Qisqacha mazmuni

Bu yerda biz suhbatimizning qisqacha mazmuni bilan tanishishni xohlovchi insonlar uchun qahramonimizning asosiy fikrlarini to‘plashga harakat qildik. Intervyuning to‘liq tafsilotini esa pastroqda o‘qishingiz mumkin.
Muzey ichidagi muhit qanday jonlanadi? Kim qadimiy devorlarni tirik muzeyga, sukunatni esa o‘tmish bilan muloqotga aylantiradi? Konstantinos Politis shiftga bosilgan bitiklar qanday jaranglashini, bir kechaning o‘zida vitrinalar shisha va travertindan qanday qilib yig‘ilishini va muzey nima uchun shunchaki ko‘rgazma emasligini yaxshi biladi. Bizning katta intervyumizda Gretsiya, Turkiya va Fransiya davlatlarida muzeylarni yaratgan va restavratsiya qilgan, so‘ngra O‘zbekistonga kasbining mazmun-mohiyatini izlab kelgan, o‘tmish xotirasini muqaddas bilib asrab-avaylagan va minimalizm bilan bahslasha olgan mohir dizayner ustaning hikoyasi aks etgan.

To‘liq suhbat

Miriqib talqin qilishingiz uchun quyida to‘liq intervyuni taqdim etamiz.

Kasb sari yo‘l

– Muzey shunchaki bino emas, balki butun bir dunyodir. Shu bois muzey interyeri dizaynerligi – o‘ziga xos kasb. Aslida hammasi nimadan boshlangan?
– Gapingizda jon bor: muzey – bu alohida koinot, u bilan ishlash uchun o‘zgacha yondashuv zarur. Mening yo‘lim Gretsiyadan, Salonikidagi Arastu nomidagi universitetdan boshlandi. Har bir g‘isht-toshi o‘zida tarix izlarini saqlaydigan ushbu mamlakat muhiti mening tanlovimga taʼsir qildi. Keyinchalik Fransiyadagi Avinyon sanʼat institutida o‘qishni davom ettirdim, sanʼat restavratsiyasini o‘rgandim hamda muzeyni madaniy va hissiyotlar makoni sifatida talqin qiluvchi muzeyshunoslik kursini bitirdim. O‘qish vaqtidayoq bir haqiqatni anglab yetdim: nafaqat obyektni saqlab qolish, balki unga muzey muhitini bag‘ishlovchi zarur makonni yaratish muhim ekan. Men Fransiya muzeylarida amaliyot o‘tadim.
Muzey bilan bog‘liq birinchi loyihamni qadrdon shahrim – Salonikida boshlaganman. U yerda hamma narsadan o‘tmish va pravoslav an’analari nafasi ufurib turardi. Osha vaqtda mahalliy cherkov qoshidagi diniy sanat muzeyini jihozladim va bu tajriba men uchun haqiqiy maktab boldi: muqaddas makon sukunatini tinglashni, ikona bilan ishlashni, yodgorliklar tilini tushunishni organdim.
Keyinchalik besh yillik umrimni Afon yarimoroli – rohiblar respublikasida o‘tkazdim, ushbu muqaddas maskanda uchta monastir uchun ekspozitsiyalar yaratdim. Bilasizmi, u yerda muzey shunchaki korgazma emas, balki ibodat amallarining davomi bolib, har bir vitrinada sukunat va qatiy qoidalar hukm surishi kerak.
image
Gretsiya madaniyati markazidagi surat. Foto: Katerina Kuznetsova
Turkiya chegarasi yaqinidagi Aleksandrupolis shahrida yana bir diniy muzeyni bezatdim. Bu yerda mintaqa ruhini saqlab qolish, uni zamonaviy ko‘rgazma shakliga kiritish muhim edi.
Istanbulda birinchi marta shaxsiy kolleksiyalarga duch keldim. Muzeylardan biri rassomlik va amaliy san’atga bag‘ishlangan, ikkinchisida esa qadimiy avtomobillar saqlanar edi. Bu butunlay boshqacha tajriba boldi, yani muzey muhitini kolleksionerning shaxsiy tarixi bilan uyg‘unlashtirish, kasbiy intizom va shaxsiy hissiyotlar o‘rtasidagi muvozanatni topish.
Muzeyni ko‘pincha ko‘rgazma zali bilan adashtirishadi. Aslida ularning farqi nimada?
– Haqiqatan ham, muzeyni ko‘pincha ko‘rgazma zali bilan adashtirishadi, lekin bular mutlaqo boshqa tushunchalar. Muzey xotira instituti bo‘lib, uning vazifasi san’atni asrab-avaylash va uning mohiyatini kelajak avlodlarga yetkazishdir. U nafaqat eksponatlardan, balki konsepsiya, matn, yonalish va yorug‘likdan barpo etiladi. Bu yaxlit tizim bo‘lib, unda har bir unsur – taxtachadan tortib harakatlar mantig‘igacha muhimdir. Ko‘rgazma esa vaqtinchalik bo‘lib, kamdan-kam hollarda chuqur ma’rifiy qatlamni o‘z ichiga oladi.
Kolleksiyalarning atigi 30 foizi jamoatchilik uchun ochiq qolgani esa ilmiy ishlar qaynaydigan fondlarda saqlanadi. Muzeyning haqiqiy yuragi sahna ortida. Shunga qaramay, muzey ashyolar saqlanadigan joy emas, balki asrlar osha muloqotdir. Ushbu makon jonli va barcha uchun ochiq bo‘lishi zarur. Tashrif buyuruvchi toliqib qolmasligi kerak. U muhitga sho‘ng‘ib ketishi, muzeyda ushlanib qolishi, tafakkur qilishi lozim. Agar u suratdan tashqari, hissiyot bilan chiqib ketayotgan bo‘lsa, demak, biz maqsadimizga erishgan bo‘lamiz.
Muzey muhitini yaratish nimadan boshlanadi?
Albatta, ssenariydan. Biz xuddi rejissyorlarga o‘xshab, dramaturgiyani yaratamiz: kirish, rivojlanish, kulminatsiya nuqtasi, yechim. So‘ng maket: chiroqlar, vitrinalar, matnlar, tovush. Barchasi atrofdagi muhit uchun xizmat qilmog‘i kerak. Ayniqsa, madaniy kontekst muhim – muzey o‘z davriga xos tilda so‘zlaydi.
Bugungi kunda immersiv dizayn urfda bo‘lib, unda tomoshabin muzeyni shunchaki tomosha qilmaydi, balki tarixning ichiga sho‘ng‘ib ketadi. Loyiha ustida mutaxassislar jamoasi ishlaydi, dizaynerning vazifasi esa eksponat va tomoshabin o‘rtasida haqiqiy, chinakam muloqot shakllanishi uchun fan va san’atni birlashtirishdan iborat bo‘ladi.

