Qisqacha mazmun
Bu yerda biz
mazmuni bilan tezroq tanishmoqchi bo‘lganlar uchun material qahramonining
asosiy fikrlarini jamlagan edik. Suhbatning to‘liq bayoni quyida keltirilgan.
Fotima
Abdurahmonovaning aytishicha, barchasi oddiy savoldan boshlangan: shaharda xayol surib yurish
mumkinmi? Shunchaki qadamlarni sanamay, atrofga boqib, qayerda yashayotganingni
anglash orqali. U dastlabki sayrlari o‘z-o‘zidan, yo‘l ko‘rsatuvchisiz,
shunchaki shaharni boshqacha ko‘rish istagi bilan boshlanganini eslaydi.
Asta-sekin unga oddiy odamlar,
fotosuratchi,
hamfikrlar qo‘shila boshladi va "Toshkent bo‘ylab sayr" ma’ruzalar
emas, balki e’tibor va sukunat muhim bo‘lgan harakatga aylandi.
Vaqt
o‘tishi bilan Fotima ko‘chalarda ilgari e’tibordan chetda qolgan mozaikalar (devorlardagi naqshlar)ni payqay boshladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, aynan
fotosuratlar yo‘qolib borayotgan narsalarni qayd etish imkonini beradi. U
mozaika fon yoki bezak emas, balki shaharning tili, uning imo-ishorasi va matni
ekanligini ta’kidlaydi. O‘z vazifasini nafaqat mozaikalarni saqlash va
mualliflarni topish, balki ko‘chalarga
ma’no qaytarish deb biladi. Uning fikricha, shahar xaritadagi nuqta emas, balki
suhbatdoshdir va u bilan sayr,
e’tibor, harakatlar orqali muloqot qilish lozim.
To‘liq matn
Suhbatning to‘liq
matnini e’tiboringizga taqdim etamiz.
Qadam-baqadam: "Shagayu.uz" qanday qilib shahar harakatiga aylandi
–
"Shagayu.uz" tashabbusi qanday paydo bo‘lgan?
– Bugun hamma
qadamlarini sanaydi – kuniga 10 ming. Ammo 2017-yilda bu yangilik edi. Ilovalar
endi paydo bo‘la boshlagan, ishqibozlar skrinshotlar bilan bo‘lishardi. Men esa
o‘ylardim: atrofga boqib, qayerda yashayotganingni anglash orqali ongli
ravishda qadam tashlasak-chi?
Xuddi shu paytda
"O‘zbekistonning yosh fotosurati" guruhi
bilan Rassomlar uyidagi ko‘rgazmaga bordik. Ko‘rgazmadan so‘ng shunchaki kameralar
bilan Toshkent bo‘ylab sayr qildik, insonlar, chiroqlar, shaharni suratga
oldik.
Keyin guruh
tarqalib ketdi, lekin menda e’tibor bilan qadam tashlash kerak degan fikr
uyg‘ondi. 2017-yil 6-mayda "Экскурсомания"
guruhida birinchi e’lonni yozdim. Ertasi kuni Mirzo Ulug‘bek xiyoboni oldida
uchrashib, yo‘lga chiqdik. Ushanda
biz shunchaki yo‘l ko‘rsatuvchisiz, o‘z shahrimizni o‘zgacha nazar bilan ko‘rish maqsadida
yurdik. Shu tariqa «Шагаю по Ташкенту» ("Toshkent bo‘ylab sayr") guruhi tashkil topdi.
«Шагаю.уз» loyihasining logotipi
–
Ishtirokchilar qanday munosabat bildirdi?
– Format o‘zini
oqladi. Bunda faqat yurish,
kuzatish, suhbatlashish, ba’zan esa shunchaki jim turish talab qilinardi. "Nahotki Toshkentda
shunday joylar bor?", deya odamlar hayron qolardi. Albatta, bor! Va ko‘p.
Sayrlardan biriga 56 kishi kelganida,
bu loyiha odamlarga kerakligini angladim. Shaharni qadam-baqadam kashf
etardik. Bu haqiqatan shunday edi.
– Loyiha
shahar tashabbusi sifatida boshlangan. U qanday qilib ommaviylashdi?
–
2017-2018-yillarda Toshkentdan tashqariga – avval shahar atrofiga, keyin
tog‘larga chiqa boshladik. Dastlabki yo‘nalishlar oddiy edi, masalan So‘koq, Quyosh
instituti. O‘sha paytda So‘koq hali mashhur yo‘nalish emasdi va hech qanday tijorat, sayyohlik
firmalari yoki yo‘l ko‘rsatuvchilar haqida umuman gap ham bo‘lmagan. Biz Qo‘yliqda to‘planib, Parkentga ketardik, u yerdan duch kelgan eshak-aravalarda
qo‘riqxonaga yo‘l olardik. Buning
uchun bizga hech kim bir tiyin to‘lamagan. Bu shunchaki bizning tashabbusimiz edi xolos. Albatta, keyinchalik bizning
yo‘nalishlarimizni takrorlaydigan sayohatlar paydo bo‘ldi, lekin biz uchun bu romantika va haqiyqiy kashfiyot edi.
Asta-sekin
geografiya kengayib bordi va qo‘shni respublikalarga ham bora boshladik. Yorqin
lahzalardan biri 2018-yilning dekabr oyida ilk bor xorijga chiqqanimiz bo‘ldi.
Avval Tojikistonning Xo‘jand shahri, keyin Qozog‘istonning Chimkent shahri.
Barcha xarajatlarni ishtirokchilar o‘zlari qopladi. Charchab, lekin taassurotlarga to‘lib
qaytardik.
– COVID-19
pandemiyasi davrida ko‘p narsa o‘zgardi, jumladan, turizm sohasida ham. Bu
sizning loyihalaringizga ta’sir ko‘rsatdimi?
– Albatta, COVID
o‘z ta’sirini ko‘rsatdi: kamroq yig‘iladigan bo‘ldik, ko‘proq yolg‘iz yoki kichik
guruh bilan yurishga to‘g‘ri keldi. Lekin tadqiqot qilish odati saqlanib qoldi.
Ommaviy sayyohlar qadam bosmagan joylarni tanlashga harakat qilardim va hamon shunday qilaman.
– Bunday
sayohatlarda sizni nima o‘ziga tortadi?
– Tashlandiq shaharlar.
