– Elsevar, siz kinoijodkorlar oilasida tarbiya ko‘rgansiz. Otangiz mashhur dramaturg, kinorejissyor, O‘zbekiston Davlat mukofoti sovrindori. Onangiz Mastura Is’hoqova radio rejissyori, jurnalist, ssenariynavis. Ularning O‘zbekiston madaniyatiga qo‘shgan hissasi beqiyos. Siz O‘zbekiston kinematografiyasida oilangiz an’analarini davom ettirmoqdasiz. Lekin siz libos rassomi kasbini tanladingiz.
– To‘g‘ri aytdingiz, men kinochilar oilasidanman. Men va ukalarim suratga olish maydonida ulg‘ayganmiz, ommaviy sahnalarda va aktyorlar orasida turli epizodlarda ishtirok etganmiz. Suratga olish jarayonini kuzatish men uchun qiziqarli edi. Bundan tashqari, onam ham dastlab liboslar rassomi sifatida faoliyat yuritgan. Shuning uchun bolaligimdan kinoning parda ortidagi barcha sirlarini, jumladan, libos rassomi kasbini ham bilardim.
Men 1997-yilda Benkov nomidagi kollejni, keyinchalik Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomchilik va dizayn institutida Javlon Umarbekov, Anatoliy Jiboyedov va Bobur Ismoilov rahbarligida rassom-dekorator yo‘nalishini tamomladim. O‘qishni tugatgach darrov kinoga kirib keldim va aslida hamma narsani to‘g‘ridan to‘g‘ri suratga olish maydonida qaytadan o‘rganishni boshladim. Har bir film men uchun yangi saboq bo‘ldi. Ayniqsa, murakkab loyihalar. Ularda kutilmagan, yangi, ilhomlantiradigan g‘oyalar tug‘iladi.
– Ishingiz nimadan boshlanadi?
– Odatdagidek – g‘oyadan, keyin esa eskiz chizish, mato, furnitura, poyabzal, bosh kiyim tanlash va kostyum yaratish. Albatta, eng muhimi, yaxshi jamoasiz ish bitmaydi.
Foto: Дмитрий Шеховцев
– Kostyum har doim siz o‘ylagandek chiqadimi?
– Ko‘pincha – hatto yaxshiroq! Ba’zan vaqt ziq bo‘lganda, qo‘pol chizmalar chizaman. Bir qaraganda hech narsani tushunib bo‘lmaydi! Ammo miyamda allaqachon obraz, ranglar jilosi va faktura shakllangan bo‘ladi. Hatto turli variantlarni ham o‘ylab qo‘yaman. Kostyum gavdalantirilganda esa butunlay boshqa qiyofa kasb etadi. U “jonlanadi”.

Chiqindilardan – san’atga: kostyumlar bo‘yicha rassom sirlari

– Hozirgi kunda matolar va furnituralarning katta tanlovi mavjud, ammo ba’zida obrazni yakunlash uchun noodatiy detal kerak bo‘lib qoladi. Lekin uni do‘konlardan ham, bozordan ham sotib olib bo‘lmaydi.
Bir kuni zavoddan “Sh” harfi shaklidagi metall plastinkalarni topib oldim. Ular karbyuratorning qismlari ekan. Ushbu qismlar qo‘shiqchi Manzura robot rolini ijro etgan “Sevginator” filmidagi qahramon libosining elementlariga aylandi. Detallar obrazga kerakli qat’iy va texnologik ko‘rinishni bera oldi – robot-personaj uchun ayni muddao.
Ba’zan rekvizitning o‘zi meni “topayotgandek” tuyuladi. Misol uchun, axlat qutisi yonidan o‘tayotib, to‘satdan eski abajur ramkasini ko‘rib qolishim mumkin. Miyamda g‘oya paydo bo‘ldi: undan ajoyib bosh kiyim chiqadi. Lekin bu “chiqindi ovlash” emas, balki ko‘proq kasbiy odat.

