Qisqacha mazmun

Bu yerda materialdagi asosiy g‘oyalarni tez tanishib chiqishni xohlovchilar uchun jamladik. Suhbatning to‘liq bayoni quyida keltirilgan.
Andakulova galereyasi Dubaydagi Markaziy Osiyo zamonaviy san’atiga ixtisoslashgan ilk platforma bo‘lib, 13 yil ichida rassom, kolleksioner va tadqiqotchilar uchun muhim markazga aylandi. Yondashuvning asosini tizimlilik, pedagogik zamin va san’atni jonli hamda tushunarli qilish istagi tashkil etadi. Yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etish va nashr loyihalari mintaqaning jahon san’at olamidagi barqaror obro‘sini yaratish g‘oyasi atrofida shakllanmoqda. Kasbiy ta’lim, vizual savodxonlik va raqamli mavjudlikka e’tibor  muvaffaqiyatning muhim shartlari hisoblanadi. Talabalar va yosh ijodkorlar dastlabki bosqichdanoq san’at bozori tuzilishini tushunishlari, portfolio tayyorlashlari, ochiq tanlovlarda qatnashishlari va raqamli muhitda ko‘zga tashlanishlari muhim. Kolleksionerlarni ma’ruza va muloqot orqali shakllantirish mumkin, san’at esa hashamat emas, balki ma’noli muhitda yashash usulidir.

To‘liq versiya

Bu yerda biz suhbatning to‘liq variantini diqqat bilan o‘qishingiz uchun taqdim etmoqdamiz.

Formulalardan galereyagacha: san’at yo‘li

— Bu yil sizning Andakulova Gallery galereyangiz 13 yoshga to‘ldi  bu galereya faoliyati kabi murakkab sohada katta yutuq. Asosiy savoldan boshlayman: sizningcha, professional galerist qanday ma’lumotga ega bo‘lishi kerak? O‘z hayotini san’at va uni boshqarish bilan bog‘lashni orzu qilganlar uchun nimalarni bilish muhim?
Foto: Natalya Andakulova
 Galerist  bu ko‘p qirrali shaxs: u biznesni yuritadi, rassomlar va kolleksionerlar bilan munosabatlar o‘rnatadi, tendensiyalarni kuzatib boradi, etikani his qiladi, bozorni tahlil qiladi.
San’atshunoslik sohasida ta’lim olish muhim  bu asos bo’lib xizmat qiladi. Bugungi kunda art-menejment va art-biznes kabi yo‘nalishlar rivojlanmoqda, ular bozorning tuzilishi va tizimning ishlash tartibi haqida tushuncha beradi.
Shuningdek, men O‘zbek-Yapon markazidagi Professional Menejment Dasturi (PMP) olti oylik dasturini o‘tadim  bu menga, ayniqsa faoliyatim boshida, qanday boshlash, xatolardan qochish va tuzilmani shakllantirish bo‘yicha qimmatli amaliy ko‘nikmalar berdi.
Siz hech qachon o‘rganishdan to‘xtamaydigan odam taassurotini uyg‘otasiz. Dastlabki ta’limingiz - fizika-matematika. U hozir siz yashab, nafas olayotgan soha  san’atda qanchalik foydali bo‘ldi?
— Ishonchim komil: har qanday ta’lim qadrlidir. Matematika fani menga qiyinchilik tug‘dirgan bo‘lsa-da, Navoiy shahridagi Pedagogika universitetida o‘tgan yetti yil menga poydevor bo‘ldi. Men xayolan tez hisoblay olaman, bu biznesda, xuddi matematik mantiq kabi, yordam beradi.
Eng muhimi  pedagogik asos: falsafa, metodologiya, o‘qitish asoslari. Bu bilimlar ta’lim kurslarini olib borishni boshlaganimda asqotdi. Biz hikoya qilish san’atini va san’atni tomoshabin uchun jonli hamda qiziqarli qilishni o‘rgatamiz.
Bugun ham o‘qishni davom ettiryapman  hozir Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti magistraturasida tahsil olyapman. Bundan oldin Sankt-Peterburgdagi Ilya Repin nomidagi San’at akademiyasining “San’at va arxitektura nazariyasi va tarixi” fakulteti bakalavriatini sirtdan tugatdim.
 Har qanday sohada ustoz muhim. Sizning ustozingiz kim edi?
 Mening ustozlarim Nigora Ahmedova va Bobur Ismoilov. Nigora Rahimovna galereya ochilishida meni qo‘llab-quvvatladi va Sankt-Peterburgda magistraturaga o‘qishga kirishimni taklif qildi. Uning maslahatlari men uchun juda qadrli.
Bobur meni rassomlar bilan tanishtirdi, bilim, vaqt va g‘oyalarini saxiylik bilan bo‘lishdi. U menga professional hamjamiyatni tanishtirib, haqiqatan ham qadrli narsa berdi.