O‘zbekistondagi Yangiobod, Tojikistondagi eski konchilar shaharchasi... U
yerlarga birinchi bo‘lib biz borganmiz.
Keyin tijorat turlari, so‘ngra mahalliy hokimiyatdan qiziqish paydo bo‘ldi.
Masalan, Yangiobodda endi infratuzilma rivojlanishni boshladi, turizm loyihalari vujudga keldi. Va men bunda faoliyatimizning
natijasini ko‘ryapman. Tashlandiq
joylar yana jonlanmoqda.
Demak, bekorga bormagan ekanmiz.
Yursang - shahar jonlanadi
- Shaharda
sayr qilishni davom ettiryapsizmi?
- Hozir kamroq. Agar shahar aylanishga chiqsam
ham, bu mavzuli marshrutlardan
iborat, masalan bino fasad va devorlaridagi naqshlarni tomosha qilish,
Chilonzor bo‘ylab sayrlar, ba’zan viktorinalar yoki kvestlar tashkil qilamiz. Odamlarni
shunchaki olib yurish endi menga qiziq emas –vaqtni mazmunli o‘tkazish muhimroq, bugun bilimning
qadr-qimmati haqida boshqacha tushuncha paydo bo‘lgan.
- Bu ishlar sizga daromad keltirmaydi ku?
- "Nega
loyihani daromadga aylantirmayapsan?" degan savolga to‘g‘ri javob berish
uchun menga yetti yil kerak bo‘ldi. "Men professional gid emasman, mening litsenziyam yo‘q," - deb doimo javob
berardim. Lekin o‘tgan yili kursni tugatib, diplom oldim. Tan olishim kerak,
o‘rgatilgan ko‘p narsalarni men intuitiv ravishda bajarardim - marshrutlarni
o‘zim bosib o‘tardim, logistikani hisoblardim, vaqtni chamalardim, qayerda
burilish, qayerda to‘xtashni bilardim. Hozir rasman gid bo‘lib ishlamayman,
lekin yana chaqirishsa, yana krossovkamni kiyib, kamerani olib yo‘lga tushaman.
Shahar ham menga jon deb
ergashadi.
-
O‘zbekistondan tashqarida sayohat qilish uchun sizni nima ilhomlantiradi?
- Yaqinda bir
o‘zim sayohatga chiqa boshladim. Lekin allaqachon Baykalda, Hindistonda,
Londonda, Butanda bo‘lganman. Yolg‘iz sayohat qilishdan qo‘rqadiganlar ko‘p,
lekin qo‘rquv ko‘pincha miyada bo‘ladi.
Baykal
sokinligi bilan, Butan ichki osoyishtaligi va sayyohlar shovqinining yo‘qligi bilan hayratga soldi.
Yevropaga ish bilan borib keldim
– Londonga konferensiyaga borganman, keyin yo‘l-yo‘lakay Shotlandiyani ham ko‘rdim. Men brendlar ortidan
quvmayman, men taassurotlarga sarmoya kiritaman.
- Mamlakat
ichidagi noturistik yo‘nalishlar-chi?
- Men qishloq yo‘nalishlarini
juda yaxshi ko‘raman. Masalan, Qashqadaryodagi Varganza qishlog‘ida anorzorlar
bor. To‘g‘ri, 2022-2023-yillarning
qish oylarida ular katta zarar ko‘rdi. Yoki arab diasporasi - noyob
tuksiz kelim gilamlarini to‘quvchi ko‘chmanchilar, an’anaviy kiyimdagi ayollar.
Bu xuddi jonli muzeyga o‘xshaydi.
Varganzalik o‘zbekistonlik ko‘cha san’ati rassomi Vargunza, u bilan suhbatimizni o‘qing:
Londonda meni
suvenirlarga bo‘lgan yondashuv hayratga soldi - har bir muzeyning o‘z to‘plami
bor. Bu savodli marketing, ya‘ni
sayyoh shunchaki magnit
bilan emas, balki sayohatni yana takrorlash ishtiyoqini paydo etgan taassurot
bilan ketadi. Bizda esa hammasi bir xil. Ko‘p narsa yo‘qotilmoqda, ammo
salohiyat juda katta. Biz o‘zimizning kuchli tomonlarimizni yetarlicha
baholamaymiz.
Ko‘cha sayrlaridan shahar mozaikasi arxeologiyasigacha
- Toshkent
mozaikalariga qiziqishingiz nimadan boshlangan?
- Bu to‘satdan
sodir bo‘lgani yo‘q. Shunchaki bir kuni men ilgari ko‘zdan chetda qolgan
narsalarni ko‘ra boshlaganimni payqadim. Shahar bo‘ylab sayr qilardik va men
uylarning old tomonlarini bezab turgan naqshlarga ko‘proq e’tibor bera boshladim. O‘shanda men
"O‘zbekistonning yosh fotosurati"
nomli Facebook hamjamiyatining a‘zosi sifatida guruhda havaskorona telefonda
olingan, lekin samimiy fotosuratlarimni joylashtirib borardim.
Va bir kuni Oleg
Burnashevning postiga ko‘zim tushdi. U yangi "O‘zbekiston
mozaikalari" guruhi tuzilganini e’lon qildi va shahar sayrlarida
uchraydigan mozaikalarning suratlarini ulashishni taklif qildi. Menda
allaqachon fotosuratlar borligini va ularni guruhga joylashtira
boshlaganligimni darhol yozdim.
Ko‘p o‘tmay Oleg shaxsan menga javob
yozdi. U menga rassom Nikolay Jarskiyning bevasi Valentina Jarskaya va
ularning qizi Tatyana bilan bog‘lanishni taklif qildi, balki ularning arxivlari
saqlanib qolgandir degan
ma‘noda. Albatta, ularga
ham yozdim. Chunki savollarim ko‘p edi.
Valentina
Alekseevna juda ochiq ko‘ngil odam ekan. Biz gaplashdik va u
"Tashgiprogor" institutining bosh arxitektori, Jarskiylar oilasining
yaqin do‘sti Yuriy Georgiyevich Miroshnichenko bilan uchrashishni maslahat
berdi. Uning aytishicha, 1966 yilgi zilziladan so‘ng Toshkentga aka-uka
Jarskiylar - Pyotr, Nikolay va keyinroq Aleksandr yetib kelgan. Ular dastlab
"Tashgiprogor"da, so‘ngra DSK-1 uysozlik kombinatida ishlagan. U
yerda, qurilish chiqindilari - singan plitkalar, sopol parchalari orasida
shaharning vizual qiyofasini o‘zgartirgan g‘oya paydo bo‘ldi. Kimdir buni
chiqindi deb o‘ylagan bo‘lsa, aka-uka
Jarskiylar ushbu chiqindi qoldiqlarini mozaika materiali sifatida foydalandi.