Reklama uchun ibtidoiy odamlarning kiyimlarini tikayotganimda, haqiqiy suyaklardan munchoq yasashni o‘ylab topdim. Bozorga borib, tovuq suyaklarini sotib oldim, qaynatdim, qo‘lda tozaladim... Kerakli tuzilishga erishish uchun hatto kemirib ham ko‘rdim. Keyin yana duxovkada pishirdim. Ammo natija shunga yarasha bo‘ldi.
Yana bir voqea bo‘lgan – 2016-yilda “Oyqiz ertagi”ni suratga olayotgandik. Tanishlarimning uyiga mehmonga bordim, tokchada shoxga o‘xshash g‘alati ilgakni ko‘rib qoldim. Shu zahotiyoq undan bosh kiyim yasash fikri tug‘ildi. Natijada, ssenariyda ko‘zda to‘tilmagan masxaraboz qahramoni paydo bo‘ldi. U syujetga ta’sir qilmadi, lekin kayfiyat va muhit bag‘ishladi. Xuddi shu ertakning boshqa bir qahramoni uchun esa tovuq oyoqlaridan marjon to‘qib berganman.
Ustim kir bo‘lishidan qo‘rqmayman. Matoni eskirtirish, chang yoki zang qo‘shish kerak bo‘lsa, buni o‘zim qilaman. Bu xuddi alkimyogarning ishiga o‘xshaydi: kirdan xarakterli, tarixga ega buyum yaratiladi.

– Bugungi kunda sun’iy intellekt haqida ko‘p gapirilmoqda. U sizning sohangizga ham kirib keldimi?
– To‘g‘risini aytsam, hozircha unga ishonchsizlik bilan qarayapman. Bir gal shunday voqea yuz bergan: tezda eskizlar kerak bo‘lib qoldi va menga neyron tarmoqlar bilan ishlaydigan yigitni tavsiya qilishdi. U bir nechta variant taqdim etdi va ulardan bittasi aynan to‘g‘ri keldi, ajoyib chiqdi. Qolganlari esa mos kelmas edi: ba’zilari haddan tashqari murakkab, ba’zilari esa juda sodda. Ya’ni ilhom manbai sifatida mos kelishi mumkin, ammo to‘laqonli vosita sifatida har doim ham mos kelavermaydi. Men uchun boshqa narsa muhimroq – kostyumni o‘zim o‘ylab topishim va u noyob bo‘lishi.
– So‘zlaringiz juda samimiy. Loyihalaringizdan qaysi biri siz uchun eng kutilmagan buyurtmaga aylangan?
– Shunday buyurtmalar borki, ular bema’ni eshitiladi, lekin ularni yaratish menga zavq bag‘ishlaydi! Masalan, chang kostyumi. Yoki changyutgich!
Ammo eng kulgili buyurtma  gemorroy dorisining reklamasi uchun edi. Pushti rangdagi... GEMORROY kostyumi! Uch kundan so‘ng  suratga olish ishlari boshlanadi! Bu men uchun qiziqarli tajriba va sinov bo‘ldi. Kasallik kostyumini, ayniqsa, bunday kasallikka, libos tayyorlash imkoniyati yana qachon bo‘ladi xudo biladi.

  Men “oddiy” narsalarni yaratishni yoqtirmayman, g‘ayrioddiy ishlarni afzal ko‘raman!

Libos jaranglaganda va jonlanganda

- Libos dizaynerining asosiy vazifasi nimadan iborat? Bu kasbda qanday qiyinchiliklarga duch kelasiz?
– Kino va teatrda libos dizaynerining vazifasi – jonli, haqiqiy tasavvur uyg‘otadigan obraz yaratish. Albatta, agar vaziyat imkon bersa yoki rejissyor talab qilsa, ozgina badiiy to‘qima, romantika qo‘shish mumkin, doim ham mutlaq haqiqatga intilish shart emas. Eng muhimi, obraz ishonchli bo‘lishi kerak.
– Obraz yaxlit ko‘rinishga kelishi uchun aktyorlar nafaqat rolga, balki siz ular uchun yaratgan libosga ham moslasha oladimi?
– Hamma kiyim yarashib ketadigan aktyorlar bor. Ular libos bilan xuddi partnyor bilan ishlayotgandek muomala qiladi: his qiladi, namoyish etadi, o‘ynaydi. Ularni xuddi daydiga o‘xshatib kiyintirsangiz ham, baribir ko‘zga chiroyli ko‘rinadi. Shunda siz “jaranglaydigan” narsani topish uchun izlanishni, tajriba o‘tkazishni, uslublar va matolarni tanlashni boshlaysiz. Bunday holatlar tez-tez bo‘lmasa-da, ba’zida uchrab turadi.
Biroq eng muhimi – har bir aktyorga individual yondashuv. Qomat xususiyatlari, tashqi ko‘rinish, mos ranglar uyg‘unligi va personaj xarakterini hisobga olish lozim.
Ba’zan libos ko‘zga tashlanmasligi kerak. Ayrim filmlarda u ikkinchi darajali element, deyarli “so‘zsiz”. Lekin bunday hollarda ham nozik ish talab etiladi: libos e’tiborni tortmasligi kerak.

