Mafkuraviy g‘oyalardan haqiqiy his-tuyg‘ulargacha
bo‘lgan yo‘l XX asr o‘zbek kinematografiyasi rivojida asosiy mavzuga aylandi.
Sovet O‘zbekistoni kino sanoati ayol qahramonlar toifasini rivojlantirib,
jamiyatning an’anaviy tuzumdan modernizatsiya va milliy o‘ziga xoslikka qanday
o‘tishini ko‘rsatishga harakat qildi.
1924-yilda tashkil etilgan O‘zbekiston SSR bilan bir
vaqtda Buxoroda birinchi milliy “Buxkino” kinostudiyasi ochildi, rejissyor
Vyacheslav Viskovskiy esa shu zahoti birinchi to‘liq metrajli o‘zbek filmi – “O‘lim
minorasi”ni suratga olishga kirishdi.
Bolsheviklar uchun kinematografiya siyosiy va
mafkuraviy targ‘ibotning muhim vositasi edi. Kino tomoshabinga ta’sir ko‘rsata
olishi, yangi timsollar yaratishi, uning idrokini yo‘naltira olishi tufayli
Lenin uni san’atlar orasida
eng muhimi deb atagandi.
O‘zbekiston milliy kinosida ayollar timsoli nafaqat
voqelikni aks ettirgan, balki uni kino tili vositasida shakllantirgan. Respublikada
kino sanoatining rivojlanishi sovet davlatining ijtimoiy va siyosiy islohotlari:
yer va suv islohoti, savodsizlikka qarshi kurash, shuningdek, ayollarni ozod
qilish kampaniyasi bilan chambarchas bog‘liq edi.
1930-yillarning o‘rtalarida ommaviy auditoriyaga mo‘ljallangan jurnal muqovalarining
taxminan 70 foizini tashqi ko‘rinishidan quvnoq ayollarning fotosuratlari
egallagan. 1920–1930-yillardagi barcha ovozsiz filmlar – “O‘lim minorasi”
(1925), “Avliyoning qizi” (1932), “Ikkinchi xotin” (1927), “Chodra” (1927) va “Moxov
ayol” (1928) kabi filmlarning
syujetlari kino qahramonlarining taqdirlari atrofida jamlangan.
“O‘lim minorasi” (1925-yil, rejissyor Vyacheslav
Viskovskiy)
Kinoni “yangi –
yaxshi – sovetlarniki” va “eski – yomon – an’anaviy” kabi bir biriga zid
tushunchalar orqali farqlash
1925–1935-yillardagi deyarli barcha filmlarda kuzatilgan. Har bir kartina
voqeligi “jannat va do‘zax”, ikki ayol taqdiri: urf-odatlar va eri tomonidan
ezilgan kambag‘al va baxtsiz o‘zbek ayoli hamda ozodlikka erishgan baxtli sovet
ayoli o‘rtasidagi qarama-qarshilik atrofida qurilgan. Yangi davrning “baxtli”
qahramonlari ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lgandilar, davlat tashkilotlarida
ishlash orqali moliyaviy mustaqillikka erishgandilar va bo‘sh vaqtlarini muzey
va to‘garaklarda o‘tkazardilar. Hatto ekrandagi kiyim-kechak elementlari va
bosh kiyimlari ham ularning yangi sovet qiyofasini aks ettiruvchi belgilarga
aylandi.
Ularning “mazlum” o‘zbek dugonalari esa, aksincha, erlari va qaynonalari
tomonidan haqorat va tahqirlarga duchor bo‘lardilar, buni “Ikkinchi xotin”
filmining bosh qahramoni Adolat misolida ko‘rish mumkin. Bu ayollar ishlasa
ham, moliyaviy jihatdan erlariga to‘liq qaram edi. Ular tibbiy yordamga muhtoj
bo‘lganida “firibgar mullalar” ularga
nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lardi, masalan, “Avliyoning qizi” (1930) filmidagi kabi. “Ozodlikka
chiqqan dugonalari”dan farqli o‘laroq, bu ayollar doimo azob chekishardi.