Pyotr Jarskiy
birinchi yirik ishning eskizini yaratdi va uni Miroshnichenkoga ko‘rsatdi.
Kompozitsiya dadil edi - milliy libosdagi odamlar, mifologik mavjudotlar, qizil
lenta, naqshlar... Rad etish vasvasasi bor edi. Ammo Miroshnichenko rassom
bilan gaplashishga qaror qildi va uning oldida nafaqat professional, balki
nihoyatda qiziqarli odam ham paydo bo‘ldi. Pyotr Leningradda o‘qigan,
Fransiyada yashagan, Muxina nomidagi
bilim yurtini tamomlagan. Ushbu muloqotdan so‘ng eskiz ma’qullandi. Ko‘p o‘tmay
Muqimiy ko‘chasida ilk dadil,
yorqin va jonli mozaika paydo bo‘ldi.
Toshkentdagi Muqimiy ko‘chasidagi mozaika. Foto: Fotima Abdurahmonova
Bu yangilikni Toshkent hech qanday e’tirozsiz qabul
qildi. Shundan s’ong butun bir davr boshlandi: Qatortoldan
Chilonzorning yigirmanchi kvartali (mahalla)gacha birin-ketin mozaika bilan bezatilgan
ko’p qavatli uylar paydo bo‘ldi. Ular shahar muhitining jonli, erkin va
rang-barang qismiga aylandi.
Dastlab bu faqat
turar-joy binolari bo‘lib, ularning fasadlari rassomlar qo‘lida gullab-yashnadi. Ammo meni jamoat
binolaridagi mozaikalarni yaratgan insonlar ham qiziqtirib qoldi. Kim edi ularning mualliflari?
Shu tariqa mening shaxsiy izlanishlarim boshlandi.
Suratdan kitobga
- Loyihangiz
qaysi paytda sayr va shaxsiy qiziqish doirasidan chiqib ketdi?
- Sovet davrining me’moriy merosiga chuqur qiziqadigan nemis shaharshunosi Filipp Moyzerning ishlari bilan
tanishganimda hamma narsa o‘zgardi. U kishi Nikolay Jarskiyni shaxsan tanigan, butun sobiq sovet
hududidagi uy-joy qurilishini o‘rgangan va fotosuratlar, matnlar, kitoblar kabi
keng ko‘lamli arxivlar to‘plagan. Uning nazarida me’morchilik shunchaki beton va oyna emas,
balki madaniy xotiraning ko‘zgusidir.
Aynan shu inson chet ellik
sayyohlarga mo‘ljallangan Toshkent mozaikalari bo‘yicha yo‘l ko‘rsatkich
yaratishni taklif qildi. Ammo unga oddiy fotosuratchi emas, balki obyektlarni tarixiy va madaniy jihatdan jonlantira oladigan odam kerak edi. Shunchaki "manzil, sana,
muallif"li rasmlar emas, balki, nimalar tasvirlangani haqida hikoya
qiladigan fotosuratlar
kerak edi. Masalan, O‘zekspomarkaz peshtog‘idagi mozaikada o‘zbek to‘yi tasvirlangan. Mahalliy aholi
uchun bu tushunarli, sayyohga esa tushuntirish kerak. Shunda mozaika
madaniyatlar o‘rtasidagi ko‘prikka aylanadi. Bu menga yaqin bo‘lgani uchun ishga kirishdim.
- Mozaika
mualliflarini aniqlashga kim yordam berdi?
- Avvalo, Yuriy
Miroshnichenko va Valentina Jarskaya. Ularning xotirasi tufayli qaysi asarlar
Pyotr yoki Nikolay Jarskiyga tegishli, qaysilari esa faqat og‘zaki tarixda
qolgan boshqa ustalarga tegishli ekanligini tushunishga muvaffaq bo‘ldim.
- Yo‘l
ko‘rsatkichni amalga oshirishga erishdingizmi?
- 2019-yilda
mablag‘ yetishmasligi sababli loyiha to‘xtatib qo‘yilgan edi. Ammo 2023-yilda
Filipp yana aloqaga chiqdi: u aka-uka Jarskiylar haqidagi kitobni tugatibdi -
unda mening o‘sha paytdagi fotosuratlarim
ham bor ekan. U yana Toshkentga keldi, tadqiqotlarni, suratga olishni,
uchrashuvlarni davom ettirdi. U yo‘l ko‘rsatkich nafaqat mozaikalarni, balki
freskalarni, haykallarni, barelyeflarni,
shaharning vizual ruhini shakllantiruvchi barcha narsalarni o‘z ichiga olishini
aytdi.
Toshkent mozaikalari suratlari
Shundan so‘ng yana
bir qiziqarli uchrashuv bo‘ldi. Men bilan jurnalist, "Matryoshkalar
bo‘yicha" YouTube kanali muallifi Valeriya Nayanova bog‘landi. U Toshkent
mozaikalari haqida film suratga olishga qaror qilgan ekan. Men uni Yuriy
Miroshnichenko, Valentina Jarskaya, Vladimir Burmakin bilan tanishtirdim -
ularning barchasi kadrga tushdi. Film O‘zbekistonda ham, undan tashqarida ham
katta shov-shuv uyg‘otdi.
Loyiha uchun
bu burilish nuqtasi bo‘ldi - ushbu filmni Raqamli rivojlanish departamentidan
O‘tkir Shermanov ko‘rib qoldi. Shunda Toshkent mozaikalari haqida sayt yaratish
g‘oyasi tug‘ildi. Biz Age Tashkent bosh dizayneri Aleksey Xen bilan portal
tuzilishini muhokama qildik. Men fotosuratlar, ismlar, manzillar, manbalar kabi barcha
ma’lumotlarni to‘pladim. Shu
payt Filippdan aprel oyida kitob taqdimotini o‘tkazishi haqida xabar keldi.
Shunda men, keling, saytni bir kun oldin ishga tushiraylik va bu ikki tomonlama madaniy xodisa bo‘lsin, deya taklif bildirdim. Bu tijorat emas. Bu -
xotira, ma’no va shahardir.
