Qisqacha:
"Ilhom" O‘zbekistonning eng mustaqil teatri hamda ijodiy erkinlik va
badiiy tajribalar timsoliga aylangan. Bu yerda o‘ttiz yildan ortiq vaqt davomida xizmat qilib kelayotgan
aktyor, rejissyor, pedagog va badiiy rahbar Boris G‘ofurovning ismi teatr
tarixi bilan chambarchas bog‘liq. Qahramonimiz talabalik davrida Mark Vayl (uzoq yillar
davomida ushbu teatrga rahbarlik qilgan)dan saboq olgan. O‘shandan buyon
truppa bilan birga teatr hayotidagi muvaffaqiyatlarni ham, yo‘qotishlarni ham,
murakkab davrlarni ham boshdan kechirib kelyapti.
G‘ofurov
dastlabki postanovkalarini eslar ekan, muhimi, eskisini tiklash emas, balki yangisini izlash kerakligini e’tirof
etadi. Uning fikriga
ko‘ra, hatto yengil va ko‘ngilochar spektakllarda ham muhim mavzular haqida
so‘z yuritish imkoniyati mavjud. "Tomoshabin esa
faqat kuzatuvchi emas, balki ushbu muloqotning ishtirokchisi bo‘lishi lozim", – deydi u.
G‘ofurov “Ilhom” teatri va
uning tomoshabini haqida gapirar ekan, teatr doimo fikrlaydigan, murakkab va ichki ma’noli fikrlarni ilg‘ay oladigan odamlarni o‘ziga jalb qilganini
ta’kidlaydi. Uning uchun sahna erkinlik, halollik va izlanish maskani bo‘lib
qolishi muhim.
Intervyuning to‘liq shaklini quyida o‘qishingiz
mumkin.
* * *
Onasining qattiqqo‘lligi haqida
– Siz Namanganda tug‘ilgansiz, lekin oilangiz
tarixi boshqa shaharda boshlangan.
– To‘g‘ri. Onam va buvim Stalingrad yaqinida yashagan,
ammo Ikkinchi jahon urushi paytida Namanganga ko‘chib kelgan. Onamning
bor-yo‘g‘i 4-sinf ma’lumoti bor edi: o‘qishga vaqti bo‘lmagan, chunki tirikchilik qilishi kerak
edi. U ko‘p va mashaqqatli mehnat qildi. Men esa Namanganda tug‘ilganman.
– Bolaligingiz o‘tgan shaharga tez-tez borib turasizmi?
– Kamdan kam boraman. Oxirgi marta 7 yil oldin bordim.
Bu endi men voyaga yetgan
Namangan emas: men cho‘milgan kanallarni loyqa bosgan, ko‘p narsa o‘zgargan.
Bolaligim oson kechmadi, lekin aynan u meni chiniqtirdi, yashashga va omon
qolishga o‘rgatdi. O‘sha paytdagi ko‘plab bolalar singari meni ham ko‘cha
tarbiyalagan. Hozir dunyo boshqacha: bizda internet, kompyuterlar, planshetlar bo‘lmagan, bularning barchasining
o‘rnini ko‘cha bosgan. Namangan – men tug‘ilgan, birinchi muhabbatimni uchratgan va yo‘qotishlarni boshimdan kechirgan
shahar: bu yerda sakkizinchi sinfda o‘qiyotganimda onamni, so‘ng buvimni
yo‘qotdim.
– Siz onangizning mashaqqatli taqdiri haqida
gapirgan edingiz. U qanday ayol edi?
– Kuchli va qattiqqo‘l. U meni qattiqqo‘llik bilan
tarbiyalagan - men mehr nimaligini bilardim, lekin kamarni ham, burchakda
turish nimaligini ham bilardim. Onamning o‘limidan so‘ng uning o‘rnini ko‘p
jihatdan opam Lena egalladi – u mendan 12 yosh katta. Biz hozir ham juda inoqmiz. U pedagogika institutini tamomlagach, bo‘lajak
boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi sifatida "tajribalar"ni menda o‘tkazdi: to‘rt yoshimda o‘qiganman va yozganman. Har qanday
bola singari men ham toqat qilolmasdim, lekin Lena ajoyib pedagog edi.
