Tansiqboyev Toshkent vino zavodi ishchisidan XX asrda Markaziy Osiyoning yirik mo‘yqalam ustasigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. U oddiy oilada tug‘ildi, avvaliga zavod klubi uchun rasm chiza boshladi va tez orada “ishchi rassom” sifatida tanqidchilar e’tiboriga tushdi. Toshkentdagi san’at muzeyi qoshidagi studiya, so‘ngra Penza badiiy bilim yurtidagi o‘qishi, keyinchalik taqdir taqozosi bilan Moskvaga borib, G‘arbiy Yevropa ustalarining yirik tasviriy san‘at asarlarini ko‘rishi uning o‘z uslubini topishiga sabab bo‘ldi.
U Sharq bilan zamonaviylik haqida birdek so‘zlay oladigan tilni izladi va uni ranglar, ohang va ichki nurga to‘la rangtasvir san’atidan topdi. Rassomning suratlari shunchaki davrning aksi emas, balki usta bilan shovqin-suronsiz, shiorlarsiz chuqur falsafiy suhbatdir.
Tansiqboyevning
bosib o‘tgan yo‘li akademik qoliplardan chiqishga intilgan rassomning
hikoyasidir. Impressionizm, kubizm, neoprimitivizm – ushbu stilistik
tajribalarning barchasi shakl o‘yini emas, balki zamonaviylik va ota makonni
birdek ifodalay oladigan jonli nutq ruhiyatini izlashga bo‘lgan intilish edi.
Uning asarlaridagi Sharq nafasi naqsh yoki ekzotika emas, balki madaniy kod, shaxsiy quvvat va
ma’naviy tafakkur manbayidir.
Vaqt o‘tishi
bilan rassom ijodida tajriba
o‘tkazishlardan voz kechadi. Uning tasvirlari tobora yetuk bo‘lib boradi:
u tabiat, xotira va
insonning bu dunyodagi o‘rni kabi mavzularga ko‘proq murojaat qiladi. Suratlar rang, ohang, borliq
vositasida madaniyat va inson haqidagi falsafiy bayonotga aylanadi.
Bunday yo‘l Tansiqboyevni XX asrning boshqa rassomlariga
yaqinlashtiradi. Masalan, Pikasso yangi usul yaratish uchun an’anani buzgan edi.
Modilyani she’riyatni bir
maromdagi tana harakatlari va nafosatdan izladi. Tansiqboyev esa shakl
va ona tuproq o‘rtasidagi muvozanatni topdi. U turli uslublar orqali yagona maqsadga erishdi, ya‘ni davr
haqida, o‘zi va dunyo to‘g‘risida rangtasvir tilida gapirishga intildi.
1. “O‘zbek portreti” (A. Toshkenboyev portreti), 1927
Bu rassomning osoyishta palitra,
burchakli shakllar va zalvarli haykaltaroshlik belgilari ustunlik qiladigan
dastlabki ishi. Unda ekspressionizm va postkubizmning
ta’siri keskin chiziqlarda seziladi. Timsol go‘yo qora matodan o‘yib ishlangan –
unda davr ta’sirida inson shaxsiyatining shakllanish dramatizmi sezilib turadi.
O‘lchami: 98 cm x 70 cm.
Texnika: xolst, moy
bo'yoq.
Manzil: Sharq xalqlari
san’ati davlat muzeyi (Sharq davlat muzeyi), Moskva.
2. “Karvon”, 1929
Suratda tuyalar yorug‘likka qarab
shoshilmay harakatlanmoqda, go‘yo hayotning o‘zi abadiyat yo‘lidan ketayotgandek. Rassom o‘z
asarini yorug‘lik va havodan gilam
to‘qigandek tiniq, tovlanuvchi ranglar uyg‘unligida yaratgan. Bu shunchaki
sharqona hayot manzarasi emas, balki yo‘llar, an’analar, ichki xotirjamlik
timsolidir.
Texnika: xolst, moy bo'yoq.
Manzil: I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston
Respublikasi davlat san’at muzeyi, Nukus shahri, O‘zbekiston.
3. “Sariq fondagi o‘zbek portreti”, 1934
Ushbu asarda
dekorativlik paydo bo‘lgan, shakl yanada umumlashgan, fon to‘yingan rangda va
uslubga solingan.
O‘lchami: 85,2 сm x 69,2 cm.
Texnika: xolst, moy bo'yoq.
Manzil: I.V.Savitskiy nomidagi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat san’at muzeyi, Nukus shahri, O‘zbekiston.
4. “Qozoq ayoli”, 1934
Ayol qomati xuddi ikona kabi
ro‘paradan tasvirlangan. Ijod mahsulida qadr-qimmat, jamlangan holat, dekorativ
aniqlik
bor.
O‘chami:
210 cm x 105 cm.
Texnika: xolst, moy bo'yoq.
Manzil: I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston
Respublikasi davlat san’at muzeyi, Nukus shahri, O‘zbekiston.
Rassomning “Sariq
fondagi o‘zbek portreti” va “Qozoq
ayoli” asarlari
individual psixologizmdan Sharq odamining arxetipik timsoliga o‘tishini ko‘rsatadi.