Birinchi qadam, qo‘llab-quvvatlash, xatolar va ishonch

 Nega aynan galereya? Restoran yoki boshqa biznes loyihasi emas?
— Do‘stimga galereya haqida gapirganimda, u hayron bo‘lib: “Yaxshisi, taksopark oching — san’at biznes emas”, dedi. Ammo men allaqachon nima bilan shug‘ullanishni istamasligimni aniq bilardim. “Yoqtirmagan ishda” yurishni xohlamasdim - men har doim rasm chizishni sevardim.
Foto: Natalya Andakulova
Men Hakim Karimovich Mirzaahmedovdan ta’lim olganman, dam olish kunlari esa uning rafiqasi Tatyananing san’at tarixi bo‘yicha ma’ruzalarini tinglardim. Bu uchrashuvlar menga ilhom berardi, o‘z o‘rnimda ekanligimni his qilardim.
Lekin rassomlik bilan jiddiy shug‘ullanish uchun vaqt kerak. Bir vaqtda rassom va galerist bo‘lish deyarli imkonsiz.
 Nima uchun aynan Dubay?
 Bu tasodif edi, ammo juda omadli tasodif. 2012-yilda Dubayda galereyalar deyarli yo‘q edi, bugungi kunda esa u jahon darajasidagi san’at markaziga aylandi: muzeylar, yarmarkalar mavjud. San’at Amirliklarning madaniy strategiyasining bir qismiga aylandi va men birinchilar qatorida bo‘lganimdan xursandman.
Galereyani ochish qimmatga tushdi  men kredit oldim va aytish mumkinki, “ancha ter to’kdim.” Xona kichik, 60 kv.m, galereya o‘zini oqladimi yo‘qmi, haligacha bilmayman. Baxtimga, turmush o‘rtog‘im meni qo‘llab-quvvatlayapti. San’at kamdan-kam hollarda barqaror daromad keltiradi  ko‘pincha mablag‘lar ko‘rgazmalar tashkil etish, kataloglar va kitoblar nashr etishga sarflanadi. Bu investitsiyalarning uzluksiz aylanishidir.
 Galereyaning ochilishi qanday o‘tdi?
 Biz rassom Temur D’Vatsning ko‘rgazmasi bilan ishni boshladik. Bu juda qiziq shaxs: u Moskvada tug‘ilgan, Toshkentda ta’lim olgan, keyin Londondagi Qirollik san’at akademiyasini tamomlagan — ushbu oliy o‘quv yurtining birinchi rusiyzabon bitiruvchisi. Aynan uning ko‘rgazmasi bizning birinchi ko‘rgazmamiz bo‘lganidan juda faxrlanamiz.
Timur D’Vatzning asarlari
Timur D’Vatzning asarlari
Timur D’Vatzning asarlari
Timur D’Vatzning asarlari
Thumbnail 1
Thumbnail 2
Thumbnail 3
Thumbnail 4
Timur D’Vatzning asarlari. Foto: Natalya Andakulova
 Boshlang‘ich davrda qanday xatolarga yo‘l qo‘ygansiz va hozir ularga qanday qaraysiz?
 Bilasizmi, men buni xato deb atamagan bo‘lardim — bu yo‘l edi. Galereya ochishga qaror qilganimda 29 yoshda edim va ochig‘ini aytsam, o‘sha paytda amalda hamma narsa qanday bo‘lishini tasavvur qila olmasdim. Hamma narsa sinov va xatolar orqali yuz berdi. Ha, qayerdadir hali ham xato qilishim mumkin — bu tabiiy holat. Har bir loyiha, hatto muvaffaqiyatsiz bo‘lsa ham, tajribadir. U hech qayerga yo‘qolmaydi, aksincha kasbiy o‘sishning bir qismiga aylanadi.
 Raqobatga duch kelganmisiz?
 Albatta, raqobat har doim mavjud. Biroq Dubayda bu boshqacha madaniyat  ko‘proq sog‘lom raqobat, dushmanlik yo‘q. U yerdagi galereyalar hamkorlik qilishni bilishadi: birgalikda tadbirlar uyushtiradi, bir-birini qo‘llab-quvvatlaydi. Menimcha, san’at umuman olganda hamkorlik va muloqot tomon yo‘nalmoqda. Men san’atshunos sifatida nafaqat o‘z galereyamda, balki boshqa joylarda ham ma’ruzalar o‘qiyman.
Bizda Markaziy Osiyo, Janubiy Osiyo madaniyati, Eron, Yaponiya, Xitoy, Yaqin Sharqning zamonaviy san’ati haqida butun boshli ma’ruzalar turkumi o‘tkazildi. Chunki bular  butun boshli badiiy olamlardir. Zamonaviylikni chinakamiga tushunish uchun keng ko‘lamda qarash, o‘zaro aloqadorliklarni ilg‘ay olish muhimdir.
 Sharq ayollari uchun san’atda “ko’rinmas to’siqlar” mavjudmi?
 Bilasizmi, BAAda buning aksi. Bu yerdagi ayollarga, g‘alati bo‘lsa-da, “yashil chiroq” yoqib qo‘yilgan. Ularga yordam berishga, qo‘llab-quvvatlashga intiladilar. Tadbirkor ayol hurmatga sazovor bo‘ladi. Bu yerda kamsitilmaydi, aksincha, ruhlantiriladi  ayniqsa, siz professional va fidokorona mehnat qilayotgan bo‘lsangiz.