Toshkent mozaikalariga bag‘ishlangan sayt
Mozaikalar jonlanganda
- Saytni
ishga tushirishga qanday munosabat bildirildi?
- Juda ilhomlantiradigan.
Biz mozaikalarni shunchaki bir joyga yig‘madik - ularning ba’zilari amalda
jonlandi. Animatsiya tufayli endi maxsus ilovani yuklab olib, telefon
kamerasini yo‘naltirish mumkin. Shunda mozaika harakatlanadi, nafas oladi,
hikoya qiladi. Bu haqiqiy sehrga o‘xshaydi.
- Nechta
obyektni hujjatlashtirishga muvaffaq bo‘ldingiz?
- Hozirda saytda
502 ta mozaika mavjud. Afsuski, ularning 17 tasi yo‘qolgan. Ammo saqlanib
qolgan narsalar allaqachon vizual xotiraning muhim qatlamini tashkil etadi. Bu obyektlar endi tizimlashtirilgan,
ularni hamma tomosha qila oladi va eng muhimi ular himoyalangan. Axir
hujjatlashtirilgan obyektni yo‘q qilish endi oson emas. Shuningdek, homiylar paydo bo‘ldi va bu bizga
yangi kuch in‘om etdi.
Eng muhim qadamlardan biri mozaika bilan bezatilgan peshtoqlardan reklama
bannerlarini olib tashlashga
muvaffaq bo‘ldik. Bu oson kechmadi: tijoriy
manfaatlar, shartnomalar va
ijaraga beruvchilarning qarshiligiga duch keldik... Ammo natija bor -
bannerlar olib tashlandi va shahar "nafas ola" boshladi.
-
Mozaikalarning rasmiy himoyasi paydo bo‘ldimi?
- Ha. 2024-yilning
kuzida Yangi Toshkentni barpo etish direksiyasi "Shahar muhitining
dizayn-kodi" hujjatini chop
etdi. Unda agar peshtoqda mozaika bo‘lsa, reklama taqiqlanishi aniq
yozib qo‘yilgan. Qoidabuzarliklar ma’muriy javobgarlikka tortiladi. Bu muhim
qadam bo‘ldi, chunki
tepadagilar bizni nihoyat eshitishdi.
Toshkent
"Shahar muhitining dizayn-kodi"
Shuningdek, biz
yana Filipp Moyzer bilan hamkorlikda uning kitobi bilan bir vaqtda yo‘l
ko‘rsatkich chiqarishga qaror qildik. Hozir ish deyarli yakunlandi. Bu
shunchaki xarita emas, balki tarix, ovoz va shaharning jonli manzarasi aks
etgan Toshkent mozaikalari bo‘ylab madaniy sayohat bo‘ladi.
Yangi kashfiyotlar, yangi nomlar
- Siz
mozaikalarni izlash va topishda davom etyapsizmi?
- Ha, ba’zan
butunlay kutilmagan voqealar
yuz beradi. Bir kuni menga Vladimir Burmakin bilan birga ishlagan
monumental rassomning qizi - rossiyalik Darya Petrova xat yozdi. Otasi
1995-yilda O‘zbekistondan ketib, 2000-yillar boshida vafot etgan ekan. Darya
uning Urdadagi bolalar bog‘chasi hovlisida mozaika yig‘ayotgani aks etgan
fotosuratlarni yubordi. Bolalar
uchun yaratilgan ezgu ishni ko‘rish uchun ushbu obyektni topib bordim. Bu yangi
mozaika, yangi nom va yangi tarix edi.
"O‘zekspomarkaz" peshtog’idagi
"To‘y" pannosi bilan ham xuddi shunday bo‘lgan. Uzoq vaqt davomida muallif kimligini
aniqlay olmadik. To‘satdan menga bir yigit murojaat qildi. u ushbu "asar" muallifi
Dilmurod Yusupovning nabirasi ekan. U bizga hujjatlarni, suratlarni topshirdi, u bilan telefonda gaplashdik va natijada
rassomning tarjimayi holini tiklashga muvaffaq bo‘ldik. Bu xuddi yorug‘lik kabi
edi. Ko‘p o‘tmay O‘zAda katta suhbat chiqdi. Shunday qilib, ustoz xotirasi
shaharga qaytdi.
"O‘zekspomarkaz" peshtog’idagi
"To‘y" pannosi. Шагаю.уз videosi
- Ya’ni
mualliflarni qidirishda davom etyapsizmi?
- Albatta. Bu
asosiy yo‘nalishlardan biri. Ko‘pincha allaqachon o‘rnatilgan talqinlarni qayta
ko‘rib chiqishga to‘g‘ri keladi. Masalan, To‘qimachilik institutiga
kiraverishdagi mozaikani bo‘yab
tashlamoqchi bo‘lishdi, lekin prorektorlardan biri pannoni himoya qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuv ko‘tarildi va ko‘p o‘tmay Merosni muhofaza
qilish agentligi vakili muallifni Irena Lipiene deb e’lon qildi. Ammo men
shubhalandim. Chunki
Lipiene shishali vitrajlar
bilan tanilgan, lekin mozaika ishlari
bilan shug‘ullanmagan. Natijada haqiqiy mualliflar Aleksey Shteyman va
Grigoriy Derviz ekanligi aniqlandi. Mozaika 1982-yilda yaratilgan ekan.
- Yo‘qolgan
mozaikalar haqida nima deysiz?
- Hozir saytda 17
ta yo‘qolgan obyekt qayd etilgan. Yaqindagina 19 ta edi. Ikkitasini qaytarishga
erishdik. Homiylar "Obod mahalla" dasturi doirasida bo‘yab tashlangan
mozaikalarni tiklashga yordam berdi. Alpinistlar ishi va materiallarga haq
to‘lashdi, ikki kundan so‘ng tasvirlar yana yaltirab ketdi. Ularning portaldagi maqomi esa o‘zgardi.
- Boshqa
mozaikalarni tiklash imkoniyati bormi?
- Hali saqlab
qolish mumkin bo‘lgan ishlar bor. Ammo shuni tushunish kerakki, bu shunchaki
ezgu maqsad emas. Hatto devorni tozalash uchun ham rasmiy ruxsat talab etiladi.