Ijod voqelik bilan to‘qnashganda

Foto: Дмитрий Шеховцев
– Liboslarni buzib qo‘yish hollari bo‘lganmi?
Bir voqea yuz bergan. Klip uchun oq, sodda obrazlar tayyorladim va ular zerikarli tuyuldi, rang qo‘shishga qaror qildim. Purkagichni olib... hammasini rasvo qildim. Mato qog‘ozga o‘xshab qoldi.
– Ishingizdagi eng yoqimsiz holatlar sifatida nimalarni ko‘rsatishingiz mumkin?
Sening ismingni shunchaki o‘chirib tashlashsa yoki ishingni o‘ziniki deb ko‘rsatishsa, pul to‘lashmasa. Bunday noxush vaziyatlarga bir necha loyihalarda duch kelganman. Bu odamlarni eslashni istamayman – ularga Xudo hakam!

G‘oya va pul: ijodda muvozanatni qanday topish mumkin

– G‘oya, san’at, ilhom bahonasida mehnatingizga haq to‘lamaslikka urinishlariga duch kelganmisiz?
– Turli vaziyatlarga duch kelyapman. Lekin so‘nggi paytlarda gonorarimni boshidanoq aytishga harakat qilyapman, shu yo‘l bilan nopok odamlardan o‘zimni himoya qilyapman.
Ba’zan loyihaga o‘z pulimni sarflayman. Masalan, kostyumlarga budjet yetishmasa, lekin men tasavvur qilgan kartinani yaratishim muhim bo‘lsa, o‘z cho‘ntagimdan qo‘shaman. Shunday vaziyatlar bo‘lgan.
Shu bois boshlagan ishimni doimo oxiriga yetkazishga intilaman. Garchi, har qanday ijodkor singari, menda ham to‘xtab qolishlar, shubhalar va toliqishlar bo‘lsa-da. Masalan, mening birinchi rejissyorlik qisqa metrajli filmim... Dastlab uni butunlay tashlab qo‘ygan edim. Lekin keyinchalik baribir qaytib, nihoyasiga yetkazdim.
– Kino sanoatidan tashqari boshqa loyihalarda qatnashganmisiz?
– “Morozko” ("Ayoz bobo") muz shousi men ishtirok etgan eng qiziqarli loyihalardan biri. Bunday tomoshani tayyorlash alohida yondashuvni talab qiladi: kostyumlar nafaqat chiroyli, ertaksimon bo‘lishi, personaj xarakterini aks ettirishi, balki figurachi uchun qulay va xavfsiz bo‘lishi ham kerak.
Natijada 54 ta kostyum yaratdik. Shundan 23 tasi yorug‘lik diodli qor uchqunlari edi. Men ularning shunchaki harakatlanishini emas, balki haqiqiy qirov zarralari kabi porlashini xohlardim.
Elsevar Is’hoqovaning kostyumlari
Elsevar Is’hoqovaning kostyumlari
Elsevar Is’hoqovaning kostyumlari
Thumbnail 1
Thumbnail 2
Thumbnail 3
Elsevar Is’hoqova muallifligidagi kostyumlar