Buxoro: amalga oshmagan muzey

O‘zbekistondagi loyihalaringiz haqida so‘zlab bersangiz. Bilishimcha, bu yerda muzey sohasiga qo‘shgan hissangiz salmoqli.
– O‘zbekistonga 2003-yilda The Christian Fund yo‘llanmasi bilan restavratsiya va muzey dizayni bo‘yicha mutaxassis sifatida kelganman. Birinchi loyiham Buxoroda edi, u hali ham men uchun alohida ahamiyatga ega. O‘shanda YUNESKO tashabbusi va xalqaro ko‘mak ostida sinagoga yonidagi uyda Buxoro yahudiylarining tarixiy muzeyini tashkil etganman.
Ish jarayoni deyarli bir yil davom etdi: biz an’anaviy uslubda interyerlarni tikladik, ivrit yozuvlarini o‘rgandik, asl artefaktlarni to‘pladik. O‘zbekiston, Isroil, AQShdagi Buxoro diasporasiga murojaat qildik. Ayniqsa, Kuins (Nyu York)dagi yahudiylar jamiyati faol bo‘ldi – ular madaniy xotirani saqlab qolish umidida fotosuratlar, maishiy buyumlar, hatto musiqalarni ham yuborishdi.
Afsuski, vaqt o‘tishi bilan muzey yopildi – bino kafega aylantirildi. Aralashishga urindim, lekin bino rasmiy maqomga ega emasligi sabab qonun himoyasidan tashqarida ekan. Bu men uchun muhim saboq bo‘ldi: muzey yashashi uchun uni shunchaki yaratish emas, balki kelajagini ta’minlaydigan tizimga solish kerak ekan.