Barcha ishlar Madaniy meros agentligi va Madaniyatni rivojlantirish jamg‘armasi
bilan kelishilgan bo‘lishi shart. Bu quruq rasmiyatchilik emas. Jamg‘arma
loyihani har bir bosqichda kuzatib boradi, maslahat beradi, ko‘maklashadi. Usiz
birorta ham mas’uliyatli qaror qabul qilib bo‘lmaydi. Va bu to‘g‘ri. Chunki
mozaika shunchaki naqsh emas, balki shaharning madaniy ramzidir. Unga
ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish lozim.
Nima uchun mozaikalar yo‘qolmoqda
- Nega
mozaikalar yo‘qola boshladi? Axir bu madaniy meros-ku...
- Ularni kimdir
ataylab yo‘q qilgan deb o‘ylamayman. Hammasi o‘z-o‘zidan - loqaydlik,
byurokratiya, didsizlik muhitida sodir bo‘ldi. Mustaqillik qo‘lga kiritilgandan
so‘ng keng ko‘lamli qayta qurish to‘lqini boshlandi. Eski binolar buzildi,
yangi ofislar, turar-joy binolari qurildi. Ko‘pincha hech kim fasadlarda mozaikalar
borligini payqamasdi ham. Masalan, "Mehnat rezervlari" sport
majmuasi. Uni buzib, yangisini qurishdi va bino bilan birga mozaika ham yo‘q
bo‘ldi. Hech qanday surat yoki eslatma saqlanib qolmagan. Xuddi shunday voqea Bilimlar uyidagi mozaika bilan
sodir bo‘ldi. Bunda 2000-yillar boshida rekonstruksiya ishlari olib
borilayotganda hamma narsa izsiz yo‘qolgan. Keyinchalik me’mor Yuriy
Miroshnichenko panno saqlanib qolganini va shunchaki gipsokarton bilan
berkitilganini aytdi. Lekin boshqa bir tadqiqotchi Boris Chuxovich uni
yo‘qolgan deb yozgan edi. Hozir bizda faqat umid bor, xolos.
- Siz buni
tekshirib ko‘rmoqchi bo‘ldingizmi?
- Ha. O‘tgan yili
Rus drama teatrini ta’mirlash paytida tasodifan buzilgan qoplamalar orasidan
eski devorning bir bo‘lagini ko‘rib qoldim, bu o‘sha mozaikaning bir qismi
bo‘lishi mumkin. Uni suratga olishga ulgurdim. Endi faqat ehtiyotkorlik bilan
ochib, tekshirish qoldi.
- Eng yorqin, ammo
shikastlangan mozaikalar haqida gapirsak-chi?
- Amir Temur xiyobonidagi
pannoga qarash juda og‘riqli. Smaltadan ishlangan ajoyib kompozitsiya -
Amudaryo va Sirdaryo ramzlari, jonli, yorqin ranglar. Ammo ayollarning ochiq
tana qismlari shunchaki kulrang bo‘yoq bilan bo‘yab tashlangan. Texnik jihatdan
buni tiklash mumkin, lekin hech kim bunga jur’at etolmayapti. Qat’iy me’moriy standartlar nuqtai
nazaridan bu juda "noqulay" ish.
"Mehnat zaxiralari sport majmuasidagi panno. Yugurish olimpiadasi mozaikasi
- Yangi
avlodda mozaikalarga qiziqish paydo bo‘lyaptimi?
- Ha, bu
quvonarli. Yosh rassomlar, dizaynerlar, me’morlar mozaikalarga tobora ko‘proq
e’tibor qaratmoqda.
Qahvaxona, mehmonxonalarda dekorativ pannolar paydo bo‘lmoqda. Bu jarayon shaharning vizual
tilining bir qismiga aylanib
boryapti.
- Qanday
zamonaviy loyihalar sizni ilhomlantiradi?
- Islom
sivilizatsiyasi markazi. U yerda mozaika bezakning asosiy elementiga aylandi.
Eskizlarni Alisher Aliqulov chizgan, ular Xitoyda andozalar bo‘yicha yig‘ilgan
va Toshkentga qaytarilgan. Mavzular - tarix, ma’naviyat, ma’rifat. Bunda eng muhimi,
murakkabligi va qimmatligiga qaramay, mozaika foydasiga tanlov qilindi.
- Sovet
davrida hamma narsa qo‘lda bajarilganmi?
- Ha. Smalta -
qalin rangli shisha - Leningrad va Boltiqbo‘yidan keltirilardi. Uni
maydalashar, parchalashar, rangiga qarab saralashar, qo‘lda terishar edi. Bu
mashaqqatli jarayon edi. Hozir smaltani deyarli ishlatishmaydi. Hatto xitoylik
ustalar ham boshqa shishani - silliq, bir xil shishani qo‘llaganlar. U ko‘rinishidan chiroyli, lekin aslida umuman boshqacha.
- Toshkentda
mozaikaning yana qanday turlari uchraydi?
- Eng noyob va qimmatli
mozaika Florensiya mozaikasidir. Abdumalik Buxorboyev undan o‘z ishlarida -
telemarkazda, "Tata" mehmonxonasida, "Novza" va
"O‘zbekiston" metro bekatlarida foydalangan. Bu zargarlik texnikasi -
yashma, granit, marmar, choksiz toshlar, bir-biriga zich qilib terilgan.
Haqiqiy noyob san’at asari.
Le
Grande Plaza Hotel (ilgari "Тата") mehmonxonasiga kiraverishdagi
mozaikali panno. Foto: Fotima Abdurahmonova
- Sovet
ramzlari tushirilgan mozaikalar-chi? Ular saqlanib qolganmi?
- Ular bor, lekin ko‘p emas. Va bu targ‘ibot emas, balki vizual
xotiraning bir qismi. Masalan,
Qoraqamishdagi tinchlik kabutari hamda o‘roq va bolg‘a tasvirlangan mozaikaga hech
kim tegmaydi. Yoki panelli uydagi mozaikani olaylik – unda belidan tepasi yalang‘och
ishchi va uning yonida
gulxan atrofidagi pionerlar tasvirlangan. Ramzlar nafis: gullar,
kapalaklar, arfa. Bu endi
tarix. Jarskiylar Vodnik massividagi so‘nggi asarida to‘ylar, juftliklar,
bolalar kabi hayotiy manzarani jonli va
ta’sirli tasvirlagan.
- Lekin
istisnolar ham bor-ku?
- Albatta.