Fotosessiyadan mukofotlargacha

Mana endi rejissyor-Elsevar haqida gaplashsak. Yaqinda o‘zingizni qisqa metrajli film rejissyori sifatida namoyon etdingiz va katta muvaffaqiyatga erishdingiz. “Qo‘g‘irchoqlar” filmi mukofotlarga sazovor bo‘lib kelmoqda. Bu ish nimadan boshlangan edi?
– Kulgili bo‘lsa-da, aytishim kerak. Dastlab film suratga olishni umuman rejalashtirmagandim. Bu taxminan o‘n yil oldingi gap. Ishsiz zerikib o‘tirgandim. Keyin “Fotosessiya uyushtirsamchi?!” deb o‘ylab qoldim. Ortiqcha xarajatlarsiz, qo‘l ostidagi narsalardan foydalanishga qaror qildim. Obrazlar o‘ylab topdim. So‘ng to‘satdan “Bulardan video tayyorlasam-chi?!” degan fikr keldi. Natijada o‘ylab topilgan qahramonlar asosida qisqa metrajli film yaratish g‘oyasi tug‘ildi.
Iste’dodli va yosh do‘stlarim, hamkasblarim hamda hamfikrlarimdan iborat jamoa to‘pladim. Hamma o‘z vazifasini ishtiyoq bilan bajarardi. “O‘zbekfilm”ning eski binosida, qayta ta’mirlashdan oldin suratga oldik.
Filmga katta umid bog‘lamagandim. Shunchaki o‘zimni sinab ko‘rmoqchi edim. Ammo suratga olingan kadrlarni ko‘rgach, o‘zimni noqulay his qildim. Hamma narsa xom, tushunarsiz tuyuldi. Suratga olish uchun juda oz vaqt ajratilgan edi – bir kecha-kunduzda to‘rtta lokatsiyada suratga olish va har birini tayyorlash kerak edi. Uddalay olmaganimni tushundim. Yillar o‘tib, unga qayta nazar solsam ham, allaqanday bema’ni narsa yaratilganini ko‘rardim. Lekin boshlagan ishimni albatta oxiriga yetkazishimni bilardim!
Loyihani yakunlashda sizga nima yordam berdi?
- Birinchi urinishdan taxminan to‘qqiz yil otgach, meni kino va teatr rassomlari ko‘rgazmasiga taklif qilishdi. O‘shanda men o‘zim yaratgan obrazlarning suratlarini ko‘rsatdim. Tashkilotchi Tatyana Fadeyeva qahramonlardan birini ko‘rib, “Bu nima?” deb so‘radi. Tashlab qo‘yilgan loyiha haqida gapirib berdim. U hayron bo‘lib: “Unda boshlagan ishingni tugat! Ko‘rgazmagacha tayyor bo‘lsin! dedi. Shunda men bu ishga kirishishga qaror qildim.
Iqtidorli montajchi Rams Karimovga murojaat qildim. U hamma narsani tartibga soldi: tasvirni tekisladi, materialni yaxlit va ta’sirchan ko‘rinishga keltirdi. Natijada atigi olti daqiqalik klipga o‘xshash narsa paydo bo‘ldi. Lekin eng muhimi, jonli va haqiqiy narsa paydo bo‘ldi. Men yana bir bor pul, vaqt va hissiyotlarimdan iborat sarmoya kiritdim. Chunki bu g‘oyaga ishonardim. Chunki bir paytlar oxiriga yetkazishdan qo‘rqqan ishimni tugatmoqchi edim.
So‘ng shunchaki, maxsus platformalar orqali festivallarga yuborishga qaror qildim. Onam bilan birga o‘tirib, ro‘yxatdan o‘tish, yuklash, to‘lov qilish kabi ishlarini amalga oshirdik...
To‘satdan filmim Panamadagi festivalda birinchi o‘rinni oldi. Keyin Meksikada, so‘ng Moskvada. Turli mamlakatlardagi to‘rtta FREE WAY xalqaro kinofestivalining g‘olibi bo‘lganimni aytishdi. Bugungi kunda Eng yaxshi eksperimental film nominatsiyasida beshta rasmiy mukofotga ega bo‘ldim. Hozircha uni ochiq e’lon qilmayapman – festival hayotini yashab ko‘rsin deyapman. Ayniqsa, quvonchlisi – bu mening g‘oyam ekanligi!