Savitskiy muzeyi: laboratoriya va muvaffaqiyatsizlik

– O‘zbekistondagi ikkinchi loyihangiz Igor Savitskiy nomidagi davlat san’at muzeyidir.
– Ha, xuddi shunday. Ish jarayoni taxminan yarim yil davom etdi. Avvalo, hamma narsani tizimlashtirish, avangard uslubidagi ashyolardan tortib Sharq amaliy san’ati va arxeologiyasigacha bo‘lgan noyob kolleksiya holatini baholash zarur edi.
Bir o‘zim uddalay olishimga ko‘zim yetmadi. Shu sabab Ispaniya, Italiya va Gretsiyadan restavratorlarni taklif qildim, muzey qoshida laboratoriya ochdik, asbob-uskunalar va materiallar sotib oldik. Ammo asosiy maqsadimiz shunchaki vazifamizni bajarish emas, balki mahalliy mutaxassislarga bilim berish, ularni ilhomlantirish, an’analar va zamonaviylik o‘rtasida ko‘prik barpo etish edi. Muzey yaratishda majburan ishlatib bo‘lmaydi, faqat o‘rgatib ruhlantirib turish kerak.
Ammo ishtiyoq tez orada haqiqat bilan to‘qnash keldi: arzimagan mablag‘, aqlga sig‘mas muddat. Uch-to‘rt oyda hammasini tugatish talabi. Axir bu oddiygina yubiley uchun tashkil qilingan ko‘rgazma emas, balki ma’nolar xazinasi edi. Men norozilik belgisi sifatida firmamni yopdim va bir necha yilga muzey faoliyatidan chetlashdim. Shaxsiy qadriyatlarimga xiyonat qilishni istamadim.

Lekin butunlay keta olmadim. Nomim tanilib bo‘lgandi va tez orada yangi takliflar tusha boshladi. Islom sivilizatsiyasi muzeyi, Maʼmun akademiyasi haqida gap ketganda, ikkilanib o‘tirmadim. Bu loyihalar hayotimning bir qismiga aylandi. Yillar davomida O‘zbekiston uyimdek bo‘lib qoldi. Pasportim bo‘yicha bo‘lmasa ham ruhan o‘zbekman.

Xiva va Qarshi: tezkor muddatlar va yangi texnologiyalar

– Maʼmun akademiyasini tilga oldingiz. Demak, Buxorodan keyin Xivaga yo‘l olibsiz-da?
– Xuddi shunday. Buxorodan keyin Xivaga borib qoldim – Ma’mun akademiyasi muzeyi ustida ishlashga to‘g‘ri keldi. Loyiha keng ko‘lamli bo‘lishiga qaramay, uni faxr bilan eslay olmayman. Dastlab bu Xorazm merosi, o‘rta asrlar olimlari va madaniyatiga bag‘ishlangan doimiy ekspozitsiya bo‘lishi kerak edi. Lekin kutilmaganda uni muzey qilib jihozlash haqida ko‘rsatma kelib qoldi.
So‘zda ilhom baxsh etadi go‘yo. Amalda esa haqiqiy muammo. Chunki asl eksponatlar yo‘q edi. Ularsiz muzey oddiy dekoratsiya bezagiga, ma’rifiy installyatsiyaga aylanadi, aslo xotira jonlanuvchi makonga emas. Loyihani tugatdik, lekin ishimizdan ko‘nglimiz to‘lmadi. Bor bilimim, vaqtim, kuchimni bag‘ishladim, ammo asl ashyolarsiz muzey matnsiz kitobga o‘xshab qoldi.
Keyingi manzil Qarshi bo‘ldi. Birdan ikkita obyekt: viloyat tarix muzeyi va Odina masjidi qoshidagi arxeologiya muzeyi. Ular murakkab loyihalar edimi?
– Murakkab ham gapmi?! Ayniqsa, arxeologiya muzeyi. Uni oxirigacha tugatish uchun menga bor-yo‘g‘i bir hafta vaqt berishdi. Bu bema’ni vazifa edi. Yetti kunda muzey maydonini yaratishning iloji yo‘q... Lekin biz buni uddaladik! Butun jamoa – arxeologlar, dizaynerlar, restavratorlar, quruvchilar tom ma’noda uyqusiz ishladi. Biz noodatiy yechim o‘ylab topdik: LEGO konstruktori tamoyili asosida travertin va shishadan modulli vitrinalar va podiumlarni yig‘dik. Panellar va elementlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri zavodga buyurtma qildik, hammasi millimetrigacha hisoblab chiqildi. Ikki kunda tayyor bo‘ldi. Bir vaqtning o‘zida matnlar ustida ish olib borildi – men har doim taxtachalar shunchaki rasmiyatchilik emas, balki artefakt va tomoshabin o‘rtasida ko‘prik bo‘lishini istayman.
Biz ulgurdik. Tantanali ochilish tadbiri bo‘lib o‘tdi, lekin men uni ko‘rmadim. Chunki qattiq charchoq va kuchli shamollash tufayli meni shifoxonaga olib ketishgan edi.
Bu loyihani men faoliyatimdagi eng tig‘iz, ammo eng yorqin sahifalardan biri sifatida eslayman. Oradan yillar o‘tib, Bosh vazir Abdulla Aripov o‘sha voqeani haqiqiy fidoyilik ramzi sifatida tilga oldi.
image
Konstantinos Politis. Foto: Katerina Kuznetsova