– Bu hayotingizda yordam berdimi?
– Yo‘q. Hamma narsa o‘z vaqtida bo‘lishi kerak. Hozir
ota-onalar ko‘pincha bolalarini juda erta o‘qitishga urinishadi. Bu ko‘proq
o‘zlarining shaxsiy maqsadlarini qondirishdir. Men birinchi o‘quv kuni darsda
zerikib, sumkamni yig‘ishtirib, o‘qituvchiga bularning barchasini allaqachon
bilishimni aytib, uyga ketganman. Uchinchi sinfgacha a’lochi bo‘ldim, keyin
pioner bo‘lganimda onamga “men kattalar qatori a’lochi bo‘lmayman”, dedim. Va’damda turdim:
yaxshi o‘quvchillar qatoriga
tushdim, yettinchi sinfdan esa kundaligimda “3” baholar ham paydo bo‘la boshladi. Ammo
maktabni yaxshi baholar bilan bitirdim. Chunki o‘qituvchilarimiz juda ajoyib
edi, har bir o‘quvchini tanlagan oliygohiga tayyorlashardi. Meni ham shunday
qilib qo‘llab-quvvatlashdi.
Mark Vayl pedagogikasi haqida
– Demak, o‘shanda teatr institutiga kirishga
qaror qilganmidingiz?
– Ha, lekin bu qaror maktabni bitirishim arafasida
keldi. Ungacha aktyor bo‘lishni orzu qilmaganman. Ammo taqdir taqozosi bilan
Aleksandr Kuzin kursida A.N. Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va san’at
instituti (hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti)ga o‘qishga
kirdim. Keyinchalik Mark Yakovlevich Vayl kursiga o‘tdim. 1991-yildan boshlab
teatr jamoasiga qabul qilindim va 30-yildan ortiq vaqtdan beri shu yerda xizmat
qilmoqdaman.
– Mark Vayl qanday ustoz edi?
– Haqiqiy ustoz edi. Talabchan, aqlli, nozikta’b, majburlamaydigan, balki o‘zi o‘rganishga imkon beradigan. Ta’lim qat’iy tizim bo‘yicha emas, balki "shu yerda va hozir" tamoyili asosida har bir talabaga moslab olib borilardi. Vayl Gleb Golender, Muhammadiso Abulxayirov, Lola Eltoyeva, Karina Arutyunyan kabi yorqin san’atkorlarning butun bir avlodini tarbiyalagan.
– "Ilhom" sahnasidagi birinchi rolingiz
qanday edi?
– "200-yil o‘tdi" spektaklida biz – talabalar
kelajakning mukammal, qayg‘u va tushkunlikdan xoli odamlari rolini ijro etdik.
Birinchi asosiy rolim esa A.Kamyu asari bo‘yicha diplom ishidagi Kaligula obrazi
edi.
Foto: Alina Borisova / HD magazine
San’atdagi taqiqlar va Gamletni yoqtirmaslik haqida
– Teatrning ko‘p spektakllari yo‘q bo‘lib
ketganmi?
– Albatta. Bu tabiiy jarayon-ku. Teatr – hamma narsa
lentaga tushirilib, tarixda abadiy qoladigan kino emas. Teatr – shu yerda va
hozir tug‘iladigan hamda boshqa hech qachon takrorlanmaydigan san’at. Har bir
spektaklning o‘z hayoti va davri bor.
– Siz qayta tiklamoqchi bo‘lgan spektakllar
bormi?
– Yo‘q. Men teatrning dastlabki yillarida Mark Vayl
tomonidan sahnalashtirilgan va uzoq yillar davomida uning tashrif qog‘ozi
hisoblangan Bertolt Brextning "Meshchan to‘yi"ni bir necha bor qayta
tiklashga urinib ko‘rdim, lekin tushundimki, oldinga yurish kerak. O‘tmish
bilan yashash o‘rniga yangi narsalar yaratish muhimroq.
