
Samarqand bugun o‘zining birinchi gullab-yashnash davrini boshdan kechirmayapti. So‘nggi o‘n yilliklarda chet ellik sayyohlar, diplomatlar, ziyoratchilar, xalqaro anjumanlar va festivallar ishtirokchilari mamlakat bilan tanishishni aynan undan boshlaydilar. Samarqand me’morchiligiga boshqacha nuqtai nazardan qarash, buyuk shahar bilan ilk aloqadagi o‘sha hayajonni saqlab qolish rassom uchun katta qiyinchilik tug’diradi. Samarqandning buyuk me’moriy merosiga alohida nazar - Ildar Sodiqovning fotoessesida.
«O‘lish uchun Samarqandga boramiz
Qadimiy atirgullar yurtiga...
Samarqand timsolida mujassamlashgan abadiy jannat haqidagi orzu ifodalangan Axmatova satrlari men uchun o'ziga xos langar va xalqlar taqdiri chambarchas bog'langan shaharga intilish ramzi bo'ldi. Samarqandni kimlar suratga olmagan deysiz, dunyoning turli burchaklaridan kelgan fotosuratchilar uni tarannum etadur. Ming marta ko'rilgan narsani qanday qilib siyqasi chiqmagan holda, boshqa rakurs orqali tasvirga olish haqida ko'p o'yladim. Butun dunyoni hayratga soladigan shahar idrokiga rakurs orqali qanday ta'sir qilish mumkin».
Samarqandning me’moriy durdonalari, biz ulardan qanchalik hayratlanmaylik, o‘z-o‘zidan mavjud emas: ular asrlar davomida o‘zgarib turadi, turli darajadagi sifatli restavratsiyalarga uchraydi, yangi shahar muhitiga, sayyohlik makkasining o‘sib borayotgan infratuzilmasiga moslashadi. Atrofda, eski shaharning hanuzgacha o‘zgarmagan an’anaviy mahallalarida shaharning kundalik hayoti davom etmoqda.
Bu shahar esa hali kichkina. Uning tarixiy qismi Toshkent yoki, masalan, Buxoro eski shahar mahallalarining tuzilishidan farq qiladi.
«25 yil oldingi Samarqandni eslayman, bu yerga xizmat safari bilan kelganman. Yarim vayron bo‘lgan yodgorliklarning o’sha kayfiyati esimda. Hozir shahar aholi uchun ham, ko‘plab sayyohlar uchun ham ancha qulay bo‘lib qoldi. U yaltiroqlik kasb etdi, lekin men uzoq vaqt "yangi" Samarqandga ko‘nika olmadim. Bu yerga yiliga bir necha marta kelib – faqat shu yilning o’zida bu yerda to‘rt marta bo‘lganman! – yo‘qolgan ruhni izlab, milliy mahallalarni, eski shahar ko‘chalarini kezib chiqdim, unda an’anaviy sharqona hovlilarimiz Nikolay saroylari bilan chambarchas tutashib ketgan. Sevimli kichik choyxonalarga kirib, odamlarni suratga oldim. Va nihoyat, men bu yangi Samarqandga, sergap, tezkor shaharga "berildim." Men xarobalardan tiklangan me’moriy durdonalarning mahobatli qiyofalarida xuddi o‘rta asrlardagi kabi butun dunyo madaniyatiga ta’sir ko‘rsatadigan tarix va ma’naviyat markazini ko‘rdim».
Go‘ri Amir, Bibixonim, Shohi Zinda, Registon maydoni nafaqat ikkita Renessans buyukligining guvohi. Bu O‘zbekiston mikrokosmosi ichidagi kichik koinotlardir. Millionlab ziyoratchilar bu yerga xotirjamlik, ruhlanish, estetik va ma’naviy zavq olish uchun kelishadi.
«Samarqandda men uchun eng sevimli joy - bu Shohi Zinda maqbarasidir. Odatda, bu yerga uzoqroq aylanish uchun eng ohirida boraman. Afsonaviy zinapoyalardan ko‘tarilganimda, o‘zgacha bir olamga kirib borgandek bo’laman. Men bu yerda mehmonlarning ko‘zlaridagi zavqlanishni ko‘rish uchun to‘xtab qolaman».
Registon - bu tarixning jonli qudrati bo‘lib, u yangi ma’nolar bilan to‘ldirilmoqda: hozirda maydonda jahon musiqa yulduzlarining konsertlari, zamonaviy lazer va yorug‘lik shoulari o‘tkazilmoqda. Maydon O‘zbekistonning ko‘rgazmasi, butun Sharq madaniyatining tayanch nuqtasi bo‘lib qoldi.
«Go‘ri Amir o‘z mifologiyasi va fantastik naqshlari bilan maqtana oladigan maskandir. Men uni uzoqdan suratga olishga qaror qildim - bu Temurning g‘olibona janglari va afsonaviy shafqatsizligining jonli ramzi bo‘lib, necha asrlardan beri tomoshabinni hayajonga solib kelmoqda».
Mana, Samarqandning eng sirli joylaridan biri bo‘lgan, taqdiri noma’lum va asl qiyofasini tiklash qiyin bo‘lgan, temuriy zodagonlarning maqbarasi bo‘lgan Ishratxona.
Ehtimol, "quvonch uyi," kabutarlar va tarix sirlari yashiringan makon xarobalar jozibasini yo‘qotmagan holda shahar xaritasidagi yana bir ramziy joyga aylanar.
«Bibixonim ham Samarqanddagi eng sevimli joylarimdan biri bo‘lib, uni g‘ayrioddiy rakursdan tomosha qilaman: uni devor ortidagi mahalla tomondan suratga olganman. U yerga kirish ko‘pchilikning xayoliga kelmaydi. Yodgorlikni hali ham to‘liq tiklay olishmayapti, ammo uning chiziqlari, qiyaliklari - bularning barchasi har safar meni Shaharning tarixiy ulug‘vorligi orasida o‘zimni insoniy jihatdan juda kichik his qilishga majbur qiladi...»
Petrov-Vodkinning "Samarqandiya" asaridagi fikri esimga tushadi: "undagi hayot - eng muhimi, hayot shakllari cheksiz xilma-xil - ularning eng asosiysi bu shakllarni anglashda va o‘zing ham shaklsizlikda bo‘lishdadir." Bundan boshqa yana qayerda mukammalligi jihatidan eng buyuk, eng mahobatli arxitektura yaqinida turib to‘la huquq va kamtarlik bilan o‘zingning cheklanganligingni his qilish mumkin... Va shu bilan birga - kattaroq narsaning bir qismi sifatida o’zingni his qilasan.
Shuningdek o‘qing
Yangiliklar
HD tahririyatidan maktub
Haftada bir marta Markaziy Osiyoning eng yaxshi materiallari, voqealari va madaniy kashfiyotlarini yuboramiz.