5. Avtoportret, 1935
Muhim o‘zgarish belgilariga
kelsak, bunda rassom yorug‘lik va tasviriy fakturaga murojaat qilganligini ko‘ramiz. Suratda mo‘tadil bo‘yoqlar rang-barangligi,
yumshoq
chizgilar, yorug‘lik va teri ranglarining nozik ifodasi orqali rassom mahoratining ortishi va ichki hissiyotlar
barqarorligi seziladi.
Texnika: xolst, moy bo'yoq.
Manzil: O‘zbekiston davlat san’at muzeyi.
6. “Qishloq atrofida”, 1935
Bu asarda tekislik va
mahalliy rang ustunlik qiladi, borliq naqsh sifatida qabul qilinadi. Ammo tasvirlar
siluet sifatida jonlanadi, kompozitsiya esa rassomning dekorativlikdan
kuzatuvchanlikka o‘tishidan dalolat beradi.
O‘lchami: 50 cm × 68 cm.
Texnika: karton, guash.
Manzil: Sharq xalqlari san’ati davlat muzeyi, Moskva,
RF.
7. “Sirdaryo oqshomi”, 1935
Surat
mustaqil uslub sifatida peyzaj janriga o‘tish harakatlarini anglatadi. Yumshoq ranglar, daryoning ohista
chizgilari va butun makonni tasvirlash orqali yanada chuqurroq ma’no topishga intilish va
jonli zamin tasvirini
yaratish istagi ko‘rsatilgan.
O‘lchami: 85 cm x 101 cm.
Texnika: xolst, moy bo'yoq.
Manzil: I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston
Respublikasi davlat san’at muzeyi, Nukus shahri, O‘zbekiston.
8. Avtoportret, 1943
Ushbu
avtoportretda Tansiqboyev nihoyatda “kamtar”. Rassom
bu asarida rangdan voz kechgan va faqat oddiy qalam ishlatgan. Grafik tasvirda yetuklik, vazminlik
va ichki kuch bor. Yuz aniq ifodalangan, nigohda butun diqqat lamlangan. Bu – sinovlardan o‘tgan
rassomning portretidir.
Texnika: qog‘oz, qalam.
Manzil: I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston
Respublikasi davlat san’at muzeyi, Nukus shahri, O‘zbekiston.
9. “Tog‘dagi oqshom”, 1962
Rassom bu asarida realizm va lirizm o‘rtasidagi muvozanatga erishadi. Bosiq
ranglar, yorug’lik va soyalar hamda to‘la sukunat tabiat nafasi
hissini uyg‘otadi.
O‘chami: 34 cm × 26,5 cm.
Texnika: xolst, moy bo'yoq.
Manzil: O‘rol Tansiqboyev uy-muzeyi, Toshkent,
O‘zbekiston.
10. “Angren vodiysi”, 1970
Rassomning yetuklik davrida chizgan asarlarida ko‘lam va falsafiy
teranlik paydo bo‘lgan. Bu yerda rang to‘yingan, bo‘shliq esa yorug‘lik va mazmun bilan
to‘ldirilgan. Landshaft davr va xotira timsoliga aylanadi.
O‘lchami: 84 cm × 130 cm.
Texnika: xolst, moy bo'yoq.
Manzil: O‘zbekiston davlat san’at muzeyi.
11. “Mening qo‘shig‘im”, 1972
Peyzaj
falsafiy bayonotga aylangan oxirgi asarlardan biri. Yorug‘lik, harakat,
to‘yingan rang – bu suratda rassom inson va tabiatning uy‘unligini asosiy
o‘ringa qo‘yadi.
O‘lchami: 200 cm × 236 cm.
Texnika: xolst, moy bo'yoq.
Manzil: O‘zbekiston davlat san’at muzeyi.
Peyzaj va portret dil rozi sifatida
Tansiqboyev
ijodi dekorativ tekis belgilar va mahalliy rangdan monumental, falsafiy boy
manzaraga o‘tgan rassom yo‘lidir. Uning asarlaridagi tabiat fon emas, balki
mustaqil qahramondir.
Rassom manzarani tasvirlashdan
ko‘ra ko‘proq u bilan muloqotga kirishadi: nazar soladi, tinglaydi, qalbidan o‘tkazadi. Uning go‘zal asarlari go‘yo nafas
olayotganga o‘xshaydi – havo, yorug‘lik va ichki mazmunga to‘la. Ularda har bir detal va
bo‘yoq muhim – suhbat orasida biroz tin olish zarurati kabi.
Tansiqboyevning
peyzaji shunchaki manzara emas. Bu davr ko‘zgusi, madaniyat qiyofasi tasviri,
zamon va inson haqida fikr yuritish usulidir.
Rassomning 2014-yilda
bo‘lib o‘tgan yubileyi
Tansiqboyevni asarlari hamon dolzarbligini yo‘qotmayotgan ijodkor sifatida yana
bir bor esga soldi. Uning rangtasviri muzey yodgorligi emas, balki zamon,
madaniyat va inson haqidagi jonli suhbatdir. Ushbu o‘n bitta surat rassomning Sharq va
zamonaviylik, shaxsiy tajriba va davr o‘rtasida muloqot tilini qanday
izlaganini va topishga muvaffaq bo‘lganini ko‘rishga yordam beradi.
Material ustida ishlaganlar: Diana Ibatullina, Shahlo Bahriyeva.