– Zamonaviy teatrda klassik asarlarni katta
jur’at bilan qayta talqin qilish holatlari tez-tez uchrab turadi.
– Teatr – alohida san’at turi. Adabiyot bu yerda
shunchaki asos bo‘lib, undan yangi narsa tug‘iladi. "Qanday qilib
klassikaga qo‘l urish
mumkin?!" degan e’tirozlarga men: "Mumkin va kerak!" deb javob
beraman. Klassikani "chang bostirish" yoki "muzeyga aylantirish" qo‘rqinchli
va noto‘g‘ri. Nega endi men Tolstoyni olib, uni o‘zim his qilganimdek qayta
talqin qilolmayman? Bu yerda, hozir – XXI asrda, 2025-yilda! Kim menga buni
taqiqlaydi?! San’atda umuman taqiq bo‘lmasligi kerak! Pushkinning o‘zi barcha
qoidalarni inkor etuvchi isyonkor edi-ku!
– Rossiya xalq artisti Anatoliy Romashin o‘zining so‘nggi
suhbatlaridan birida aktyor uchun orzudagi rol – bu Gamlet, degan edi.
– Gamlet hech qachon mening sevimli qahramonim
bo‘lmagan! Mening qahramonim – Sirano de Berjerak. Ha, mening bunaqa katta
burnim yo‘q, lekin gap bunda emas, gap bu odamning ichki dunyosida. U bu dunyoning
xunukligini naqadar nozik va og‘riqli his qiladi va dunyo buni kechirolmaydi.
Biz esa faqat tashqi ko‘rinishni ko‘rishga o‘rganib qolganmiz va uning ostidagi
mohiyatni ilg‘ay olmaymiz. Mark Yakovlevich 2000-yillarning boshida Ejen
Ioneskoning "Karkidonlar" pyesasi asosida ajoyib spektakl sahnalashtirgan edi. Bu "Ilhom"
teatri studiyasining ikkinchi yoki uchinchi kurs talabalari ishi edi. Bu asar
vaqt o‘tishi bilan biz xuddi karkidon terisini kiyib olgandek hayotdagi eng
muhim narsalarni his qilmay qo‘yishimiz haqida edi.
– Ijodiy
yo‘lingiz boshida jamoa sizni qanday kutib olganini eslaysizmi? Sizni rollardan
mahrum qilishga, chetga surishga urinishlar bo‘lmaganmi?
– "Ilhom"da o‘ziga xos muhit
bor. Aynan shu
muhit teatrning uzoq va yorqin umr ko‘rishiga yordam berdi. Bu yerda
"chetga surish" degan tushuncha yo‘q.
Aktyorlik kasbi ko‘p jihatdan boshqalarga bog‘liq: rejissyor seni sahnada ko‘radi yoki yo‘q. Shikoyat qilish o‘rniga nima uchun sizga boshqa rol taklif qilishmayotgani haqida o‘ylab ko‘rgan ma’qul.
– Bir rolning
asiri bo‘lib qolishdan qo‘rqmaganmisiz?
– Yo‘q.
– O‘zingizni
rejissyor sifatida birinchi marta qachon sinab ko‘rdingiz?
– Teatr qoshidagi Dramatik san’at
maktabida dars bera boshlaganimda. Talabalar bilan Mixail Ugarovning
"Oblom off" pyesasi
asosida eskiz tayyorladik, u keyinchalik diplom spektakliga aylandi va teatr
repertuaridan joy oldi. Bu Mark Yakovlevich Vaylning rahnаmoligida
qilgan birinchi rejissyorlik ishim edi.
– Spektaklda tomoshabinlar
tomonidan tushunilmay qolgan holatlar bo‘lganmi?
– Ha, bunday holat darrov seziladi.