Eng mashhuri - sobiq muzeyda, hozirgi Tarix muzeyida Lenin tasviri tushirilgan
mozaika. Uni bo‘yab, ustiga tabiat
manzarasini chizishgan. Ammo, mish-mishlarga ko‘ra, u qatlamlar ostida
saqlanib qolgan. Bu shahardagi yagona mafkuraviy mozaika bo‘lsa kerak. Biz
o‘tmishni o‘chirmoqchi emasmiz - uni anglamoqchimiz xolos.
Toshkentdagi V.I. Lenin muzeyining Markaziy zali. Manba: Письма о Ташкенте
-
Mozaikalarni saqlab qolishga erishilgan holatlar bo‘lganmi?
- Ha, monumental
rassom Arnold Ganning gazeta binosidagi mozaikasi saqlanib qolindi. Binoni qayta qurishga qaror
qilinganida, biz pannoni saqlab qolishni taklif etdik. Turli variantlar,
jumladan uni parkka
ko‘chirish masalasi muhokama
qilindi. Biroq mozaika juda katta edi. Kechasi u olib tashlangan va ertasiga g‘oyib bo‘lgan. Madaniyat
jamg‘armasi uni "Tata" mehmonxonasi orqasidagi hovlida tashkil
etilayotgan madaniyat markaziga o‘rnatilishini ma’lum qildi. U hozircha omborda
turibdi. Ammo ayrim OAV xabarlariga ko‘ra, mozaika Fransiya madaniyat markazida
o‘rnatilishi kutilmoqda. Bu keng maydonga muhtoj asar. Ehtimol, Moskvadagi
"Muzeon" san’at bog‘i kabi ochiq osmon ostidagi muzey tashkil etish
maqsadga muvofiq bo‘lar.
- Bunday
maydonni qayerda tashkil etish mumkin?
- Eski va yangi
Toshkent oralig‘ida, "Yangi O‘zbekiston" bog‘iga yaqinroq joyda. U
yerda hozircha bo‘sh maydon bor. Bu muzey emas, galereya bo‘lsin. Olmaotadagi
"Ko‘k-To‘be" bog‘idagi kabi, rassom Moldaxmet Kenboyevning
"Suvenir ko‘targan
qiz" ("Sulushash") mozaikasi tog‘ yonbag‘ridagi karkasda turibdi
va hech kimga xalaqit bermaydi, lekin u tarixdan so‘zlayapdi.
Yo‘qotilgan, lekin unutilmagan
- Mozaikalar
orasida siz ayniqsa saqlab qolish uchun kurashayotganlaringiz bormi?
- Ha. Hozir men
uchun eng muhimi - "Farhod va Shirin" mozaikasi. Bu yonma-yon
fasadlardagi ikki panno: birida Shirin, ikkinchisida Farhod tasvirlangan.
Kompozitsiyasi kuchli, ramziy ma’nolarga boy. Ma’lum bo‘lishicha, Farhod
tasviri tushirilgan mozaikaga katta zarar yetgan, quyosh, shamol,
yog‘ingarchilik - barchasi mozaika
yuzini yemirib tashlagan. Bundan tashqari, u uy-joy qurilish kombinatida
qo‘lda yig‘ilgan va fasadga o‘rnatilgan. Bunday texnika hozir qo‘llanilmaydi,
bunday smalta endi ishlab chiqarilmaydi, u yorqin, fakturali, jonli edi. Asl
holatida tiklash imkonsiz. Ammo syujetni qayd etib, saqlab qolish mumkin.
Badiiy akademiya
akademigi Marina Rostislavovna Borodina bilan maslahatlashdim. U yechim
sifatida devordagi tasvirni 3D bosib chiqarishni taklif qildi. Ha, bu an’anaviy
ma’nodagi mozaika emas, balki mural. Ammo "Farhod va Shirin"ni shahar
maydoniga qaytarishning yagona yo‘li shu bo‘lsa, demak, urinib ko‘rish kerak.
- Saqlab
qolish mumkin bo‘lgan boshqa mozaikalar ham bormi?
- Ha. Masalan,
yuqorida aytib o‘tganim Bilimlar uyidagi mozaika. Arxitektor Yuriy
Miroshnichenkoning aytishicha, u yo‘q qilinmagan, shunchaki gipsokarton bilan
yopib qo‘yilgan. Faqatgina tekshirishga qaror qilish qolgan, xolos. Yoki
Abdumalik Buxorboyevning Xalqlar do‘stligi saroyidagi ikkita mozaikasi, ular
butun, lekin bannerlar bilan yopilgan. Ularni ta’mirlash shart emas, faqat
ochib qo‘yish kerak. Yana "O‘zbekenergo" majmuasi peshtoqlaridagi
mozaikalar bor. Katta ehtimol bilan bu bino buzilib ketadi. Agar biz bu
asarlarni oldindan saqlab qolmasak, ular butunlay yo‘q bo‘lib ketishi mumkin.
Sobiq Bilimlar uyidagi mozaika. Manba: Toshkent haqida
maktublar
- Qaytarib
bo‘lmaydigan yo‘qotishlar ham bo‘lganmi?
- Afsuski, shunday. Mening sevimli
mozaikam - Vladimir Burmakinning "Oqqush sadoqati" asari poklik va
nafosat ramzi bo‘lgan ikkita oq oqqush tasviridan iborat edi. Uni 2019-yildagi kitobimga kiritganman.
Keyin pandemiya boshlandi, bino sotildi, yangi egasi esa mozaikani o‘chirib tashladi. Undan hech qanday bo‘lak qoldiqlari
yoki arxiv suratlari qolmagan. Faqat afsus-nadomat qoldi. O‘sha paytda
dekorativ pannoli avtomaktab ham g‘oyib bo‘lgan, Madaniyat uyi buzib tashlandi. Bularning
barchasi jimgina - hujjatlashtirilmay, qayd etilmay yo‘q bo‘lib ketdi. Eng
dahshatlisi - hatto izi ham qolmaganida.
- So‘nggi
lahzada mozaikalarni saqlab qolishning iloji bo‘lgan paytlar ham bo‘lganmi?
- Ha, bunday
voqealar odamni ruhlantiradi. Turar-joy majmualaridan birida yangi egalar
blogerlardan ta’sirlanib, mozaikani ko‘chirib olmoqchi bo‘lishdi. Ammo
ruxsatsiz. Ularga Madaniyat jamg‘armasi va Merosni muhofaza qilish
agentligining ruxsati kerakligini tushuntirdim. Yaxshiyamki, to‘xtatishga
ulgurdik, mozaika hali ham joyida, shunchaki ekran ortiga yashirilgan. Bu
"Kitob olami" binosi va u yerda haqiqiy durdona bor. Monitorni olib
qo‘ysangiz bas - bino diqqatga sazovor joyga aylanadi. Bu ham saqlab qolish,
ham madaniy hissa, ham samarali targ‘ibot bo‘ladi.
