“U naqshga mo‘yqalamini tekkizganida,
Jannatni ikkinchi marta yaratganday bo‘lardi”Elmira Gyulning “Naqsh – olam va osmon timsoli” maqolasidan.  SANAT, 2005. 3-4 sonli nashr
Eslatib o‘tamiz, naqshlar ularning ma’nosini tushunadiganlar uchun Toshkentning asosiy bezagi va diqqatga sazovor joylaridir. Ularni tomosha qilishdan to‘laqonli zavq olish uchun bu merosni ozgina bo‘lsa-da tushunish yoki hech bo‘lmaganda do‘stlar oldida zo‘r mutaxassis bo‘lib ko‘rinish uchun nimalarga e’tibor qaratish kerakligini bilish maqsadga muvofiqdir.
Aytish joizki, islom naqshlari tarixiy, ilohiy, estetik va madaniy maʼnolaridan tashqari geometriya ishqibozlari uchun ham juda qiziq. Bu san’atning eng yaxshi namunalarini tomosha qilganda, beixtiyor hayratdan lol qolasan kishi. Bunday namunalar O‘zbekiston va Toshkentda anchagina. Bir tomondan, naqsh chizuvchilar yuzalarda tasvirlanishi shart bo‘lgan to‘g‘ri uchburchaklar, kvadratlar va oltiburchaklar iskanjasiga tushib qolgan. Biroq, boshqa tomondan, bu cheklovlar fantaziyani rag‘batlantiradi, ya’ni yulduzli ko‘pburchaklar, noto‘g‘ri shakllar va yordamchi elementlardan foydalanib shoh asarlarni yaratishga sabab bo‘ladi.
Geometrik mo‘jizalardan tashqari, boshqa xususiyatlar ham borki, ularni bilish naqshlarni tomosha qilish zavqini bir necha barobar oshiradi hamda sinfdoshlaringiz, safdoshlaringiz, xizmatdoshlar va ekskursiya ishtirokchilari orasida obro‘yingizni osmon qadar ko‘taradi.
Naqshlarning deyarli barcha xususiyatlarini bitta misolda o‘rganish qulay – bu borada ham omadimiz kelgan: chunki bunday misol bor. Bu “Navoiy” va “Paxtakor” metro bekatlari o‘rtasidagi o‘tish joyida joylashgan Toshkentning asosiy eng hayajonli va ma’noga to‘la bezagidir.
image
Keling, uni o‘rganishga kirishamiz! Uning uchta xususiyati bor.
Birinchidan, uni faqat eskalatorning markaziy chizig‘idan xatosiz suratga olish mumkin, ikkita yon chizig‘idan esa uning tasviri aniq chiqmaydi, bu esa suratga olish jarayonini qiziqarli tomoshaga aylantiradi.
Ikkinchidan, naqshli panel faqat eskalator harakatlanganda, bir necha soniya davomida ko‘rinadi va bu nimasi bilandir immersiv (toliq mavjudlik effektini ta’minlovchi, (virtual) muhitga sho‘ng‘ituvchi)teatrdagi spektaklga o‘xshaydi.
Uchinchidan, bu yerda naqshlarni tomosha qilishda e’tibor berish zarur bo‘lgan barcha (deyarli barcha) xususiyatlar sehrli tarzda birlashtirilgan.
image

Ro‘yxat bo‘yicha tahlilga kirishamiz.
1.                Markaziy yulduzdagi qirralar soni. Ular odatda 8, 10 yoki 12 ta boladi, boshqa yulduzsimon ko‘pburchaklar kamroq uchraydi. Kvadratlarga alohida maqola bag‘ishlaymiz, yettiburchaklar shunchalik kam uchraydiki, ularning paydo bo‘lishi ham alohida tadqiqotga loyiq. To‘qqiz burchakli yulduzlar ba’zida uchrab turadi va ularni “sig‘dirish” uchun maxsus ayyorona usullar qo‘llaniladi.  Ko‘p qirralari (18 yoki 24) bo‘lgan yulduzsimon ko‘pburchaklar ham bor, ammo ular tipratikan yoki tikanga o‘xshaydi, shuning uchun ular unchalik chiroyli emas, chunki ularda geometrik sehr sezilmaydi.
