Joylar

Ming yilliklar soyasi ostida — foto-esse

Ildar Sadikov, Mariya Maksmicheva

3 daqiqa o‘qish
Foto: Ildar Sodiqov

Samarqanddan taxminan 40 km uzoqlikda qadimiy Urgut shahri joylashgan bo‘lib, bu yerda mahalliy sigaret tamakisi ishlab chiqariladi. Shahar mamlakat bo‘ylab taniqli sayohat qo‘llanmalariga tez-tez kiritiladigan ulkan bozori va Zarafshon tizmasi manzaralari bilan mashhur. Ammo odamlar bu yerga boshqa narsa uchun kelishadi.

Urgut markazidan besh kilometrcha uzoqlikda aylanasi 16 metrlik ulkan chinor o'sib turgan mashhur afsonaviy bog‘ joylashgan. Tojik tilida Chor-Chinor «to‘rt chinor» degan ma’noni anglatadi. Bugungi kunda bu yerda ularning soni ancha ko‘p, bog‘ chinorlarning butun bir «sulolasi» tufayli shakllangan, nomdagi to‘rttasi esa — urug‘ning asoschilaridir. Eng qadimgi daraxtlarning yoshi taxminan 1200 yil, yoshroqlariniki esa 600 yil atrofida.

Eng kattasining ichida bir vaqtlar so‘fiylik maktabi uchun boshpana bo‘lib xizmat qilgan xona mavjud. Aytishlaricha, u ichiga qirq kishigacha sig‘dira oladi. Keyinchalik bu yerda oqsoqollar yig‘iladigan bo'lgan. Bugungi kunda esa bu yerga ziyoratchilar keladi. Keksa qo‘riqchi bu yerda sadaqa evaziga duo o‘qiydi.

Daraxtlarning ildizlari yer yuzasi bo‘ylab cho‘ziladi. Ulkan tanasi atrofiga shohlarini keng yoyib o‘sadi. Daraxtlar barg yozganda, ularning shox-shabbasi quyoshni to‘sib, sehrli soya paydo etadi.

Majmua markazida buloq joylashgan. Suv g‘ayrioddiy shakldagi toshdan otilib chiqib, kichik hovuzga yig‘iladi. Mahalliy aholi bu toshni yovuz ruhlardan o‘g‘irlagan botir haqidagi afsonani aytib berishadi. Tosh bu yerga kelishi bilanoq, undan hayratlanarli darajada musaffo va shaffof suvli buloq otilib chiqqan. Shu zahotiyoq botir sehrli qushlar olib kelgan to‘rt chinorning nihollarini ekkan: shuning uchun bu daraxtlar zamonga bo‘ysunmaydi va hanuzgacha yashab kelmoqda.

Daraxt ichida turib, uning yoshini anglab yetish qiyin. Asrlar davomida bu yerda qancha odam bo‘lganini tasavvur qilish yanada mushkul. Balki bu joyning siri ham shundadir — abadiylik go‘yo sizni o‘rab olib, fikrlaringizni Yaratganga qaratishga majbur qiladi…

Eski masjid asta-sekin tartibga keltirilmoqda. Bino ichida elektr toki yo‘q. Yorug‘lik faqat deraza va eshiklar orqali kiradi. Kun qizig‘ida shuning o'zi yetarli.

Majmuaga keksa bir qo‘riqchi qaraydi. U hududni ko‘rsatadi, masjid eshiklarini ochadi va kattalardan eshitgan hikoyalarni aytib beradi hamda duo o‘qiydi.

Mahalliy aholining so'zlab beradigan eng yaxshi ko'rgan hikoyalaridan biri — Sovet davrida bu joyni yo‘q qilmoqchi bo‘lishgani. Daraxtlarni ildizi bilan sug‘urib tashlash uchun ekskavatorlar keltirilgan, ammo texnika ulkan daraxtlarni joyidan qo‘zg‘ata olmagan.

Bugungi kunda muqaddas majmua boshqa bir xavfga duch kelmoqda: bu yerda obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda, mish-mishlarga ko‘ra, hududni beton bilan qoplash ehtimoli bor. Turistik obyekt sifatida majmua tashrif buyuruvchilar uchun qulayroq bo‘lishi kerak emish. Biroq, ming yildan ortiq yashagan bu joy yana qancha o‘zgarishlarga bardosh bera oladi? Va bu o‘zgarishlar uning uchun foydali bo‘ladimi?

Chor-Chinor yaqinida borlig‘imiz abadiy emasligini eslatib turuvchi qadimiy qabriston joylashgan. Bu joyni o‘zining juda boy va uzoq tarixiga ega bo‘lgan shahar quchog'iga olgan. Bu haqida esa kelgusi safar gapirib beramiz.

Yangiliklar

HD tahririyatidan maktub

Haftada bir marta Markaziy Osiyoning eng yaxshi materiallari, voqealari va madaniy kashfiyotlarini yuboramiz.