Kinoda ayollar timsolining o‘zgarishi zamonning “iliqlik” davri (1953–1964 y.) kelishi bilan boshlandi. Bu davr qahramonlari “sharqona bo‘lmagan” sovet ayollari timsolidan farq qilgan. 1960-yillar kinosida ayollar o‘z timsolini topish uchun erkinlikni targ‘ib qilgan sovet hokimiyati va bunday o‘zgarishlarga qarshi bo‘lgan an’anaviy jamiyat tomonidan birdek bosimga duch kelishlariga to‘g‘ri keldi.
O‘zbekiston kinosida ayollarning asosiy arxetiplari
Sovet “iliqlik davrigacha” bo‘lgan ba’zi timsollar
1960-yillar kinematografiyasiga o‘tdi, ammo o‘zgargan voqelikka mos keladigan
yangi qahramonlar ham paydo bo‘ldi.
Hurmatga ega qahramon ona
Sovet davrida eng keng tarqalgan ayol timsollaridan biri qahramon ona timsoli
bo‘lib qoldi. Bu kinematografiyada faol qo‘llanadigan kuchli mafkuraviy vosita
edi. Ammo “iliqlik” davrida bu
mafkuraviy tizimning asosiy g‘oyasi asta-sekin o‘zgara boshladi. Milliy
o‘zlikni anglash davrida kinoda хalq afsonalari, dostonlar va qadriyatlarni ko‘rsatish,
ayniqsa, muhim bo‘lib, ona timsoli milliy xususiyat kasb etdi.
O‘zbek kinosi haqida gapiradigan bo‘lsak, bu yerda ona Vatan – davlat
onasi emas, balki xalq onasi milliy qiyofasini yaratish tamoyili yaqqol ko‘zga
tashlanadi. Qolaversa, aynan o‘zbek kinosida oiladagi onaga xos bo‘lmagan, “qahramon bo‘lmagan” yangi volida
timsoli paydo bo‘ldi.
Shuhrat Abbosovning “Sen yetim emassan” (1962) filmida
Fotima opa Ikkinchi jahon urushi davrida turli millat farzandlarini asrab
oladi. Ta’kidlash kerak, Fotima opa turmush o‘rtog‘i Shoahmad Shomahmudovning
turmush o‘rtog‘i Bahri Akramovaning prototipi bo‘lib, bu ayol haqiqatan ham
turmush o‘rtog‘i bilan 14 nafar farzandni asrab olgan. Akramova o‘zbek
xalqining qahramoni sifatida tarixga kirdi. Bundan tashqari, Fotima opa rolini
O‘zbekiston SSR xalq artisti Lutfixonim Sarimsoqova ijro etgan bo‘lib,
bolalarning baxt-saodati uchun jasorat bilan kurashayotgan kuchli ona timsoli
uning tashrif qog‘oziga aylandi.
“Qasam” (1937) nomli filmda aktrisa bosh qahramon –
dehqon Azimning onasi rolini o‘ynadi, uning o‘g‘li bir boy odam rus
ishchi-kommunistini o‘ldirganidan keyin “eski” turmush tarziga qarshi
kurashishga qasamyod qiladi. Shuhrat Abbosovning “Mahallada duv-duv gap” (1960)
komediyasida esa o‘g‘li yashirincha, ota-onasining roziligisiz uylangan ona – Mehrixon
rolini ijro etgan. Bu filmda qahramon o‘zgaradi va oxir-oqibat o‘ziga tanish
bo‘lgan eski tartiblarga joy qolmagan voqelikka ko‘nikadi. Aktrisaning harakatlari,
his-tuyg‘ulari va hatto yuz ifodalari “qahramon bo‘lmagan” ona timsoliga mos
keladi.
“Mahallada duv-duv gap” (1960-yil, rejissyor Shuhrat
Abbosov)
Qahramon qizlar
Ona timsolidan tashqari sovet kinosida qahramon qiz
timsoli ham shakllandi.
Uning qahramonligi faqat frontda namoyon bo‘lmasligi kerak edi: qiz zavodda
yoki dalada hosilni yig‘ib olishda rekord natijalarni ko‘rsatishi shart edi.
Shu tarzda, 1930-yillardan 1960-yillargacha ko‘kragiga medal taqqan paxta
terayotgan yosh ayol – O‘rta Osiyo sovet qizining mukammal qiyofasi gavdalantirilgan.
Aslida esa terimchi ayolning kam maoshi uni cho‘riga aylantirib qo‘ygandi. Ammo
davr mantig‘iga ko‘ra, sovet yillaridagi mustaqil qiz timsoli faqat iztirob va
mashaqqatli mehnat orqali ko‘rsatilishi mumkin edi.