2. Yulduzlarning o‘lchami. Beshburchakli yulduzlar bilan o‘ralgan markaziy yulduz cheklovchi kvadrat ichiga joylashtirilgan. Yulduz katta yoki kichik bo‘lganida, rasm unchalik uyg‘un bo‘lmasdi.
3. Tutashgan joylar. Yulduzlarning tutashgan nuqtasida (markaziy o‘n ikki burchakli va uni o‘rab turgan beshburchakli yulduzlar hamda bir-biri bilan beshburchaklarni hosil qiluvchi) burchaklar tikka joylashgan, ya’ni chiziqlar sinmasdan davom etadi, bu esa qo‘shimcha vizual effekt yaratadi: chiziqlar jonlanadi va ularni alohida mavjudotlar sifatida ko‘rishni xohlaysiz.
4. Chiziqlar. Biz har doim chiziqlarning kengligiga qaraymiz, u rassomning o‘ylagan maqsadiga qarab o‘zgaradi. Ba’zan chiziqlar keng, keskin farq qiluvchi hoshiyali bo‘lib, boshqa chiziqlar bilan kesishganda ularning ustidan yoki ostidan o‘tadi, bu naqshga hajm beradi. Ba’zan esa naqshlar umuman chiziqlarsiz bo‘ladi, ular avvaldan nazarda tutilsa-da, lekin qolib ketadi. Bizning naqshimizda qarama-qarshi chiziqlar bor, lekin keng emas, ular shakllarni “bo‘rttirmasdan” ifodalaydi va hammasi uyg‘un ko‘rinadi.
5. Fon muhim. U naqshning umumiy (ochmi yoki to‘q) tusini aniqlaydi. Ushbu naqshning foni oq, bu kamdan-kam uchraydi va bu uni tantanavor qiladi.
6. Rang. Aksariyat naqshlar bir-biridan keskin farq qiluvchi to‘q yoki oq bo‘laklarga ega feruza rangda, ammo so‘nggi paytlarda sarg‘ish rangdagi naqshlar paydo bo‘la boshladi (masalan, Suzuk ota majmuasida). Ushbu naqshda esa yashil rang va kuydirish vaqtida paydo bo‘lgan qizil-jigarrang tus ko‘rinadi. Oq fonda bunday ranglar uyg‘unligi naqshni bezakdor qilib ko‘rsatadi.
7. Girih (geometrik naqsh) va islimi (o‘simliksimon naqsh) hamohangligi. Bu yerda geometrik naqshda bo‘sh joyni to‘ldirish uchun o‘simliksimon naqsh elementlaridan foydalaniladi, ikkala ornament ham bir-birini yaxshi to‘ldiradi.
8. Bo‘shliqlarni to‘ldirish. Joylarning to‘ldirilishidagi bir tekislikka e’tibor bering: fonda bo‘sh dog‘lar yo‘q va tugunlar to‘planib qolmagan – bu asrlar davomida sayqallangan mahorat bo‘lib, avloddan avlodga o‘tib kelmoqda. Shuning uchun butun naqsh yoqimli va organik ko‘rinadi. Ustalarga mahorati uchun tashakkur!
9. Muvofiqlik. Naqsh uni chegaralovchi kvadrat ichiga shunchalik aniq va to‘g‘ri joylashtirilganki, kvadratning burchaklarida markaziy yulduzning chorak qismlari ko‘rinib turadi. Agar biz chapdan, o‘ngdan, yuqoridan yoki pastdan kvadratimizga xuddi shunday naqsh qo‘ysak, unda biri ikkinchisining davomi bo‘ladi va chegara sezilmaydi. Shuningdek, agar kvadrat ko‘ndalang yoki tikka aks ettirilsa, unda u bilan bezakni cheksiz davom ettirish mumkin.