Mezonlar, narxlar, ishonch va yosh rassomlarning boshlang‘ich qadamlari

 Galereyangizda faqat rassomlarning ko‘rgazmalari o‘tkaziladimi?
 Albatta, yo‘q. Bizda haykaltaroshlar, suratkashlar ham o‘z asarlarini namoyish etishgan. Shaxsiy va guruhli ko‘rgazmalar tashkil etilgan. Masalan, Qozog‘istonlik olti nafar ayol rassomning ishtirokidagi loyiha bo‘lgan edi. Ko‘rgazmalarning mavzulari turli-tuman — milliy o‘zlikdan tortib shakl bilan tajribalargacha.
 Ko‘rgazma muvaffaqiyatli o‘tganini qanday baholaysiz?
 Buni o‘lchash murakkab. Ba’zan o‘nta tomoshabin kelishi ham yetarli, lekin ulardan bittasi ta’sirlanib, ilhomlanib, yana qaytib kelishni xohlasa, bu ham muvaffaqiyat. Muvaffaqiyat har doim ham ko‘lam bilan emas, ba’zan ta’sirning chuqurligi bilan o‘lchanadi.
 Qaysi paytdan boshlab rassomlarning o‘zlari sizda ko‘rgazma o‘tkazish tashabbusi bilan chiqa boshlashdi?
 Galereyamiz ochilganidan taxminan uch yil o‘tgach. Biz boshidanoq samimiy, ishonchli munosabatlar o‘rnatishga intildik va asta-sekin rassomlarning o‘zlari murojaat qila boshladilar. Biz bilan hamkorlik qilayotganlarning deyarli barchasi o‘zlari taklif bilan kelishgan.
 Rassomlarni tanlashda o‘zingizning mezonlaringiz bormi?
 Ha, albatta. Rassom professional tayyorgarlikka ega bo‘lishi lozim. Odamning kompozitsiyani his qilishi, ranglarni tuyishi, shaklni yarata olishi darhol ko‘zga tashlanadi. Mening fikrimcha, rassomda oliy badiiy ma’lumot bo‘lishi shart. Puxta asossiz chuqur va texnik jihatdan mukammal asar yaratish haqida so‘z yuritish juda qiyin.
 San’at asarining qiymatini kim belgilaydi? Dunyoda bu masala bilan shug‘ullanadigan maxsus komissiya bormi?
 Yagona komissiya mavjud emas, biroq Art Vernissage kompaniyasi bu masala bilan tizimli ravishda shug‘ullana boshladi. Ular rassom va uning asarlarini baholash tizimini ishlab chiqmoqda. Bu juda muhim, chunki narx belgilash murakkab va ko‘p qirrali jarayondir.
 Ular yakuniy narxni nimaga asoslanib belgilashadi?
 Narx ko‘plab omillarga bog‘liq: rassomning yoshi, ma’lumoti, mavqei, talabgorligi. Mashhur bo‘lish mumkin, lekin asarlar sotilmasa - demak, narx oshirib yuborilgan. Yosh rassomlar ko‘pincha o‘zlariga ortiqcha baho berishadi. San’at bozori aynan muvozanatni o‘rnatish uchun mavjud.
Agar asarlar sotilsa  demak, narx to‘g‘ri. Aks holda, uni qayta ko‘rib chiqish lozim. San’at qimmat bo‘lishi shart emas, lekin real baholanishi kerak. Bugungi kunda o‘zbek rassomlarining asarlari hamon sarmoyaviy jihatdan jozibador  narxlar jahon bozoriga nisbatan mo‘tadil.
 Galereyangiz ayrim rassomlar uchun boshlang‘ich nuqta bo‘lganmi?
 Ha, albatta. Misol uchun, Dilyara Qayipovaning ijodiy yo‘li. 2016-yilda Abu-Dabida badiiy rezidensiya tashkil etdik. Unda besh nafar rassom ishtirok etdi, ular orasida Dilyara ham bor edi. Bu qarorgohdan so‘ng uning ijodida burilish yuz berdi: u yanada vazmin, yetuk bo‘lib, to‘qimachilik va o‘ziga xoslik mavzulariga e’tibor qarata boshladi.
O‘shandan beri uning asarlari ko’rgazmalarda namoyish etildi va so‘nggi besh yil ichida 13 ta muzey uning asarlarini xarid qildi. Jumladan, Londondagi afsonaviy Victoria and Albert Museum ham.