Masalan, Mark Yakovlevich Vaylning Yevgeniy Dmitriyev, Bernar Nazarmuhammedov va
Anton Paxomov ishtirokidagi "ART" nomli ajoyib spektakli go‘zal,
teran edi, ammo tomoshabinlar tomonidan to‘liq qabul qilinmadi. Yoki Maksim
Fadeyev rejissyorligida F.Kafka asari asosida sahnalashtirilgan "K.
qal’asi" spektaklida sahna va zal o‘rtasida ko‘rinmas to‘siq turgandek edi
va unga faqat bir necha kishigina munosabat bildirdi. Namoyishdan so‘ng jimlik cho‘kardi. Ammo
teatr popkorn yeyish uchun boriladigan blokbaster emas. Tomoshabin tayyor
bo‘lishi kerak: rejissyorni
va muallifni bilishi, kontekstni tushunishi lozim. Hatto tayyor
bo‘lganingizda ham tushunish har doim yuzaga kelavermaydi. Teatr kutilmagan
hodisalarga boy.
Foto: Alina Borisova / HD magazine
– Siz inklyuziv teatr bilan ishlagan ekansiz. Bu
qiyin bo‘lmadimi?
– Oson emas edi. Bu alohida bir dunyo, unga qo‘l ura
olganimdan mamnunman. Lekin tushundimki, bunga butun umringni bag‘ishlashing,
barcha vaqtingni sarflashing kerak, aks holda adolatsizlik bo‘ladi. Shuning
uchun o‘zini inklyuziv teatrga baxshida etgan Liliya Sevastyanovaga ta’zim
qilaman.
– "Ilhom"ga kimdir
"yuqoridan" shart qo‘ya oladimi?
– Yo‘q. Buni qat’iy aytaman: "Ilhom"ga hech
kim hech narsa "yuqoridan buyurmaydi". Mark Vayl hech qachon biror
mafkuraga xizmat qilmaydigan teatr yaratgan. Bu biz uchun san’atdagi bosh
qoida. Gyote instituti, Yevropa Ittifoqi yoki boshqa tashkilotlar bilan
hamkorlikda o‘z g‘oya va loyihalarimizni taklif etamiz. Bizga hech kim nimani
va qanday o‘ynashni ko‘rsatmaydi. Ha, masalan, inklyuziv spektakl yaratish
taklifi tushishi mumkin va biz bunday imkoniyatni ko‘rib chiqamiz. Ammo
kimningdir g‘oyasini ilgari surish yoki haqiqatdan va ishonchimizdan yiroq
"ura vatanparvarlik" asarlarini sahnalashtirish biz uchun emas.
– "Moskva ko‘zyoshlarga ishonmaydi"
filmi qahramoni televideniye kirib kelishi bilan kino, kitob, teatr yo‘q bo‘lib
ketadi, deb ta’kidlagan edi...
– Teatr bo‘lgan va bo‘ladi. Bu jonli san’at va bugungi
kunda haqiqiy muloqotning noyob imkoniyatidir. Kinoni allaqachon uyda tomosha
qilamiz, spektaklni esa bunday ko‘rib bo‘lmaydi. Uydan chiqasan, odamlar bilan
uchrashasan, ular bilan birga voqealarni boshdan kechirasan va muhokama qilasan
– bu inson uchun muhim. Jonli teatr san’ati – opera, balet yoki drama
bo‘ladimi, baribir, hech narsaga qaramay saqlanib qoladi.
– Hozir nima ustida ishlayapsiz?