"Bu fon emas - bu shaharning ovozi"
- Siz loyiha
taqdimotini o‘tkazdingiz. Qanday fikrlar bo‘ldi?
- Birinchisi
Toshkentdagi Gyote institutida o‘tkazildi.
Auditoriya tor edi. Shuning
uchun men darhol: "Kam. Press-tur, blogerlar, faollar kerak,"
dedim. Ularni taklif qilishdi,
pul ham to‘lashdi, lekin bir-ikkita suratdan tashqari hech qanday natija
bo‘lmadi. Menimcha, ular nima bo‘layotganini tushunmadi shekilli. Chunki ular mavzuni his qilmadi,
unga hatto qiziqmadi ham. Undan
ko‘ra bo‘lajak arxitektor, dizayner va rassom talabalarni taklif qilsak bo‘lar
ekan. Chunki bu ularning kasb sohasi. Aynan ular bu ishlarni ko‘rishi, tushunishi, davom ettirishi
kerak. Bizga befarq bo‘lmagan auditoriya kerak. Mozaikalardan chiroyli fon
sifatida foydalanadiganlargina emas, balki ularni haqiqatan ham bilishni va
saqlashni xohlaydiganlar kerak. Chunki mozaikalar shunchaki bezak emas. Bu -
shaharning ovozi. Va uni eshitish lozim.
Fotima Abdurahmonova va Taras Shevchenko tasvirlangan mozaikali panno
- Siz
zamonaviy rassomlarga murojaat qilasizmi?
- Ha, ulardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri "Nega o‘zingizni
kashf etmaysiz? Nima uchun renderlarda faqat eski motivlar bor? Bugungi kunning
vizual obrazlari qani?" deb tez-tez so‘rab turaman. Yaqinda bir yigit
Instagramda "Men mozaika yasashni boshladim, Samarqand, Xivani
tasvirlamoqchiman. Sizningcha, bu kimgadir kerakmi?" deb menga yozipdi.
Men unga shunday javob berdim: "Yasa. Urinib ko‘r. Asosiysi,
o‘zingni ko‘rsat.
O‘zing haqingda gapirmasang - hech kim seni tanimaydi".
- Kelajakda
qanday mozaikalarni ko‘rishni xohlaysiz?
- Faqat qoliplar
emas, ya‘ni "globusga
cho‘zilgan qo‘llar " yoki mavhum "hayot daraxti" bo‘lmasin. Bugun bizni
xavotirga solayotgan shahar, yolg‘izlik, texnologiyalar, migratsiya, ekologiya,
ayol va megapolis kabi mavzular bo‘lsin. Asosiysi, did bilan, fikr bilan,
materialga hurmat bilan qilish kerak. San’at jonli bo‘lishi kerak.
- Agar
Jarskiy aka-ukalardan mozaika buyurtma qilish imkoningiz bo‘lsa qanday asar
so‘rardingiz?
- Men odamlar tasvirlangan hikoyali
asar so‘ragan bo‘lardim. Menga aynan shundaylari yoqadi. Shuning uchun men tojik mozaikalarini
juda yaxshi ko‘raman, ularda deyarli har doim personajlar, sahnalar,
his-tuyg‘ular mavjud. Ular sodda, yorqin va jonli ishlangan. Samimiylik - ko‘pincha bizga
yetishmaydigan tuyg‘udir.
Bizda juda ko‘p chiroyli naqshlar bor, lekin asosan ma’nosi yo‘q. Mozaikada
inson tasviri bo‘lsa, u jonlanadi.
- Shaxsiy
hikoyangiz qaysi mozaika bilan boshlangan?
- "Qovg‘a
burji" dan. U
hozir Buxgalterlar va auditorlar uyushmasi joylashgan sobiq yotoqxonaning peshtog’ida. Men u yerga
kurslarga borgandim -
axir men ma’lumotim bo‘yicha buxgalterman. Ushanda darsdan so‘ng ko‘chaga chiqdim, chorrahaga
yaqinlashib, boshimni
ko‘tarsam u turibdi.
Qotib qoldim. Telefonimni olib,
rasmga tushirdim. Aynan shu kadrdan hamma narsa boshlangan edi, ya’ni mening mozaikalarim,
mening "qadamlarim" va mening hikoyam.
"Surat yo‘q bo‘lib ketgan narsani saqlashi mumkin"
- Sizda hamma narsa fotosuratdan boshlangan ekan. Nimanidir
o‘zgartirishga qodir bo‘lgan yagona fotosurat sizda bo‘lganmi?
- Yagona
bo‘lganiga ishonchim komil emas, lekin suratlar boshlang‘ich nuqtaga aylangan
holatlar bo‘lgan. Bir kuni guruhimiz bilan Lisunov ko‘chasida sayr qilib yurib, tashlandiq binoga kirib qoldik. Ichkarida
o‘smirlar bor ekan.
Ular kutilmaganda "qiziqarli joy"ni ko‘rsatishni taklif qilishdi va bizni qurilishi tugallanmagan
hovuzga olib borishdi. U 1980-yillarda qurila boshlangan, ammo to‘xtatib
qo‘yilgan ekan. Biz devordan oshib o‘tdik, hammasini suratga oldik, ijtimoiy
tarmoqqa joyladik. Vaqt o‘tib, hovuz qayta tiklana boshlandi. Bugun u
ishlayapti. Buning uchun bizning suratlarimiz turtki bo‘lganligiga ishongim
keladi.
O‘qchi va Olmazor
mahallalari buzilishi ma’lum bo‘lgach, deyarli har kuni o‘sha yerga borardim.
Avval guruh bilan, keyin yolg‘iz. Eskirgan devorlarni, bo‘m-bo‘sh derazalarni, shinamlik
qoldiqlarini suratga oldim. Buni qayd etish kerakligini bilardim. Hozir menda
bu ko‘chalarning butun bir arxivi bor. U ko‘chalar endi yo‘q, lekin xotirasi qoldi.