 Yosh rassomlar bilan munosabatlar qanday yo’lga qo’yiladi?
 Avvaliga talabalar biroz loqayd bo‘lishadi. Ammo asta-sekin ularga anglay boshlashadiki, men ularga berayotgan ma’lumotlar birinchi navbatda o‘zlari uchun kerakli — bu ularning kelajagiga qo‘yilayotgan sarmoya, shunchaki mening vaqtim emas. Shunda ularda qiziqish paydo bo‘ladi. Bugungi kunda e’tiborni jalb qilish oson emas: biz Instagram davrida yashayapmiz, hamma narsa tez, uzuq-yuluq, e’tibor tarqoq holda.
Hozir, baxtimizga, qulay davr. Iqtisodiyot barqarorlashgan, interyerga, san’atga qiziqish ortib bormoqda  yosh rassomlarda tobora ko‘proq imkoniyatlar paydo bo‘lmoqda. Yangi makonlar yangicha qarash, yangicha ma’nolar talab qiladi. Manzaralar va natyurmortlar endi har doim ham talabga javob bermayapti  odamlar boshqacha ifoda uslubini xohlashmoqda. Agar yosh rassom trendni his qilsa, original mahsulot taklif etsa va to‘g‘ri narx belgilasa, uning muvaffaqiyatga erishish imkoniyatlari juda yuqori bo‘ladi.
 O‘sishni istagan yosh ijodkorlarga odatda qanday maslahatlar berasiz?
 Hozirgi yosh rassomlar juda ilg‘or. Ular marketing va ijtimoiy tarmoqlarni ham yaxshi tushunishadi. Men Toshkent xalqaro KIMYO universitetida san’at fakulteti bitiruvchi talabalari uchun san’at marketingi kursini o‘qitganman. Biz san’at bozori qanday tuzilgani, strategiyani qanday ishlab chiqish, ijtimoiy tarmoqlarni qanday yuritish haqida gaplashdik — chunki bugungi kunda busiz iloji yo‘q.
Foto: Natalya Andakulova
— “San’atdan pul topib bo‘lmaydi,” haqiqiy san’atkor kambag‘al bo‘lishi kerak, degan keng tarqalgan fikrga qanday qaraysiz?
— Qo‘shilmayman. Iste’dod, mehnatsevarlik va o‘zini tasavvur qila olish qobiliyati bo‘lsa — imkoniyatlar topiladi. Portfolio, tuzilgan CV, rezidensiyalarda ishtirok etish va open call yordam beradi.
Men doim galeristga qulay bo‘lsin, deyman. Agar xat nomlari, o‘lchamlari va narxlari ko‘rsatilgan rasmlar katalogisiz bo‘lsa — u yo‘qoladi. Hammaning ishi ko‘p va rassomda ko‘pincha faqat bitta imkoniyat bo‘ladi.
Bugun hamma narsani raqamli mavjudlik hal qilmoqda. Instagram, YouTube, qidiruv tizimlari — bu allaqachon professional imijning bir qismi. Ijodkorning tarmoqda ma’lumoti bo‘lmasa, ishonch yo‘qoladi. Intervyu, video va ish jarayoni esa, aksincha, qiziqish uyg‘otadi.
 Talabalaringiz butunjahon ko‘rgazmalarda ishtirok etish uchun ariza topshirganmi?
 Ha, talabalarim reGeneration — Emerging Photography from the 21st Century’da ishtirok etish uchun ariza topshirganlarida, ko‘pchilik viza olish uchun hujjatlarni to‘ldirayotgandek his qilishlarini aytishdi. Hammasi aniq: muddatlar, formatlar, kerakli fayllar ro‘yxati. Bu ham stress, ham yuqori darajaning belgisi. Tanlovning o‘zi karyeraning to‘laqonli bosqichi, deyarli rezidensiyada ishtirok etish sifatida qabul qilinadi.
Bugungi kunda ma’lumotlar oqimi davom etmoqda va sizda bitta imkoniyat bor — bitta xat, bitta xat, bitta portfolio, bitta Instagram sahifasi. Va bu birinchi taassurot kuchli, jonli, aniq bo‘lishi kerak. Bugungi kunda rassom nafaqat ijodkor, balki o‘z-o‘ziga piar menejer hamdir.