– Rejissyorlik faoliyatingizni davom ettirishni xohlaysizmi?
– Ha, bu haqda o‘ylayapman. G‘oyalarim bor, ular hozircha xayolimda yashayapti va ularni amalga oshirishga harakat qilyapman. Agar to‘satdan suratga olish imkoniyati tug‘ilib qolsa, syurrealizm, fantastika yoki art-xaus janrida ijod qilib ko‘rmoqchiman.
– Siz kinoda suratga tushgansiz, to‘g‘rimi?
– Ha, suratgayam tushganman, lekin asosan epizodlarda, o‘zimni aktrisa deb hisoblamayman. Bu men uchun ko‘proq xobbi.
Haqiqiy aktyorlik o‘ziga xos iste’dod ekanligini tushunaman. Men aktrisa emasman. Men rassomman. Vizual olamlar yarataman, obrazlar orqali hikoya qilaman. Bu – mening sahnam.
– Tanqid haqida qanday fikrdasiz? Dilingizni ranjitgan holatlar bo‘lganmi yoki aksincha, ular tabassumingizga sabab bo‘lganmi?
– Albatta, tanqid uchrab turadi. Misol uchun, ertaklardan birida men qahramon uchun Ispaniya va Hindistonni birlashtirgan libos yaratdim. Kimdir buni g‘alati, munozarali deb topdi. Axir bu ertak-ku! Bu janrda xayol surish, tasavvurga erk berish mumkin va zarur emasmi? Men shunday his qilganim uchun uslublashtiraman. Bu mening dastxatim va dunyoqarashim.
– Asosiy tanqidchingiz kim?
– O‘zim. Men doimo o‘z ishimga nisbatan talabchanman. Doim baholayman, tahlil qilaman, nimani yaxshiroq qilish mumkinligini izlayman. Bu esa meni oldinga intilishga undaydi.
– Agar mashhur filmlarda nimanidir o‘zgartirish imkoniyati tug‘ilsa-chi? Bunga jur’at qilarmidingiz?
– Bilasizmi, ba’zan mashhur filmni tomosha qilib o‘tirib, hayolingizga: “Qaniydi ozgina boshqacharoq bo‘lsa, hammasi mutlaqo boshqacha jaranglardi!” degan fikr keladi. Ba’zi filmlarda kostyumlar alohida-alohida haqiqiy san’at asari bo‘lishiga qaramay, ularning umumiy ko‘rinishi haddan tashqari rang-barang bo‘lib ko‘rinadi. Shubhasiz, rassomlarning ulkan mehnati, fantaziyasi va ijodkorligi sezilib turadi – bu hurmatga sazovor. Ammo ba’zan uyg‘unlikni xohlab qolasan. Yaxlit uslubni. Kostyumlar bir-biri bilan raqobatlashmasligi, aksincha, bir-birini to‘ldirishi lozim. Chunki ekranda vizual “shovqin” haddan tashqari ko‘p bo‘lsa, ko‘z dam olish o‘rniga charchaydi.