Milliy kinoda ham o‘z
qahramoni paydo bo‘lishi kerak edi – birinchi navbatda,
xalq og‘zaki ijodidan olingan
filmlarda: ya’ni ekranlashtirilgan xalq ertak va dostonlarida. Shu
tariqa, ekranda yorqin milliy
timsollar paydo bo’ldi
– Sulton-Ahmet Hojikovning “Qiz Jibek” ((Qozog‘iston, 1970) filmi, shuningdek, “Tojikfilm”
studiyasida suratga olingan Bension Kimyagarovning “Rustam haqida qissa”
(1971), “Rustam va Suhrob” (1971) va “Siyovush haqida qissa” (1976) filmlari
“Shohnoma” asosida kinematografik trilogiyaga birlashtirildi.
O‘zbek filmlarida bu timsol “Ikki dil dostoni” (1968),
“Dilorom” (1967), “Zulmatni
tark etib” (1973) kabi kartinalar qahramonlari tomonidan gavdalantirilgan. Ular gulxanda
kuydirilishi yoki jamiyatdan haydalishdan qo‘rqmay, o‘z his-tuyg‘ulari va
boshqa hayotiy orzulariga ergashdilar, shuning uchun sinovlardan qo‘rqmadilar.
Bunday ma’shuqa timsoli xalqning milliy ruhi ayol qiyofasida yana bir bor o‘z
aksini topishi uchun zarur edi.
Itoatsiz xotinlar
Dastlab bunday timsollar zolim erdan qochib, porloq sovet kelajagiga intilayotgan “ozod”
Sharq ayolini
ko‘rsatish uchun yaratilgan edi. Ammo “iliqlik”
davrida bu mavzu rejissyorlar tomonidan boshqacha talqin qilindi.
“Oppoq, oq laylaklar” (1966-yil, rejissyor Ali
Hamroyev)
Ali Hamroyevning “Oppoq, oq laylaklar” (1966) filmida
voqea Oq laylaklar qishlog‘ida bo‘lib o‘tadi va syujet jamiyatda taqiqlangan nikohdan
tashqari munosabatlar mavzusiga qaratilgan. Turmushi bor, ammo farzand
ko‘rmagan irodali Malika nozik tuyg‘ulariga berilib, boshqa erkak bilan
ochiqchasiga gaplashadi. Bunda
ayol ta’lim olish yoki ishlash huquqiga ega bo‘lish uchun emas, balki
o‘zini juda baxtsiz his qilgani uchun turmush o‘rtog‘idan ketishga qaror qiladi. Uning uchun muammo
ko‘lami davlat fojiasiga teng.
O‘sha davrda Shuhrat
Abbosov, Ali Hamroyev, Latif Fayziyev kabi mahalliy kinematografiyaning haqiqiy
darg‘alari filmlarni suratga olishgan. Ular bilan bir qatorda 1975-yilda ayol rejissyor va multiplikatsiya
ustasi Qamara Kamolova o‘zining birinchi to‘liq metrajli badiiy filmini
yaratadi.
“Achchiq meva” (1975-yil, rejissyor Qamara Kamolova)
“Achchiq meva” kartinasi asosiy mavzulardan biri – ulg‘ayish va bolalik
bilan xayrlashish mavzusini ochib beradi. Ushbu filmda “kichik” qahramonlarning
shaxsiy kechinmalari xuddi kattalarning his-tuyg‘ulari kabi birinchi o‘ringa
chiqadi. “Achchiq meva”ning
bosh qahramoni – o‘n uch yoshli xayolparast Nargiz. U yozgi ta’tilni tog‘dagi
buvisinikida o‘tkazadi, u yerda birinchi sevgi tuyg‘usini, keyin esa
umidsizlikni boshdan kechiradi. Film turli mukofotlar, jumladan, 1977-yilda X
Moskva xalqaro kinofestivalida hakamlar hay’atining maxsus diplomi bilan
taqdirlangan.
O‘sha davrda Markaziy Osiyo san’ati mahalliy aholi
boshdan kechirgan madaniy
o‘zgarishlar hamda
ijtimoiy va global jarayonlarni muhokama qilish uchun muqobil maydonga aylangan edi.