 Markaziy Osiyo jahon san’ati xaritasida

 Sizlarning galereya faqat Markaziy Osiyo rassomlarini namoyish etadimi?
 Ha, asosiy yo‘nalishimiz Markaziy Osiyo san’ati. Lekin yiliga bir marta yosh ijodkorlarga imkoniyat berish uchun galereyani ijaraga olamiz yoki hamkorliklar uyushtirамiz. Ammo umuman olganda, biz aniq bir yo‘nalishga amal qilamiz.
 Galereyangizda O‘zbekiston va Markaziy Osiyodan  o‘z asarlarini namoyish etgan rassomlar ko‘pmi?
 Buni o‘tirib sanab chiqish kerak! Chunki galereyadagi ko‘rgazmalardan tashqari, biz muntazam ravishda xalqaro san’at yarmarkalarida ham ishtirok etamiz — bu ham ishimizning bir qismi. Ular orasida Contemporary Istanbul, Abu Dhabi Art Fair va London Art Fair bor. Biz o‘z ijodkorlarimizni olib chiqamiz, Markaziy Osiyoni tanitamiz, jahon san’at hamjamiyati bilan muloqot qilamiz. Bularning barchasi jiddiy tayyorgarlik va resurslarni talab qilsa-da, katta samara beradi.
Foto: Natalya Andakulova
 Mintaqa san’atiga qiziqish qanchalik yuqori?
 Markaziy Osiyo — haqiqiy xazina. Bizda kuchli akademik maktab bor. 1960-70-yillar rassomlari jiddiy ta’lim olishgan: ko‘pchiligi Sankt-Peterburgdagi Ilya Repin nomidagi Badiiy akademiyani yoki Moskvadagi Surikov nomidagi Davlat san’at institutini tugatishgan. Bu mustahkam kasbiy asos yaratdi.
Bunga madaniy merosimizni qo‘shing: amaliy san’at, qadimiy me’morchilik, an’analar, o‘ziga xos vizual til. Shuningdek, madaniyatlarning tarixiy kesishuvi  fors, xitoy, hind, yunon-baqtriya. Bu yerda cheksiz ilhom olish mumkin.
Muhimi, tomoshabin san’atni geografiyaga qarab ajratmaydi  u shunchaki his qiladi: asar yaxshimi yoki yo‘qmi. Eng asosiysi  hissiy va estetik ta’sir.
 O‘z vazifangizga shubha qilgan paytingiz bo‘lganmi? Hammasini tashlab ketgingiz kelganmi?
— O‘z vazifamga — hech qachon. Ammo galereyani yopish haqida o‘ylaganman, albatta. Bu murakkab va qimmatga tushadigan faoliyat. Galereya shunchaki devorlar va rasmlardan iborat emas. Bu doimiy mehnat talab qiladi: jarayonlarni tashkil etish, logistika, rassomlar bilan muloqot, matbuot va diplomatik vakolatxonalar bilan hamkorlik, etika qoidalariga rioya qilish. Bu yerda nazokat va moslashuvchanlik muhim. Ba’zida qiyinchiliklar yuzaga keladi, lekin meni doimo bir fikr ruhlantiradi: qilayotgan ishim kimgadir chindan ham zarur. Shu narsa meni oldinga undaydi.
 Siz galereyadan keladigan mablag‘lar, jumladan, kitob nashr etishga ham sarflanishini aytdingiz. Aytingchi, qanday loyihalarni amalga oshirgansiz?
 Eng ahamiyatlisi — Bahodir Jalolning 2018-yilda Italiyaning Skira san’at nashriyoti tomonidan ingliz tilida chop etilgan “Line of Eternity” monografiyasi. Bu bizning faxrimiz. Markaziy Osiyolik rassom ilk bor shunday nufuzli nashriyotda kitob qahramoniga aylandi. Nashrda 200 dan ortiq rangli rasm, san’atshunoslarning tahliliy matnlari, uning ijodiga chuqur sharh berilgan.
Bahodir Jalolning "Line of Eternity" monografiyasi. Foto: Natalya Andakulova