–
Yubiley, 50-teatr mavsumiga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Rejalar ko‘p. Hozir
Konstantin Simonovning "Urushsiz 20 kun" qissasi asosidagi loyiha
repetitsiyalari ketyapti. Unda men Aleksey German filmida buyuk Yuriy Nikulin
ijro etgan mayor Lopatin rolini o‘ynayapman. Premyera mavsum ochilishiga – 12-sentyabrga
belgilangan, rejissyor Aleksandr Plotnikov. Teatr tarixiga bag‘ishlangan katta
ko‘rgazma tayyorlayapmiz. O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish
jamg‘armasi bilan birgalikda Venetsiyadagi biyennaleda O‘zbekiston pavilyoni uchun
eksperimental teatr loyihasi ustida ishlamoqdamiz. Oktyabr oyida Mixail
Bulgakovning "Kabala svyatosh" ("Тaqvodorlar qulligi") asari
asosida Mark Vaylga bag‘ishlangan spektaklning repetitsiyalari boshlanadi, unda
men rejissyor sifatida faoliyat yuritaman. Premyerani ustoz tug‘ilgan sana – 25-yanvarga
mo‘ljallamoqdamiz.
Foto: Alina Borisova / HD magazine
Kinoda kutgan va voz kechgan rollaringiz haqida
– Kinodagi birinchi rolingizni eslaysizmi?
– Ochig‘i, yo‘q. Lekin "Chorsu" bozorida
tanila boshlaganim aniq esimda. Bu "Kechir" filmi bo‘lib, partnyorim
ajoyib xonanda Rayhon edi.
– Taniqlilik yordam berdimi?
– Turlicha. Ammo u menga odamlar ruhiyatining qiziq
tomonini ochib berdi: agar sen mashhur bo‘lsang, kinoda suratga tushsang,
demak, sen boysan va sendan ko‘proq narsa "undirish" mumkin.
-–Sevimli rollaringiz bormi?
– Yaxshi film va rollarim ko‘p emas. O‘zimga ma’qul
bo‘lgan kam sonli ishlarimdan biri "Tog‘a" filmi. Rashid Karimovich
Malikov juda talabchan rejissyor.
Menga esa nimani xohlashini aniq biladigan va talab qila oladigan
odamlar bilan ishlash yoqadi.
– Siz ongli ravishda chetlab o‘tadigan mavzular
yoki rollar bormi?
– Bunday mavzu va rollarni hali taklif qilishmagan,
lekin ular, shubhasiz, bor. Bu har qanday zo‘ravonlik, urush, qotillik,
giyohvandlik moddalar targ‘ibotidir.
– Rollardan voz kechganmisiz?
— Kinoda – ha, tez-tez: zerikarli, zaif
ssenariylardan, yomon rejissyorlar
bilan ishlashdan. Teatrda – yo‘q. "Ilhom"dagi bir voqea esimda: Mark
Yakovlevich Vayl qo‘ymagan bir spektakl menga umuman yoqmadi. Unda ishlaydigan
artistlardan biri ketayotgan ekan, Mark Yakovlevich meni shu rolga tayinladi.
Men rad etishga harakat qildim, lekin u mendan so‘radi: "Sen asosiy
ansambl aktyorimisan? “Ha”, – dedim. “Unday bo‘lsa, bor,
"xohlamayman" degan so‘zni shunday aytginki, rol sen uchun eng muhim
va qiziqarli bo‘lsin”, – dedi. Qisqa va lo‘nda qilib aytganda "Teatrda
ishlash kerak emas -
unga xizmat qilish kerak".
– O‘zingiz qatnashgan filmlarni tez-tez tomosha
qilib turasizmi?
– Kamdan kam. Ba’zida filmga umid bog‘laysan, lekin
jarayonda tushunasanki, bu sen kutganing emas. Shuning uchun premyeraga ham bormayman. Masalan,
"101" filmi. Bir yuz bir o‘zbek harbiy asirining tarixi o‘z-o‘zidan
biz uchun juda muhim va ahamiyatli – undan yaxshi kino chiqishi mumkin edi.
Ammo oxir-oqibat hammasi yuzaki bo‘lib qoldi. Dastlab 15 daqiqalik
treyler-ariza suratga olish rejalashtirilgandi, ammo prodyuserlar olingan
materialdan to‘liq metrajli film yaratishga qaror qilishdi. Shu bilan birga,
tayyorgarlik yuzaki bo‘lib, suratga olish ishlari atigi 20 kun davom etdi.
Foto: Alina Borisova / HD magazine
– Qaysi filmingizdan mamnunsiz?