Uy-muzey, xotira muzeyi va yangi formatlar

Muzeyning o‘ziga xos shakllaridan biri shaxs va xotira bilan bog‘liq uy-muzeydir. Portfoliongizda yozuvchi Abdulla Qahhorning Toshkentdagi uy-muzeyi loyihasi bor. Bu ishdan qanday tajriba orttirdingiz?
– Abdulla Qahhor uy-muzeyi men uchun eng murakkab va shaxsiy loyihalardan biri bo‘ldi. Inson yashagan va ijod qilgan maskan bilan ishlaganingizda uning hayoti, o‘y-fikrlari, xotirasi bilan so‘zsiz muloqotga kirishasiz. Bu yerda nafaqat eksponatlar, balki devorlar, iforlar, sukunat ham tilga kiradi.
Yozuvchining qarindoshlari katta yordam qilishdi: ular shunchaki kuzatuvchi emas, balki xonadon ruhiyatining qo‘riqchilari ekan. Ba’zan ularning ishtiroki yordam bersa, gohida nozik yondashuvni talab qilardi – muzey konsepsiyasi va insonlar his-tuyg‘ulari o‘rtasidagi muvozanatni topish muhim edi. Biz ashyolar bilan cheklanib qolmadik. Yozuvchi ijodini o‘rgandik, oila a’zolari bilan suhbatlashdik, rasmiy emas, balki haqiqiy, biografik samimiyatga to‘la makon yaratish uchun ko‘z ilg‘amas tafsilotlarni to‘pladik.
– Toshkentdagi eng noodatiy muzeylardan biri ikki gumbazli “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyidir. Uning ustida qanday ish olib borildi?
– “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi ustida ishlash men uchun ham hissiy tomonlama, ham kasbiy jihatdan alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. Dastlab bu motam yodgorligi edi: bitta gumbaz, markazda qora haykal, xavotirli qizil yo‘laklar – me’morchilikning o‘zi go‘yoki o‘tmish og‘rig‘i bilan muloqot qilardi.
Ammo keyin amaldorlar aralashdi. Qaysi suratlarni qayerga qo‘yish haqida ko‘rsatmalar berila boshladi – gap muzey haqida emas, balki vitrina haqida ketayotgandek edi. Yakuniy bosqichga O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti rahbarlik qildi. Binoni ko‘zdan kechirgach, u loyihani kengaytirishni buyurdi – mavzu ko‘lamini ko‘rsatish uchun ikkinchi gumbaz qo‘shildi.
Men oynavand qo‘shimcha qurilishni taklif qildim, biroq boshqacha qarorga kelindi: oynavand arxitekturali ikkinchi zal paydo bo‘ldi, unda hujjatlar, kitoblar, fotosuratlar – vaqtning zabonsiz guvohlari joylashtirildi. Shu tariqa muzey nafaqat yangi hajm, balki yangi nafasga ega bo‘lib, mamlakat tarixiy xotirasining ramziga aylandi.