Shu o‘rinda Rustam Botirning maqolasidagi ushbu falsafiy fikr o‘rinlidir: Girihni o‘rab turgan ramka aslida uning chegaralarini belgilamaydi, balki go‘yo bizga abadiylik istiqbolini ochib beradigan derazaga o‘xshaydi. Boz ustiga, bu abadiylik uning ko‘p qiyofali mustahkam birligi orqali namoyon bo‘ladi”.
image
10. Ramka. E’tibor bering, naqsh ko‘pincha asosiy naqshning ko‘pburchaklariga mos kelmaydigan geometrik elementlar (oltiburchaklar) bilan o‘ralgan. Ramkaning kengligi shunday joylashganki, u har doim chiroyli ko‘rinadi – uni kengroq yoki torroq tasavvur qiling, unchalik uyg‘un idrok etilmaydi.
11. Tasvir qiyshayishi. Bu naqshning asosiy siri shundaki, u o‘n ikki burchak emas!
image
Cho‘qqilar 12 ta, lekin chiziqlar bir cho‘qqidan ikkinchisiga o‘tmaydi. Bunga fotosuratga chizg‘ich qo‘yib ishonch hosil qilish mumkin. Gap shundaki, o‘n ikki burchakning uchlari sinmasdan pentagrammaning (yulduzsimon beshburchakning) uchlariga ravon o‘tadi, bunda ularning uchlaridagi burchaklar turlicha bo‘ladi. Buning uchun o‘n ikki burchak “sindirilgan”, lekin uning chiziqlari uzluksiz bo‘lmay, markaziy yulduz orqali uzilganligi sababli, bu sezilmaydi. Nima ham derdik: hammasi buyuk ustalar tomonidan puxta o‘ylangan, hisob-kitob qilingan va amalga oshirilgan!
 Shunday qonuniyat bor: raqamlar bilan bog‘liq har bir formula yoki xulosa o‘quvchilar sonining uchdan bir qismini kamaytiradi. Shunday ekan, aqlli so‘zlardan voz kechib, metrodagi naqsh yaratuvchilari kulol-rassomlar, xalq ustalari Riskat Muhamedjanov va Abdujalil Rahimovning mahoratiga yana bir bor qoyil qolmasdan ilojimiz yuq.
Ushbu naqsh bizga faqat quyidagi savollarga javob topishda yordam berolmaydi: “Yulduzlar orasida nima bor? Tekislikni to‘ldirish masalasi qanday hal etilgan?”
Aslida “asosiy yulduzlar” orasidagi bo‘shliq qavariq yoki yulduzsimon ko‘pburchaklar bilan to‘ldiriladi. Rassomning mahorati ham aynan shunda. “Asosiy yulduzlar” o‘rtasida ikkinchi darajali aniq tasvirli yulduzlar va aniq tasvirli (yoki biroz tasviri buzilgan) ko‘pburchaklar qanchalik ko‘p bo‘lsa, naqsh shunchalik yuqori sifatli ko‘rinadi. Agar aniq tasvirli yulduzlar va ko‘pburchakli shakllar bilan asosiy yulduzlar orasidagi bo‘shliq to‘ldirilmagan bo‘lsa va ustalar “qushlar”, “g‘altak” ko‘rinishidagi va boshqa qo‘shimcha shakllarni ishlatgan bo‘lsa, bunday naqshning qiymati va uyg‘unligi kamroq. Axir tekislik ustiga turli qiyshiq burchaklarni chizib, ularni tartibga solishga hech kim xalaqit bermaydi-ku, ammo buning islomiy naqshning haqiqiy ilohiy geometrik tekis cho‘qqilariga qanday aloqasi bor?
image
Endi siz naqshlarni mustaqil o‘rganish uchun bilimlar bilan qurollangansiz, biz esa olingan sirli bilimlarni qanday qo‘llashni ko‘rsatib beramiz xolos.