– Hech qaysisidan! Kino bilan
munosabatlarim murakkab. O‘zimni ko‘proq teatrga bag‘ishlayman, biroq kinoda
ham katta va haqiqiy rol o‘ynashni istardim. Orzu qilgan rolim yo‘q, lekin
birga ishlashni orzu qilgan rejissyorlarim bor: Ues Anderson ("To‘lin oy
saltanati", "Grand Budapesht mehmonxonasi"). Uning estetikasiga
qoyilman, Kventin Tarantino, Andrey Zvyagintsev. Aktyorlardan esa Al Pachinoni
juda yaxshi ko‘raman, uning ijodini kuzatib, ko‘p narsalarni o‘rgandim.
Teatrda, albatta, yaqinda olamdan o‘tgan Mixail Kaminskiy bor edi. U buyuk
aktyor edi. Rossiyalik aktyorlardan – Oleg Yankovskiy.
Ustoz, uning halokati va mas’uliyat yuki haqida
– 2007-yil sentyabr. Mark Vaylning o‘limi haqida
qanday xabar topdingiz?
– Bu voqea 6-sentyabr kuni, 32-mavsum ochilishi
arafasida sodir bo‘ldi. Biz Esxilning "Oresteya"si repetitsiyasidan
keyin kechqurun xayrlashdik. Xayrlashganimizdan 40 daqiqa o‘tgach, menga
qo‘ng‘iroq qilishdi: Mark Yakovlevich podyezdda pichoqlangan ekan. Avvaliga umid bor – u tirik edi. Uni "Tez
yordam"da olib ketishayotgandi. Ammo 16-shifoxona darvozasi oldida u vafot
etganini aytishdi. Xuddi chuqurga tushib ketayotgandek va hamma narsa barbod
bo‘layotgandek tuyuldi: nimaga yashading, nima uchun yashading?
– Qanday qilib teatrga badiiy rahbar bo‘ldingiz?
– O‘shanda
nima qilishni hech kim bilmay
qoldi. Ustoz yaratgan teatrni saqlab qolish kerak, degan qarorga
kelindi. Badiiy rahbar bo‘lish tashabbusim yo‘q edi, lekin meni saylashdi. Boy tarixga ega
afsonaviy teatrga rahbarlik qilish juda katta mas’uliyat. Dastlabki paytlarda
juda qiynaldim, qochib ketgim keldi. Hozir ham ba’zan hamma narsani tashlab
qochgim keladi.
Foto: Alina Borisova / HD magazine
– "Ilhom"da qoidalar bormi?
– Har qanday tizimda bo‘lgani kabi bu yerda ham
yozilmagan qonunlar mavjud. Asosiysi, inson bo‘lib qolish va bu joyni sevish.
Sevmasang – ket. Bu sizning makoningiz ekanini his qilish muhim, usiz yashay
olmasligingizni tushunish kerak. "Ilhom"da shuni anglaganlar
ishlaydi: bu teatrsiz ular yashay olmaydi. Men har doim talabalarga: "Agar
bu kasbsiz yashay olsangiz, yashayveringlar!" deyman. Bu yerda fidoyilik
kerak: sahnaga chiqish hayotiy zarurat bo‘lishi lozim. Bu shon-shuhrat va pul
haqida emas, balki ichki ehtiyoj haqida. Bugungi kunda esa ko‘pchilik teatr
institutiga tez mashhur bo‘lish uchun – tezroq kinoda suratga tushish va
to‘ylarda pul ishlay boshlash uchun kiradi. Haqiqat bunday: teatrda kam haq
to‘lashadi, kinoda ham, asosiy daromad esa to‘y-hashamlarda. U yerlarga taklif
qilinish uchun ekranda taniqli bo‘lish kerak. Shunday qilib, o‘zbek
san’atkorining yashab qolish zanjiri shakllanadi.
Sahna qo‘rquvi va o‘zini o‘zi nazorat qilish haqida
– Faoliyatingiz boshida sahnadan qo‘rqarmidingiz?