Dangasalik va sayohatlar: ijodning narigi tomonida

– Kamchiliklaringiz bormi?
– Albatta. Ochig‘ini aytaman: men dangasaman. Chinakamiga. Agar maqsadga intiluvchanroq bo‘lganimda, ehtimol, ko‘proq natijalarga erishgan bo‘larmidim.
– Bunday javobni kutmagandim. So‘zlaringizni tinglab, ishi bilan yonib yashaydigan, butun qalbi bilan beriladigan odamni ko‘z oldimga keltirgandim...
Odamda doim qarama-qarshi xususiyatlar mujassam bo‘ladi. Menda aniq shunday. Biror g‘oya bilan yonib ketib, vaqt va ovqatni unutib, kunlab ishlashim mumkin. Yoki aksincha, hech narsa qilishni xohlamayman, osmon uzilib erga tushsa ham. Keyin to‘satdan ichimda nimadir o‘zgaradi va men bir kunda bir haftaga cho‘zilishi mumkin bo‘lgan ishni bajarib qo‘yaman. Hammasi ichki turtki va holatga bog‘liq.
– Andrea Bochelli bir kuni aytgan ekan, hayotda “agar” degan so‘z bo‘lmaydi. Lekin kostyumlar bo‘yicha rassomlikdan boshqa kasbni tasavvur qilsak, kim bo‘lishingiz mumkin edi?
– Yuzta iste’dodim bor demoqchi emasman, lekin musiqa mening yana bir zaif tomonim. Bolaligimda skripka chalishni o‘rganganman. Musiqiy eshitish qobiliyatim bor, qo‘shiq aytishni yaxshi ko‘raman. Bir paytlar ovozim kuchliroq edi, hozir biroz pasaygan... lekin baribir – bu menga yaqin. Musiqa men uchun xuddi nafas olishdek gap, u mening hayotimni bezaydi. Tuyg‘ularimni ifodalash, nimanidir chuqur his qilish kerak bo‘lganda musiqa tinglashni yaxshi ko‘raman. Bu o‘ziga xos, unga berilib ketish mumkin bo‘lgan holat.
– Hammasini tashlab, uzoqroqqa ketib qolishni, hayotni yangidan boshlashni istagan paytlaringiz bo‘lganmi?
– Albatta. Vaziyatni o‘zgartirish, ko‘z va miyaga dam berish – bu odatiy insoniy istak. Mening fikrimcha, imkon tug‘ilishi bilan sayohat qilishi kerak. Agar hozir imkoniyatim bo‘lganida, hech ikkilanmay jo‘nab ketgan bo‘lardim. Shunchaki qayta tiklanish uchun. Yangi muhit har doim shifo beradi. Bu ham aql, ham qalb uchun foydali.
– Kasbingiz tufayli turli mamlakatlarga sayohat qilgan bo‘lsangiz kerak. Qaysi sayohatlar esingizda qolgan?
– Ha, chindan ham omadim kelgan. Shunchaki, dam olishga o‘zimga kamdan kam holda ruxsat beraman, lekin ish tufayli dunyoning turli burchaklarida bo‘ldim. Tailandda ikki marta, Dubay, Marokash, Sankt-Peterburg, Misr, Malayziya, Qozog‘iston, Ukraina... Lekin bilasizmi, hammasi faqat mamlakatga bog‘liq emas. Ba’zida sehrli joyga tushib qolasan, ammo yoningdagilar sen kabi atrofni his qilmaydi. Shunda sehr o‘z-o‘zidan g‘oyib bo‘ladi.   Ba’zan esa aksincha – tashqi ko‘rinishdan hamma narsa juda oddiy, deyarli qashshoq, ammo muhit, hamrohlar, kayfiyat shunday bo‘ladiki – bu kunlarni umr bo‘yi eslaysan. Bu xuddi sayrga o‘xshaydi: alohida qulaylik yo‘q, lekin qalbda bayram.
– Elsevar bosib o‘tgan ijodiy yo‘lning boshini va hozirgi holatni taqqoslasak, nimalar o‘zgardi?
– Avvalo, o‘zimga bo‘lgan talabchanligim. Ilgari ko‘p jihatdan oddiyroq edim, sodda fikrlardim. Hozir esa mukammallikka intilaman. Har bir mayda jihatlar ahamiyatli. O‘sib borayotganimni ko‘ryapman va tushunyapman: o‘sish bilan birga mas’uliyat ham shakllanadi. Bu hatto kundalik turmushda ham seziladi. Agar ta’mirlash ishlarini qilayotganimda biror narsa ko‘nglimga o‘tirmasa, ko‘z yumib ketolmayman. Kechroq bo‘lsa ham, baribir qayta ishlayman.
– Siz uchun baxt nima? Hozir o‘zingizni baxtli his qilyapsizmi?
– Nisbatan. Lekin umuman olganda, ha, men baxtliman. Baxtim – oilam: onam, ukalarim, o‘g‘lim Ilhom, yaqinlarim. Ular mening suyanchig‘im va tayanchim. Ular sog‘ bo‘lsa, yonimda bo‘lsa, ularning baxti va mehrini his qilsam mening haqiqiy baxtim shu. Hayot har doim turlicha kechadi. Shunday davrlar bo‘ladiki, hamma narsa barbod bo‘layotgandek tuyuladi. Keyin esa yengillik keladi va oddiy narsalarni ham qadrlay boshlaysan. Biz ko‘pincha noshukurmiz. Yaxshilikka o‘rganib, injiqlik qila boshlaymiz. Shubhasiz, baxtimning katta qismini kasbim tashkil etadi. Men o‘z ishimni sevaman u ilhomlantiradi, qo‘llab-quvvatlaydi, hayotimni mazmun bilan to‘ldiradi.
Ammo to‘g‘risini aytsam, har bir inson o‘z juftini topishi muhim. U shunday odam bo‘lishi kerakki, u bilan na tashvish, na kundalik hayot, na sukunat qo‘rqinchli bo‘ladi. Uning yonida haqiqiy o‘zligingni his qila olishing kerak. Ehtimol, baxtning mohiyati ham shundadir.