Kolleksioner “yaratish” mumkin

 Kolleksionerlar haqida gapirdingiz. Ular sizga tez-tez murojaat qilishadimi?
 Ha, hozir muntazam murojaat qilishadi. Galereyani endigina ochganimda  dastlabki yetti yil ichida  kolleksionerlarni o‘zim izlashim kerakdek tuyuldi. Ammo biz rus tilida so‘zlashuvchi madaniy hamjamiyat  Russian Social Club Dubai bilan hamkorlik qilishni boshlaganimizda hamma narsa o‘zgardi. Zamonaviy san’at bo‘yicha ochiq ma’ruzalar o‘qiy boshladik. Hozirgacha har oyda olib boraman.
Va men bir narsani tushundim: kolleksioner yaratish mumkin. Qiziqtirish, jalb qilish, didini shakllantirish. Kolleksiya  bu yuzlab asarlar degani emas. Ba’zan beshtasi yetarli bo‘ladi, lekin mehr va tushunish bilan tanlanadi. Ularni o‘z uyingda osib qo‘ysang  bu endi kichkina xususiy galereya bo‘ladi.
Foto: Natalya Andakulova
— Zamonaviy kolleksioner kim o‘zi?
— Hozir ayniqsa yosh kolleksionerlar fenomeni qiziq. COVID-19 pandemiyasidan so‘ng Sotheby’s, Christie’s va Artnet kabi kimoshdi savdosi gigantlari kolleksionerlarning yosharib borayotganini qayd etishdi. 24 yoshgacha bo‘lgan san’at xaridorlari tobora ko‘payib bormoqda.
Sotheby’s ma’lumotlariga ko‘ra, NFT-auksionlardagi yangi mijozlarning 40 foizi 40 yoshdan kichik bo‘lgan. Christie’s’da 2021-yilda raqamli san’at xaridorlarining 58 foizini milleniallar va Z avlodi vakillari tashkil etgan.
Bugungi kunda kolleksioner “hamma narsasi bor” odam bo‘lishi shart emas. Bu o‘zini san’at bilan o‘rab olmoqchi bo‘lgan har bir kishi uchun. Men har doim maslahat beraman: nimani yoqtirishingizni so‘rashdan boshlang. Hudud? Texnika? Tarixmi? Markaziy Osiyo, O‘zbekiston, grafika, miniatyura  sizga nima yaqinroq? Va kichigidan boshlang: ikki-uch yilda bir marta bitta yaxshi ijod namunasini sotib oling.
Rasmlar seyfda saqlash uchun sotib olinmaydi. Ular uyda, devorda yashaydi va kayfiyat yaratadi. Siz uyg‘ondingiz, xonaga kirdingiz  va bu ish sizga qaraydi, ilhomlantiradi. Bu haqiqiy san’atdir: shaxsiy, jonli, ma’noli.
Va afsonani yo‘qqa chiqarish muhim: san’at mason lojasi kabi qo‘l yetmas, yopiq narsa emas. Yosh rassomning grafikasi 150 dollarga ham sotilishi mumkin. Bu asl nusxa, mualliflik ishi bo‘lib, u sizning uyingizga bezatilgan va “chizilgan.” Asosiysi, o‘zingizni go‘zallik va ma’no bilan o‘rab olishni istash. Ana shundan keyin haqiqiy kolleksiya yig‘ish boshlanadi.
 Siz: “Kolleksioner yaratish,” deyapsiz. Siz haqiqatan ham buni uddaladingizmi?
 Ha, bir necha marta! Va har safar — birinchi kashfiyot, birinchi bo‘sa kabi. Men ma’ruza o‘qiganimda doim aytaman: “Faqat o‘zingizga imkoniyat bering — san’atga ochiling, birinchi ishni sotib oling.” Keyin odam ichkariga tortiladi. Bitta kartinadan boshlaydi, keyin esa kolleksiya o‘sib boradi, did shakllanadi, qiziqish paydo bo‘ladi. Va bu nihoyatda quvonarli.
Sovet davrida san’at hamma joyda  metroda, muzeylarda, uylarda bo‘lgan. U kundalik hayotning bir qismi edi. Lekin xususiy kolleksionerlar deyarli yo‘q edi. Ba’zilari, masalan, Sergey Shchukin va Ivan Morozov kabi, keyinchalik yig‘ilishlari olib qo‘yilgan. Hozir boshqa zamon  nafaqat san’at yaratish, balki bilim ulashish, uning nima uchun muhimligini tushuntirish ham muhim. Tomoshabinni, jumladan, kolleksiya yig‘ish jarayoniga jalb qilish.
Foto: Natalya Andakulova
 Sizning shaxsiy kolleksiyangiz bor. U haqda so‘zlab bering.
 To‘g‘risi, hech qachon asarlar sonini hisoblab ko‘rmaganman. U asta-sekin to‘ldirib boriladi. Kolleksiyamda Yuriy Taldikin, Javlon Umarbekov, Bahodir Jalol, Timur Ahmedov, Timur D’Vats - asosan men bilan ishlaydigan rassomlarning asarlari bor. Deyarli har birining bir-ikkita asari.
Millati bolgar bo‘lgan turmush o‘rtog‘im esa faqat bolgar san’atini to‘playdi. Shu ma’noda bizda juda aniq, lekin bir-birini to‘ldiradigan qiziqish bor.

 San’at qanday o‘zgaradi va qanday qilib san’at bo‘lib qoladi?