– Qo‘rqardim, hozir ham qo‘rqaman. Yillar o‘tishi
bilan qo‘rquv yanada kuchayadi, chunki mas’uliyat ortadi. Yoshlar xato qilsa,
kechiriladi, ammo sahnaga tajribali, taniqli aktyor chiqsa, unga boshqacha
qarashadi. Undan benuqsonlik
kutishadi. Ha, men ham xato qilishga haqliman, lekin bugun talabalar va
hamkasblarim menga ergashayotganini tushunaman, bu esa meni mas’uliyatli
bo‘lishga undaydi.
– Qo‘rquvni yengishga yordam bergan rollar bo‘lganmi?
– Har bitta rol, hatto muvaffaqiyatsiz bo‘lsa ham, oldinga tashlangan
qadamdir. Bu nafaqat kasbiy, balki ichki muvaffaqiyat hamdir.
Muvaffaqiyatsizliklar hammada, hatto buyuklarda ham bo‘ladi. Muhimi, ular
orasida g‘alabalar bo‘lsin, aks holda sinib qolasan.
– Ijodiy inqirozlar-chi?
– Albatta, bo‘ladi. Ba’zida kasbdan ketish kerakdek
tuyuladi, ketma-ket ikkita muvaffaqiyatsiz spektakl va hayotga ishtiyoqni yo‘qotasan, o‘zingni
sevmay qo‘yasan. Bugun sening "Ilhom"ing va iste’doding bor, ertaga
esa hammasi o‘zgarishi mumkin. Men buni talabalarda ham ko‘raman: kimdir yorqin
yonadi va tez so‘nadi, kimdir esa yillar o‘tib ochiladi. Bu o‘zgarishlarning
sababi to‘liq aniq emas. Lekin buni tashlab ketib bo‘lmaydi. Ijodiy kasb – bu
kasallik, ammo tuzalishni istamaydigan kasallik. Televideniye, kino, teatr –
bularning barchasi shunchalik o‘ziga tortadiki, qiyinchiliklarga qaramay, shu
dunyoda qolasan va aynan shu yerda yashayotganingdan baxtli ekaningni his
qilasan.
– Har qanday yoshda ham aktyor bo‘lish mumkinmi?
– Ha, yosh to‘siq emas. O‘ttiz sakkiz yoshli ham, qirq
yoshli ham talabalarim bor. Bu kamdan kam uchraydigan holat, lekin men ularning
bunga haqqi borligini his qildim va qarorimdan afsuslanmadim. Biroq katta
yoshlilar uchun odatiy qarashlarni o‘zgartirish qiyinroq – teatr maktabida esa
busiz iloji yo‘q. Karkidonning "terisini shilish", ichdan va ruhan
ochilish kerak. Yoshning o‘zi xalal bermaydi, lekin aktyor uchun hayotiy
tajriba zarur: yoshlikda temperament, joziba va soddalik qo‘l keladi,
keyinchalik esa faqat to‘plangan tajriba va kechinmalar yordam beradi.
Foto: Alina Borisova / HD magazine
– O‘zingizni o‘zingiz nazorat qilasizmi?
– Albatta. Bu mening dunyoqarashimda, tamoyillarim va
"to‘xtash nuqtalarim"da namoyon bo‘ladi. O‘tib bo‘lmaydigan chegara
bor, lekin agar badiiy vazifa buni oqlasa, men ko‘p narsaga tayyorman.
– "Ilhom" teatri tomoshabinini qanday
ta’riflaysiz?
– Bizning tomoshabinlarimiz – ziyolilar, talabalar, diplomatlar. Ular fikrlaydigan, his qiladigan, mulohaza yuritadigan odamlar, ularning yoshi ham, millati ham ahamiyatga ega emas.
– Boris G‘ofurov nima bilan shug‘ullanadi va qanday dam
oladi?