Yana bir voqea bo‘lgan: bir tanishim qo‘ng‘iroq qilib,
"Kino uyi buzilyapti!" dedi. Yetib bordim va rejissyor
Rashid Malikovni ko‘rib qoldim. U meni rahbariyatga olib bordi va menga
hamma narsani hujjatlashtirishga ruxsat berishdi. Zallarni, yo‘laklarni,
Bahodir Jalolovning mashhur freskasini suratga oldim. Hozir u yo‘q. Lekin u suratda, arxivda va xotiramda qoldi.
Kinochilar
uyi binosi. Manba: Письма о Ташкенте
- Toshkent
siz uchun nima?
- Bu shunchaki men
tug‘ilgan shahar emas, bu men yashaydigan muhit. Aynan shuning uchun shunchaki sayr qilish
emas, balki shaharni ongli ravishda his qilish g‘oyasi paydo bo‘lgan edi. Buni boshqalar
bilan baham ko‘rgim keldi.
2017-yildan 2025-yilgacha "Шагаю по Ташкенту" ("Toshkent bo‘ylab qadam tashlayman")
loyihasi doirasida yuzlab qadamlar qo‘ydik. Bu vaqt ichida shahar tanib bo‘lmas
darajada o‘zgardi. Ba’zan tanish joyga qaytganimda ko‘zlarimga ishonmayman,
kechagina hammasi boshqacha edi.
"Shahar xaritadagi nuqta emas, balki suhbatdoshdir"
-
Toshkentning zamonaviy qayta qurilishiga munosabatingiz qanday?
- Bunga
ikki xil munosabatim bor.
Bir tomondan, yangilanishlar shaharni obod, qulay qilmoqda, gastronomik
ko‘chalar, sayyohlik obyektlari paydo bo‘lmoqda. Boshqa tomondan, o‘ziga
xoslikni yo‘qotish xavfi bor. Mahalliy faollar ko‘pincha eski ko‘chalarni
o‘zgartirish, shundoq ham jonli bo‘lgan narsaga teginishning nima keragi bor
deya norozilik bildiradi. Men ularni tushunaman. Ammo poytaxtimizning o‘zgarayotgan joylarining ruhi saqlanib qolsa,
hammasi behuda ketmaydi. Sobiq mahallalarda kafelar, mehmonxonalar ochilmoqda.
Hududlar an’ana va zamonaviylik uyg‘unlashgan sahnalarga aylanmoqda. Sayyohlar
esa o‘zlari bilan nafaqat suratlarni, balki haqiqiy taassurotlarni ham olib
ketishadi. Rivojlanish - bu yo‘l. Biz ham shu yo‘ldan bormoqdamiz.
- Shahardagi yangi installyatsiyalarga
munosabatingiz qanday?
- Bizda kichik me’moriy shakllar bilan bog‘liq muammo bor. Shaharda
badiiy haykallar deyarli yo‘q. Mavjudlari esa didsiz, mo‘rt materiallardan
yasalgan. Yomg‘ir yog‘sa,
hammasi barbod bo‘ladiganga o‘xshaydi. Boshqa mamlakatlarda hayotdan olingan
lavhalar bronza yoki marmardan yasaladi. Masalan, Bokuda sohil bo‘yida
butun boshli obrazlar galereyasi o‘rnatilgan, masalan gazeta o‘qiyotgan odam, poyabzal
tozalovchi... Bizda esa - ma’nosiz qolipli haykalchalar.
- O‘zingiz
suratga olishni davom ettiryapsizmi?
- Albatta. Hozir
ko‘proq telefondan foydalanaman. Lekin safarlarda kamerada olaman, chunki obyektivda olingan kadrning
sifati boshqacha. Vaholanki, asosiysi texnika emas, nigoh. Lahzani his
qilish, voqeani kadrda aks ettirish qobiliyati muhim.
- Siz hali ham shahar bo‘ylab yurib turasizmi?
- Bu endi
hayotimning bir qismiga aylangan. Qadam o‘lchagichim doim yoqilgan va kuniga
kamida 10 ming qadam yurishga harakat qilaman. Sayr - bu shunchaki jismoniy
faollik emas, balki shaharni his qilish, uni ko‘rishning bir usulidir. Mana,
ketyapsan, e’tibor berasan: naqshli eski kanalizatsiya qopqog‘i, sana o‘yib
yozilgan yog‘och g‘o‘laga tiralgan sovet ustuni. Yoki yonma-yon ikki uy: biri
zamonaviy, ikkinchisi yog‘och darchali. Bu tarix. Vaqt qatlamlari. Bundan
tashqari, men plogging bilan shug‘ullanaman va har doim qo‘lqop va paket bilan
sayr qilaman. Yo‘l-yo‘lakay plogging bilan shug‘ullanaman: shishalar, qog‘ozlar, ayniqsa
maktablar oldida. Hozir ancha toza bo‘lib qoldi, demak, bu ish natija beryapti.
Bu ham madaniyatning bir qismi va o‘ziga, odamlarga va shaharga hurmat.
Фотима Абдурахманова на станции метро «Пахтакор»
- Siz
mozaikalarni ham boshqacha idrok eta boshladingiz, shunday emasmi?
- Albatta. Mozaika shunchaki bezak emas. Bu matn, til, imo-ishora.
Masalan, Pyotr Jarskiyning birinchi mozaikasini olaylik: odamlar, naqshlar,
hayvonlar - hammasi ma’lum bir maromda
joylashtirilgan. Qahramonlardan biri tasmani ushlab turibdi, barmog‘i esa chatishtirilgan - bu esa ramz yoki tumor. Ular binolarga nafaqat
go‘zallik, balki himoya ham bag‘ishlaydi.
Bu chuqur ma’noga ega. Faqat sinchiklab qarash kerak.
- Hali o‘z
shahrini yaxshi bilmaydiganlarga nima maslahat berardingiz?
- O‘rganing, lekin
eng muhimi, o‘z shahringizni seving. Muhabbatsiz hech narsani tushunib bo‘lmaydi. Biz tez-tez
shikoyat qilamiz, tanqid qilamiz, lekin shahar – bizga begona emasligini
unutamiz. Bu biz. Bu bizning xatti-harakatlarimiz, izlarimiz. Shuning uchun men
sayr qiling, qarang,
e’tibor bering deb aytaman. Shaharni his qiling. Qarabsizki, u, albatta, siz bilan gaplashadi.






