 Ko‘pincha bahs va tushunmovchiliklarga sabab bo‘ladigan zamonaviy san’atga qanday qaraysiz?
 Zamonaviy san’at kecha paydo bo‘lgani yo‘q. Uning kelib chiqishi 1970-yillarda, postmodernizmda, XX asr falokatlariga javob sifatida. Ikki jahon urushidan so‘ng faqat go‘zallik haqida gapirish mumkin bo‘lmay qoldi  san’at og‘riq va o‘zgarishlarni anglash usuliga aylandi.
Foto va videolar paydo bo‘lishi bilan rassom endi voqelikni so‘zma-so‘z yetkazishi shart emas. Asosiysi - g‘oya. Bu shisha, tovush, algoritm  agar uning ortida fikr bo‘lsa, har qanday media bo‘lishi mumkin.
Marsel Dyushan o‘zining “Ready-made” filmi bilan ongda burilish sodir bo‘layotganini ko‘rsatdi. Va bugun rassom sizning e’tiboringiz uchun to‘lib-toshgan ma’lumotlar dunyosida kurashmoqda. U sizni hayratda qoldirishi, g‘azablantirishi, qiziqtirishi mumkin, lekin bularning barchasi sizni to‘xtatib, “U nima haqida gapiryapti?” deb o‘ylashga undaydi.
 Siz raqamli san’atni, san’atdagi sun’iy intellektni qabul qilasizmi?
— Albatta. Masalan, Dubay aeroportida raqamli rassom Refik Anadolning “Data Portal: Nature” asari o‘rnatilgan. U dengiz harakati algoritmlaridan foydalanadi, ularning ustiga rangli ma’lumotlarni qo‘yadi. Bularning barchasi oqib o‘tadi, maftun qiladi, tom ma’noda ongga “yopishadi.” Endi tasavvur qiling — buning o‘rniga 200 ta rangtasvir asarini osib qo‘yish. Katta ehtimol bilan siz shunchaki o‘tib ketasiz. Biz odatdagi rasmli taqdimotga befarq bo‘lib qoldik.
— Galereyangizda provokatsion asarlar bilan ishlashga to‘g‘ri kelganmi?
 Men siyosatdan va dindan chetda bo‘lishga harakat qilaman. Siyosat bilan siyosatchilar, din bilan esa dinshunoslar shug‘ullanishi kerak, deb hisoblayman. Biz tasavvur qilayotgan san’at sharqona, nozik, ma’nolarga boy va unga hurmat bilan yondashish kerak.
Foto: Natalya Andakulova
 Qanday asarlarni hech qachon ko‘rgazmaga qo‘ymagan bo‘lardingiz?
 Axloq doirasidan chetga chiquvchilar. Albatta, agar yalang‘och tana noziklik, professionallik va did bilan tasvirlangan bo‘lsa — buni ko‘rib chiqish mumkin. Lekin zinhor-bazinhor san’at pastkashlikka yoki ig‘vogarlik uchun ig‘vogarlikka aylanmasligi kerak. Diniy mavzudagi asarlarni ko‘rgazmaga qo‘ymaymiz. Odatda, biz rassomlarning asarlarini o‘zimiz tanlaymiz: tanlab olamiz, galereya estetikasiga mos keladigan eng yaxshilarini tanlaymiz.

 Investitsiyalar faqat puldan iborat emas

 Siz chet el tajribasi haqida ko‘p gapirdingiz. Qaysi mamlakatlarda ko‘rgazmalar o‘tkazdingiz va kelajakda qayerda o‘tkazishni rejalashtirmoqdasiz?
 Hozirgi kunda asosiy e’tibor Yaqin Sharqqa qaratilgan. Ayniqsa, Saudiya Arabistoni qiziqarli, u yerda san’at bozori istiqbolli rivojlanmoqda. Ilgari Qatar bilan yaxshi aloqalarimiz bor edi. Ammo umuman olganda, ishonchim komil: haqiqiy san’at dunyoning istalgan nuqtasida darhol ko‘zga tashlanadi. Odamlar go‘zallikni his qilishadi — bu tasviriy san’at, musiqa yoki me’morchilik bo‘ladimi, farqi yo‘q. Eng muhimi, asarda samimiylik bo‘lishi kerak. Bizning rassomlarimiz kuchli, ular ajoyib maktab ko‘rgan. Sharq esa doimo madaniyatlar chorrahasi bo‘lib kelgan. Aynan BAA (Birlashgan Arab Amirliklari)da mahalliy aholi atigi 18 foizni tashkil etadi, qolganlari esa butun dunyodan kelgan chet elliklar. U yerda tom ma’noda butun dunyo “aralashib ketgan” va bu xilma-xillikda haqiqiy san’at uchun barcha yo‘llar ochiq.
 Jiddiy mablag‘ sarflagan loyihalaringiz bormi?
 Xalqaro yarmarkalar. Bu katta sarmoyalarni talab qiladi: logistikadan tortib stend to‘lovi, asarlarni tashish, rasmiylashtirish va sug‘urtalashgacha. Mening holatimda bu moliyaviy jihatdan foyda keltirmadi, ammo tajriba orttirish va kelajakda nimadan qochish kerakligini tushunish imkonini berdi. Eng muhimi, xulosa chiqara olish va xatolarni takrorlamaslikdir.
 Amaliyotingizda eng qimmat ish qaysi bo‘lgan?
 Bizning narxlarimiz ancha mo‘tadil. Rasmning o‘rtacha narxi 3 ming dollar atrofida bo‘lib, bu xalqaro mezonlarga ko‘ra maqbul narx hisoblanadi. Ko‘pchilik bizda hamma narsa juda qimmat deb o‘ylab, murojaat ham qilmaydi. Biroq biz “eski ustalar” asarlari bilan ishlamaymiz — qonunga ko‘ra 60 yoshdan oshgan asarlarni chet elga olib chiqish mumkin emas. Shu sababli biz zamonaviy san’atga, asosan 50 yoshgacha bo‘lgan rassomlar ijodiga e’tibor qaratamiz.
Eng g‘alati hodisa yosh rassom bilan yuz berdi. U o‘z asarlaridan birini... million dollarga baholadi. Qolgan barcha asarlari 300 dollardan edi. Savolimga javoban u bu rasm o‘zining tilsimi ekanligini aytdi. Men unga narxni olib tashlashni va noqulaylik tug‘dirmasligi uchun uni umuman ko‘rgazmaga qo‘ymaslikni maslahat berdim. Axir, bir million dollar  bu butun boshli muzey qurish mumkin bo‘lgan mablag‘-ku! Aytgancha, bu yil Olmaotada ikkita yangi san’at markazi ochilmoqda: Nurlan Smagulov tomonidan tashkil etilgan Olmaota san’at muzeyi va kolleksioner Qayrat Bo‘ranboyev asos solgan “Tselinny” zamonaviy madaniyat markazi. Mana, qayerga sarmoya kiritish kerak  yangi g‘oyalar tug‘iladigan, odamlar ilhom olish uchun keladigan joylarga.
 Muzeylar bilan hamkorlik qilasizmi?
Biz ular uchun xaridlar qilganmiz, lekin hozircha yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilmagan. Ammo meni bir g‘oya tark etmayapti: bir necha yil oldin biz Istanbulda “Genius Loci: Central Asia” – “Joy daholari. Markaziy Osiyo” ko‘rgazmasini namoyish etdik. U yerda Maks Pensonning XX asr boshi, 1920-1930-yillarga oid suratlari hamda qozog‘istonlik rassom Almag‘ul Menliboevaning zamonaviy Orol mavzusidagi videoasarlari namoyish etildi. Bu davrlar va yondashuvlar o‘rtasidagi juda kuchli vizual muloqot edi.
Contemporary Istanbul ochilishi. Foto: Natalya Andakulova
 Haqiqatan ham amalga oshirmoqchi bo‘lgan orzuingiz bormi?
— Ha. Men Markaziy Osiyo zamonaviy san’ati ko‘rgazmasini chinakam global darajada taqdim etishni orzu qilaman. Toki mintaqamiz chinakamiga baralla yangraydigan platforma bo‘lsin. Biz bir necha yil oldin Sharja san’at muzeyiga ariza topshirgan edik. Hozircha javob yo‘q, lekin hali hammasi oldinda ekanligiga ishonaman.

