodlarni joriy etish samarasi haqida gapirganda, ular katta ijtimoiy yoki siyosiy loyihalarning bir qismi ekanini aniq ta’kidlashimiz mumkin. Rotterdamda ular shaharning investitsiyaviy jozibadorligining asosiy omillari deb tan olingan, Finlyandiyada esa bu davlat siyosati va «Design from Finland» katta davlat brendining bir qismidir.
O‘zbekiston misolida dizayn-kodning bugungu kunda nafaqat dolzarbligi, balki hayotiy zarurligi haqida gapiradigan bir necha narsani tushunish kerak: mamlakat qisman xomashyo yoki sanoat iqtisodiyotidan turizm orqali tabiiy va tarixiy boyliklarni monetizatsiya qilishga, shuningdek, zamonaviy sohalar, IT va autsorsingni rivojlantirishga o‘tmoqda.
Shunday qilib, dizayn intizom sifatida, vizual madaniyat mamlakat pozitsiyasini namoyon etish usuli sifatida, dizayn-kod esa hayotni qulay qilish va taklif etilayotgan shartlarning zamonaviyligini ta’kidlash usuli sifatida — bu shunchaki trend yoki ayrim kishilarning injiqligi emas. Boshqa tomondan: eng boy vizual madaniyat meros sifatida, o‘ziga xos me’morchilik, tarix aralashmasi va ultra-zamonaviy arxitekturaning faol rivojlanishi — bularning barchasi arxitektorlar, dizaynerlar, urbanistlar va marketologlarning ongli e’tiborini talab qiladi, chunki faqat shu yo‘l bilan insonning shahar yoki mamlakatning hissiy idroki va madaniy-ijtimoiy pozitsiyasini anglashining murakkab majmuasini qurish mumkin.
<span>Farxad Kuchkarov</span><span> </span>
Barchaga yoqadigan qaror
Aynan shu joyda Bilbao effekti haqida eslash o‘rinli. Arxitektura shaharning idrok etilishiga, uning investitsiyaviy jozibadorligiga va inson kapitalini ushlab qolish qobiliyatiga juda sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatadi.
Aytish joizki, me'mor va rassomning hamkorlikdagi amaliyoti institutsional qo'llab-quvvatlashga tayangan edi. Rassom
shartnoma bo'yicha o'z qismini bajarishi kerak bo'lgan oddiy tashqi pudratchi sifatida emas, balki loyihaning to'liq huquqli ishtirokchisi sifatida qabul qilingan. Bunday yondashuv mualliflik g'oyasini saqlab qolish va rasmiyatchilikdan qochish imkonini bergan. Natijada, biz bugungi kungacha o'z dolzarbligini yo'qotmagan asarlarni ko'ramiz.
Bozor, deyarli, tayyor. Quruvchiga rassomni loyihaga integratsiya qilish bir nechta to‘g‘ridan-to‘g‘ri afzalliklarni beradi: birinchidan, obyektning odatiy qurilish fonida ajralib turishi; ikkinchidan, loyihaning ramziy qiymatining oshishi, bu keyinchalik iqtisodiy ko‘rsatkichlarga aylanishi mumkin; uchinchidan, bu obyektni madaniy kun tartibi orqali targ‘ib qilish imkonini beruvchi qo‘shimcha media resursidir.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Yosh arxitektorlar uyushmasi raisi Tahmina Turdalieva III Toshkent Urbanforumidagi nutqida ta’kidlaganidek, badiiy jihatdan puxta o‘ylangan noyob binoning qurilishi odatdagi qurilishdan qimmatga tushmaydi.
Me'morchilik — bu byudjetni oshirish masalasi emas. Bir xil investitsiyalar bilan obyekt yo standart va yuzsiz, yoki noyob va muhitni shakllantiruvchi bo‘lishi mumkin. Farq loyihalash jarayonida — me'mor rejalashtirish, kompozitsiya va material tanlashda qaror qabul qilish jarayonlarida ishtirok etadi. Aynan shu qarorlar nafaqat funksionallikni, balki binoning badiiy qiyofasini ham belgilaydi. Shuning uchun arxitektura — bu avvalo bilimli va professional tayyorgarlik, oddiy qurilish jarayoni emas.
Tahmina Turdalieva
Arxitektor bunday hamkorlikda nafaqat hajm va rejalashtirish, balki uning badiiy mazmuni bilan ham ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi, bu esa reja darajasida ishlab chiqishga talabchan, ammo ayni paytda yanada samarali yechimlardan foydalanishga imkon beradi.
Rassom nihoyat ishlash uchun shaharni maydon sifatida qo‘lga oladi. Bu galereyalardan tashqariga chiqib, millionlab odamlarning kundalik hayoti makoniga kirishdir. Germaniyada, masalan, Kunst am Bau qonuniy normasi amal qiladi — davlat binolari qurilishi byudjetining belgilangan foizi majburiy ravishda badiiy asarlarni integratsiya qilishga yo‘naltiriladi. Qonun 1950-yilda qabul qilingan va shundan beri muntazam yangilanib kelinmoqda.
Biz allaqachon jadal o‘sish va tezlikka bo‘lgan ehtiyoj bosqichini yengib o‘tdik. Hozir esa, shu sababli yuzaga kelgan muammolarni – iflos havo, qiyofasi bo'lmagan qurilish, muhim san’at va me’morchilik ob’ektlarining yo‘qolishini – bartaraf etayotgan bir paytda, bizni kelajakda bu muammolardan xalos qila oladigan me’morlar va rassomlarni yana muzokara stoliga taklif qilish vaqti keldi.
Chunki har bir soha bo‘yicha mutaxassislarning fikrini bilmasdan turib, shaharni samarali, go‘zal va barqaror qilish mumkin emas.