– Suzaman, basseynga boraman, suzish texnikasini
o‘rganaman. Bu mening meditatsiyam, jismoniy mashg‘ulotim. Suv mening ilhom manbayim ekanini
angladim. Shuningdek, oilam va kuchugim bilan piyoda sayr qilishni yaxshi ko‘raman.
– Gap hayvonlar haqida ketganda... Ijtimoiy
tarmoqdagi sahifangizda xayriya, hayvonlarga yordam berish haqida e’lonlar
joylashtirilgan. Natijalar bormi?
– Hayvonlarni parvarishlash va qutqarish bilan nafaqat
men, balki butun teatr va oilam shug‘ullanadi. Men hayvonlarni juda yaxshi
ko‘raman. Bu – mening og‘riqli nuqtam. O‘zbekistonda hayvonlarga munosabatni qabul qila olmayman. Bu juda ayanchli. Itim bilan
sayr qilayotganimda odamlarning unga qanday munosabatda bo‘lishini kuzataman va bu dahshatli. Natijalarga
kelsak, arzimas bo‘lsa-da, bor.
Boris G‘ofurov nazarida baxt
– Agar
mo‘jiza ro‘y berib faoliyatingiz boshida o‘zingiz bilan uchrashib qolsangiz,
o‘zingizga qanday maslahat bergan bo‘lardingiz?
– Yasha va rohatlan: hayotdan, kasbdan, har bir
daqiqadan lazzatlan va o‘zingga aziz bo‘lganlarni ehtiyot qil.
– Talabalaringizga-chi?
– Xuddi shunday: shu yerda va hozir yashashni
o‘rganish, hayotdan, kasbdan, hamma narsadan lazzatlanish. Maqsad yo‘lida
sabrli bo‘lish va o‘z xatti-harakatlari uchun mas’uliyatli bo‘lish.
– Buyuk aktyor Lev Durov aytganidek, premyeradan so‘ng har
qanday aktyor, har qanday rejissyor o‘zini go‘yo hozirgina farzand ko‘rgandek
va uni tortib olganday
his qiladimi?
– Bunga juda yaqin holat. Bu har doim bo‘shliq,
yo‘qotish his-tuyg‘usi. Ammo yoqimli bo‘shliq. Keyin shunday payt keladiki,
eyforiya o‘tib ketadi va abadiy savol tug‘iladi: bundan keyin nima bo‘ladi?
– Ijodiy yo‘l boshidagi va bugungi Boris G‘ofurov o‘rtasida qanday
o‘zgarish bor?
— Murakkab savol. Hammasi o‘zgardi: quloqlarim
shalpanglikdan qutuldi, sochlarimga oq tushdi. Mas’uliyat va qo‘rquv ko‘paydi.
– Tomoshabinlar xotirasida qanday qolishni xohlaysiz?
– Aynan hozirgi holatimda.
– Nimani hech qachon kechira olmaysiz?
– Men ko‘p narsani kechira olaman, faqat yolg‘on va
xiyonatdan tashqari.
– Mark Vaylning qaysi maslahatlari hamon siz
uchun hayotiy ahamiyatga ega, nimalarni bajarishda davom etmoqdasiz?
– Birinchidan, o‘z qo‘rquvingni yenga bilish. Agar
qo‘rquv seni boshqara boshlasa, san’atkor bo‘lmay qolasan. Ikkinchisi – hech
qanday mafkuraga ergashmaslik, o‘z haqiqating bilan, hayotni o‘zing tushunishing bo‘yicha bosib
o‘tish. Bularning barchasi eng oddiy va eng muhim narsalar bo‘lsa kerak. Yana,
hayotda nima bo‘lishidan qat’i nazar, o‘z ishingni halol bajarishda davom etish
lozim. Shunchaki o‘rningdan
turib, ishlash va ishlash
kerak.
– Siz uchun baxt nima?
– Baxtni tushunish yillar va tajriba bilan o‘zgarib
boradi. Hozir men uchun baxt – hayotimni tashkil etuvchi barcha narsa. Faqat
hamma urush to‘xtashini juda-juda istayman.