 Hayot qanday bo‘lishi mumkin edi va nima uchun hamma narsa aynan shunday bo‘lib qoldi?

 Agar galereya g‘oyasi muvaffaqiyatsizlikka uchraganda, kim bo‘lar edingiz?
 To‘g‘risini aytsam, bu haqda hech qachon jiddiy o‘ylab ko‘rmaganman. Lekin ehtimol o‘qituvchilik qilgan bo‘lardim. O‘qitish — bu mening tabiatimning bir qismi. Bugun ham shu ish bilan shug‘ullanayapman va bundan zavq olayapman.
 Siz o‘zingiz rasm chiza olasiz. O‘z ko‘rgazmangizni o‘tkazish istagi tug‘ilmaganmidi?
— Rassomchilikni o‘rganishni endi boshlagan paytimda, pensiyaga chiqqanimdan keyin bu ish bilan jiddiy shug‘ullanaman, deb o‘ylardim. Haqiqatan ham rasm chizish orzum bor edi. Bu qachon ro‘y berishini hozircha bilmayman, lekin aniq bilamanki — vaqti keladi. Sport bilan ham shug‘ullanishni xohlayman — men golfni yaxshi ko‘raman. Hatto turnirlarga ham taklif qilishadi, lekin ancha vaqtdan beri o‘ynamaganman. O‘ylaymanki, sportga ham, rassomchilikka ham albatta qaytaman.
 Agar o‘zingizni yo‘l boshidagi holatda va bugungi kuningizni taqqoslasangiz — nima o‘zgardi?
 Ishonch paydo bo‘ldi. U bilim va tajriba bilan keladi. Esimda, avvaliga menga galereyaga o‘ynagani kelgan boladek qarashardi. Endi esa ichki tayanch tuyg‘usini his qilyapman  bu esa ko‘p narsani o‘zgartiradi.
 Agar 2016-yilga yoki undan sal oldinroq qaytib kela olsangiz, o‘sha paytdagi o‘zingizga qanday maslahat bergan bo‘lardingiz?
 Shubha qilmaslik. To‘xtab qolmaslik. O‘zingizga ishonish va hamma narsa darhol tushunarli bo‘lmasa ham, oldinga intilishda davom etish. Ichki ijobiy kayfiyatda bo‘lish, o‘zini rag‘batlantirish va boshqalarni ilhomlantirish qobiliyatiga ega bo‘lish. Bu usul samarali.
 Siz uchun baxt nima?
— Baxt — bu muvozanat. Ish va shaxsiy hayot uyg‘unligi. Sport uchun ham, salomatlik uchun ham, oila uchun ham, kasbiy faoliyatni amalga oshirish uchun ham joy bo‘lishi kerak. O‘z salohiyatingni rivojlantirib, oddiy quvonchlarni unutmaganingda, haqiqiy baxt tuyg‘usi paydo bo‘ladi.