Faxr uyg‘otuvchi loyihalar

— Alohida faxr bilan tilga oladigan loyihalaringiz bormi? O‘ylaganlaringizni qayerda amalga oshira oldingiz?
Albatta, shunday loyihalar bor. Ulardan biri Buxorodagi yangi Mir arab madrasasi fasadi va interyeri eskizidir. Bu odatiy muzey emas, balki ma’naviy akademiya bo‘lib, unda muzey unsuri faqat muqaddas va ma’rifiy makonni to‘ldiradi. Bu yerda men islom uslubidagi dizaynga zamonaviy qarashni taklif qildim: an’anaviy firuza toshi o‘rniga yog‘och, sopol, moviy, sokin oq tus va oltinrang. Biz ilk bor tasavvuf risolasini me’moriy kompozitsiyaning bir qismi sifatida qo‘lladik. Uning matni ma’naviy bayonot singari butun shiftni egalladi.
Yana bir loyiha Islom sivilizatsiyasi markazi qoshidagi muzey interyeridir. Fransuz konsepsiyasi menga o‘ta jonsiz tuyuldi va men mahalliy madaniy an’analardan ilhomlangan holda yangi g‘oyani taklif qildim. To‘q yashil devorlar, terilgan g‘isht, metall to‘rlar orasidagi yorug‘lik o‘yinlari, shiftlardagi sharqona naqsh geometriyasi – bularning barchasi chuqur, ko‘p qatlamli, ma’noga to‘la makonni yaratgan edi.
— O‘zbekistondagi eng mashhur muzeylardan biri Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasidir. Uning ustida ishlash qanday kechdi?
– Bu eng mas’uliyatli loyihalardan biri edi. Nafaqat siyosatga, balki milliy yetakchi xotirasiga bag‘ishlangan muzey yaratish mamlakat tarixi, uning dastlabki mustaqillik yillari xotirasi bilan ishlash degani. Aniqlik, hurmat va qat’iy qoidalarga rioya qilish, shu bilan birga, tomoshabin bilan – uning yoshi va qarashlaridan qat’i nazar – gaplasha oladigan jonli va zamonaviy muhit yaratish kerak edi.
Vazifa mavjud ekspozitsiyalar konsepsiyasini yangilashdan iborat edi. Biz nafaqat shaxsning o‘zini, balki uning insoniy jihatlarini ham ko‘rsatishga intildik. Masalan, Birinchi Prezidentning to‘rtta shaxsiy avtomobilidan iborat garaj bezatildi. Ko‘rgazmaning aynan shu qismi tashrif buyuruvchilarda katta taassurot qoldirgandi.
Ta’sirchan usullardan biri fotosuratlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri devorlarga tushirish jarayoni bo‘ldi. Bu arxitekturada xronika effektini yaratuvchi yangi texnologiya edi. Ushbu qaror muzeyning haqiqiy “vizual fishkasi”ga aylandi. Uchinchi qavatda esa yangi sanoat davri boshlanishining ramzi bo‘lgan, shaxsan Islom Karimov imzolagan birinchi o‘zbek “Nexia” avtomobili joylashtirildi.
Islom Karimov nomidagi yodgorlik majmuasi. Foto: mytashkent.uz
image
Islom Karimov nomidagi yodgorlik majmuasi. Foto: mytashkent.uz
Albatta, bunday loyihada murosasizlik va chetdan aralashuvsiz ish bitmaydi. Ammo natijadan mamnunman: muzey to‘liq, mazmunga boy va eng muhimi, insonlarning hurmatiga loyiq bo‘ldi.
Siz uchun muzey qanday ahamiyatga ega? Yillar davomida uning hayotingizdagi o‘rnini bilmoqchi edik?
– Muzey men uchun devorlar va vitrinalar emas. Bu xotira va sukunat makoni bo‘lib, unda o‘tmish va hozirgi zamon o‘rtasida muloqot yangraydi. Har bir loyihamda men shunchaki interyer emas, balki inson kirishni va bu yerda ma‘lum vaqt ushlanib qolishni xohlaydigan muhit yaratishga harakat qilganman. U o‘zini boshqa o‘lchovda – mohiyat va ruhiyat olamida his etsin. Albatta, hamma narsa ham mukammal bo‘lavermaydi: xatolar, chetdan bosimlar, murosasizliklar bo‘lib turadi. Tomoshabin muzeyda ushlanib qolsa, eksponatlardagi matnlarni o‘qisa, ularga sinchiklab qarasa, demak, bu makon jonlangan. Vaqt o‘tishi bilan bir haqiqatni anglab yetdim: mening kasbim faqat bezaklar bilan bog‘liq emas, balki axloq va mas’uliyat ishi ekan. Aynan shuning uchun ham O‘zbekiston men uchun uyimga aylanib ulgurgandir. Bu yerda mehnatim kerakligini his qilaman. Bu esa inson uchun eng muhimi.